Mashhur.uz

Switch to desktop Register Login

Ошибка
  • JUser: :_load: Не удалось загрузить пользователя с ID: 55

AKA-UKA VAHOBOVLAR: “BIZDA FIKRLAR CHALKASHLIGI RO’Y BЕRMAYDI”

Aka-uka Ismoil va Isroil Vahobovlar. Ular bolalik davridan birga kuylab, hanuzgacha xalq olqishini olib kelmoqdalar. Ijro uslubining o’ziga xosligi, qo’shiqlardagi jo’shqinlik, ovozlar hamohangligi Vahobovlar ijodiga xos. Ularning repertuari boy: shashmaqom sho’’balari va Farg’ona-Toshkent maqom yo’llari - “Mo’g’ulgan navo”, “Talqini Ushshoq”, “Bayot III”, o’zbek mumtoz ashulalari - “Fig’on”, “Sharob”, zamonaviy bastakorlar - “Bir kulib qo’y”, “Kutarman” hamda o’zlari yaratgan asarlar - “Seni o’ylayman”, “Shirin zabonim”, “Jon O’zbekiston”, “Do’stlarim” va hokazo... Shuningdek, Sharq xalqlari qo’shiqlari, arabcha, turkcha va afg’oncha yo’nalish keng o’rin olgan. Ayni kunda Ismoil va Isroil Vahobovlar “Maqom” ansambli xonandalari hisoblanishadi...

- Bugun xonandalar ko’p. Lekin ularning hammasini ham xalqimiz xonanda sifatida ko’rmaydi. Elga tanilish uchun nima kerak?

Ismoil Vahobov: - Elga tanilishi uchun o’z ustida hofiz, avvalo, ko’proq mehnat qilishi kerak. Qolaversa, tanilishga shoshilmaydilar. Hofiz puxta bilimli, ziyoli ustoz topa bilsa va katta hayotning o’nqir-cho’nqir yo’llaridan qoqilmasa marra uniki. Ustoz ko’rmagan shogird san’atkor emas! Elga tez tanilaman, deya yengil-yelpi, ma’no-mazmunsiz qo’shiqlarni klip qilib, televidenieda hadeb qaytaravergani bilan ham maqsadiga yetmaydi. Maqsadga erishish uchun zinama-zina qadam bosish kerak. Tug’ilgan chaqaloq ham o’-o’zidan yurib ketmaydi-ku!

- Yengil-yelpi, ma’no-mazmunsiz qo’shiqlar ko’payib, mumtoz, lirik qo’shiqlarga sahnalarda o’rin qolmayapti. Bu jarayon milliy qo’shiqchiligimizning inqirozi emasmi?

Isroil aka: - Madaniyat sohasi vakillari uchun dolzarb savol. Haqiqatdan ham hozirgi kunda o’tmish ajdodlarimizdan meros bo’lib kelayotgan o’zbek milliy klassik, lirik, mumtoz an’anaviy ijrochilikka nisbat sovuqqonlik bilan qaralyapti. Yosh xonandalarimizdan ayrimlarining san’atga nisbatan panjara orasidan qarashlari dilimizni ranjitadi. Go’yo boshi berk ko’chaga kirib qolgandek. Agar milliy qo’shiqchiligimizga nisbatan shu yo’sinda munosabatda bo’laversak, kelajak avlod bizni kechirmaydi.

- Qanday san’atkorlarga achinish mumkin?

- O’zining ijod yo’lini topmagan, maqsadiga yeta olmagan san’atkorlarga achinish mumkin.

- O’zbek san’atini qaysi davlatlarda namoyish etishga ulgurdingiz?

- Fransiya, Germaniya, Eron, Afg’oniston...

- Safar davomida yuz bergan qiziqarli voqealar haqida gapirib bersangiz.

