Mashhur.uz

Switch to desktop Register Login

Ошибка
  • JUser: :_load: Не удалось загрузить пользователя с ID: 55

Oshkora suhbat. Mirodil Hakimov. CHEKINISHI, YAQINLARIDAN AYRILISH, HURMATSIZLIK, TIRIKCHILIK MANBAI XUSUSIDA...

 

“Oshkora suhbat” loyihamizning bu galgisi sizni hayratga solishi tabiiy. Negaki, bir paytlar “Qaramaysiz” qo’shig’i bilan tanilgan Mirodil Hakimov suhbatimiz qahramoni hisoblanadi. Xonanda bilan tasodifiy uchrashuv va suhbatimiz shu darajada ochiqchasiga bo’ldiki, o’zimiz ham uning oshkora javoblariga hayratda qoldik. San’at olamida bunaqa san’atkor kam. Rost gapni aytishdan qo’rqmaydigan, tan olishga cho’chimaydigan va so’zlarini o’z o’rniga gapira oladigan san’atkorlar haqiqatdan kam. Shu bois unga bo’lgan hurmatimiz yanada oshdi. Endi, ko’p cho’zib o’tirmaymizu, suhbatni sizga havola etamiz. Zero, suhbat so’nggida o’zingiz ham bu fikrlarimizga qo’shilsangiz ajab emas!

Chekinish. YaQINLARDAN AYRILISH va HARAJATLAR

— Yo’qolib qolishingizning asosiy sababini ayta olasizmi?

— Yo’qolishmasu, oradagi biroz tanaffuslarimga akamdan ayrilib qolganim sabab bo’ldi. Infark bo’lib yorug’ dunyo bilan xayrlashgan akamdan ayrilganimdan so’ng juda tushkun holatga tushib qoldim. Ko’nglimga hech narsa sig’may qoldi. Chekinib juda u darajada yo’q bo’lib ketmadiu ammo biroz tanaffuslarim bor. Bu orada o’nga yaqin qo’shiqlar kuyladim va hokazo.

— Hamma san’atkorlar shunaqa deydi. Qo’shiqlar kuylayapman, deydiyu ammo tinglovchilar bundan bexabar...

— Negaki, reklama masalasi biroz qiyinchilik tug’dirayotgani uchun shunday. Hozir nima ko’p reklama qilish uchun imkoniyat ko’p. Ammo harajatlar katta. Ilgari ikkita telekanal bor edi, ikkita radio bo’lib, eng asosiysi qo’shiqchilar ham kam edi. Qo’shiqlarimizni tinglovchilarga yetkazish osonroq kechardi. Hozir o’nlab telekanallar, o’nlab radiolar va yuzlab qo’shiqchilar bo’lganligi sababli reklama pul yetkazib berish qiyinchilik tug’diryapti.

— Ilgari poytaxtda ijod qilardingiz. Nega vodiyga qaytdingiz?

— Otamdan ayrilganim uchun Andijonga qaytdim. Keyin orada onamdan ham ayrilib qoldim. Bilasizmi, san’atkorning ko’ngli shu darajada nozikki, bir tushkunlikka tushsa, uni yana qayta o’ziga keltirish uchun yillar kerak bo’lar ekan. Shu tushkunlikdan biroz xalos bo’lib, endi yana ijodimni davom ettiraman, deb turganimda akamdan ham ayrilib qolganim meni yomon ahvolga solib qo’ydi. Mana vaqt o’tib, asta-sekin ijod olamida qayta tug’ilgandek bo’lib, shijoat bilan ishga kirishdim, nasib etsa, hammasi yaxshi bo’lishiga umidim bor.

Promoushen. KO’PAYGAN TO’YLAR, POЕZD VAGONLARI va NARX

— Respublika bo’ylab tinglovchilar eshitgan so’nggi qo’shig’ingiz, nazarimda “Ajab sirlar” bo’ldi...

— Albatta. Uni poytaxt telekanallari orqali namoyish etganligimiz uchun hamma biladi. Vaholanki, hozir vodiyda ommalashgan yangi qo’shiqlarim ham bor. Masalan, “Shirmon patirchi”, “Uylanamiz”, “O’zing uchun yashay deganda, umr tugab qolar ekan-da”, “Biz keldik” va “Kuyov bola” kabi. Ularni ham agarda poytaxt telekanallari orqali taqdim qilganimizda bularni ham sanagan bo’lardingiz.

