Категория: Intervyu Дата публикации Просмотров: 65

“Asal ukam”, “Boy bola”, “Dilbaringman”, “Ayting yorimga” kabi bir qator qo’shiqlari bilan muxlislarga tanilgan xonanda Shirina ko’plab tadbirlardagi faol ishtiroki bilan “O’zbekiston belgisi” ko’krak nishoni bilan taqdirlanganidan xabaringiz bor. Yaqindagina uning Farhod ismli yigit bilan “Yoshlikda bergan ko’ngil” nomli ilk duet kuylagani va uning tezda ommalashgani xonanda ijodida yangi bosqichning yuzaga kelganidan darak berdi. Shu o’rinda esa savol tug’iladi? Kim u Farhod? Nahotki, Shirinning hayotdagi Farhodi topilgan bo’lsa? Bugun sahifamizda xonandadan shu va boshqa qiziqarli savollarimizga javob olamiz...
— Shirinaning ko’zga ko’rinishiga prodyuseri sabab bo’ldi, bo’lmasa unga o’xshagan xonandalar ko’p-ku, degan fikrlarga nima deysiz?
— Albatta, bu borada Bobur akaning yuksak xizmatlarini borligini hech qachon inkor etmayman. Lekin o’zim ham u kishini yo’riqlaridan chiqmasdan, izlanishlardan to’xtamayapman. Balki meni o’rnimda boshqa birortasi bo’lganda bunga chidolmasdi. Balki o’zimda ham harakat bo’lmaganida Bobur akaga mening keragim ham bo’lmasmidi va hokazo... Biroq men har bir tanbeh yoki tinimsiz mehnatlarga chidab, o’z yo’limda davom etyapman. Negaki, bugun menga berilayotgan har bir pand-nasihat yoki maslahat ertangi kamolotim uchunligini yaxshi bilaman. Qolaversa, uch yildan buyon davlat tadbirlari deysizmi, nodavlat tashkilotlari o’tkazayotgan tadbirlar deysizmi barchasida xolisona xizmat qilib kelyapmiz. Buning o’zi bo’lmasligini shu sohani ichida bo’lganlarning barchasi biladi.
— Yillar o’tgani sari xonanda shakllanadi va prodyuseri bilan xayrlashadi. Sizda bunaqa holat yuzaga kelmayaptimi?
— Bunaqa holat menda bo’lmadi shu paytgacha bo’lmaydi ham. Menga shuncha yaxshilik qilgan inson bilan qanday ajralib ketish mumkin? Qolaversa, Bobur aka tarixda qoladigan inson. Shu insonning shogirdi sifatida men ham o’zimga yarasha nom qozona olsam, o’zimni baxtli his qilaman.
— Demak, xonanda Shirina sifatida tarixda qolgandan ko’ra, Bobur Bobomurodning shogirdi sifatida tarixda qolish siz uchun afzal, shunaqami?
(kulib yuboradi) — Yo’q, avvalo o’z nomim bilan tarixda qolish muhim. Lekin Bobur akaning darajasiga yetish uchun bizga hali yo’l bo’lsin. U kishini qadriga yetib yurishimiz kerak. Shuning uchun bu inson bilan xayrlashish niyatim yo’q. Boshqa birov meni tushunmaydi ham. Negaki, hamisha fikrlarimiz bir joydan chiqadi. Balki bu bir kunda, bir muchal ostida tug’ilganimizdandir...
— Vaqti kelib O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist yoki xalq artisti bo’lishingizga ishonasizmi?
— Bu avvalo peshonaga bog’liq. Ertaga nima bo’lishini hech kim bilmaydi. Yaxshi niyatlarim albatta bor. Agar taqdir qilgan bo’lsa, shunday unvonlarga erishishni barcha xonandalar xohlaydi.
— Shou-biznesni nimasi sizga yoqmayapti?
— Buni men gapirsam yaxshi bo’ladimi yo’qmi bilmaymanu ammo o’z fikrlarimni aytaman. Ekranda chiroyli ko’rinayotgan xonandalar ekran ortida yoki sahna ortida ham shunday samimiy bo’lishlarini xohlardim. Besh kunlik dunyo hamma o’tadi, ketadi. Ming talashib, tortishgan bilan baribir hammaning o’ziga yarasha muxlisi bo’ladi. Ko’rolmaslik yo’qolib, hamma bir-biriga mehribon bo’lsin.
— Bu ko’rolmasliklarni ortida pul yotibdi, kim ko’p to’yga chiqsa shuncha ko’p pul topadi, degani. Sizga pul kerakmasmi?
— Nega endi, pul hammaga kerak. Lekin pulni deb birov birovning dilini og’ritish to’g’rimikan? Men o’rtacha yashash tarafdoriman. Kundalik ehtiyojlarim va faoliyatim uchun yetadigan pulim bo’lsa bo’ldi, ortiqchasini nima qilaman? O’rtacha yashagan odam baxtli bo’ladi. Boy bo’lsangiz ham kambag’al bo’lsangiz ham baxtli bo’lolmaysiz.
— Unda boshqa sohani tanlasangiz ham bo’lardiku. Nega san’atni tanladingiz?
— Chunki men san’atni, qo’shiq aytishni yaxshi ko’raman. Bolaligimda men baland tog’ cho’qqisida bo’lsamu qo’shiqlar kuylasam, pastda esa ko’plab muxlislar meni olqishlasa degan orzuyim bor edi. Bugun mana shu orzuning ma’lum bir qismiga yetib turibman, negaki katta sahnalarda qo’shiq aytyapman, va muxlislar olqishlashyapti. Demak, men baxtliman.
— Kuzatadigan bo’lsak, shou-biznesda do’stingiz ham dugonangiz ham ko’rinmayapti...
