Mashhur.uz

Switch to desktop Register Login

Ошибка
  • JUser: :_load: Не удалось загрузить пользователя с ID: 55

Oraliq. SAN`ATDAGI 15 YIL yoxud “SЕBONU”, “OSIYO” va MANZURA. (Sensatsiya: Manzura “Neymer” orkestri jo`rligida “Karubina” ariyasini kuylagan!)

“Oraliq” nomli loyihamiz san’atkorlarning shou-biznes va san’atdagi yillarida erishgan yutuqlari va muvaffaqiyatlari xususidagi barcha ma’lumotlarni oshkor etishi bilan o’quvchilar qalbidan joy egallagandi. Bu gal san’atsevar muxlislar talabiga binoan loyihamizni davom ettirgan holda, xonanda Manzuraning san’atdagi 15 yilini sizlarga oshkor etamiz. U bu yillarda nimalarga erishganligiga o’zingiz guvoh bo’ling...

Boshlanishi...

Bundan ancha yillar ilgari rassom Muborak Yo’ldoshev oilasida jajji Manzura dunyoga keladi. Kichkina xonasini katta hayot yo’lida unga yelkadosh bo’lgan singlisi bilan bo’lishgan Nigina vaqt o’tib singlisida ajoyib qobiliyat borligini payqay boshlaydi. Ha, 5 yoshlik paytidanoq Manzura bog’chadoshlarini o’zining ajoyib ovozi bilan hayron qoldirishga ulgurgandi. Qizidagi bunday iqtidorni sezgan ijodkor ota, do’sti Karim Hoji bilan maslahatlashib, uni Uspenskiy nomidagi musiqa maktabiga o’qishga joylashtiradi. U yerda olingan bilim va tajriba Manzurani vokal ijrochisisifatida shakllantiradi. Yosh bo’lishiga qaramay Manzura “Karubina”ariyasini “Neymer”orkestri jo’rligida kuylash baxtiga muyassar bo’ladi. Mahoratli ijrosi bilan ko’pchilikni hayratlantira olgan bo’lg’usi xonanda shundan so’ng o’zida yangi kuch sezib, faqat oldinga intilish zarurligini tushunib yetadi.

1996 yil...

Qiziqishlari ortgan Manzura opasi Nigina va dugonasi Nargiza bilan “Sebonu” guruhini tashkil etadi. Iqtidorli xonanda Ravshan Zokirov boshchiligida yangi trio ikkita qo’shiq yozadi va u tinglovchilar e’tiboriga havola etilganidan so’ng guruh  “Ofarin-96” ko’rik-tanlovida ishtirok etib faxrli ikkinchi o’rinni egallashga muvaffaq bo’ladi. Bunday g’alaba har uch ijodkorni ham cheksiz quvonchga to’ldiradi. Natijada Manzura shu yili Uspenskiy nomidagi musiqa maktabini tugatib, o’z qarorini qat’iylashtirish maqsadida Toshkent Davlat Konservatoriyasiga o’qishga kiradi. Afsuski, bu paytga kelib guruhdagi Nargiza o’zini san’atshunoslik faniga bag’ishlaydi va guruhni tark etadi. Omadli trio esa o’z-o’zidan “Osiyo” duetiga aylanadi.

1997 yil...

“Osiyo, osiyo afsonaviy dunyo” qo’shig’i ommalashib ketganidan so’ng guruhga “Bisko-biznes” firmasi katta yordam bera boshlaydi. Va “Osiyo” guruhi Muhiddin Qamariddinov boshchiligida o’zlarining “Yolg’izim” nomli ilk alьbomlarini chiqarishga sazovor bo’ladi. Shu yilning o’zida Manzura va Nigina shu qo’shiqqa klip suratga olib, tanilishda davom etadilar. Undan keyingi yangragan ikki qo’shiq esa o’z omadi bilan birga tug’ilgandi, desak mubolag’a bo’lmaydi. Negaki, o’sha yillarda “Yolg’izim” va “Men seni sevaman” qo’shiqlarini tinglamagan, kuylamagan yoshlarning o’zi yo’q edi.

