Mashhur.uz

Switch to desktop Register Login

Ошибка
  • JUser: :_load: Не удалось загрузить пользователя с ID: 55

Moziyga qaytib... “SЕN YETIM EMASSAN” yoxud o’zbekning bag’rikengligini tarannum etgan qadrdon film. U QANDAY SURATGA OLINGANDI?

Bu gal “Moziyga qaytib”da shaxslardan xoli tarzda ajoyib bir filmga e’tibor qaratishni lozim topdik. Zero, sizga taqdim etajak filmimiz ham tarix sahifalariga allaqachon muhrlanib ulgurgan. Bu rejissyor Shuhrat Abbosovning “Sen yetim emassan” kartinasi. Xo’sh, filmning suratga olinishiga nima sabab bo’lganu u qay tarzda tasvirga tushirilgan?

Boshlanishi

O’tgan asrning 60-yillarida “O’zbekfilm” kinostudiyasi ishlab chiqarilayotgan filmlar soni kamayib ketadi. Buning sababi talabga javob beradigan ssenariylar hamda ijodkor kadrlarning yetishmasligi edi. Shunda studiya rahbariyati yosh ijodkorlarga alohida e’tibor qaratishni lozim topadi va ularga ishonch bildiradi. Ana shu jarayonda rejissyor Shuhrat Abbosov boshchiligidagi yoshlardan iborat ijodiy guruhga taniqli o’zbek nosiri Rahmat Fayziy qalamiga mansub “Sen yetim emassan” filmini suratga olish topshiriladi va ish jarayoni boshlanadi. Film ikkinchi jahon urushi yillarida o’n to’rt yetim bolani o’ziga farzand qilib olgan temirchi Shomahmudov oilasi haqida hikoya qilardi. Suratga olish jarayonida rejisyor Shuhrat Abbosov va operator Hotam Fayziyev ssenariyning adabiy asosiga tayangan holda rejissyorlik ssenariysini yozishadi. Bu esa o’z-o’zidan ko’p bor stsenariyning kinematografik ifodasidagi asosiy mohiyatni ifodalaydigan muqobil sahnalar ustida ishlashga olib kelardi. Barcha o’ylab topilgan topilmalar ham ijodkorlarning o’ziga yoqavermas, shu sababli ular ta’sirchan va qisqa sahnalar topish uchun izlanishda davom etishardi. Asta-sekin, asarga “sho’ng’ib ketish” asnosida ijodiy guruh uning jonli ifodasini his eta boshladi. Zero, ishlanayotgan material ularning ruhiyatiga juda yaqin edi. Axir ularning bolaligi urush yillariga to’g’ri kelgan va bola paytlarida ular ham “urush-urush” o’ynashgan, ko’p paytlarda och qolishgan, sovuq maktablarga qatnashgan va frontdan qaytgan yarador jangchilarni o’z ko’zlari bilan ko’rishgan edi-da. Shu sabab ssenariy ustida ishlashda, ular har bir personajni, uning xarakterini, voqea kechadigan joyni, liboslarni, dekoratsiyalarni aniq-tiniq his qila borishardi.

Ranglar tanlovi

Ijodiy jamoa uchun filmning qanday ko’rinishda olinishining ahamiyatli edi: ranglimi yoki oq-qora? Lekin har ikkisining ham o’z ijobiy va salbiy jihatlari mavjud edi. Misol uchun, turli millat bolalarini rangli tasvirda ko’rsatish kartinani boyitar, ammo bu holda mashaqqatli urush yillarini to’la his qildirib bo’lmasdi. Ranglar beixtiyor tasvirlarga shodlik ohangini olib kirardi, bu esa urush davrining shafqatsiz voqeligi yo’qolib qolishiga olib kelardi. Shu tufayli kelishilgan holda filmni oq-qora ko’rinishda suratga olishga qaror qilinadi.

Joylar yoxud dekoratsiya

Ijodkorlar eski Toshkentning jami ko’chalarini piyoda aylanib chiqishadi. Bunga ancha vaqtlari ketsa ham urush yillari holatini, ruhiyatini eslatadigan ko’cha va hovlilarni topish uchun bu ishga mas’uliyat bilan yondashishadi. Natijada “Mahkamovlar hovlisi” dekoratsiyasi Chilonzorda bunyod etilib, “Mahkamovlar xonasi” esa pavil`onda quriladi. Qo’llanilayotgan optika yetarli yorug’lik kuchiga ega emasdi. Kartina vazni 65,5 kilogramm bo’lgan “Moskva” sinxron kamerasida suratga olinayotgani sabab, operator kadrni tasma qatlami ortida, qalin qora yopinchiqqa o’ralib olgan holda ko’rardi. Yoz kunida qora yopinchiqqa o’ralib suratga olish azobning o’zi edi. Bu jarayon haqida mashhur operator Hotam Fayziyev shunday eslaydi:

