Категория: Intervyu Дата публикации Просмотров: 187

San’at olamida eng beg’ubor jilmayishga ega xonanda kim, desangiz shubhasiz Alisher Fayz deb javob berishadi. Xuddi shunday beg’ubor qo’shiqlari bilan ham u ko’pchilik muxlislarning qalbini zab etgan. Biz talablarni inobatga olgan holda o’z muxlislariga ega san’atkor bilan bugun oshkora suhbat quramiz. Zero, notabiiy, shunchaki, ko’ngil uchun yoki obro’ni oshirish uchun suhbat qilishdan har ikki tomon uchun ham naf yo’qligi ma’lum. Xullas, biroz tanqidiyroq yondashuv asosida anchadan buyon tug’ilib yurgan savollarga javob topamiz. Demak, boshladik...
Ijodi va san’at olamiga oid
— Bugungi mashhurligingizdan qoniqyapsizmi?
— Yo’q. Negaki,qoniqish talabchanlikni o’ldiradi. Talabchanlik yo’qolgan kuni ma’lum bir nuqtaga yetib kelgan bo’lasiz. Undan yuqorisiga umid qilishdan esa foyda yo’q bo’lib qoladi. Axir “General bo’lishni orzu qilmagan askar, askar emas”. Orzu esa ayb emas va albatta tekin (kuladi).
— Ko’pchilik jurnalistlar prodyuseringizdan shikoyat qilavergani uchun matbuot kotibi yolladingizmi?
— Matbuot kotibimijodniboshlaganimizdan buyon bor. Faqat vaqti-vaqti bilan almashib turishadi, xolos.
— Almashishlariga sabab ularning ham mag’rurlanib ketishimi?
... (o’ylanib turib) Endi ba’zilari oila qurishadi, ba’zilari esa yana boshqa sabablar bilan.
— Ochiqroq gapirishdan qo’rqyapsiz...
— Gap qo’rqishda emas. Nima bo’lganda ham ular bilan bir jamoa bo’lib ishlaganimiz va bir-birimizga nisbatan hurmat qozonganimiz uchun sabablarni batafsil aytishga hojat yo’q, deb hisoblayman. Bir birga ishlaymizmi, yo’qmi munosabatlarimiz o’sha-o’shaligicha qolaveradi.
— Hamma erishgan muvaffaqiyatlaringiz va erishayotganlaringizni ham Nazarbekov nomi bilan bog’lashadi. Nima deysiz?
— Qo’limizdan yetaklab sahnaga olib chiqqan bo’lganliklari, kuylayotgan qo’shiqlarimizu, hayot tarzimizda yuzaga kelishi mumkin bo’lgan xatoliklarni oldidan aytib, ogohlantirib turganliklari uchun bu insonni xizmatlarini e’tirof etmaslikning ham iloji yo’q-da. Ochig’i, men bundan faxrlanaman.
— Demak, san’atga o’z kuchi bilan kirib kelganlar ro’yxatiga kirmaysiz? Qo’llab –quvvatlovchi inson borligi uchun ham...
— O’z kuchim… Bilasizmi bir kitobda chiroyli so’z o’qigandim: “Insonlar orasida insonga eng katta yordam bera oladigani bu o’sha insonning o’zidir”. Negaki, o’ziga yordam bera oladigan insongina boshqalarga ham yordam berishi mumkin. Qolaversa, xalqimizda “Bola yig’lamasa…” degan tushuncha ham bor.
— Ilgarigi suhbatlarda Ozodbek Nazarbekovning e’tiborini yo’qotishdan qo’rqaman, degan ekansiz... Bu sizning shaxs sifatida kuchingiz yo’qligini bildirmaydimi?
— Qo’rquvni yomon holat, deb hisoblamayman. Chunki inson qachon xato qiladi, deyilsa mas’uliyatni his qilmagan paytida, deya javob beriladi. Shuning uchun menga san’atda orttirilgan obro’dan ko’ra, ustozning ishonchini yo’qotish qo’rqinchliroq. Chunki bu ishonchni yo’qotish men uchun — nonko’rlik bilan barobar.
— Shatunovning qo’shig’ini kuylaganingizdan keyingi gap-so’zlar sizga ta’sir qilmadimi?
