Категория: San`atkorlar haqida...

Bugun sahifamiz orqali sizni dеyarli 30 yil orqaga qaytarmoqchimiz. O`tgan yillar esa sizga musiqa olamida shov-shuvlar, afsonalar va hayotiy haqiqatlarni yodga solsa ajab emas. Dеmak, sahifamizda estrada olamining yеtti afsonaviy guruhi...
Afsonaviy 7 guruh

1. Ilk bora "Sado" guruhi 1980 yilda afsonaga aylandi. Kumush Razzoqovaning estrada olamida paydo bo`lishiga sababchi bo`lgan ushbu guruh, hattoki xorijdagi konsеrtlari bilan ham shuhrat qozongandi. Afsuski, guruhning faoliyati ko`pga bormadi. O`sha shov-shuvlar, hayajonli damlarni bugun bizga faqat yakkaxon xonanda sifatida Kumush Razzoqova eslatadi, xolos.

2. 80-yillarning yana bir yorqin namoyondasi va eng obro`lisi bu Farrux Zokirov boshchiligidagi "Yalla" guruhi bo`ldi. Aslida ilk bora Shahboz Nizomiddinov boshchiligida tashkil etilgan "Yalla" tarqalgach u Farrux Zokirov yеtakchiligida qayta tiklanadi va zafarli "yurish"larini boshlaydi. Dunyo bo`ylab shuhrat orttirgan ushbu guruh dеyarli 35 yil davomida hеch qanday o`zgarishlarsiz o`zini saqlab qolib, "Metr guruh" sifatida muxlislar e'tirofiga erishdi.

3. "Yalla"ga munosib raqobatbardoshlik qila olgan guruh sifatida katta avlod vakillari albatta Davron G`oyipov boshchiligidagi "Original" guruhini e'tirof etishadi. "Bu nima bu", "Qaysidir mamlakatda", "Kеrak emas shahlo ko`zlaring" qo`shiqlari kirib bormagan xonadonning o`zi yo`q edi. Bu guruhning ta'siri 1995 yilgacha so`nmadi. Kеyinchalik esa hеch qanday yangiliklardan xabar bo`lmagach, faqat sodiq muxlislar qalbida qolish bilan guruh boshqalarga yo`l bo`shatdi.

4. 80-yillarning so`nggi va 90-yillarning boshida esa estrada olamida yangi yulduz guruh paydo bo`ldi. Shubhasiz, Tohir Sodiqov boshchiligidagi "Bolalar" guruhi yulduz bo`lib "tug`ilgandi". Balki davr o`zgargani uchundir yoki dunyo musiqasi maydonidan bir yulduz bizning yurtga uchgandir? Nima bo`lganda ham "Bolalar"ning shuhratini faqat oradan o`n yil o`tibgina "Sеtora" guruhi takrorlay oldi, dеya olamiz. Ungacha "Bolalar" egallamagan hudud qolmadi.

5. 1991 yilda "Shahzod" guruhi "Shahlo ko`zli malikam", "Guli" qo`shiqlari bilan ko`zga tashlana boshlagan bo`lsa-da, 1996 yilga kеlibgina ijodining eng cho`qqisiga chiqib oldi. Nеgaki, bastakor Ruslan Sharipov bilan ijodiy hamkorlik boshlangandi. Navbatdagi xitlar esa haligacha muxlislar yodidan chiqqani yo`q. "Yor-yor", "Nargiza", "Zuli" kеyinchalik esa "Kеlinchak", "Onajon" va hokazo.

6. "Shahzod" bilan ijodiy hamkorlik to`xtatilgandan so`ng Ruslan Sharipov yana bir yangi guruhni estrada olamida paydo bo`lishiga sababchi bo`ldi. Bu "O`ynamaysiz", "Ko`zi jayron" qo`shiqlari bilan muxlislar yuragini zabt etgan "Xo`ja" guruhi edi.

7. Yuqorida aytib o`tganimizdеk, O`zbеkistonda yangi shou-biznеs davrini boshlab bеrgan guruh bu sobiq "Sеtora" guruhi bo`ldi. Estafеtani o`z qo`liga olgan guruh qizlarining qanchalik shuhrat qozonganini yaqin tarix bo`lgani uchun barcha biladi. Afsuski, "Tarona-rеkords"ning kutilmagan qarori guruhni nomidan judo qilgan bo`lsa, guruh qizlarini parchalanishga majbur qildi. Avval boshida ular harchand guruhlarini saqlab qolishga intilishgan bo`lishsa-da, ammo baribir buning uddasidan chiqa olishmadi. Yakkaxon ijrochiga aylangan qizlardan ham hozirda darak yo`q.
Xulosa: Mayli, nima bo`lsa, bo`ldi. Nima o`tsa, o`tdi. Faqat bir narsani unutmaslik kеrakki, bugun mana oradan yillar o`tsa hamki bu guruhlarning izini davom ettiradigan boshqa afsonalar ko`zga tashlanmayapti. Dеmak, ular o`z ishlari bilan faxrlanishsa arziydi!
Baxtiyor Rasulov
Maqoladan foydalanish qat`iyan man qilinadi!
Обновлено 25.08.2010 20:02
Просмотров: 980
Категория: San`atkorlar haqida...
I
1974 yili yigirma sakkiz yoshli yigit O'zbekistonning eng nufuzli teatri - Hamza nomidagi O'zbek davlat akademik drama teatriga bosh rejissyor etib tayinlaganida ko'pchilik bu holga xiylagina istehzo bilan qaragan edi.
Chunki Mannon Uyg'ur, Yetim Bobojonov, Abror Hidoyatov, Obid Jalilov, Lutfulla Narzullaev, Toshxo'ja Xo'jaev kabi mashhur san'at arboblari ishlagan, Shukur Burhonov, Olim Xo'jaev, Sora Eshonto'raeva, Nabi Rahimov, Zaynab Sadrieva singari ulug' san'atkorlar faoliyat ko'rsatib turgan teatrga yosh bir yigitning bosh rejissyor bo'lib yetakchilik qilishi favqulodda bir hodisa edi. Ammo har qancha istehzo va hayrat uyg'otmasin, bu hol ro'y bergan, reallikka aylangan edi. Taqdirning hikmatini qarangki, bu yigitning nomi bejiz Bahodir deb qo'yilmagan ekan...
San'aktorlik uning nasabida bor edi. Otasi Tursunboy Yo'ldoshev o'sha kezlari teatrda sozanda bo'lib ishlagan, onasi Shirinxon Melieva esa aktrisa bo'lgan. Bahodir Yo'ldoshevning ijodiy kamolotida bu muhit hal qiluvchi omil bo'lgani aniq.
Bahodir dunyoga kelgandan beri teatr bilan hamnafas. Tug'ilibdiki, teatrda ko'krak emib, teatrda tetepoya bo'lib, teatrda ulg'aydi. Ayniqsa, uch yoshga to'lar-to'lmas onasi Shirin Melieva Kattaqo'rg'on teatriga direktor etib tayinlangach, yotar-turar joyi teatr bo'lib qoldi. Sekin-asta yosh bolalar obrazi bo'lgan spektakllarda rol ijro eta boshladi.