— Ko’pchilik san’atkorlarimiz hozir qo’shimcha targ’ibot resurslaridan ham foydalanishyapti. Misol uchun: Poezd vagonlari, kafelardagi monitorlar va hokazo...

— Mana shunaqa vositalar borligini hozir sizdan eshitdim. Demak, ularga ham bir qiziqib ko’ramiz. Aytyapmanku, endi hammasini boshidan boshlab, muxlislarimga quvonchli lahzalarni taqdim etishga harakat qilaman.

— Bu chorasizlikdan zerikishmi yoki...

— Yo’q. Zerikishga vaqt bo’lgani yo’q. Negaki, bu yil reklama qilmasam ham qator, qator to’ylar chiqaverdi. Mana to’ylarim borku deb, bamaylixotirlikka o’rgandim.

— Qiziq, nega bo’lmasa hozir promoushenga katta ahamiyat qaratyapsiz?

— Buning bir sababi reklama qilinganidan so’ng reyting masalasi va to’ylarga chiqiladigan narxning o’zgarishini o’ylaganim uchun.

Tirikchilik. “OLTIN FOND” va SAN`ATDA BILIM OLMAGANLAR

— Aslida san’atkorning fojiasi shunda emasmi? Mablag’ uchun ijod qilish...

— Bunga ilojsiz bog’lanamiz. Chunki, mening asosiy kasbim, faoliyatim xonandalik. 15 yil umrimni faqat san’atni o’rganishga sarfladim. Nega? San’atning orqasidan tirikchilik qilish uchun! Agar xonanda bo’lmaganimda ham, hech bo’lmaganda musiqa o’qituvchisi yoki biror orkestrda sozanda bo’laman va oylik maosh olib tirikchilik qilaman, deb o’qiganman. Shuning uchun bu menga fojia emas. Axir tirikchilikni san’atning orqasidan qilyapman-ku.

— “Oltin fond”dan joy oladigan qo’shiqlar haqida gapirish erish tuyulib qolmaydimi, unda?

— Yo’q. “Oltin fond”dan joy oladigan qo’shiqlarim shubhasiz bor. Ammo ularni ham “Oltin fond”dan joy oldirish uchun ma’lum sarf-harajatlari bor ekan. Ilgari, studiyadan o’zlari chaqirishib, “uka, mana shu qo’shig’ingni bizda yozgin, saqlab qolamiz”, deyishardi. Hozir boya aytganimdek, san’atkor ko’p va ular boraverib, boraverib, studiyalarni band qilib qo’yishganidan studiyalarning ham vaqti yo’q, sizni chaqirishga. Achinarlisi, ular turli soha vakillari: haydovchi, shifokor, quruvchi va hokazo kasb egalari bo’lib, san’atdan pul qilish uchun qo’shiq aytishyapti.

— Siz boshqa soha vakillarining qo’shiq aytishiga qarshimisiz?

— Qarshi emasman. Ularning borligi uchun ham san’at olamida bizga o’xshagan ilmli, bilimli san’atkorlar ko’rinib turibdi. Bo’lmasa, sezilmay ham qolardik (kuladi).

Reyting. POYTAXT “BIRROV”LARI va TOBLANISH

— Vodiyda sizning reytingingiz. Kuchli beshtalikdami yoki o’ntalikdami?

— Uchtalikni ichida desangiz ham bo’laveradi, balki ikkitalikdir, balki bittalikdadirman (kuladi). Nega bunaqa deyapman, negaki mening vaqtimga qarab to’y qiladiganlar borligi uchun. Bo’lmasa har bir mahallada o’ntadan ashulachi bor.

— Demak, sizning nazaringizda reyting katta narxga to’yga chiqilishi bilan bog’liq...