2000 yil...

Deyarli, to’rt yillik samarali mehnatdan so’ng guruh tarkibida yana bir o’zgarish yuzaga keladi. Bu gal Manzuraning opasi Nigina dizaynerlik yo’nalishini tanlab, guruhni tark etishga qaror qiladi. Endi duet sologa aylangandi. Faqat Manzura. San’atdan boshqa sohada o’zini tasavvur eta olmaydigan qiz o’z yo’lidan qat’iy borishga qaror qiladi va prodyuser Rustam Sa’diyev boshchiligida yakkaxon faoliyatini boshlaydi. Yangi prodyuser bilan hamkorlik esa xonandaning ijodiga ijobiy ta’sir etib, yana omadli pallalar boshlanadi. Aynan shu yili Manzura rejissyor Madina Mo’minovaning “Tohir va Zuhra” musiqiy filmida suratga tushishga taklif etiladi. Bu paytga kelib esa xonanda konservatoriyani ham muvaffaqiyatli tamomlashga ulguradi.

2001 yil...

“Man, man Manzura” qo’shig’i va Ali Niyazimbetov bilan ijodiy hamkorlikda yuzaga kelgan “Sevgilim” kabi duetlar xitga aylanib, muxlislar safini yanada kengaytira boshlagandi.

2002 yil...

Manzura yakkaxon faoliyatidagi mehnati samarasini shu yilda ko’radi. Aniqrog’i, aynan shu yili u Prezidentimiz tomonidan ta’sis etilgan “Nihol” davlat mukofoti bilan taqdirlanadi. Xalq e’tiboriga tushib, mukofot egasiga aylangan har bir san’atkor, o’ziga yuklatilgan mas’uliyatni his qilib, yanada ko’proq ijod qilishga bel bog’laydi. Manzura ham bundan mustasno emasdi. Qolaversa, aynan shu yili u “Muhabbat sinovlari” filmida suratga tushishga va kartinadagi barcha saundtreklarni kuylashga muvaffaq bo’ladi. Rejissyor Rustam Sa’diyevning filmida yangragan har bir saundtrek qisqa vaqt ichida ommalashganiga o’zingiz guvohsiz.

2004 yil...

Ko’plab muxlislar talabiga binoan “Muhabbat sinovlari-2” katta ekranga chiqadi. Ushbu film uchun ham saundtreklarni Manzura kuylagandi. 2004 yilning yana bir esda qolarli voqeasi: Manzura o’zining uzoq kutilgan “Bevafo” nomli ilk yakkaxon konsertini “Turkiston” saroyining yozgi binosida o’tkazishga erishadi.  Yil so’ngida esa uning yakkaxon ijodidagi shu nomli ilk albomi ham sotuvga chiqadi. 

2005 yil...

Bu yilda “Nahotki sen”filmi tomoshabinlarga taqdim etiladi. O’shanda“Sauntreklar malikasi”ga aylangan Manzura yangi filmdagi barcha qo’shiqlarni kuylab,yana omma orasida shuhrat qozonishga erishadi. Keyin esa “Nahotki sen” nomli navbatdagi to’plam muxlislarga havola etiladi va o’sha filmdagi qo’shiqlar xitga aylanadi.   

2006 yil...

Manzura “Yilning eng yaxshi sahna qiyofasi” nominatsiyasida “Tarona” mukofotini qo’lga kiritadi.  

2007 yil...

