Mashhur.uz

Switch to desktop Register Login

Ошибка
  • JUser: :_load: Не удалось загрузить пользователя с ID: 55

Ota Sharof MUQIMOV bilan ilk suhbat! “IKKINCHISI HAM QIZ BO’LSA XAFA BO’LMAYMAN!” (Eksklyuziv fotolari bilan birga…)

Sharof Muqimov bilan Sevinch Mo’minovaning turmush qurishgani qanchalik shov-shuvga aylangan bo’lsa, ularning farzandli bo’lgani ham shunchalik ommalashib ketdi. Bugun barchaning talablarini inobatga olib, ota Sharof bilan ilk intervyuni havola etamiz. Zero, kechagi Sharof bugun bir farzandning otasi. U bu jarayonlarni qanday o’tkazyapti?  

Oilaviy suhbat

— Farzandli bo’lganingiz haqida birinchi bo’lib kimdan suyunchi oldingiz?

— Birinchi kim qo’ng’iroq qilgan bo’lsa, o’shandan. (Kuladi). Moskvadan Kamol aka degan inson xabarlashib turgandi. O’sha inson birinchi bo’lib eshitdi. Xursand bo’lib ketib, suyunchisiga ajoyib sovg’am bor, degandi. Shuni kuti-i-b yotibmiz.

— Jarayonni kuzatib hushingizdan ketib qolmadingizmi?

— Ochig’i, o’zimni yo’qotib qo’ydim. Negaki, Sevinch biroz qiynaldi. Shuning uchun qanday qilib operatsiya xonasiga kirib ketganimni ham bilmayman. Azob chekkanini ko’rib “Yo Xudo, yaxshiyam meni erkak qilib yaratgan ekansan”, deb yubordim. Bo’lmasa bu azoblarga chidashni ayting (kuladi). Haqiqatdan erkak bo’lib tug’ilganimga shukr-e. Tug’ruqning naqadar qiyinligini bilsin, ko’rsin uchun erlarining ham operatsiya xonasiga kirishlariga ruxsat berishibdi. Jarayonga guvoh bo’lganingizdan so’ng hatto “e, nega qiz tug’ding”, degan savolni ham bermas ekansiz.

— Birinchi farzandingiz o’g’il bo`lishini xohlaganmidingiz?

— Yo’q. Xudodan o’g’ilmi-qizmi farzandimni faqat sog’-salomat dunyoga kelishini so’raganman xolos. Boriga shukr. Ikkinchisi ham qiz bo’lsa xafa bo’lmayman. Chunki hozirdan tasavvur qilyapman, ertaga u salgina katta bo’lib “dadajon, poyafzalingizni artib qo’yaymi”, deb tursa baxt-ku. O’shanda ko’zimdan yosh chiqib ketsa kerak.

— Farzandingizni ilk ko’rishdagi holatingiz?

— “Mana sizni bolangiz” deyishganda to’lqinlanib ketdim. Balki bu otalik hissidir. Bunday qarasam uzun sochli bir chaqaloq turibdi. Hamma uning sochi bilan tug’ilganidan hayratda. Ko’rsangiz yarmi Sevinch, yarmi Sharof bo’lib yotibdi, qizimiz (kuladi). Tanish chehraga qarab hayron bo’laman. Yuzi Sevinchga o’xshaydi, burni quloqlari, ko’zi menikiga. Umuman ikkimizning bir butun shaklimiz dunyoga kelgandi. Inson o’zini chehrasiga tanish qiyofani ko’rganda baribir hayajonlanib ketarkan. O’zi bolalarni yaxshi ko’raman. Hatto jiyanimni ham o’zim katta qilganman. Lekin o’zingning farzanding boshqacha bo’lar ekan.

— Bolasi yig’lasa qo’shilib yig’laydiganlari ham topiladi. Ota sifatida sizdayam shunaqa holat bo’ldimi?

— Ha, yig’lasa baribir qiynalaman. Keyin uyqusizlikni ayting. Viloyatdagi xizmatlarni o’tkazib, yo’ldan charchab kelib endi uxladim, deganda “inga-a-a-a” degan hayqiriq quloqni qomatga keltiradi. Uyg’onib ketganingdan so’ng ovutishga qarashib yuborish kerak bo’ladi (kulib).

— Ayrimlarga o’xshab yostiqni ko’tarib boshqa xonaga chiqib ketmaysizmi?