— “Sen yetim emassan” filmini suratga olar ekanman, men yorug’likdan tasvirga turlicha xarakter bera oladigan va bo’lib o’tayotgan voqealarning mohiyatini ochadigan dramaturgik vosita sifatida foydalanishga ahd qildim. Boltiqbo’yidan Mahkamovlar xonadoniga o’zining farzandini izlab kelgan, ammo Dzidraga ro’para bo’lgan onaning paydo bo’lish sahnasini tasvirga tushirish chog’imda, men aktyorlar chehrasini goh nur tasmasi bilan yoritadigan, goh qorong’ulatib qo’yadigan yoritish usulini qo’lladim. Bunday yoritish usuli tasvirga dramatizm va xavotir baxshida etdi.

Fayziyev bunday usuldan yana naturada “bolalarning urush-urush o’yini” sahnasini suratga olishda ham foydalangandi. Abramni qiynash sahnasi esa eski Toshkentning tor ko’chalaridan birida tavsvirga tushirilgandi.

Operatorlik ishi

Film ustida ishlash jarayonida men uchun asosiy vazifa yorug’lik yordamida kadrdagi lozim kayfiyatni bera bilish edi, — deya eslaydi Hotam Fayziyev. Uzoq vaqt “Dzidraning tug’ilgan kuni” epizodiga kalit topolmay yurdim. Negaki, ma’qul keladigan yorug’likni qidirardim. Aynan yoritish orqali Dzidraning ma’yusligini, kayfiyatini ko’rsatib, uning dardiga sherik bo’lishni istardim. Shu sabab suratga olish bir necha marotaba keyinga qoldirildi. Men hali tayyor emasdim, qahramonimni joylaydigan atmosfera topilmagandi. Nihoyat bu sahnani quyosh botishi oldidan, butun tabiat harir moviy tutunga chulg’anganday taassurot uyg’ongan payti suratga olishga qaror qildik. Natijada men mazkur sahnaning shoirona va obrazli bo’lishiga erishdim.

Ha, yorug’lik bilan ishlar ekan, kinooperator aktyorlar bilan o’zaro aloqa o’rnatishi lozim edi. Aktyor yorug’likning badiiy ahamiyatini tushunishi va operatorning barcha ko’rsatmalarini aniq bajarishi kerak.

“Sen yetim emassan”filmida band aktyorlarning kattagina qismi bolalar bo’lganligi uchun ularni kadrda chiroqni his qilishga o’rgatish zarurati ham yuzaga kelgandi. Pavil`onlar va tungi suratga olishlar ulardan maksimal diqqat-e’tiborni hamda rejissyor va operatorning barcha ko’rsatmalarini aniq bajarishni talab etardi. Rolni ijro etarkanlar, ular bir lahzaga ham o’zlariga yo’naltirilgan nurni yoddan chiqarmasliklari lozim edi. Professional aktyorlar Lutfixonim Sarimsoqova va Obid Jalilov yorug’likni juda yaxshi his qilishganligi tufayli, bolalarga eng asosiy ko’makchi ularning o’zlari bo’lishdi.

Film yakuni

Film uzoq vaqt mobaynida suratga olinadi. Negaki, bunga obyektiv sabablar bor edi. Yil fasllari o’zgarar,daraxtlarning yashil barglari zarg’aldoq tusga kirardi. Agar dastlabki sahnalar yoz issig’ida suratga olingan bo’lsa, yakuniy qismini daraxtlar yalang’och bo’lgan paytda tasvirga tushirishga to’g’ri kelardi. Dzidraning kinoteatrdan uyiga yugurib kelishi sahnasi rejissyorlik stsenariysida juda qisqa yozilgan edi. Ammo ijodkorlar tasvirga olish jarayonida bu sahnaga ijodiy yondashishga qaror qilishdi. Bolalarning hissiyotga boy ijrosi kameraning shiddatli harakati bilan muvofiqlashtirildi. Dzidra entikkanicha “Oyijon!.. Oyijon!..” deya chopib ketarkan, kamera sodir bo’layotgan quvonchli voqeada ishtirok etayotganday qahramon yonida yelib borardi.

“Yoshlik” jurnalidan foydalanildi

2006-2012 Mashhur.Uz

Top Desktop version