Категория: Intervyu Дата публикации Просмотров: 365

Yangi yilimizning “Mustahkam oila yili” deb atalishi quvonchli voqea bo’lgani sir emas. Shu munosabat bilan biz ham bunday yuksak ishlarda o’zimizni ko’rsatish uchun yil davomida sizlarga san’atda ko’pchilik havas qiladigan san’atkorlarning oilasiga tashrif buyurib oilaviy suhbatlar uyushtiramiz. Zero, oila mustahkamligi jamiyatdagi eng muhim omillardan biri. Ilk suhbatimiz esa yaqindagina ona bo’lgan Sevinch Mo’minova bilan bo’ladi. Ochig’i, turmush qurishidan tortib bugungi kunigacha shov-shuvlar girdobida yashayotgan bu xonandaga bugun ko’pchilik havas qilayotgani sir emas. Demak, boshladik ona Sevinch bilan eksklyuziv suhbat...
— Ona bo’lish qanaqa ekan...
— Buni so’z bilan ta’riflab bo’lmaydi. Onalik o’zingni esdan chiqarib bolangni birinchi o’rinda ko’rish ekan. Bola tug’ilgandan keyin vujudingda umringda his qilmagan mehr tuyg’usi paydo bo’larkan. Onalik tuyg’usi shunchalik lazzatli bo’ladi, deb o’ylamagandim. Xuddi, dunyoga qayta kelgandek bo’lib, “shu paytgacha qayerda eding bolajonim, sensiz nima qilib yuruvdim, qanday yashayotgandim”, atrofida girdikapalak bo’lishni ayting.
— Tug’ruqdan so’ng ko’pchilik bunday hayotga ko’nika olmasligi mumkin. Bolangiz yig’laganda qo’shilib yig’layapsizmi?
(kuladi) — Boshida shunaqa bo’ldim, tug’ruqxonada. Yangi tug’ilgan chaqaloq sutga endi organizmi ko’nika boshlaganida rosa injiqlik qilarkan. Qorni dam bo’lib, “dod” deb yig’lasa men ham yig’layveraman. Nega bunaqa bo’lyapti, desam shifokorlar “voy yig’lamang, bu odatiy hol, qo’rqmang, endi tug’ilgan chaqaloq-ku, boshqa muhitga o’rganguncha bir-ikki kun vaqt kerak bo’ladi”, deb amallab yupatishdi.
— Qizingizga tikilib nimalar xayolingizdan o’tadi?
— Kelajagini o’ylayman. Xudodan faqat yaxshi narsalarni so’rab o’tiraman. Mo’ltirab turgan ko’zlariga qarab, ilohim, hech qachon g’am ko’rmasin, faqat baxtli bo’lsin deyman.
— Deyarli Osiyoda mashhur bo’lgan Sevinch Mo’minovaning qizi, kelajakda dunyo yulduzi bo’lishi mumkinmi?
(Kuladi) — Xudo biladi, balki. Agar menga tortgan bo’lsa san’atkor bo’ladi, dadasiga tortgan bo’lsin desam ham baribir san’atkor bo’ladi-da (kuladi) Balki umuman boshqa yo’nalishni tanlar? Qaysi soha vakili bo’lishidan qat’iy nazar baxtli bo’lsin!
— Ruxsat berasizmi, xonandalikni tanlasa?
— Bilmadim. Men qaysi kasbni tanlasa yo’l ochib beraman. Uning orzularini inobatga olaman, hayotda armonli inson bo’lishi xohlamayman! Masalan, men san’atkor bo’lishga qiziqqanman. Shuning uchun agar san’atkor bo’laman, desa ruxsat beraman. Dadasini bilmadim. San’at qiyin kasb, qiynaladi, deydi. Onasi san’atkor bo’lib yomon insonmasku desam, “yo’q, qizimiz qiynalmasin, deyman-da”, deydi dadasi. Menga termilib turganini qarang buni, gaplarimizni diqqat bilan eshityapti, voy mani asal qizim... (qizini erkalab ketadi.)

— Og’ir-bosiqmi yoki to’polonchiroqmi?