— Yo’q. Turganimdan so’ng otalik azobi boshlanadi. Nima bo’lyapti, qiynalyaptimi, biror joyi og’riyaptimi, deb xavotir ola boshlayman. Axir go’dak dardini aytolmaydi-ku.

— Ko’p yangi otalar boshini yostiqni tagiga bosgancha uxlashda davom etadi…

— Shunaqa qilsam, Sevinch uyg’otadi. Negaki, Sevinch olsa ham, qaynonam olsa yoki uydagilar olsa ham tinchimagan bolam, qo’limga olishim bilan uxlab qoladi-da. Hamma hayron bo’lganiga xursand bo’laman. Lekin yana yig’lashi bilan o’zlari mas’uliyatdan qutilib, meni tutiltirayotganlari alam qiladi (kuladi). Shu tufayli onasi bilan birgalikda men ham kamroq uxlashga majbur bo’lyapman.

— Ota bo’ldingiz, endi ikki hissa ishlash kerak…

— Alloh bandasini yaratar ekan, uni rizqi bilan dunyoga keltiradi, degan gaplar bejiz emas ekan. Oddiy bir misol. Kuni kecha ham viloyatda xizmatda edim. Ko’pchilik “Farzandli bo’libsiz, rostmi, rostmi?” deb so’rayverganidan, oxiri qo’limga mikrafonni olib, “hayotimdagi katta quvonchilikni sizlar bilan baham ko’rmoqchiman, yaqinda men ota bo’ldim”, deyishim bilan suyunchisiga deb ikki barobar qistir-qistir boshlanib ketsa deng (kuladi). Shunaqa xursand bo’ldimki, asti qo’yaverasiz. Gap qistirilgan pulda emas. Muxlislar shunchalik mening baxtimga, quvonchimga sherik bo’layotganligidan. “Ismini nima deb qo`ydingiz”, deyishdi. “Leyla deb qo’ydim”, desam kimlardir kelib quchoqlab tabriklashni boshladi. Bu mendek ijodkor uchun yuksak baxt.

— Sharof va Sevinchning qizi kelajakda dunyo sahnalarini titratadigan san’atkor bo’lishi mumkinmi?

— Buni vaqt ko’rsatadi. Bir narsadan kulgim keladi, hali qizim endi tug’ildi, tug’ruqxonada o’tiribman. Xayolimda buni endi qaysi bog’chaga qo’ysam ekan, qaysi maktabni tanlasam ekan, degan fikr keladi-da. Birorta aytmaydiki, “ey banda, katta bo’laversin-chi, bir gap bo’lar” deb. Mayli, yaqinlarimning umri uzoq bo’lsin. Ular har doim o’zini baxtli his qilib yurishini xohlayman va bunga harakat qilaman.

— Nechta farzandingiz bo’lishini xohlaysiz?

— Bugungi kun uchun ikkita. Lekin tug’ruq jarayonidagi qiyinchilikni ko’rib Sevinchga “yana o’zing bilasan” degan joyim ham bo’ldi.

— Sevinch uyda zerikib qolmayaptimi?

— Zerikdim, desa o’sha kunim unga bag’ishlanadi. Hatto uydan chiqmasligim ham mumkin. Qolaversa, ijodda tunu kunlik yo’q, deb o’ylayman. Ijod bu — kayfiyat va ilhom bilan bog’liq bo’lgani uchun uni ba’zida kutish kerak bo’ladi.

Ijodga oid

— Oilaviy hayotingiz bir yigit havas qilsa arziydigan tarzga tushdi. Endi san’at haqida gapiraylik...

— Ko’rib turganingizdek zo’r kayfiyat bilan ishlash boshlangan. To’yimizdan so’ng ketma-ket yangi qo’shiqlarimizni havola etyapmiz. Juda ko’plab g’oyalarim bor. Faqat aranjirovkasini qilsam bo’ldi.

— Sharof to’y qilaman deb qarzga botibdi, degan gaplarga nima deysiz?

— Shu paytgacha meni taniganlar biladiki, qarzga yoki kreditga ish qilmaganman. Negaki, qarz olsam qiynalaman. Bugun borman, ertagachi? Uzolmay qolsam nima bo’ladi, degan savol qiynayveradi. Shuning uchun bu bo’lmagan gap!

— To’yingizni dabdabali bo’ldi, degan fikrlarga munosabatingiz?