O'sha kezlari Zinnat Fatxullinning " G'unchalar" pesasi ancha dovruq qozongan edi. Shu asarda personajlardan biri go'dagini qutiga tashlab ketadi. Kattaqo'rg'on teatridagi spektalda ana shu " tashlandiq bola" rolini Bahodir Yo'ldoshev ijro etdi.
Uning ilk " rejissyor" ligi ham bolaligidan boshlangan. Bahodir akaning o'zi besh-olti yoshlarida jajji tomoshalar qo'yganini eslaydi. Ammo uning rejissura va aktyorlik bilan chinakamiga shug'ullanishi yettinchi sinflarda o'qib yurgan kezlariga to'g'ri keladi. Kattaqo'rg'on shahar " Madaniyat uyi" qoshida ochilgan teatr studiyasida ilk bor Mixail Lermontovning " Maskarad" she'riy dramasini sahnalashtirdi. O'sha kezlari Bahodirning " Maskarad" dan keyin fikr-xayolini band etgan va so'ngra butun umri davomida tark etmagan asar Shekspirning " Hamlet" tragediyasi bo'ldi. Oradan chamasi qirq yilcha vaqt o'tgach, Bahodir Yo'ldoshev " Hamlet" ga sadoqatini bunday ifodalagan edi: " Hamlet - mening do'stim. Men har tong uning yodi bilan uyg'onaman, u bilan birga dunyodan nafratlanaman va u bilan birga shu dunyoni sevaman" (" Dunyo nahot shunchalar go'zal!.." Naim Karimov bilan suhbat. " Tafakkur" jurnali, 1995, 1-son).
Alalxusus, Hamlet va shu kabi murakkab obrazlar dunyosida o'zligini izlayotgan yigitcha maktabni tugatib, Toshkentga keladi. Teatr va rassomlik institutida O'zbekiston xalq artisti Toshxo'ja Xo'jaevdan saboq oladi. O'qish bilan birga Hamza nomidagi akademik teatrda (hozirgi Milliy akademik teatr) rejissyor yordamchisi bo'lib ishlay boshlaydi. Ustozlarining " Oltin devor" (T.Xo'jaev), " Buxoro" (A.Ginzburg) spektakllarida assistentlik qiladi. 1970 yildan boshlab rejissyor sifatida faoliyat yuritadi. O'sha kezlari akademik teatrning bosh rejissyori bo'lgan A.Ginzburg " Sening zavqu g'ayratga to'liq yoshliging mening tajribalarim bilan qo'shilsa, teatr uchun foydali nimadir chiqar" degan fikrda unga mustaqil ishlash uchun imkoniyat yaratadi. Bunday bag'rikenglikdan ruhlangan yosh rejissyor ketma-ket spektakllar sahnalashtirib, asta-sekin tilga tusha boshlaydi. 1974 yili ne-ne ulug'lar ishlagan va ishlab turgan otaxon teatrga bosh rejissyor etib tayinlanishining sababi ham undagi bilim va salohiyat edi. Bu katta ishonch edi. Ammo halol mehnat va yuksak iste'dod tufayli qozonilgan ishonch edi. Uning dastlabki samarasi Fridrix Shillerning " Qaroqchilar" pesasi asosidagi spektaklda namoyon bo'ldi. Chunki bu ayni o'tgan asrning 60-yillar adog'i - 70-yillar boshlarida teatrga kirib kelgan nihoyatda umidli va g'oyat iste'dodli bir avlodning dasturiy spektakli edi.
Nohaqlik dunyosiga qarshi isyon ko'targan bosh qahramon Karl Moor ozod bir mamlakat barpo etishni orzu qiladi. Biroq nomarg'ub yo'llar bilan, talon-taroj, qaroqchilik usullari bilan yuksak niyatga erishib bo'lmaydi. Gunohlarini yuvmoqqa chog'langan qahramon oxir-oqibat fojiaga yuz tutadi.
Sho'rolar saltanati butun dunyoga tahdid solib, erk va ozodlik g'oyalarini bo'g'ib turgan o'sha zamonda isyon ruhini, erksevarlik g'oyalarini targ'ib etish katta jasorat edi. Inchunun, kechagina bosh rejissyor bo'lgan Bahodir Yo'ldoshev yoki respublikaning bosh teatriga qabul qilingan uning maslakdoshlari - yosh aktyorlarning bunday jasorati " kechirilmasligi" ham mumkin edi. Ana shunday ijtimoiy vaziyatda " Qaroqchilar" ning sahnalashtirilishi katta hodisa bo'ldi.
" Qaroqchilar" dan so'ng Bahodir Yo'ldoshev o'n yil davomida Hamza teatri va xorij teatr sahnalarida o'ttizga yaqin spektakllar qo'ydi. Bu asarlar o'z vaqtida turlicha talqin va baholarga sabab bo'ldi. E'tirof etildi, inkor qilindi. Olqish va tazyiqlarga uchradi. Biroq, nima bo'lganda ham, o'zbek teatr san'atining, bosh akademik milliy teatrimizning mavqei va nufuzini saqladi. Boshqa teatrlar uchun ibrat va ijodiy mayoq vazifasini o'tadi. Bularning ichida B.Vasilev asari asosidagi " Ro'yxatlarda yo'q" va Said Ahmadning " Kelinlar qo'zg'oloni" pesasi asosidagi spektakllarni alohida ta'kidlamoq lozim.
Beg'ubor kulgu, quyma milliy obraz va topilmalar, biri biridan jonli va puxta sahnalar, bir nafas ham tomoshabinni befarq qoldirmaydigan harakat hamda aktyorlar ijrosining uzluksiz dinamikasi " Kelinlar qo'zg'oloni" spektaklining asosiy fazilatlari edi. Barcha aktyorlarning yuksak ijro mahorati hamda eng avvalo, buyuk aktrisa Zaynab Sadrievaning sahnadagi benazir yetakchilik salohiyati spektakl muvaffaqiyatining bosh omili bo'ldi...