(sho’x kuladi) — Ba’zida yugurib ketishiga sal qoladi. Yerga o’rsang, ko’kka sapchiydiganlar toifasidan. Hey to’xtab tur, hali stadionlarda yugurishingga, sakrashingga ancha bor, deb zo’rg’a to’xtataman (yana kuladi).
— Onasiga tortgani aniq ekan, unda (kulgu)...
— Ha, nimasini aytasiz. Men alla aytganimda “xah bale, bale, bale” devorsam, u menga qarab, “chiy” deb qo’yadi. (Hojiboyni latifasiga sha’ma bo’lgani uchun rosa kulgu ko’tariladi) Shunaqa qilib ikkalamiz, bir-birimizni ovutyapmiz. Shaddod qiz bo’ladi, shekilli.
— Ona bo’lgach qizlar onasini tushunadi, degan gapga qanchalik qo’shilyapsiz?
— Ooo so’ramang, tug’ruqxonaga onam meni ko’rish uchun kelganlarida u kishini quchoqlab yig’lashimni ko’rsangiz. Har ikki gapni birida “onajon meni kechiring, jahlingizni chiqarganim, bilmay xafa qilganim uchun, meni kechiring onajon” deyman. Onam aytadilar “yo sen meni hech qachon xafa qilmagansan, erkatoyim” deb onam meni quchoqlaydilar. Qo’llaringizni o’pay onajonim, shunaqa qiynaluvdingizmi, onajon deyman. Axir juda qiyin ekan ona bo’lish... Voy do-od (eslaganday bo’ladi)...
— Azobni ko’ribsizda bo’lmasa?
— E so’rashizzi qarang, bir o’lib tirildimu (kuladi). Tavba haqiqatdan ham ona bo’lganingizdan keyin onangizning qadrini bilarkansiz. Azob bo’lishini bilasizu, lekin bunchalik bo’lishini tasavvur ham qilmas ekansiz-da. Shunaqa jarayondan keyin onamga yanada mehrliroq bo’lib qoldim.
— Sharof ham yig’lavorgandir...
(Kuladi) — Ha, yomon bo’lib qoldi. Men “yo’q, yonimda turasiz”, deganimga ham pushaymon bo’lib ketdim. Ranglari oqarib, yuraklari tushib qoldi. Keyin nima deydi, “voy, shunaqa azob bo’ladigan bo’lsa, bitta shu qiz yetadi, bizga. Ham o’g’il, ham qizimiz”, deydi-da. U kishining gaplarini eshitib, o’zi bir ahvol bo’lib turgan bo’lsamam “yo’g’a unaqa demang, hali o’g’limiz ham bo’ladi”, deyman. Hamshiralar kulgidan o’zlarini to’xtatisholmaydi. Yangi tuqqanlar “bo’ldi, endi tug’mayman” deyisharkan-da, men bo’lsa yo yana o’g’limiz bo’ladi, deganimga ular, kulishadi. Men seni bunchalik azob chekishingga chidab turolmayman, o’n yilga umrim qisqardi, deydi Sharof. Bo’lmasa tug’ruqdan oldin “qo’rqyapman” deganimda “vey nega qo’rqasan, 24 million aholi tug’yapti, sen nega qo’rqasan” degandi. Keyin bunaqa deb turibdi-da. “Erkak bo’lib tug’ilganimga shukr”, deydi. Ikkalamiz tortishib qolganimizda ayollarga qiyin, hamma yuk ularning yelkasida bo’ladi, desam, qiyini erkakniki, hamma tashvish uni bo’ynida, deb yengardi. Keyin bu azobni ko’rgandan keyin haqiqatdan ham ayolga qiyin ekan, deb qoldi (kuladi)
— Endi tan oldimi?
— Ha, tan oldi.
— Tan olmaganiga ham qo’ymagansiz-da...
— Ha qo’ymadim (kuladi). Talashib qolsak uzog’i bir soat, bo’lmasa 5 daqiqada yarashib ketuvramiz. Uzoq gina saqlamaganimiz uchun ham hayotimiz quvonchli, ko’z tegmasin!
— Qanchalik bolaparvar ekansiz?