— Bunga ortiqcha asabiylashishga hojat yo’q edi. Negaki, bu qo’shiqni kuylashdan maqsad bor edi. Mutlaqo o’zbekcha qo’shiq eshitmaydigan do’stlarimdan biri bilan o’zbek sozlarini qo’shib ham yaxshi qo’shiq qilish mumkinligi borasida bahslashib qoldim. Keyin u eng yaxshi ko’radigan qo’shiqni oldim va o’zimizning uslubga solib kuyladim. Qarabsizki, “Alvido” yuzaga keldi.
— Do’stingizga yoqdimi?
— Xoh ishoning, xoh ishonmang, shundan so’ng u roppa-rosa ikki hafta menga Turg’un Alimatovning chalgan kuylarini topib ber, deb holi-jonimga qo’ymadi. Qo’shiqdagi tanbur navolari uni “mast” qilgan shekilli. Bora-bora u o’zbek qo’shiqlarini tinglab, tanqid ham qiladigan bo’lib qoldi. Demoqchimanki, ko’proq yuragi milliy uradigan qo’shiqlar qilishimiz kerak.
— Aynan shu qo’shiq bilan poytaxtbop ijod qiladigan yoshlar auditoriyasiga kirmoqchi bo’ldingizmi?
— Nega endi? Avvaldan Toshkentda to’y-hashamlar, tadbirlarda ko’p bo’lamiz. Agarda mazmunli qo’shiq kuylasangiz, poytaxtdami, viloyatlardami tinglayverishadi. Axir yurak hamma joyda bir xil uradi.
— Muvaffaqiyatsizlikka uchrasangiz qanday ahvolga tushasiz?
— Avvaliga biroz tushkunlikka tushaman. So’ng ustozimdan maslahat so’rayman va yana ijodga olg’a! Bir tomondan bunaqa holatlar menga yoqadi.
— Muvaffaqiyatsizlikka uchrashmi?
— Ha, agarda hammasi yaxshi bo’laversa, kamchiliklaringizni ko’ra olmay qolasiz. Insonni omadga xatolardan olingan to’g’ri xulosalari eltadi.
— Ilgari tahririyatlarga siz uchun metrlab xatlar kelardi. Hozir jim. Bu reyting tushganimi yoki muxlislarni ortiqcha qiziqtira olmayotganingizdanmi?
— Bilmadim endi. Menimcha, muxlislarimiz ham menga o’xshab qolishyapti. Xat yozishga juda erinchoqman-da. Lekin o’qishni yaxshi ko’raman.

— Bugun ko’proq nimalar haqida o’ylayapsiz?
— Yangi qo’shiqlar o’ylantiradi. Qolaversa, xayol surib dam olaman.
— San’atda nomingiz porlaganiga ham 5 yil bo’libdi. Kimlar kelib, kimlar ketmayapti. O’tib ketayotganlardan biror xulosa chiqaryapsizmi?
— “Birni ko’rib fikr qil, birni ko’rib shukr qil”. San’atdagi mashhurlik xuddi tong otganda ufqda ko’rinib, ayni gurkiragan paytda juda qizdirib, shom paytida boshqacha porlayotgan quyoshga o’xshaydi. Va bir kun u albatta botadi. Shu qisqa vaqt mobaynida kuylagan qo’shiqlarimiz yuraklarni qanchalik qizdira oldi, shunisi muhimroq. Aytishadiku, gap qancha yashaganingda emas, qanday yashaganingda, deb.
— Quyoshning botishiga tayyormisiz?
— Birinchi qo’shig’imizni yozishdan oldin shunga tayyor bo’lib, keyin ijodga kirganman. Ko’p kasalliklarni davolasa bo’ladi. Aslida mashhurlik kasali xayolimizda yasab olgan timsol. Har doim oddiy bo’lishga intilinsa bas. Uning oldi olinadi. Ko’pincha, o’zini mashhurman, deb o’ylagan odam qiynaladi, bu kasallikdan. O’zini oddiy tutgan inson san’atda bir xil yuraveradi.
Oilangiz haqida.
— Onangiz, bugungi turmush tarzingizdan rozimi?
— Menimcha,ha!