Ismoil Vahobov: - Gastrolda edik. Sahnada qo’shiq aytyapmiz. G’ijjakchimiz Ahmadjon Dadayev kulimsirab, tinglovchilar orasida o’tirgan bir ayolni ko’rsatib, “anovi ayolmi yoki erkakmikan?” dedi-yu, o’zi bukilib qolgudek kula boshladi. Uni kulgudan to’xtatish qiyin edi. Ahmadjonni bu ahvolda ko’rgan tomoshabin ham kulyapti. Biz esa qo’shiq kuylash-kuylamasligimizni bilmay qoldik. Mikrofonda tomoshabinlarga qarab: “Ahmadjon bilan avval kulishib olinglar, keyin qo’shiq tinglaysizlar”, dedim. Yanada gulduros kulgi ko’tarildi. Bunaqangi holatlar ko’p bo’lgan. Sahnada raqsga tushayotgan raqqosamizning poshnasi polga tiqilib qoldi. Rosa tortib olmoqchi bo’ldi o’ziyam!  Keyin oyoq yalang raqsga tushib ketdi.

- Bir-biringizdan ranjigan vaqtingiz bo’lganmi?

Isroil Vahobov: - Biz aka-ukalar bolaligimizdan birga katta bo’lganmiz. Maktabda, institutda tahsil oldik, harbiy xizmatni ham birga o’taganmiz. Shuningdek, bir vaqtda uylanganmiz. Hozirgacha birga ijod qilib, xalqimizga xizmat qilyapmiz.

- Ismoil aka, siz ko’proq kechirimlimisiz yoki ukangiz?

- Aka bo’lganligim uchun men ko’proq kechirimliman. Otam rahmatli aytardilar: “O’g’lim, oilamizning katta farzandisan. Mendan keyin ukalaringga ota sifatida bosh-qosh bo’lishing kerak”. Mana, ahil oila bo’lib yashayapmiz.

- Isroil aka, fikrlar hamisha bir joydan chiqadimi?

- Albatta! O’ylarimiz, kasbimizdagi rejalarimizni birgalikda tuzamiz. Oramizda fikrlar chalkashligi ro’y bermaydi, deyarli.

- Bugun sizlar ijod qilayotgan “Maqom” ansambli faoliyatidan ko’nglingiz to’lyaptimi?

- Ansambl jamoasining badiiy rahbari Abduhoshim Ismoilov bilan hamjihatlikda, bamaslahat ish olib boriladi. Bayram tadbirlarida bizning ansamblimiz doimo faol. Biroq jamoamizda iqtidorli yosh kadrlar yetishmayotgandek, nazarimda. Agar iste’dodli yoshlar jamoamizga jalb etilsa, yanada kuchayardi. Viloyatlarda ham “Maqom” ansambllarini tashkil etish vaqti keldi.

- Bugun maqom tinglayotganlar ozchilik. Sababi nimada deb o’ylaysiz?

Isroil Vahobov: - G’arb va Sharqdan oqib kelayotgan ayrim mazmunsiz kuy-qo’shiqlar yosh san’atkorlarimizning dunyoqarashini buzib qo’yyapti. Ayrim xonandalarimiz o’zbek mentalitetiga to’g’ri kelmaydigan kliplar ishlab, televideniye orqali namoyish etishmoqda. Bu ahvol ko’pchilik tomoshabinlarning ham joniga tekkan. Agar katta sahnani ikkiga ajratib, bir tomonda hozirgi yaratilayotgan ma’nosiz qo’shiqlar, ikkinchi tomonda milliy mumtoz kuylarimiz kuylansa, xalqimiz kimga ko’proq yon bosishini ko’rar edik. Xalqimiz mumtoz asarlarga chanqoq.

- Oilangiz jamoasi bilan tanishtirsangiz?

Ismoil Vahobov: - Uchta farzandim va uchta nabiram bor.

Isroil Vahobov:- Bizda ham uchta farzand, nevaramiz esa to’rt nafar.

- Aka-uka Vahobovlar qachon konsert dasturini muxlislariga taqdim etmoqchi?

- Yoz faslida. Yaxshi kunlarda ular bilan diydorlashaylik.

G’ayrat Sattorov suhbatlashdi

2006-2012 Mashhur.Uz

Top Desktop version