(kuladi) — To’g’ri, sirlarimni ishonib aytadigan dugonalarim yo’q. Qizlar bilan dugona bo’lolmasligimning sababi arzimagan holat tufayli ham arazlashib qolish odati borligi. Arazlashganingdan keyin xohlagan dugonam ham sirlarimni oshkor etishi mumkin. Shuning uchun qalin dugonalarim yo’qdir.
— Ochilib ketishidan qo’rqadigan sirlaringiz bormi?
— Bunaqa sirlarim yo’q, lekin bir-birimizga nisbatan ishonch yo’qolishini ham istamayman.
— Dugonasi yo’q qiz yolg’iz qushga o’xshamaydimi?
— Yo’q, aksincha u tinch bo’ladi. Siz haqingizda ortiqcha gap yo’q bo’ladi, bosh og’riq muammoli jihatlar ham bo’lmaydi.
— Farhod degan yigit bilan duet kuyladingiz. Shirinning Farhodi topildi, deyishyapti...
— U mening hayotdagi Farhodim emas, balki san’atdagi Farhodim. Hayotdagisini topmadim hali.
— Nega aynan Farhod bilan duet kuylandi?
— Ular shu taklif bilan chiqishdi va prodyuserim bu taklifni qo’llab-quvvatladi. Qolaversa, uning ovozi menga yoqdi. Tengdosh bo’lganligimiz uchun ham san’atdagi ushbu hamkorlik muxlislarda qiziqish uyg’otishi mumkinligini ham o’yladik.
— Buni ham ikki xil tushunish mumkin. Shirin yakkaxon ijrochi sifatida o’zini yaxshi namoyon eta olmadi yoki...
— Yo’q, yakkaxon ijrochi sifatida o’zimga yarasha muxlislarim borligini bilaman va nasib etsa keyingi yillarda ijodimda yanada katta bosqichlarning yuzaga kelishiga ishonaman. Bu hamkorligimiz vaqtinchalik muxlislarga yangilik qilishimiz uchun xizmat qiladi. Keyin biz Oybek va Nigoraga o’xshagan duet ham emasmiz. Har birimiz alohida ijod yo’lini tanlagan xonandalarmiz.
— Demak, siz shou-biznesda qilinayotgan loyihalarni qo’llab quvvatlaysiz...
— Xususiy telekanallarni ko’rib turib yigitlarimiz haqiqiy o’zbek yigitlarini gavdalantirib berisha olmayapti, degan fikrga kelaman. Uch-to’rt yangi guruhlarning kliplarini ko’rib ochig’i hayron bo’laman, nahotki ular shunday ahvolga kelib qolgan. Ashulalarning ma’nosiga qarang, shu ham qo’shiq bo’ldimi deb gapirishlari bejiz emas.
— Siz maslahat bera oladigan xonanda yoki guruh bormi?
— Shou-biznesda hozir hech kimga maslahat ham kerak emas, do’stona taklif ham. Hamma o’zichaligini bilasiz-ku.
— Madonnaning ijodiga havas qilasiz. U kunda 20 soatlab ishlagan paytlari bo’lgan. Shirin shunaqa qila olyaptimi?
— Yo’q. Chunki, biroz muammolarim bor. O’sha muammolarim bo’lmaganida balki shunaqa ishlardim. O’qishimni yakunlab olsam, hayot tarzim anchagina yo’lga tushib qolgan bo’ladi. Keyin nasib etsa, yanada ko’proq ishlash imkoniyati tug’ilib qolar.
— Men falon kitoblarni o’qiganman, ulardan foydali jihatlarni o’rganganman deb ayta olasizmi?
— Ochig’i, bir kitobni uch marotaba o’qimagunimcha xayolimga singishi qiyin bo’ladi. Masalan... “Alkimyogar”, Navoiy hazratlarining “Hamsa”si va hokazo. Bu yerda yana bir qiziqarli jihat bor. O’sha kitoblarni o’qiganimdan keyin shuni sezamanki, mutolaaga berilishdan oldingi fikrlarim bilan keyingi orasida ancha farq yuzaga kelganini sezaman. O’qish paytida esa butun boshli asarni tasavvurimda xuddi kino kabi ko’rishga ham odatlanib qolganman. Bo’lmasa tushinishim qiyinroq bo’ladi.
— Hayot eng kuchli donishmand, deyishadi. Xalq orasidagi faoliyat qanchalik sizni shakllantira oldi?
— Anchagina shakllantira oldi. Hozir oldingi Shirindan asar ham yo’q. Uning o’rnini shaxs sifatida to’g’ri harakat qilishga intilayotgan, hayotga nisbatan ishonchi baland qiz egalladi. Buni ba’zida o’zimning tengdoshlarim ham maslahat turishlaridan sezaman.
— 2011 yilgi orzularingizning qanchasi amalga oshdi?
— 2011 yilni ko’chadan kutib olganim sababmi yil davomida umrim ko’chada o’tdi (kuladi). O’zbekistonimizning barcha viloyatlarida tashkillashtirilgan tadbirlarda imkoniyatim darajasida qatnashishga muvaffaq bo’ldim. Bundan juda xursandman.
— Yangi yil haqida…
— 2012 yildan umidlarim juda katta.
— Yangi yil sizga o’zingiz o’ylagan barcha niyatlar va tilaklar ro’yobini olib kelsin.
— Rahmat, fursatdan foydalanib, sizga va barcha muxlislarimizga 2012 yil muborak bo’lsin deyman. Yuragimdagi eng samimiy va yaxshi tilaklarni barcha-barchangizga tilab qolaman. Hamisha yaqinlaringiz baxtiga sog’ va omon bo’lish baxtidan ayirmasin! Yangi yilingiz bilan aziz muxlislar!