Mashhur.uz

Switch to desktop Register Login

Ошибка
  • JUser: :_load: Не удалось загрузить пользователя с ID: 43

Moziyga qaytib... YURAKLARNI LARZAGA SOLGAN va UNUTILMAS QO’SHIQLAR. “MUNOJOT”, “FARG`ONA TONG OTGUNCHA” va “INDAMADI”…

Har bir xalqning o’z milliy musiqa merosi va o’lmas qo’shiqlari bo’ladi. Hozir nogahonda yonimizdagi radiodan “Kecha kelgumdur debon” yoki “Oqshomda jamolingni sha’mini munavvar qil” kabi qo’shiqlar yangrab qolsa, beixtiyor qo’shilib aytishimiz tabiiy. Axir “Munojot”u, “Farg’ona tong otguncha”, “Janon bo’laman” debu, “Mustahzod”ni bilmaydigan odam bormi? Shu bois, bu gal izlanishlarimizni xalqimiz yuragidan joy olgan qo’shiqlarga qaratishni ma’qul topdik. Zero, ularning ijrochilari va yaralish tarixi sizni befarq qoldirmasa kerak...

65 yillik tarixga ega ijro

1945 yilda Yunus Rajabiy o’sha paytlarda endi tetapoya bo’layotgan san’atkor Berta Davidovaga “Munojot”ni o’rgatadi. Bu haqida Bertaxonimning o’zi shunday eslagandi:      

 

— “Yunus Rajabiy  mening ovozimni eshitib ko’rganlarida “Ovozingni o’zidan yig’i keladi” dedilar. Rostdan ham qo’shiq aytsam, odamlar birinchi satrini ijro etishim bilan yig’lay boshlashardi. “Munojot” — men shu qo’shiqni o’rganganimdan baxtli edim. Bir yili esimda,  Eski shahardagi Pushkin bog’ida kontsert berayotgan edik. Bir qo’shiqchi ayol chiqib, “Munojot”ni ayta boshladi. Odamlar “Berta chiqsin”, Berta Davidova chiqsin” deb baqira boshladilar. Keyin Mukarrama Turg’unboyeva chiqib raqsga tushdi. Odamlar yana to’polon qila boshlashdi. Keyin Mukarrama chiqib kelib, haligi xonandaga “Siz boshqa “Munojot”ni aytmang” degan edi. Axir bu xotirotlarni qanday unutib bo’ladi...”

Haqiqatdan ham Alisher Navoiyning  “Kecha kelgumdir debon ul sarvi gulruh kelmadi” satri bilan boshlanuvchi g’azali ilk bor Berta Davidova tomonidan ijro etilishi bilan xalqimiz mumtoz qo’shiqchiligining nodir namunasiga aylandi. Shu sababsi u mana 65 yildan buyon huzur qilib tinglanadi va yosh san’atkorlar tomonidan qayta qayta ijro etilaveradi. Ammo Berta Davidova tom ma’noda bu qo’shiqning haqiqiy egasi bo’lib qoldi. Negaki, o’sha paytlarda shu qo’shiqni uning ijrosida eshitish uchun minglab odamlar kontsertlarga borishgan, ijrodan zavqlanib olqishlashganligini unutib bo’lmaydi. Bugun ham radioto’lqinlarda yangrab qolishi bilan beixtiyor tinglovchining vujudi quloqqa aylanib, huzurbaxshlik bilan tinglay boshlaydi.

“Farg’ona tong otguncha”siz otmagan tonglar

“Farg’ona tong otguncha” aytilmasdan otmagan tong bo’lmagan, bir paytlar deydi, qadrdon akamiz. Zero, shu qo’shiq barcha oshiqlarning dil nolasi bo’lgandi. Shuning uchun ashulachi bo’lgan, bo’lmagan “Farg’ona tong otguncha”ni kuylardi...

