Категория: Intervyu Дата публикации Просмотров: 109

2011 yilda samarali ijod qilgan “Shod” guruhi bugun mehmonimiz. Yilning ilk suhbatini ular bilan uyushtirishimizga sabab shu kunlarda ularning ilk yakkaxon konsert dasturlarining disklari sotuvga chiqishi, hamda guruh faoliyatiga oid bir qancha savollarning paydo bo’lganidir. Xullas, har uch yigitni suhbatga taklif qildik. Ammo javoblarni faqatgina Otabek berdi. Nazarimda, boshqalar shunga rozi bo’lgan ko’rinishadi...
Konsertga oid
— “Shod” 11 yoshga to’ldi. Yubiley konserti sizlarni qoniqtirdimi?
— Konsertdan ko’zlangan birinchi maqsadimiz qani shuncha muxlisimiz bormi yo’qmi shuni bilmoqchiydik. Zalning to’lib ketgani bizning savolimizga yaxshigina javob bo’la oldi. Qoniqtirish masalasida esa birinchi kontsertimiz bo’lgani uchun o’ylaganimizdek bizga qoniqish berolgani yo’q. Nasib qilsa, keyingi konsertlarda bundanda yaxshi bo’ladi.
— O’tgan yillarda konsert berishni imkoni bo’lmagani zalda odam to’lmasligidan xavotirga tushishmidi?
— Aslida konsert berishimizga o’tgan yili bo’lib o’tgan M&TV taqdirlash marosimida jurnalistlar 2011 yilgi rejalaringiz degan savol berishgan. Shunda biz 11 raqami biz uchun omadli hisoblanadi, shuning uchun kelgusi yili konsert qilamiz, nasib etsa 2011 yil “Shod” guruhining ijodiy yili bo’ladi, deya javob bergandik. 2011 yil kirishi bilan hammamiz o’tirib, endi va’damizni ustidan chiqishimiz kerak, deya yeng shimarib ishga kirishdik. Vaholanki, konsertlar mavsumini ham bilmas edik. Shuning uchun oktyabrning 11 kuni bo’sh ekan, deyilganida, o’ylanib o’tirmasdan shu kunni konsertimiz kuni deb belgilab, shu ishni amalga oshirdik. O’ylaymakni, yomon bo’lmadi, negaki ko’pchilik bizni kontsertdan so’ng, tabriklashdi.

Guruhga oid
— O’tgan 11 yil “Shod” uchun nimalarni taqdim etdi?
— Agar pul yoki moddiy tomonlarni hisobga olmasak, bir-birimizga mehrimiz oshdi. Hayotning og’ir-yengilini tushib yetdik. O’zi allaqachon 11 yil o’tib ketganini ham bilmay qolibmiz. Shuning uchun bu yil 11 yil to’libdi, guruhimiz tashkil etilganiga degan gapga o’zimiz ham ishonmayapmiz. Sahnada ustozimiz Farrux Zokirov “bu yigitlarning shuncha yil davomida bir guruhga jamlanib yurganining o’zi katta gap. Bu har kimning ham qo’lidan kelmaydi” deganlarida ochig’i to’lqinlanib ketdik.
— Faqat mehr topdik, deyapsiz. Nega pul topilmadimi?
— Pul ham topilgan. Pul to’ylardan topiladi-da, lekin topgan pulimiz ijodimiz va reklamalarimizni yo’lga qo’yish bilan barobar kelaveradi.
— Negadir viloyatlardagi to’ylarda umuman sizlarni ko’rishmagan. Bormaysizmi yoki takliflar yo’qmi?
— Viloyat to’ylariga ham boramiz. Ammo chaqirishadigan viloyat to’ylariga tayyor bo’lmaganimiz uchun bormaganmiz. Biz mas’uliyatni sezadigan yigitlarmiz, tayyor bo’lmasak-da, boshqalarga o’xshab aldab, va’dani berib yuboravermaymiz. Boshqa san’atkorni qo’shig’ini so’rab qolishlari mumkin. Biz esa boshqalarni qo’shiqlarini aytmaymiz.
— Ayb hisoblaysizlarmi, bu holatni?
— Yo’q, ayb emas. Agarda o’sha so’ralgan qo’shiq ustoz san’atkorlarniki bo’lsa, aytishimiz mumkin. Lekin bizdan keyin chiqqanlarnikini so’rashsa, aytish erish tuyuladi.
— Orada bir tarqalib ketishlaring haqidagi ham gap-so’zlar tarqalgandi, hattoki tarqalib ketgandilaring ham...