Aynan shu yildan boshlab Manzurani muxlislar boshqatdan kashf etishadi. O’z yo’nalishini butkul o’zgartira boshlagan xonanda bu tajribasi orqali ijodiga yangi nafas olib kiradi. Uning ijodiga, repertuariga kiritgan o’zgartirishlari talabchan muxlislar tomonidan yaxshi qarshilanadi. Xonanda optimistik ruhiyatda, yangi qarashlar bilan “Tushlarimga kir” nomli albomini yozib, muxlislariga havola etadi. Mazkur to’plamdan uning yangi xit qo’shiqlari, jumladan, “Panoh” filmiga ishlangan “Afsusdaman” saundtreki ham o’rin egallagandi. 2007 yilning ikkinchi yarmida esa Manzuraning katta kinodagi davri boshlanadi. Bu gal xonanda “Sevginator” nomli texnologik filmga bosh qahramon obrazini talqin etish uchun taklif etiladi. 3 yil davomida O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi Minavvara Abdullayevadan aktyorlik mahorati saboqlarini olgan Manzura ikkita obraz: robot va o’qituvchi qiz Maftunani mahoratli va ishonarli talqin etadi. Rejissyorning qo’ygan talablarini qiyinchilik bilan bo’lsa-da uddalagan xonanda qo’shiq kuylashdan tashqari, yaxshigina aktrisa ekanligini ham isbotlashga erishgandi. Tomoshabinlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olingan kartina “Ijodiy parvoz” kinofestivalida gran-prini qo’lga kiritib, buni yana bir marotaba isbotlaydi.

2008 yil...

Xonanda Yoshlar va Qurolli kuchlar shaxsiy tarkibining Vatanga bo’lgan muhabbat, harbiy burchga, kasbga sadoqat tuyg’ularini oshirishga va ma’naviy yuksalishga qo’shgan hissasi, harbiy xizmatchilarning mardonavor xizmatlarini qo’shiq san’ati orqali xalq ommasiga keng targ’ib etganligi uchun Mudofaa vazirligining faxriy yorlig’i bilan taqdirlanadi.

2009 yil

“Layli va Majnun” nomli yangi albom shu yilning o’zida izlanuvchan ijodkorni M&TVA milliy taqdimot marosimida “Yilning eng yaxshi ayol xonandasi” nominatsiyasida g’olib bo’lishini ta’minlab beradi. Bundan tashqari uning “Layli va Majnun” nomli kompozitsiyasi “Tarona” taqdimotida “Yil qo’shig’i” deya e’tirof etiladi.

2010 yilda

“Sevginator-2”filmi katta ekranga chiqadi. Unda ham bosh qahramonni Manzura talqin etgan va saundtreklarni ham o’zi kuylagandi. Shuningdek, o’sha yilda rejissyor Rustam Sa’diyevning “Men bu men” filmi ham tomoshabinlar hukmiga havola etilib, unda Manzura Rayhon bilan birga  mazkur kartina uchun saundtrek kuylaydi. Bu ikki ijodkorning ilk dueti edi.

2011 yil...

Ushbu mavsumning xit qo’shiqlari “Sevardim takror”, “Mening nolam”, “Netay”, “Qaynona” tinglovchilarning e’tirofiga tushganligini hisobga olsak, hammasi joyida. Biroz oldin “Qizg’onaman” nomli yangi qo’shig’i bilan muxlislarini xushnud etgan xonanda shu kunlarda “Sevdirasan buncha” deya kuylab muxlislari e’tiborini o’zida ushlab turibdi.

Xulosa qiladigan bo’lsak, o’tgan yillarda Manzura iloji boricha yildan yilga o’z mavqeyini mustahkamlashga va muxlislari ishonchini mustahkamlashga harakat qilyapti. So’nggi yillarda ko’pchilik Manzuraning yangi imijlari, kuylagan qo’shiqlarini tinmay muhokama qilyapti. Qolaversa, uni Rayhon bilan bir pog’onada ko’rishlari ham mehnatlarining besamar ketmayotganligini ko’rsatadi. Bundan keyin ham biz uning shunday davom etishiga tilak bildirib qolamiz.

Maqolada xonandaning shaxsiy saytidan foydalanildi.

Baxtiyor RASULOV

2006-2012 Mashhur.Uz

Top Desktop version