Sobiq sho'rolar tuzumi davrida san'at mafkuraviy qurol sifatida doimiy nazoratda va iskanjada edi. Senzura - yo hayot, yo mamot masalasini hal etguvchi nozir, bir guruh qo'g'irchoq " mutaxassislar" esa sog'lom fikrni bo'g'ishga fatvo to'qib berguvchi hakam bo'lgani yodimizda. Bahodir Yo'ldoshev o'n bir yil akademik teatrga bosh rejissyorlik qilib, haqiqat yo'lida ne-ne qaltis vaziyatlarga tushmadi, kimlar bilan olishib-talashmadi deysiz... Goh kelishib, yon berishga majbur bo'ldi, masala o'ta keskin bo'lganida esa mulohazaga bormay kurashdi. 1983 yili Pirimqul Qodirovning " Yulduzli tunlar" romani asosida shu nomda spektakl qo'yganida, temuriyzoda Zahiriddin Bobur siymosini sahnaga olib chiqqani uchun Markazqo'mdagi " Mafkuraxonim" ning qanchalar jazavaga tushib, spektaklni taqiqlagani va bu asar Bahodir Yo'ldoshevning otaxon teatr sahnasidagi so'nggi spektakllaridan bo'lib qolgani ko'pchilikka ayon. Markazqo'm " sopini ham o'zidan chiqarish" ga odatlangan edi. Binobarin, Bahodir aka bir suhbatda ta'kidlaganidek, " Oltmish kishilik teatr truppasida doim o'n besh kishi faol ishlaydi. Baloga qoladigan ham shular" . Qolganlari esa kuzatuvchi. Vaqt o'tgan sari kuzatuvchilik alamga aylana boradi. Alamzadalarga ozgina turtki berilsa bas - g'iybat bilan boshlangan norozilik dahanaki jang, fitna va ommaviy xatbozliklar bilan avj darajasiga ko'tariladi. " Yuqori" ga ham bo'ysunmas, sarkash bosh rejissyordan qutulish uchun shuning o'zi kifoya. San'at taqdiri bilan bog'liq masala shu qadar jo'n va aqlsizlik bilan hal etilar edi. Shunday vaziyat taqozosi o'laroq truppadagi ma'naviy muhit keskin buzildi. G'iybatu fitna-fasod respublika matbuotiga chiqib, teatr yuzidan parda ko'tarildi. Bahodir Yo'ldoshevning teatrni tark etishdan boshqa chorasi qolmadi. U firqa majlisiga tupurganicha, temurona zalvor va mahobat bilan teatrdan chiqib ketdi...
1983 yili Hamza teatridan Bahodir Yo'ldoshev, uning ortidan rassom Georgiy Brim va yana 25 nafar taniqli aktyorning ketishi bu akademik teatr truppasining ikkiga bo'linishigina emas edi. Ayni choqda o'zbek teatr san'atining puturdan ketishi, tanazzul tomon ilk qadami edi. Chunki Hamza teatri O'zbekiston teatrlari uchun ma'naviy yetakchi, ijodiy barometr edi. Ijodiy mezonlar belgilangan-da, mazkur teatr spektakllarining saviyasi va ijro usullari nazarda tutilar, ularga taassub qilinar, hamisha yuksak maqomda ko'rilar edi. Birdaniga shularning barchasiga darz ketdi.
O'zbek teatr san'ati shunday qismatga ongli ravishda duchor etildi...
Bahodir Yo'ldoshev ana shu qismat uchun ham butun mas'uliyatni o'z zimmasiga oladi. O'z-o'zini aybdor his qiladi: " Bosh rejissyor yo aktyorlarini yengib yashashi kerak, yo yemish bo'lib qolishi kerak. Vaqt o'tib, bilyapman - Hamza teatri qismati uchun men aybdor. Oxirigacha bosh rejissyor bo'lib qololmadim. Kesmadim. Bosh rejissyorning oddiy rejissyordan farqi - shafqatsizroq bo'lishi kerak ekan" .
Bahodir bosh rejissyorlik rutbasi va mas'uliyatini teranroq anglab, shu mavqeda yangidan ish boshlaganida, yana ne-ne fitna va xiyonatlarga duch kelishini xayoliga ham keltirmagan edi. Ammo endi bu bo'lak bir tarix...
II
Bahodir Yo'ldoshev 1984 yili " Yosh gvardiya" teatriga bosh rejissyor etib tayinlanganida, qariyb yigirma yillik tarixga ega, o'z yo'li va yo'nalishini belgilab olgan, durustgina rejissyorlarni ko'rgan va ayni choqda iste'dodli aktyorlar guruhi yig'ilgan jamoaga yetakchi bo'layotganini yaxshi bilar edi. Bilar edi-yu, ammo bu uning teatri emasligini ham qalbining tub-tubida his qilar edi. Biroq ne bo'lmasin, har qanday teatrning bor-yo'qligini ko'rsatadigan omil, quvg'inga uchragan rejissyorning haqligini isbotlash vositasi spektakl ekani ayon. Shuni yaxshi anglagani uchun ham u parda orti " o'yinlari" ga qo'l siltab, birin-ketin Abduqahhor Ibrohimovning " Chakana savdo" , A.Gelmanning " Zenulya" , " Sarkofag" pesalarini, Hamzaning " Maysaraning ishi" asarini zavqu shavq bilan sahnalashtirdi. Uning yangi teatrga o'tib, o'zini to'laqonli namoyon etgan ilk spektakli " Maysaraning ishi" bo'ldi desak, xato bo'lmas. Chunki bu spektaklning ijodiy taqdiri ham tom ma'noda " bahodirona" kechgan edi.
Rejissyor xalq teatri an'analarini ovrupocha professional teatr talablari bilan uyg'unlashtirib, tomosha san'atining yangidan jonlanishi, o'zbek teatr estetikasining yana bir yangi yo'nalish kashf etib, boyishi va rivojlanishi uchun zamin hozirlagan edi. Aslida " Kelinlar qo'zg'oloni" spektaklida ilk bor bo'y ko'rsatgan bu tajriba " Maysaraning ishi" da to'liq namoyon bo'ldi. Har qanday yangilikning hayotda o'z o'rnini topib, yashab ketishi oson kechmaganidek, " Maysaraning ishi" spektakli ham yana rasmiy doiralarning tazyiqiga, ta'qib-ta'nalariga duchor bo'ldi. Spektakl maydon tomoshalari kabi xalq ichida, tomoshabinni faol ishtirokchiga aylantirgan holda boshlanadi. Xalqona kuy-qo'shiqlar asnosida, milliy udumlarimizga ko'ra, har xil balo-qazo, yomon ko'zlardan asrasin deya isiriq tutatiladi. So'ng Maysaraning quvnoq sarguzashtlariga o'tiladi. Tomosha shodon qahqaha va tinimsiz olqishlar bilan davom etadi. Mukammal rejissura, aktyorlar mahorati, tomoshabin faolligi - bari spektaklning favqulodda muvaffaqiyatini ta'min etadi. Bahodir Yo'ldoshevni akademik teatrdan quvg'in qilib sindirolmagan mavqedor amaldorlar jo'yali asos topa olmagach, isiriqni bahona qilib, rejissyorni diniy sarqitlarni targ'ib qilyapti, degan vaj-korsonlar bilan ayblashga urinadi. Biroq shukrki, jamiyatda batamom yangi qarashlar va o'zgarishlar shabadasi esa boshlagan edi.