— Bunchalik bo’laman deb o’ylamovdim. Ishonsangiz oshxonaga borib kelgunimcha bolamni sog’inib qolaman. Ba’zida “e bo’ldi, shunchalik bog’lanib qolib, keyin nima qilaman” deymanu baribir undan uzoqqa ketolmayman. Sal ko’p uxlab qolsa, “e tursaydi, sog’inib qoldim-ku” deb o’tiraman. Salga sog’inib qolaverganim uchun opamdan so’rayapman, “siz o’g’lingizni qanchalik sog’inasiz”, desam opam “shunaqa bo’ladi, sal katta bo’lgandan keyin birozgina bosilasan, ungacha shu ahvol”, deydi opam. Chaqaloqligida ona-bola bitta odam bo’p qolarkan, baribir.
— Sevinch Mo’minovaning bola tarbiyasidagi o’ziga xos qoidalari?
— Birinchidan ona sutidan ajratganim yo’q (kuladi). Hali qo’shimcha sutlardan yoki oziq vositalaridan foydalanmadim. Iloji boricha undan uzoqlashmayapman. Haddan tashqari erkalashdan me’yorida bo’lgan erkalashni ravo ko’rgim keladi. Keyin biz bolaligimizda “bolalar vaqti tugadi, qani xonalaringga” deyilsa, birgalashib jo’ravozda “yaxshi yotib turinglar” derdikda, xonamizga chopardik (kuladi). Hozirgi bolalarning uyqu vaqti aniq emas. Tungacha o’tirishadi. Vaqti kelganda ko’ngli bo’sh bo’lib ketmasam, mana shunaqa tartiblarni joriy qilmoqchiman.
— Farzandli bo’lganingizni eshitib kim birinchi qo’ng’iroq qilib tabrikladi?
— Opam Shahlo. Keyin Sharof. Ularning har ikalasi ham yonimda bo’lishdi. Keyin onam, yaqinlarim kelishdi.
— “Voy dugonajon, qaleysan”, deb keladigan o’rtoqlaringiz bormi?
— Gulnoza degan dugonam bor. Tez-tez kelib, xabar olib turadi.
— Ro’zg’orning pastu balandiga chidab yashash, bir joyda turolmaydigan Sevinchni zeriktirib qo’ymadimi?
— Yo’q, bola bilan zerikmas ekansiz. Hayotning har bir pog’onasi qadrli bo’lishini bilyapman. Lekin san’atni, sahnani sog’indim.
— Shu paytgacha ko’pchilik mashhurlarimizni ko’rdik. Bolasi ikki oylik bo’lishi bilan to’ylariga chiqib ketaveradi. Sizda bunday bo’lmadi...
— Chunki men bunga qarshiman. To’g’ri emas. Alloh bergan farzandni o’zini tutib olguncha, ona yonida bo’lishi kerak. Bolam qanday chaqaloq hali. Shuning uchun hatto dugonamning tug’ilgan kuniga ham bolam bilan birga bordim.
— Ismini kim qo’ydi?
— Dadasi qo’ydi. Topilgan ismlardan chiroylisi shu bo’lgani uchun ham menga yoqdi.
— Bola tug’ilganidan keyin turmush o’rtoqdan ko’ra bolaga ko’proq mehribonchilik boshlanadi. Bundan Sharofning jahli chiqmayaptimi?
(kuladi) — Lekin haqiqatan ko’p e’tibor farzandga bo’lib qolar ekan. Jahli chiqadi, ba’zida. Sharof aytadi, “mevalardan chiroyli qilib kesib kelarding, birga kino ko’rardik,”, deydi. Shunaqa paytlarda hammasini tinchitib uni ham xursand qilishga harakat qilamiz. Mevalarni kesib kelib degandek... (kuladi).
— Ilohim baxtlaringga ko’z tegmasin. Leylaxon ham chiroyli qiz bo’lib, sizlar orzu qilgandek farzand bo’lsin!
— Rahmat sizga ham, muxlislarimizga ham. Barchaga mana shunaqa baxt nasib etaversin!
Baxtiyor Rasulov
Suhbat va suratlar faqat mashhur.uz uchun taqdim etilgan. Ulardan foydalanish huquqi esa “7x7” gazetasiga berilgan. Boshqa OAVlari uchun qatiyan taqiqlanadi!