Категория: Mumtoz pog`ona Дата публикации Автор: Otabek Просмотров: 561
Bugunning xonandalari faqat qaysidir yo'nalishlarga moslashib qolgandek, mumtoz qo'shiqlarni mohirona ijro etadiganlari mumtoz yo'nalishga, lirikaga moyilligi kuchlilari lirikaga, milliy estradaga ko'ngil qo'yganlar esa milliy estradaga. Har uchchala yo'nalishda ham birdek ijod qila oladiganlar kamdan kam. Olimjon Mirzayevni ana shunday san'atkorlar qatoriga qo'shish mumkin. U san'atga mumtoz qo'shiqlardan kirib kelib, lirik va estrada qo'shiqlarni ham maromiga yetkazib aytadigan darajadagi san'atkorga aylandi. Asli Qashqadaryolik ushbu san'atkor bilan kuni kecha bir tadbirda uchrashib qoldik. "Sevgi azobi" nomli qo'shig'ini ijro etganidan so'ng, u bilan suhbatlashib qoldik...

" Qashqadaryo qo'shiqlari qaysi ko'rinishda degan savol anchadan buyon meni qiziqtiradi, bunga aynan shu vohaning farzandi sifatida siz qanday javob berasiz?
" Asl Qashqadaryo yo'nalishi hali-hamon mavjud emas. O'zim Farg'ona-Toshkent yo'nalishida ijod qilganim uchun shu yo'lga o'xshash deya javob bersam xato bo'lmasa kerak. Ko'pchilik Qashqadaryo yo'lini ham baxshichilik deya ko'rsatadi. Ammo Baxshichilik aslida Surxondaryoga xos. Shunday ekan, biz vohaning qadimiy san'at yo'nalishlarini topish uchun intilishimiz kerak. Hozir, shaxsan shu ish harakatidaman. Balki, bobolarimizning bugun biz uchun mutlaqo yangilik bo'lishi mumkin bo'lgan san'at yo'lini toparman.
" "Sevgi azobi" qo'shig'ingiz juda muvaffaqiyatli chiqdi. Qo'shiqlaringizning bastakori kim?
" Juda ko'plab bastakorlar bilan birga ishlaganman. Aynan o'sha qo'shiqdan so'raganingiz uchun bu savolga bastakorlikka da'voim yo'q, ammo ko'nglimga yoqqan bir nechta qo'shiqlarimning kuylarini o'zim bastalaganman, deb javob bersam xato bo'lmas.
" "Ijodiy jo'shqinlik yillarim", deb nechanchi yillarni ko'rsata olasiz?
" Ijodda jo'shqinlik albatta yoshlikda bo'ladi. Keyinchalik bajarishing kerak bo'ladigan bir qancha yumushlar chiqadiki, shu yo'lda ijoddan bir oz chekinishga to'g'ri kelib qoladi. Qachonki, tashvishlarni unutsak jo'shqinlik yuzaga kelaveradi. Lekin, san'atda tinim bilmaslik kerakligini hisobga olsak, yigitlik yillari jo'shqinlik bilan hamohang.

" Gavdangiz sportchilarnikiga o'xshaydi...
" Maqtanyapti demangu, ammo sport bo'yicha haliyam 30 yoshli yigit bilan teng natija ko'rsata olaman. Tosh ko'tarish, yugurish va hokazo. Negaki, bolalikdan sport bilan muntazam shug'ullanib kelganman. Bu borada men kun tartibimni mo'tadil bir yo'nalishga tushirib olganman.

" Ustozlaringiz va shogirdlaringiz haqida kimlarni e'tirof etasiz?
" Bolaligimda Komiljon Otaniyozov, Tavakkal Qodirov, Jo'raxon Sultonov, Ma'murjon Uzoqovlarning qo'shiqlarini tinglab katta bo'lganman. Maktabdagi ustozlarimdan Abdumannon Boboyorov mening qo'limga rubob berib, shu sozning sirlarini o'rgatgan bo'lsa, Elmurod Boymurodov mumtoz qo'shiqlarni qanday kuylash kerakligini o'rgatgan. Bugungacha ular mening qalbim quridagi insonlar sifatida e'tirofga sazovor. Poytaxtga kelganimdan keyin esa Fattohxon Mamadaliyev, Ortiq Otajonov, Sherali Jo'rayev kabi ustoz san'atkorlardan juda ko'plab san'at sirlarini o'rgandim. Shogirdlarimiz qatorida esa Qahramon Mo'minov, Sharofiddin Muzropov, Bahodir Xolmurodov kabi intiluvchan yoshlarni aytish mumkin. Aslida ulardan ham o'rganadiganlarim yo'q emas.
" Olimjon Mirzayev 2011 yilda nimani reja qildi?
" Nasib etsa, kuzda ya'ni 20 noyabrda navbatdagi konsert dasturimizni muxlislarga havola etmoqchimiz. Ungacha esa muxlislarimizga yangi qo'shiqlarimizni havola etaveramiz.

" Ijodda yuksak parvozlar tilaymiz. Charchamang, hali yana suhbatlashamiz.
" Sizga ham rahmat.