O'sha kezlari Olmaota shahrida O'rta Osiyo va Qozog'iston teatrlarining nufuzli " Navro'z" festivali o'tkaziladigan bo'lib, mustaqil ekspertlar guruhi festivalga O'zbekistondan aynan " Maysaraning ishi" spektaklini tanlaydi. Festival tashkilotchilari spektaklning uslubi va yo'nalishini to'g'ri anglab, dekoratsiyani Muxtor Avezov nomidagi Qozoq Akademik teatr binosi oldidagi maydonga qurishni taklif etadi. Natija kutilganidan ham a'loroq chiqadi. Spektakl chinakam maydon tomoshasi, zamonaviy rejissura san'atining yangi izlanishlari namoyishi sifatida tomoshabinlarning ham, hakamlar hay'atining ham yakdil e'tirofiga sazovor bo'ladi, festivalning bosh sovrini bilan taqdirlanadi. Ana shu muvaffaqiyatdan keyingina spektakl atrofidagi " ikir-chikir" gaplar barham topadi. Bahodir Yo'ldoshev zamonaviy o'zbek teatr rejissurasining darg'asi sifatida tan olinadi. Hamza nomidagi akademik teatrning Bahodir Yo'ldoshevga maslakdosh yigirma besh nafar aktyori yoshlar teatriga o'tib, bu teatr endi buyuk aktyor Abror Hidoyatov nomi bilan yuritila boshlaydi. Har jihatdan quvvat olgan ijodiy jamoa XX asr o'zbek teatri tarixiga kirgan bir qator spektakllarni yaratadi. " Kelinlar qo'zg'oloni" (yangidan tiklangan variant), " Qora kamar" , " Farmonbibi arazladi" , " Ziyofat" , " Ma'mura kampir" , " Alvido, hayot" , " Qitmir" , " Buxoroi sharif" kabilar fikrimizning yorqin isbotidir. Bu spektakllar teatrni ham, Bahodir Yo'ldoshevni ham shon-shuhratga ko'mdi. Turli mukofot va yorliqlarga sazovor qildi. Shukur Xolmirzaevning " Qora kamar" pesasi asosidagi spektakl uchun Bahodir Yo'ldoshev boshchiligidagi bir guruh san'atkor respublika Davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Darhaqiqat, bu spektakl shunday yuksak e'tiborga arzigulik jiddiy ijtimoiy-madaniy hodisa bo'lgan edi.
Sobiq sho'rolar davrida bosmachilik harakati haqida besanoq kitoblar yozilgani va ularning bari bu harakatning " yovuz mohiyati" ni ochib, batamom qoralashga uringani barchaga ayon. Biroq bu harakat oddiygina qaroqchilik yo zo'ravonlik bo'lsa, nega shu qadar keng miqyos kasb etdi, degan savol ijtimoiy hayotimizda ilk marotaba bor murakkabligi va zalvori bilan " Qora kamar" spektaklida ko'tarildi desak, haqiqatni aytgan bo'lamiz. Ana shunday asarlar sabab bo'lib, tariximizga yangicha, haqqoniy yondashmog'imiz lozimligini his eta boshladik. Xalq tarixi ortida inson - shaxs tarixi yotganini, demakki, o'tmish ajdodlarimizning har bir vakili qismatiga, taqdiriga alohida e'tibor qilmog'imiz zarurligini angladik. Shuning uchun ham " Qora kamar" spektakli nafaqat madaniy jabhada, ijtimoiy hayotimizda ham jiddiy voqea bo'lib qoldi.
O'tgan asrning 90-yillari jamiyatimizdagi buyuk o'zgarishlar, O'zbekistonning mustaqilligi e'lon qilinib, tamomila yangi siyosiy tuzum barpo etish uchun kurashlar davri bo'ldi. Insoniyatning madaniyat tarixidan ma'lumki, buyuk o'zgarishlar zamonida adabiyot va san'atning ham yuksak namunalari yaratiladi. Hech shubhasiz, Bahodir Yo'ldoshevning rassom Georgiy Brim bilan birga 90-yillarda yaratgan spektakllari va maydon tomoshalarini shu siraga kiritish mumkin. " Paranji sirlari" , " Iskandar" , " Faridun" , " Malika" , " Bir eshak hangomasi" , " Nodirabegim" spektakllari, Mirzo Ulug'bek, Amir Temur yubiley sanalari munosabati bilan hamda " Sharq taronalari" Xalqaro musiqa festivali doirasida qadimiy Samarqandning ulug'vor Registon maydonida qo'yilgan " Buyuk ipak yo'li" , " Shashmaqom" ommaviy maydon tomoshalari fikrimiz tasdig'idir.
" Xamsa" asari hazrat Alisher Navoiy dahosining o'lmas obidasi, ulug' mutafakkir ijtimoiy-siyosiy va falsafiy qarashlarining yuksak badiiy ifodasidir. " Hayrat ul-abror" da dastlab adabiy eskizlar sifatida uchraydigan voqea-hodisalar, o'y-mushohadalar " Farhod va Shirin" , " Layli va Majnun" , " Sab'ai sayyor" dostonlarida batafsil badiiy tahlil va bag'oyat teran talqinlar bilan hikoya qilina borib, " Saddi Iskandariy" da badiiy-falsafiy umumlashmalar tarzida mujassamlashadi va yaxlitlik kasb etadi. Shu bois ham " Xamsa" besh dostondan iborat yagona va yaxlit asardir. Zohiran ko'pchilikka noayon bu haqiqat " Iskandar" spektaklida o'zining ajib ramziy va hayotiy ifodasini topadi. Taxtning tobutga aylanishi, hukmdorlik rutbasining mohiyatan jallod va nihoyasi abadiyat sari bo'm-bo'sh qo'llar bilan rixlat qilish ekani favqulodda ta'sirchan lavhalar hamda mizansahnalarda, sokin va sohir ohanglar jo'rligida, peshtoqiga Qur'on oyatlari bitilgan masjidlar tasviri fonida namoyish etiladi. Hazrat Navoiy bugungi tomoshabin ko'z o'ngida ham inson, ham umumbashariy bir siymo sifatida namoyon bo'ladi. Qadim mumtoz maqomlar bilan Iogann Sebastyan Bax bastalagan organ musiqa ohanglari uzviyligida tomoshabinni ilohiy tuyg'ular og'ushiga chorlaydigan sirli ma'naviy muhit barpo etiladi. Bir yarim soat davomida ana shu muhit muqim saqlanadi. Biror kimsa tomosha zalini beta'sir, hissiz, fikrsiz tark etolmaydi.
O'zbek tomoshabini dastlab Abror Hidoyatov, so'ngra Olim Xo'jaev va Razzoq Hamroevlar talqinida Alisher Navoiy siymosini yetib bo'lmas kjsaklikda tanigan, anglagan edi. Bahodir Yo'ldoshev aktyor Afzal Rafiqovni har bir inson yuragida kechadigan tuyg'ular, iztiroblar hamda o'y-mushohadalarga begona bo'lmagan, qalban yaqin Alisher Navoiy obrazida jonlantirib, an'anaviy tasavvurlarni o'zgartirdi. Hazratni zamona oqillariga oshno etib, zamondoshimizga aylantirdi. Bu milliy san'atimizning tom ma'nodagi katta muvaffaqiyati edi.