— Bu haqida ko’pchilik menga gapirdi. Endi o’zingiz chamalab ko’ring, to’yimiz bo’lgan restoran shahardagi eng qimmat restoranlar sirasiga kirmaydi. Unda hamma to’y qilyapti. Yoki boshqalarga o’xshab to’yimga falon narxdagi “Limuzin”lar bilan kelmadim. Oddiy “Kabriolet” mashinasini minib kelganman xolos. Faqat dabdabali o’tganday ko’ringanligi san’atkorlarning ko’p tashrif buyurgani va maza qilib raqslarga tushib, beg’ubor holatni yuzaga keltirishgani sabab bo’lgan. Endi ikkita san’atkorning to’yi bo’lgandan keyin hamkasblari kelishadi-da. Millionlab pul ishlatilgan joyi yo’q.

— Sharof o’zini biznesga urib ketibdi, san’at u uchun ikkinchi darajali bo’lib qolibdi. Degan mish-mishlarchi?

— Ochig’ini aytaman, kichikkina do’konchamiz bor. O’shani yuritib turaman. Biznesga kirib ketsam ham bo’ladi. Negaki, ko’p qarindoshlarim tadbirkorlik bilan shug’ullanishadi. Bu borada ko’p takliflar bo’lgan. Lekin rad javobini berganman. Har bir inson o’z hayoti chiroyli o’tishini xohlaydi. Mening hayotim chiroyi esa — San’at. Qolaversa, san’atga men pul uchun kirmagan. San’atdagi eng katta baxtim bu — muxlislarim doim yonimda bo’lishi. Qolganini Xudo beradi.

— Tinimsiz xitlar chiqarish uchun nima qilish kerak?

— Tunu kun ijod qilish kerak.

— Bunga nima xalaqit beradi. Erinchoqlik qilyapsizmi?

— Yo’q. Erinchoqlikdan emas, imkoniyatim yetganicha ijod qilishimdan. Ya’ni oilada bir o’g’ilman. Hozir zimmamda uchta oilaga bosh-qosh bo’lish va ularni moddiy ta’minlash vazifasi bor. Ular uchun bozor qilaman, biror narsa kerak bo’lsa bajaraman va hokazo. Aytmoqchimanki, mablag’ sarflaydigan tomonlarim ko’p.

— Ayrim tengdosh hamkasblaringiz bunday vazifalarni shogirdlariga yoki atrofidagi yigitlarga topshiradi...

— Bilmadim. Men hali o’zimni ustoz deb hisoblab, yonimga shogird olganim yo’q. Chunki hali yoshman. Ko’pchilik onalar qo’ng’iroq qilishib, bolamni shogirdlikka oling, deyishdi. Lekin rozi bo’lmadim. Negaki, xijolat bo’laman va uyalaman. Ustozlik bu — katta mas’uliyat. Bunday darajada yetish uchun kamida 15-20 yillik tajribaga ega bo’lish va yurakdan shunga tayyor bo’lish kerak. Bir porlab chiqib, xalqning nazariga tushgan inson bu bo’ldi, ustoz bo’lishga loyiq, degani emas.

— Bu fikrga qarshi Ozodbek Nazarbekov “Bugun san’at va shou-biznes shunchalik darajada tezlashib ketganki, ilhomni kutib o’tirish emas, balki uni quvlab, tutib ijod qilishi kerak”, degandi...

— To’g’ri. Buning uchun yuqorida aytganimdek, hamma tomonlama qo’llab-quvvatlash bo’lishi lozim.

— Balki ijodingizni yanada rivojlantirish uchun prodyuser ko’magiga muhtojlik sezilayotgandir?

— Yo’q. Men ijod taraflama, umuman san’atda kimgadir bog’lanib qolishni istamayman. Boshida bunaqa takliflar ko’p bo’lgan. Lekin bu ko’proq majburiyatni yuzaga keltirgani uchun rozi bo’lmaganman.

— Punktualligingiz qay darajada?

— Ilgari tanishlarimga sal erkalik qilardim. Aytgan joylariga biroz kechikishim mumkin edi. “Qayerga keldingiz”, deyishganida “mana Oloy bozori yonidaman” desam, “ha unda endi uydan chiqibsiz”, deyishardi (kulib). Hozir bu odatni yo’qotganman. Hech kimning ko’nglini cho’ktirgim kelmaydi.

— Konsertlar borasidagi fikringiz. Ko’pchilikning taxminicha navbatdagi konsertingiz Sevinch bilan birga oilaviy tarzda amalga oshirilar ekan...