— Albatta. Buning formulasini sizga aytaymi? Reyting ko’tarildi, degani sizning to’ylaringiz ko’paydi degani. Sizga bo’lgan talab oshgani sari, boshqa to’ylarga borish imkoniyatingiz pasaya boshlaydi. Negaki, bandsiz. Qarabsizki, bir kunda ikkita yoki undan oshiq ham to’ylarni o’tkazishga majbur bo’la boshlaysiz. Ko’ryapsizmi, ilgari to’ylarga 100 so’mga chiqqan bo’lsangiz, keyin narx 200, 300 va yoki undan ortig’iga ham ko’payib boraveradi.

— Poytaxtda ijod qilish osonroq bo’lgani uchun qaytdingizmi? Ya’ni bu yerda hamma fonogramma aytadi, “birrov”larning o’zidan u yoqda topadigan pulingizdan ko’pini topishingiz mumkin. Shunaqami?

— Yo’q. Poytaxtga qaytganimning yagona sababi: imkoniyatning kengligi. To’ylar masalasida yengilmi, qiyinmi bunga ahamiyat bermayman. Qolaversa, san’atga faqat pul qilish uchun ham kirmaganman. Ilgari san’atning ortidan shunaqa pul topish mumkinligini ham bilmaganman. Ilgari “e anavi kecha Tvdan chiqqan yigitku”, desalar ham bo’ldi, deganman. Keyin borib, borib “e anavi qo’shiqni aytgan yigitku”, deyishlarini xohladim. Endi esa “e mana shu qo’shig’ingiz yaxshi chiqibdi-da” deyishlarini xohlar ekansiz. Shukrki, hozir shunaqa fikrlar bildiradiganlar ko’pchilikni tashkil etyapti. Demak, endi ishlash kerak! Lekin viloyatlarning to’ylarida yurish san’atkor uchun yaxshiroq. Negaki, har kuni toblanib turasiz. Jonli ijro sizni bir xil formada ushlab turadi.

Hurmatsizlik. SAN`ATKORNING QADRI va ORTGA QAYTMASLIK

— Ko’pchilik katta san’atkorlar poytaxt to’ylaridan endi chiqqanlarning behurmatlik qilib, navbat bermagani uchun qochishadi...

— Balki bu to’g’ridir. Lekin aynan men hali biror to’ydan navbat tegmasdan ketib qolganimni eslolmayman. Aynan shu holat ham sizning to’g’ri yo’l tuta bilmaganingizdan kelib chiqadi. Har bir san’atkor agarki, boradigan to’yida san’atkorlar ko’p bo’lishini bilsa, uning aniq qaysi paytlarda borishini bilib, aniqlab keyin borishi kerak. Shundagina bunaqa muammolar yuzaga kelmaydi. Siz aytayotgan madaniyatsizlik, san’at yo’nalishida tahsil olmagan yoshlar kasriga yuzaga kelyapti. Axir san’at va madaniyat institutlarida xalqni orasida o’zini qanday tutish kerakligi borasida maxsus darslar o’tiladi.

— Balki o’sha yoshlarni ham to’g’ri tushunish kerakdir. Negaki, o’sha to’yga aytilgan xalq artistini kuniga bittagina to’yi bordir. Ammo bugun ommalashgan guruhlarmi yoki yoshlarning 5-6 tagacha “birrovlari bor. Ulgurish kerakku...

— Men to’yni kam yoki ko’pligini gapiryapmanman, to’yxonada har bir san’atkor o’z qadrini yuzaga keltira olsa, shunaqa muammolar chiqmaydi, demoqchiman. Hammasi, tartib asosida qilinsa, hech qanaqa ortiqcha g’avg’o chiqmaydi.

— Suhbatimiz ham yakunlanyapti. Hozirgi harakatlaringiz ko’pchilik san’atkorlarnikiga o’xshab, vaqtinchalik emasmi? Ko’pchilikda bir xohish uyg’onadi, keyin yana o’sha ahvol...

— Yo’q. Bu gal astoydil harakatni boshladi, nasib etsa siz buning natijasini 2012 yilda taqdim etadigan ilk yakkaxon kontsert dasturimiz orqali bilib olasiz. Hozir shuning payidamiz...

— Ijodingizga omad, charchamang va ortga chekinmang!

Baxtiyor Rasulov

2006-2012 Mashhur.Uz

Top Desktop version