1994 yil boshlarida Frantsiya elchixonasi tashabbusi bilan O'zbekistonga frantsuz teatr aktyori Fransua Shato tashrif buyurdi. Maqsad - o'zbek teatri bilan hamkorlik qilish. Bu hamkorlik " Iskandar" spektakli misolida o'zining go'zal va betakror samarasini berdi. Fransua Shato farang tilida Alisher Navoiy va Arastu siymosini, o'zbek aktyorlari esa ona tillarida Iskandar va boshqa rollarni ijro etdi. Bahodir Yo'ldoshev farang aktyori bilan hijjalab, ustoz-shogirddek ishlagani yo'q. Uni Alisher Navoiy davri, asarlari bilan tanishtirdi. Navoiyshunos olimlar bilan uchrashtirdi. Qisqasi, uni Navoiy dunyosiga olib kirdi. Insonyyat badiiy tafakkurining eng baland cho'qqisi Shekspir deb yurgan aktyor Navoiy dahosini anglab, asarlarini o'zlashtira borgani sari qarashlari o'zgardi. Ana shunday tushunchalar bilan rol ijrosiga kirishdi. Pirovardida tomoshabinni hay-ratlarga esh qilgan yana bir kashfiyot ro'y berdi. Til to'siqlarini tamomila unutgan, Navoiy siymosidagi aktyorning purviqor qiyofasi, ehtirosli ijrosi va sahna madaniyati barchani mahliyo etdi. Bahodir Yo'ldoshev Fransuaning salohiyatli, professional aktyor ekanini, spektaklda aktyorlar ansambliga yetakchilik qila oladigan iqtidori borligini dastlabki tanishuv va suhbatlaridayoq anglagan edi. Natija kutilgandan a'loroq bo'ldi. Bu hodisa Bahodir Yo'ldoshev rejissurasining ulkan imkoniyatlarini yana bir karra namoyon etdi.
Bahodir Yo'ldoshev Abror Hidoyatov nomidagi teatrda sahnalashtirgan har bir spektakl teatr san'ati rivojiga, yangi izlanish va tajribalarga yo'l ochdi. Olimjon Salimov, Nabi Abdurahmonov kabi rejissyorlarning e'tirof va shuhrat topgan bir qator spektakllari yaratilishiga ijodiy turtki berdi. Shu bilan birga, mamlakatimiz va chet el teatr jamoalarining hamkorligiga zamin yaratdi.
Bahodir Yo'ldoshev Amerika Qo'shma Shtatlari, Laos, Frantsiya, Tojikistonda spektakllar qo'ydi. Yurtimizdagi turli yo'nalishdagi teatrlarda, jumladan, Alisher Navoiy nomidagi Akademik katta opera va balet teatrida " Alisher Navoiy" operasini, rus drama teatri va Abdulhamid Majidiy nomli Kattaqo'rg'on teatrida " Kelinlar qo'zg'aloni" spektaklini, Olim Xo'jaev nomidagi Sirdaryo davlat teatrida " Dardimni kimga aytay?" , " Ma'mura kampir" spektakllarini sahnalashtirdi. Ayniqsa, Muqimiy nomidagi o'zbek davlat musiqiy teatrida namoyish etilgan " Nodirabegim" spektakli hamkorlikning sara namunalaridan bo'lib qoldi.
Tariximizning " eng kir va qora" davri - XIX asr o'rtalarida uch xonlik orasidagi o'zaro ziddiyatlar, mayda gina-kudurat va yer talashishlar oqibatida jaholat g'olib kelib, ezgulik g'orat etilayotgan kezlari shoirai davron, Qo'qon malikasi Nodirabegimning mamlakat birligi va davlat mustahkamligi uchun kurashlari aks etgan spektakl musiqali teatr hayotida muhim hodisa bo'ldi. O'zbekiston xalq artisti Zulayho Boyxonova talqinida Nodirabegim - mamlakat malikasi, demakki, yurt onasi sifatida xalq dardi bilan yashayotgan, goh hukmdor o'g'lining xatolaridan iztirob chekayotgan, el-ulus osoyishi va ravnaqi haqida o'ylayotgan oqila bir ayol. Farzandini xatolaru xatarlardan asrash niyatida ixtiyorsiz siyosatga aralashgan Nodirabegim, dunyo ishlaridan bezib charchaganida, suyukli yori Amir Umarxon ruhidan quvvat oladi, nafosat majlislari, nazm mushoiralaridan taskin topadi. Spektaklda ana shu holatlar mumtoz musiqa va xoreografik kompozitsiyalar bilan yo'g'rilgan ramziy-xayoliy, go'zal mizansahnalarda o'z ifodasini topgan. Tomoshabin davlat yuki bilan onalik tuyg'ulari o'rtasida, siyosat bilan nafosat orasida muvozanat topolmayotgan jafokash ayolning yozg'irish va azoblaridan mutaassir bo'ladi. Spektakl so'ngidagi qatl sahnasida rejissyor topgan ramziy fojeiy lavhadan larzaga tushadi. O'ziga xos katarsis - tozarish hissini tuyadi. Bu ham Bahodir Yo'ldoshev rejissurasining musiqiy teatr yo'nalishidagi katta muvaffaqiyati edi. Ta'kidlash joizki, Bahodir Yo'ldoshev sahnalashtirgan millatimiznng atoqli tarixiy shaxslari - Bobur, Zebunniso, so'ngroq Alisher Navoiy haqidagi spektakllarda va nihoyat " Nodirabegim" da yaqqol namoyon bo'lgan shartli-majoziy ko'tarinki uslub rejissyorning keyingi ijodiy faoliyatida ustuvor xususiyat bo'lib qoldi.