— Ko’pincha nima uchun tanbeh beradilar?
— Doim o’zligimni yo’qotmasligim to’g’risida gapiradilar va men shunga amal qilaman.
— Farzandingizning tarbiyasiga kim mas’ul?
— Farzand tarbiyasiga hammamiz mas’ulmiz.
— Ularga qancha vaqt ajrata olyapsiz?
— To’g’ri, farzandlarim bilan ko’p vaqtimni o’tkaza olmayman. Ammo biroz vaqttopishim bilan ularning oldidaman.
— Men yetmaganiga farzandim yetsin, deyishadi. Siz nimaga erisholmadingizu, farzandingiz unga erishishini istaysiz?
— Noliydigan joyim yo’q. Agarda nolisam ham noto’g’ri bo’ladi. San’atni sevadigan xalqning bir farzandi bo’lib, oddiygina qo’shiqlarimiz, kichkinagina ovozimiz bilan bo’lsa-da shunchalik mehrga tushganimizdan xursandman. Lekin baribir hamma insonlar kabi farzandlarimdan umidlarim juda katta. Qaysi kasb egasi bo’lishidan qat’i nazar elga nafi tegadigan inson bo’lishlarini xohlayman. Buning uchun qo’limdan kelganicha ularni tushunishga va yordam berishga harakat ham qilaman. Chunki san’at yo’lini tanlaganimda yaqinlarimdan hech kim menga qarshilik qilmagan.
— Jahon tillarini o’rganishga haliyam navbat kelmadimi?
— O’rganishga qiziqib turibman. Kenja ukam Valijon bilan ba’zida koreys, ba’zida ingliz tilini o’rganyapmiz. Har holda bu tillarda hol-ahvol so’rashish bilaman.
— Kompyuter, internet kabi vositalarda qanchalik erkin ishlay olasiz?
— Kompyuterda ishlayman, internetdayam musiqiy yangiliklarni kuzatib boraman.

MUCHALIGA OID SUHBAT (EKSKLYUZIV).
1984 yilda tug’ilgan
— Ushbu muchalda tug’ilganlar tashqi qiyofasidan yoqimli, jozibador, sobitqadam, mehnatsevardirlar.
— Avvalgilarni bilmadimu ammo mehnatsevarman.
— Bir qarashda xotirjam va bosiq ko’rinsalar-da, unga ishonmaslik kerak. Chunki ular asabiyligi-u tajovuzkorliklarini yashirib turishadi.
— Bu to’g’ri. Ish bor joyda har xil holat bo’ladi. Biroq, hammasi ishimizning yaxshi bo’lishi uchun.
— Bu yilda tug’ilganlar tejamkor, boylik yig’ishga ixlosmanddir.
— Ushbu ta’rif hamma burjdagilarga tegishli bo’lsa kerak(kuladi).
— O’zlari yoqtirgan odamlargagina qo’llari ochiq.
— To’g’ri. Kim bilandir yaxshi bo’lib ketishga harakat qilsam ham yaxshi bo’la olmayman. Ba’zida esa aksincha. Lekin hech kimning ko’nglini og’ritmaslikka harakat qilaman.
— Chaqma-chaqarlikni xush ko’rishadi, fisqu-fujurdan hazar qilishmaydi, shu bois haqiqiy do’stlaridan ko’ra tanish-bilishlari ko’p.
— Buning aksi. Bular men eng yomon ko’rgan xislatlar. Tanish-bilishlardan ko’ra do’stlarim ko’p bo’lishini xohlayman. Afsuski, tanish-bilish ko’p, do’st esa kam bo’lar ekan.
— Hech qachon hech kimga ishonishmaydi, g’am-tashvishlarini tanholikda o’zlari tortadilar.
— To’g’ri. Hech kimga ishonmayman, deya olmayman. Lekin iloji boricha meni qiynagan g’am-tashvish birovni ham qiynamasligiga intilaman.
— Ular kelajaklaridan tashvishlanib, keksayganda birovga qaram bo’lmaslik uchun, tejab-tergashni hamisha orzu qilishadi.