— Ha, bu voqealar rostdan ham sodir bo’ldi. Sababi yoshlik beboshlik ekan. Tushunmovchiliklar bo’ldi va o’tib ketdi. Ko’rib turganingizdek biz yana birgamiz.
— Guruhga yo’l-yo’riq ko’rsatadigan inson, ya’ni “Shod”ning ustozi Farrux akami yoki yana kimdir bormi?
— O’zlari bizga nom qo’yib, yo’l-yo’riq ko’rsatganlari uchun haligacha Farrux akadan maslahat so’raymiz. Qolaversa, Sarvar Rahmatxo’jayev, Iqbol Muhammad kabi bastakorlarimiz va hozir bizga ijodiy ko’makchi bo’layotganlarning barchalari ustozlarimiz qatorida qadrli. Bundan tashqari ayni vaqtda “Shod” ham shou-biznesning anchagina yo’l-yo’rig’ini tushunib olganligi sabab, qaysidir masalalarni o’zimiz ham hal qilishga kelishib qoldik.
— Shu yillar davomida davlat mukofotlari yoki biror taqdirlash marosimida ham qatnashmadingizlar?
— Ha, afsuski, biz kech qoldik. Hujjatlarimizni “Nihol”ga so’rashdi, ammo bizning yoshimiz 25 yoshdan o’tib ketgan edi. Boshqa marosimlarda ham shunday bo’lgan. Hozir xursand bo’layotganimiz esa M&TV taqdirlash marosimida nomzodimiz qo’yilayotganligi.
— “Davr”, “Ummon” degan guruhlar ham konsertlar berishdi...
— Hammaning o’zini muxlisi bor. Agarda necha yillik guruhligimizni ham hisobga olishadigan bo’lishsa, o’ylaymanki, bunga boshqa javob yo’q.
— Boshqa guruhlarni bilmadimu ko’pincha sizlarni “Afruz” guruhi bilan ko’pincha raqobatchi deya o’ylashadi?
— Yo’q. Bu bo’lmagan gap. Negaki, biz hayotda ular bilan yaxshigina aka-ukaligimiz bor. Qolaversa, ular ikki yigit, biz uchta. Eng qizig’i, bizni guruhda biroz tarqalish bo’lganda “Afruz”chilar ham “nega bunaqa qildinglar, sizlarga havas qilib yurardik”, degan gaplarni ham aytishgan. Demak, ular ham bizni o’ziga raqobatchi hisoblashmaydi.
— “Shod” guruhining “gurillagan davri” bu yil bo’ldimi yoki... qaysi yil?
— “Shod”ning homiyi bo’lmaganligi uchun u xohlagan vaqtida gullaydi, xohlagan vaqtida ko’rinmay qoladi. Chunki bu mablag’ga bog’liq. Agarda homiyimiz bo’lganida har yili bir darajani ushlab turgan bo’lar edik. O’zimiz ijod qilganimiz tufayli, har yili gurillagan davrimiz shu yil deb kelaveramiz.
— Nega shu paytgacha homiylik qiladiganlar topilmadimi?
— Endi homiylik qilaman deganlarga ham kech bo’lishi mumkin. Chunki maqsadlarimiz yil sayin kattalashib boryapti. Endi biz homiylardan pul so’rab klip oladigan yoki studiya harajatlarini ko’taradigan palladan o’tdik. Endi dunyo bo’ylab kontsertlar qilgimiz, san’atimizni dunyo muxlislari orasida ommalashtirish degan katta maqsadlar bilan yashayapmiz. Buning uchun biz tayyormiz, har qanday tanlovda ishtirok eta olamiz, degan ishonch bor.
— “Mardi maydon”da jonli kuylab chiqdinglar. Sizlarni shu qoniqtirdimi?
— O’zimizning ijromizdan unchalik ham qoniqqanimiz yo’q. Agar xonanda o’zidan o’zi qoniqa boshlasa, bu uning to’xtaganidan darak. Qolaversa, har bitta sahnaning o’z salobati bo’ladi, va albatta har bir sahnaga chiqishdan oldin qo’rquv bo’ladi. Yana jonli ijro bo’layotgan bo’lsa...
— “Davr” guruhi konsertidan so’ng ko’rinmay qoldi. Sizlarda ham shunaqa holat yuzaga kelmayapti?
— Bizda aksincha bo’lyapti, hozir juda takliflar ko’p. Bu takliflarni sizga hozirdanoq aytishim mumkin, keyingi kontsertimiz bahorga mo’ljallanyapti. Keyin esa butun respublika bo’ylab o’zimizning gastrollarimizni taqdim etamiz. Bundan tashqari har yili eng kamida uchta qo’shig’imizga klip suratga olib, havola etgan bo’lsak, kelgusi yili uning ham sonini oshirmoqchimiz. Xullas, ijodiy chanqoqlik kuchli hozir.