O'tgan asrning 80-90-yillari Bahodir Yo'ldoshev rejissyorlik san'atining yuksalish yillari bo'ldi. Rasmiy, norasmiy e'tiroflar, unvonu nishonlar, chet el safarlari - xullas, bir inson orzu qilsa arzigulik qismat. Ammo bu yutuqlar qanchadan-qancha ichki va tashqi kurashlar, ziddiyatlar, bahsu munozaralar bilan kechgani faqat uning o'zigayu yaqinlariga ayon. Teatrda " manman" lik muayyan rolda maromiga yetkazib o'ynalsa yomon emas, biroq " men zo'r - sen pachoq, men buyuk - sen o'rtamiyona" qabilidagi kalondimog'lik, mavqetalablik avj olsa, ana bu - fojia. " San'atdagi o'zingni emas, o'zingdagi san'atni sev" degan edi ulug' Stanislavskiy. Men uchun falon spektakl qo'yilishi, men falon qahramonlar rolini o'ynashim kerak, chunki shuni deb akademik teatrni tashlab, bu yerga kelganman, deya " jasorati" ni pisanda qilgan aktyor bor-yo'g'i xudbindir. O'z hayotiy aqidalari, o'z " men" i bo'lmagan aktyor oddiygina taqlidchi-muqallid, xolos. Darhaqiqat, subutsizlik, beqarorlik insonni ham, har qanday jamoani ham puturdan ketkazadi. Shu ma'noda bosh rejissyor Bahodir Yo'ldoshev nihoyatda qat'iyatli va " beshafqat" rahbar. U o'z truppasidan kimgadir mehribonroq, kimgadir e'tiborsizroq bo'lishi, xizmat taqozosi bilan kimgadir muruvvatlirvq, kimgadir achchiqroq gapirishi mumkin. Ammo teatrdagi intizomga rioya qilmasa, repetitsiya yoki spektakllarga kechikib kelsa, tamom, bu aktyor o'sha kundan e'tiboran Bahodir Yo'ldoshev uchun begona, u teatrdan ketishi shart. 2001 yilga kelib esa bosh rejissyor jamoaning salkam yarmi bilan " xayrlashish" ga majbur bo'la boshladi. Teatrning o'zgarmas qat'iy nizomlari maishiy manfaatlar iskanjasida yemirilayotgan edi. Bahodir Yo'ldoshev kurashdan ko'ra yon berishni, chekinishni afzal bildi. Bosh rejissyorlik kursisini topshirdi. Zero, san'atkorlik aqidasi va qolaversa, sog'ligi shuni taqozo etmoqda edi. Bu bilan u qay bir ma'noda yana teatrdan ketdi. Bu ketish ixtiyoriy - majburiy tarzda ro'y berdi.
III
Istiqlol yillari O'zbekistonda eng rivoj topgan san'at turlaridan biri maydon tomosha san'ati bo'ldi. Tinchlik va bunyodkorlik bosh shiori bo'lgan mamlakatda, sho'ro zamonidagidek, harbiy qudratni anglatuvchi askarlar va o'lim vahshatini soluvchi dahshatli qurollar paradi emas, hayot, go'zallik, yaratuvchilik ramzi bo'lgan san'at tantanasini namoyish etuvchi teatrlashtirilgan tomoshalar an'anaga aylandi.
San'atning bu turi Bahodir Yo'ldoshevdek rejissyorlar badiiy tafakkuri mahsuli o'laroq yangilandi, milliylashdi. O'tgan o'n besh yil ichida u Mirzo Ulug'bekning 600, Amir Temurning 660, Buxoro shahrining 2500 yillik yubileylari, " Sharq taronalari" xalqaro musiqa festivali, Navro'z va Mustaqillik bayramlari tantanalarini sahnalashtirdi. Bularning har biri o'zicha alohida tadqiqot mavzui. Chunki ularni oddiy kontsert yo shunchaki bir xoreografik kompozitsiya deb bo'lmaydi. Bil'aks musiqa, raqs, qo'shiq san'ati janrlari uzviylikda faol qo'llangan, bir g'oyaviy maqsad atrofiga jamlanib, ochiq osmon ostida ijro etilgan teran falsafiy mazmundagi teatrlashtirilgan mahobatli tomosha san'ati namunasidir. Mazkur fikrdan kelib chiqib, ulardan ayrimlarini, jumladan, 1994 yili buyuk munajjim, mutafakkir va davlat arbobi Mirzo Ulug'bek tavalludining 600 yilligi sharafiga uyushtirilgan tomoshani yodga olaylik. To'g'ri, " Maysaraning ishi" spektaklini maydon tomoshasi shaklida ham qo'yib, muvaffaqiyat qozongan rejissyor uchun bu yangilik emas edi. Biroq tadbirning nafaqat madaniy jabhada, endigina tetapoya bo'layotgan mustaqil davlatimiz siyosiy-ijtimoiy hayotida muhim ahamiyat kasb etganini, YuNYeSKO homiyligida istiqlol yillari o'tayotgan dastlabki xalqaro tadbirlardan bo'lganini ham nazarda tutsak, tomoshani sahnalashtirish mas'uliyati naqadar jiddiy bo'lganini tasavvur etish qiyin emas. Qolaversa, ulug' ajdodlarimiz orasida Mirzo Ulug'bek nomi va asarlari jahon ilm-fan ahliga boshqalardan ko'ra ko'proq ma'lum va mashhur edi. Binobarin, barchaga ma'qul monumental maydon tomoshasini sahnalashtirish oson ish emas edi. Bahodir Yo'ldoshev rassom Brim bilan bamaslahat ishga kirishdi. Ular tomosha g'oyasi va badiiy eskizlari ustida ancha izlandi. Tomosha uchun sahna - purviqor Registon maydoni belgilandi. Bu tabiiy sahna har qanday tomosha muvaffaqiyatining dastlab-ki omilidir. Undan oqilona foydalanish, bu sahnani bor haybati va betakrorligi bilan ko'rsata olish ham oson emas edi. Rejissyor va rassom buning uddasidan chikdi. Maydon uzra o'rta asrlar Movarounnahr davlatining bor salobatini anglatuvchi manzara jonlantirildi. Har tarafda uzun zalvorli cho'yan fonuslar. Fonuslarda chor atrofga shu'la va taft berib, gulxan yonadi. Sahnaga as'asayu dabdaba bilan saroy malikalari kirib keladi. Markazda go'yo murg'ak Ulug'bek yotgan beshik paydo bo'ladi va sokin-sohir " alla" taraladi. Alla karnayu nog'ora, katta izdihom va yig'inlarga chorlaguvchi haybatli litavrlar shovqinlariga ulanib ketadi. Sokin kuydan keyingi gulduros ohanglar tomoshabin vujudini to'liq qamrab oladi. Uni beixtiyor voqealar ishtirokchisiga aylantirib qo'yadi. Maydonga yangi tug'ilgan nabirani muborakbod etgani bobo - Sohibqiron Amir Temur oq ot minib kirib keladi. U hali dubulg'asini ham yechmagan, katta bir muhorabadan zafar quchib kelmoqda. Sohibqiron nabirani qo'lga olib, bir muddat termuladi-da, beklarning begi, ulug'i bo'lsin deya, chaqaloqqa Ulug'bek ismini berib, manglayidan o'pib chiqib ketadi. Sho'x tarona yanada avjlanadi. Shu taxlit sahna ko'ri-«nishlari almashinib, ommaviy xoreografik harakatlar asnosida Ulug'bekning ilm olami, shohlik shukuhi, xorijlik elchilar bilan muloqot-munosabatlari va nihoyat farzandi Abdulatif bilan bog'liq iztiroblari, fojiasi ko'rsatiladi. Bu sah-nalar Maqsud Shayxzodaning " Mirzo Ulug'bek" tragediyasidan benazir san'atkor Shukur Burhonov ijrosidagi monologlar, Xurshid Davron qalamiga mansub Ubay Burhonov va Afzal Rafiqov o'qigan matnlar jo'rligida tomoshabin qalbida hayajon va zavq, tafakkurida hayrat va ibrat uyg'otadi. Yaqindagina mustaqilligini qo'lga kiritgan mamlakatda ma'naviy mezonlar belgilanayotgan bir davrda shunday ibrat zarur edi. Bu fikrning yana bir isboti o'laroq oradan ko'p vaqt o'tmay, ulug' bobomiz Sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yillik tantanalari nishonlandi. Bu bayramning ham asosiy tomoshasini Bahodir Yo'ldoshev sahnalashtirdi.