Ziyovuddinxon Kattaxo’ja o’g’li Xaziniy tomonidan yozilgan bu she’rning qo’shiq sifatida ham asrlar qa’riga muhrlanishining eng asosiy sababi unda insonni poklikka undovchi, g’aflatdan chaqirib oluvchi, uyg’oq vijdon bilan yashashga undovchi ohang borligida edi. Juda katta falsafa bilan ijod qilgan Xaziniyning xazin, ko’ngillarga orom beruvchi ko’plab qo’shiqlari orasida javohirga aylangan “... tong otguncha” oradan qancha yillar o’tsa-da, o’z qadrini yo’qotgani yo’q. Uni haligacha sevib ijro etadilar. Xaziniy ilmu urfon, she’riyat va san’at olamiga Qo’qon va Toshkent adabiy muhiti ta’sirida kirib keldi. Muqimiy, Muhiy, Furqat, Zavqiy, Kamiy, Xislat, Miskin, Almaiy kabi shoirlar bilan basma-bas ijod qilib, Toshkentda mulla To’ychi hofiz, Shojalil hofiz, Sadirxon hofiz singari san’atkorlar bilan hamkorlik qildi. Katta musiqiy salohiyatga ega bo’lganligi uchun Xaziniy tanburda “Nasrulloiy”, “Navro’ziy Ajam Gulyor” kuylarini mahorat bilan chalgan va qo’shiq aytgan. Ziyovuddinxon Xaziniyning “Farg’ona tong otguncha” she’ri o’zbek adabiyotining noyob durdonasiga kiradi. She’riyatda tasodifiy timsollar orqali ko’plab ijod namunalarini yuzaga keltirgan donishmand shoir Ziyovuddinxon Xaziniyning “Farg’ona tong otguncha” qo’shig’i shu bois ham tinglovchilar qalbidan mangu yashayotgandir.

Dutor chertilganda eslangan “Hay-hay”

 

Bugun Zulayho Boyxonova tomonidan ijro etilib tinglovchilar mehrini qozongan “Hay-hay” qo’shig’ini bundan bir necha yillar ilgari mashhur san’atkor Ne’matjon Qulabdullayev kuylaganligini katta yoshli avlod vakillarining deyarli barchasi biladi. Ayniqsa, dutor chertilganda bu san’atkorni eslamaydigan san’atkor yo’q. Aynan shu san’atkor tomonidan ijro etilgan “Indamadi” qo’shig’ini haligacha yosh xonandalarimiz o’z yo’llarida ijro etishdan to’xtashgani ham yo’q. Ne’matjon Qulabdullayevning o’zi shunday eslagandi:

— 1960 yilda Po’lat Mo’minning “Indamadi” she’riga ko’zim tushib qoldi. Shunday she’rlar bo’ladiki, o’z kuyi bilan birga tug’iladi. She’rni o’qiyapmanu, xayolimda uning tasavvuriy musiqasi ham shakllana boshlayapti. Xullas kalom she’rni kuyga solib, tayyor qilib bo’lganimizdan so’ng kuylangan birinchi davradayoq, u o’z muxlislarini topdi. Shu-shu uni hozirgacha so’rashadi...

Darhaqiqat, Ne’matjon Qulabdullayev ijodidagi o’zi yaratgan qo’shiqlarning xalqchilligi bilan birga xalq qo’shiqlarini ham maromiga yetkazib kuylashi orqali ham insonlar ko’ngliga yo’l topgan edi. Misol tarzida bir voqeani keltiramiz.

1976 yilda Ortiq Otajonov o’g’lini sunnat to’yi qiladi. Hamma san’atkorlar jam bo’lgan. Ne’matjon Qulabdullayev endi kirib kelishi bilan Mukarrama Turg’unboyevaning ovozi eshitiladi: Ne’matjon yaxshi keldingizmi, qani darrov “Tanovorni” ayting-chi, bir raqsga tushaylik. Ma’lum bo’lishicha, Mukarrama opa aynan shu san’atkor kelmaguncha, raqsga tushmay turgan ekan. Undan nega tushmayapsiz, deb so’rashganida opa shunday javob qilgan: Ne’matjon “Tanovor”, “Tamanno”, “Farg’ona tong otguncha” qo’shiqlarini haqiqiy farg’onacha yo’lda aytadi. Men uning san’atini juda ham qadrlayman...

Guvohi bo’lganingizdek, sahifamiz uzra xotirlaganlarimiz shaxs san’atkor sifatida san’at olamida o’z o’rnini topgan. Shu tufayli ularning qo’shiqlari haligacha xalqimiz tilidan tushmaydi. “Moziyga qaytib” sahifasida hali bunday san’atkorlarni ko’p xotirlaymiz. Zero, ular allaqachon mangulikka o’zlarini muhrlab ketishgan.

Baxtiyor RASULOV

2006-2012 Mashhur.Uz

Top Desktop version