— Bilasizmi buni mendan ham ko’ra ko’proq odamlarning, muxlislarning o’zlari xohlashyapti. Balki shunday bo’lar. Buni hozircha o’ylab ko’rganimiz yo’q. Lekin keyingi yili albatta konsert dasturimni taqdim etaman.

— Fan klublaringiz bor edi, nima bo’ldi?

— Ular hammasi turmushga chiqib ketishdi (kuladi). Endi barchasini boshidan boshlash payti keldi. Yaqinda saytimni ishga tushirdim. Shu orqali yana muxlislar bilan bog’lanishni yuzaga keltiramiz.

— Kinolar borasidagi kamnamoligingizni nima bilan izohlaysiz?

— To’g’risini aytsam so’nggi suratga tushgan “Niqob” filmi uchun rejissyor Burhon Sharopov menga yaxshigina “gonorar” berdi. Shundan keyin menda “bo’ldi, bundan buyon “gonorar”ni yaxshi olishim kerak ekan”, deya takliflarga qimmatroq narx ayta boshladim. Xozir o’ylasam o’shanda yoshlik qilgan ekanman. San’atga pul uchun kirmaganman, deb aytganimga xilof tarzda ish tutganim uchun haligacha xijolatligim bor. Hozir uyda ikkita kinossenariy bor. Shularni kino qilishga harakat qilyapman.

— Demak, yuqoridagi holatning alamini o’zingiz kino olib oqlamoqchisiz?

— Yo’q. Dadam bolalikdan Raj Kapurga hurmat bilan o’sganlar, menga ham bolaligimdan shu hurmat hamroh bo’ldi. Shu-shu kinoga ishqiboz bo’lib qolganman. Endi shu ishqibozlikni aktyorlik bilan barobar rejissyorlikda ham sinab ko’rmoqchiman. Hozir rejalashtirgan filmlarimiz uchun homiylik qiluvchilar topilyapti. Demak, bu rejamiz tezda amalga oshadi.

— Shou-biznesni qay darajada kuzatib boryapsiz?

— Yetarli darajada. Masalan, Tohir Sodiqovning so’nggi “Kel yashaylik biz birga” qo’shig’i menga juda yoqdi. Jasur Umirov, Yodgor Mirzajonov, “Ummon” guruhlari yaxshi ijod qilyapti, deb ayta olaman.

— Qaysi yo’nalish mashhurlashsa shunga moslashasizmi?

— Bu xato fikr. Bunda bir xillik yuzaga keladi va san’atdan zerikish paydo bo’ladi. Kim qanaqa yo’nalishda qo’shiq aytsa ham yurakdan kuylanishi uni ommalashishiga sabab bo’ladi.    

— To’ylarga chiqishingizga sabab bo’lgan san’atkor?

— Samandar Xamroqulov. “Sevgi fazosi” qo’shig’ini juda sevardim va san’atdagi ilk qadamlarim va to’ylarga chiqishimga ham bu insonning ko’maklari katta bo’lgan.

— Qo’shiqning ommalashishi mashhurlikka ham bog’liqmi?

— Biroz bog’liqligi bor. Lekin o’sha mashhur xonanda “nimani aytsam ham xit bo’ladi”, degan fikr bilan ijod qilishi yaxshi emas. Bu uning ijodini asta-sekinlik bilan susayishiga olib keladi.

— Yaqin kunlarda sizdan qanday yangilik kutamiz?

— Ilk qo’shig’im “Sen hayotimsan”ni yangicha talqinda muxlislarga havola etishni rejalashtirib qo’ydim. Hattoki klipida yana Gulchehra Eshonqulova rol ijro etishini rejalashtiryapmiz.

— O, bunga Sevinch nima deyapti?

— Sevinch, bunga rozi, “lekin ilgarigidek emas. Orada ozgina masofa saqlaysiz”, deb qo’yadi(kuladi). Qolaversa, “Keragi yo`q” deb nomlangan yangi qo’shig’imni ham klipi bilan muxlislarga taqdim etaman. Barchangizga tashakkur e’tibor uchun, menga va oilamga befarq bo’lmagan insonlar!

— Sizga ham tashakkur.

Baxtiyor RASULOV

Suhbatdan va suratlardan foydalanish mutlaqo taqiqlanadi. Agarda foydalanganlik holatlari kuzatilsa, qaysi OAV bo`lishidan qat`i nazar amaldagi qonunlarga ko`ra javobgarlikka tortiladi! 

2006-2012 Mashhur.Uz

Top Desktop version