Amir Temur nomi beqiyos as'asayu dabdaba, yetib bo'lmas mahobat, dahshatli jangu muhorabalar, osmono'par lojuvard gumbazlari ila ajib sir va salobat kasb etgan yuksak me'moriy obidalar bilan uyg'un holda xayolga keladi. Rejissyor Amir Temur qiyofasini biror aktyor ijrosida jonlantirishdan ko'ra, u hakdagi o'sha xayoliy tasavvurlarni go'zal badiiy-xoreografik tomosha vositasida mustahkamlashga harakat qildi. Sohibqiron siymosini imkon qadar kam ko'rsatib, uning qudratini anglatuvchi hodisalarni plastik ifoda yo'sinida aks ettirishga intildi.
Binobarin, millat qahramonini mil-lat timsoliga aylangan aktyor ijro etishi kerak edi. Kelbatiga qarab bir aktyorni tanlay desa, u to'yma-to'y yurib, noravo qiliqlar qilib tursa, ovozining o'ktamligiga qarab saylay desa, bu ovoz qurg'ur har kuni sahardan tunga qadar goh radio, goh televizor ekranidan har turli eshittirish va ko'rsatuvlarda jaranglayverib, me'daga tekkan bo'lsa, xo'sh, nima qilish kerak? Albatta, bunday holda yagona chora - aniq qiyofani jonlantirishdan imkon qadar qochish edi. U shunday yo'l tutdi. Sohibqiron qiyofasini umumiy ko'rinishlarda xiyol jonlantirib, tomoshabinda xayoliy tasavvurlarning to'liq saqlanib qolishiga erishdi...
1997 yildan boshlab mamlakatimizda " Sharq taronalari" xalqaro musiqa festivalini o'tkazish yaxshi an'anaga aylanib qoldi. Hozirga qadar festival besh marotaba o'tkazildi. Ikki yilda bir bo'ladigan bu musiqa bayramining ochilish marosimida ulug'vor Registon maydonida teatrlashtirilgan katta ommaviy tomosha qo'yish ham urf bo'lib, uni sahnalashtirish muttasil Bahodir Yo'ldoshev zimmasiga yuklanmoqda. Bu marosimlar shunchaki bir tomosha emas. Har safargi tomosha biri-birini takrorlamaydigan, mahobatli spektakllardir. Ana shu spektakllardan ikkitasini alohida ajratib ko'rsatish mumkin. Ulardan biri 2001 yili sahnalashtirilgan " Buyuk ipak yo'li" tomoshasi. Keyingisi esa 2003 yilgi " Shashmaqom" deya shartli nomlangan badiiy xoreografik kompozitsiyadir.
" Buyuk ipak yo'li" qadim-qadimdan G'arbu Sharqni bir-biriga bog'lagan, moddiy ne'matlar bilan bir qatorda ma'naviy yuksalishga ham beqiyos xizmat qilgan hayot yo'lidir. Uning ahamiyatini butun dunyo e'tirof etadi, o'rganadi, ilmiy-amaliy anjumanlar, adabiy-badiiy tadbirlar o'tkaziladi. Xullas, tomosha uchun bir dunyo manba va adoqsiz mavzular...
Eng muhimi, rejissyor bosh g'oyani topdi: " Dunyo turfa rang va mazmundan iborat yagona bir maskan. Insoniyat turli tillarda so'zlashsa-da, turli aqida va odatlarga suyansa-da, bir ota va onaning farzandi, qalbi, o'y-intilishlari mushtarak" . Ana shu g'oyaning inkishofi o'laroq " Buyuk ipak yo'li" bo'ylab ketayotgan karvonning shartli-majoziy obrazi jonlanadi. Bu karvon yo'lida uchragan ellarning urf-odati, kiyim-bezaklari, kuy-qo'shiqlari aks etgan alohida xoreografik lavhalar namoyish etib boriladi va u oxir-oqibat yagona kompozitsiya-butunlikda ko'zda tutilgan bosh g'oyani ifoda etadi. Tomoshabin goh Ovrupo mayin-musiqiy ohanglari og'ushida, goh " Karmen" operasi uchun yozilgan ehtirosli ispan kuylari shiddatida, goh hind seto va tablalari jaranglagan nafosat olamida, qozoq, tojik, turkman, koreys va xitoy musiqasi sadolari yangragan dunyolarda to'lqinlanib, sururlanib o'tiradi. Ayniqsa, o'zbek milliy kuy va raqslari, " Shashmaqom" ning sokin va sehrli navolari taralgach, go'yoki uzoq safardan so'ng yurtiga qaytgan karvon shodligi havolarni tutadi. Tiriklikning, yashamoqning naqadar ulug' ne'mat ekanini, dunyoning shunchalar inja va go'zalligini his etgan yuraklarda alyor yangraydi, hayratlar ummonida ruh yuksaladi. Shunday tuyg'ularni hadya etgan ijodkorlarga, san'atkorlarga ich-ichidan tasannolar aytiladi.