— Imidj borasida kimlar bilan maslahatlashasizlar?
— Sojidaxon ismli bir opamiz bor. O’sha kishi bizga to’g’ri keladigan imijlar borasida maslahatlarini ayamaydilar. Masalan, klipmi, kontsert yoki to’y bo’lsin, shu inson bizga eng ma’qul kiyinish uslubini tavsiya etadi.
Yigitlarga oid
— Qanday hollarda o’zingizni tuta olmasligingiz va baqirib-chaqir qilishingiz mumkin?
— Biz bir urishsak juda qattiq urishib ketamiz va bu bir-birimizga juda qattiq ta’sir qiladi. Bunga esa albatta bir arzirli sabab bo’lishi kerak bo’ladi. Yaxshi bo’lsak, juda yaxshimiz.
— Bir yosh bir yosh farq qilasizlar. Demak, guruhda ko’pincha sizning gapingizga kiriladi. Shundaymi?
— Yo’q. Nima gapimiz bo’lsa, o’rtaga tashlanadi va maslahatlashib bir qarorga kelamiz.
— Guruhdagi eng injiq yigit?
— Doniyor.
— Ovqat tayyorlash ko’proq kimning qo’lidan keladi?
— Shuhratning. Oramizda pazandarog’imiz shu.
— Tug’ilgan kunlarni qanday nishonlaysizlar?
— Safimizda faqat Shuhrat uylanganligi uchun bu kunlarni yigitlar o’zimiz nishonlayveramiz. Nasib etsa, hammamiz uylanvolsak, keyin tug’ilgan kunlarni ham oilaviy nishonlashga ahdlashib qo’yganmiz.
— O’zi aslida birinchi siz uylanishingiz kerak. Ko’nglingizga yoqadigani uchramayaptimi yoki hali vaqt bormi?
— Dardimni qo’zg’amang... Ochig’ini aytaman, hozir shunaqa bir tushunib bo’lmaydigan holatdaman. Sevib qoldim, shekilli... Bilmadim, buyog’i nima bo’ladi?
— Doniyor nega uylanmayapti?
— U meni kutyapti. Men uylanishim bilan ikki haftaga qolmay uning ham to’yi bo’ladi va biz birgalikda “asal oyi”ni o’tkazishni ham rejalashtirib qo’yganmiz.
— San’atkorlar mashhurlashgani sari qarindoshlariniyam tanimay ketadi. To’ylariga aytsa bahona topadi. Sizlarda-chi?
— Shaxsan menda shunaqa muammolar bo’lib turadi. Asli Buxorolik bo’lganligimiz uchun amakilar yoki boshqa qarindoshlar to’y qilganida borolmay qoladigan holatlarim ko’p bo’ladi va shunda tushunmovchiliklar yuzaga keladi. Ammo keyinchalik bu o’z iziga tushib ketadi.
— O’sha to’ylarga masalan bir o’zingiz bordingiz. Guruhni qo’shig’ini aytaverasizmi?
— Ha. Boshqalarni qo’shig’ini aytgandan ko’ra, sheriklarim yo’q bo’lsa-da, o’zimizning qo’shiqlarni aytaman.

“SHOD” guruhining
Ilk qo’shig’i: “Popuri”. Unga klip suratga olinib, muxlislarga taqdim etilgan.
Ilk albomi: “Assalomu alaykum” (2008 yilda chiqarilgan)
Ilk konserti: Shu yil 11 oktyabr kuni bo’lib o’tdi.
Ilk gastroli: Jizzax shahriga shu yilda bo’lib o’tdi.
Guruh xitlari: “Assalom alaykum”, “Toshkentim onam”, “Yomon bo’libdi”, “Jonim”.
Bu qiziq
“Shod” guruhi: 2001 yil 15 may kuni tashkil topgan. O’zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov uch yigitning bosh harflaridan olib, guruhga “SHOD” deya nom qo’yib beradi. Shuhrat Umarov 1982 yil 6 may. Otabek Rustamov 1981 yil 9 sentyabr Toshkent shahrida tug’ilgan. Doniyor Nosirov 18 iyulda 1983 yilda tug’ilgan. Ular estrada-sirk kollejida birga o’qishgan. Otabek ko’p gapiradi va ko’p g’oyalar beradi. Shuhrat guruhning ishiga mas’ul, tabiatan sal qiziqqonroq. Eng bosiq, kam gapiradigani va ko’p uxlaydigani Doniyor.
Baxtiyor Rasulov
Suhbatdan foydalanish huquqi “7x7” gazetasiga berilgan.