— Kelajagimdan tashvishlanmayman. Chunki tashvishlanganim bilan hech narsa o’zgarmaydi. Nima qanday bo’lishi kerak bo’lsa, albatta shunday bo’ladi. Faqat yaxshi niyat — yarim mol. Bir insonning ma’noli gapi bor: Kim chiroyli qariydi desa, yoshligida shuning hisobini olgan odam chiroyli qariydi, deydi. Ertaga farzandlaringizni oldida yuzingiz yorug’ yurishingiz uchun yoshlikda to’g’ri yurish kerak.
— Jismoniy ishlardan ko’ra aqliy mehnat bilan bog’liq ishlarni bajonudil bajarishadi.
— Juda to’g’ri-da.
— Baxtga qarshi yiqqan pullarini orqa-oldiga qaramay shu zahotiyoq sarf qilishadi. Ular keksayganda tinch hayot kechirishadi.
(Kuladi…)
Suhbatimiz samimiylik bilan nihoyasiga yetdi. Tanqidiymi, yoqmagan savol bo’ladimi, Fayz janoblari og’rinmay javob bergani uchun unga tashakkurlarimizni bildiramiz. Zero, ko’pchilik “uni olib tashlang, buni olib tashlang”, deya o’zini himoya qilishga va muxlislarga yaxshi ko’rinishga harakat qiladi. Xullas, Alisherga omad!

29 ma’lumot
1. Ism-sharifi:Alisher Turdiyev
2. Taxallusi:Fayz
3. Tug’ilgan joyi va sanasi:Namangan viloyati, Chortoq tumani. 1984 yil 27 yanvar;
4. Muchali va burji:sichqon, dalv;
5. Oilasi:onasi va uch nafar aka-ukasi;
6. Oilaviy ahvoli:uylangan. 2 nafar farzandi bor. Bir o’g’il, bir qiz.
7. Ma’lumoti:4-sinfda Gliyer nomli musiqa maktabiga qabul qilingan. O’zbekiston davlat konservatoriyasida ovoz rejissyorligi fakultetida tahsil olgan;
8. Kasbi:xonanda;
9. Yana bir iste’dodi:she’r yozadi, bastakor;
10. Bo’sh vaqti bo’lsa:uxlaydi yoki xayol suradi. Uyquni juda yaxshi ko’radi;
11. Yoqtirgan taomi:palovxonto’ra;
12. Fe’l-atvori:og’ir-bosiq, mulohazali, diltortar, ochiqko’ngil, samimiy;
13. Suyanadi:onasi va yaqinlariga;
14. Do’sti:onajonisi;
15. Yoqtirgan rangi:barcha ranglar. Ayniqsa, oqva qizil;
16. Musiqiy cholg’u asboblari:gitara, tor, pianino, dutor;
17. Ilk bor sahnaga2005 yilda ustozi Ozodbek Nazarbekovning konsert dasturida “Meni kechir” qo’shig’i bilan chiqqan;
18. Ixlos qo’ygan, sevgan san’atkori:Ozodbek Nazarbekov;
19. Kliplari:“Dilafro’z”, “Bakovuling bo’loyin”va hokazo;
20. Konsert dasturlari:viloyatlar bo’ylab, san’at saroylarida;
21. Shiori:“Ish boshqa, hayot boshqa”;
22. Qizlarda yoqtirgan xislati:sharm-hayo, rostgo’ylik;
23. Qo’shiqlari soni: 100 ga yaqin;
24. Yoqimli qo’shiqlari:“Meni kechir”, “Qaydasan”, “Dilafro’z”, “Bakovuling bo’loyin” “Sariqko’ylak”, “Bilolmadim”, “Yor-yor”;
25. Qo’rqadi:Ustozi Ozodbek Nazarbekov va muxlislarining e’tiboridan qolishdan;
26. Uning uchun baxt:onasiva oilasining sog’ligi, muxlis nazari;
27. Jalb etadigan jihatlari:fe’l-atvori, chiroyli tabassumi;
28. Yoqtirgan asbobi:Dutor;
29. Sahnadagi odati:. Hayajonlanganidanqo’li bilan oyog’ini urib turadi.
Baxtiyor RASULOV suhbatlashdi.
Boshqa OAVlari uchun suhbatdan foydalanish qat`iyan taqiqlanadi!