Oradan ikki yil o'tib, ana shu maydonda namoyish etilgan " Shashmaqom" deb shartli nomlangan tomosha avvalgi taassurotlarni uyg'otib, yana cheksiz hayratlarga chulg'adi. Milliy qo'shiq, raqs va liboslarimizning butun palitrasini namoyon etdi. " Shashmaqom" - minglab yillar bilan belgilanadigan qadim navolarimiz. Unda xalqning dardi, orzu-umidlari, tashvishlari, ilmu ma'rifati, urf-odati, kasb-hunari, quvonch-shodliklari - bari mujassam. Eng muhimi, uni tomoshabin-tinglovchi qalbi va ongiga yetkaza bilishda. Rejissyor milliyligimiz va qadim yuksak madaniyatimiz ifodasi sifatida " Shashmaqom" ning bor jozibasi, mohiyat-mazmunini imkon qadar to'liqroq namoyon etish uchun jonli ijro usulini tanladi. Ochiq osmon ostidagi mahobatli sahnada bunday usulni qo'llash katta jasorat va jur'at talab etadi. U aniq xayoliy tarx asosida maydonning markaziyu bor atrofini, asosiy sahna va mizan sahnalarni puxta o'ylab, reallashtirdi. Abduhoshim Ismoilovning musiqiy iste'dodiga suyanib, " Shashmaqom" tartibi, ijro yo'llari, ichki dinamikasi va ijrochilar imkoniyatlarini nazarda tutib, tomoshaning har jihatdan mutanosib, yaxlit kompozitsiyasini shakllantirdi. Albatta, rejissyor idroki va u tuzgan mukammal konstruktsiya ijrochilarning mahorati bilan uyg'unlashsagina to'liq muvaffaqiyat qozonishi mumkin. Shu ma'noda, bu tomoshada ikki aka-uka bola hofizlarning tiniq navolaridan to aka-uka xalq hofizlari Isroiljon va Ismoiljon Vahobovlarning doiraga usul berib, unga hamohang kuylab maydonga kirib kelishlarigacha, Soyibjon Niyozovning qalb torlarini chertguvchi " Dutorim" qo'shig'idan to benazir sozanda Abduhoshim Ismoilovning g'ijjakdagi " Cho'li iroq" nolasiyu Matluba Dadaboevaning " Samarqand ushshog'i" dagi betakror avjigacha - bari Bahodir Yo'ldoshev rejissurasida bag'oyat tabiiy uzviylik kasb etdi. " Shashmaqom" xonishlarining o'rni bilan Xorazm maqomi va " Lazgi" siga, qoraqalpoq qizlarining nozli o'yinlari, Boysun folklor qo'shiq va raqslariga omuxta etilishi tomoshabin ruhiyatining dardchil, tushkun hissiyotlardan nekbin tuyg'ularga ulanib ketishini ta'minladi. Raqqosalarning zavqu shavqqa to'lib, mahobatli sahnani to'ldirib xirom etishlari yorug'lik va hayot tantanasining muqarrarligidan mujda berdi. Bahodir aka ana shunday tomoshalarga tayyorgarlik jarayonida bir fikrni aytgan edi: " Har qanday qovushimsiz ijroni joyini topib, o'z tabiiy tartibida ko'rsata bilsang, uni odamlar qabul qiladi, kerakli, yoqimli hodisaga aylanadi. Bu maydon tomoshalari rejissurasining eng asosiy xususiyatlaridan" . Darhaqiqat, uyg'unlikda gap ko'p... " Shashmaqom" maydon spektaklining yakunida yana bir mizansahna namoyish etildi. Sahnaning tomoshabinga yaqin tomonlarida turli milliy hunarmandchilik dov-dastgohlari o'rnatildi. Ular shunchaki dekoratsiya emas, balki o'z vazifasiga ko'ra harakatga solingan ashyo-uskunalar edi. Qa-torda bir qancha tandirlar ham qurilgan bo'lib, tomosha boshlanishida ularga o't qalab, qizitib turildi. Tomosha davomida unga rosmana nonlar yopilib, nihoyasida tandirdan issiq-issiq uzib, tomoshabin-mehmonlarga patnisu likopchalarda qand-qurs, pista-bodom, pashmak-parvarda, mayizu turshak, olma-uzumlarga qo'shib tortiq etildi. Bu manzara, bu o'zbekona lutfdan tomosha taassurotida hapriqib turgan xaloyiq endi rostakam qiyqirib yubordi. Olqishu alyor havolarni uzoq vaqt to'ldirib turdi. Bu Bahodir aka nazarda tutgan uyg'unlikning mumtoz namunasi edi...
Bahodir Yo'ldoshev ham jismonan, ham ruhan nihoyatda kuchli shaxs... " Edi" degan so'zni sira qo'shgim kelmayapti. Chunki hamisha yoningda, hamqadam, qadrdon, aziz inson haqida o'tgan zamon fe'lini qo'shib aytish juda yoqimsiz. Biroq haqiqat tuyg'usi shunday deyishga majbur etadi...
Uning jismonan kuchliligi rost gap. Bahodir Yo'ldoshev spektakllarining repetitsiya jarayonlarini kuzatganlar buni yaxshi biladi. Bir choynak ko'k choy va bir pachka sigaretni stolga qo'yib olib, 15-16 soatlab uzluksiz ishlaganini, hatto 40 daraja tana harorati bilan " Iskandar" spektaklini premeraga tayyorlaganini, gohida o'zidan anchagina baquvvat buzg'unchilarni bir zarb bilan qulatib tashlaganini ko'rganlar so'zlarimiz lof emasligini tasdiqlar. Ayni chokda uning ruhan naqadar quvvatli ekanini ne-ne fitna va malomatlarga bas kelib, kurashlarda g'olib bo'lgani yetarlicha isbot etar. Bahodir akaning kuch-qudrati haqida o'tgan zamonda gapirishimiz boisi shundaki, u yoshi ellikdan o'tganida hayotining tom ma'noda tirgaklari bo'lgan eng aziz kishilaridan birin-ketin judo bo'la boshladi. Dastlab Tursunboy ota, 2001 yili onasi Shirinxon Melieva olamdan ko'z yumdi. Tursunboy ota ham, Shirin aya ham yoshlarini yashab, barcha orzu-havaslarini ko'rib, hatto o'g'illarining 50-yilligini o'zlarining 85 va 75 yillik qutlug' sanalari bilan birga Kattaqo'rg'on teatrida tantanali nishonlab, dunyoyi oxiratga yo'l oldilar. Garchi Bahodir aka ularning vafotini nihoyatda og'ir qabul qilgan bo'lsa-da, tabiat qonuniga ko'nikmay iloj yo'q edi. Qiziq, Tursunboy ota fe'li muloyim, faylasufsifat inson edi. Shirin aya esa hukmfarmo ayol bo'lib, so'nggi kunlarigacha g'ururli, o'ktam fe'lini ham, qiyofasini ham saqlab qoldi. Bahodir aka Kattaqo'rg'onga tez-tez borib, ulardan xabar olib tursa-da, u yerdan ham tezda qaytib kelardi. O'g'il soch-soqoliga qirov tushsa-da, ona uchun farzand, doimiy tergab-tekshirib, nazoratda tutiladigan o'spirindek edi go'yo. Olamshumul ma'naviy muammolarning sahna talqini tashvishlari bilan fikri-zikri band o'g'ilga goho bu nazorat malol kelar, ishdan tashqari barcha narsani nomuhim deb hisoblar edi. Shuning uchun ham Bahodir akaning Kattaqo'rg'on safarlari uzoq davom etmasdi. Biroq biror kun yo'q ediki, onasiga qo'ng'iroq qilmasa, biror daqiqa yo'q ediki, onasi xayolidan o'tmasa!.. Shu bois ham u onasi vafotidan so'ng anchayin cho'kkandek bo'ldi. Uni ko'rib, bilib yurganlar nazdida ulg'aygansifat taassurot bera boshladi. Yo'q, bu iztirob sakson yoshida foniy dunyoni tark etgan onadan judolik qayg'usigina emas edi. Bahodir Yo'ldoshev faylasuf san'atkor sifatida fanoyu baqo nima ekanini teran anglagan va buni badiiy kashfiyotlar bilan o'zgalarga ham anglata bilgan shaxs. Ammo afsuski, bundan avvalroq judolikning ayovsiz bir zarbasiga duchor bo'lgan odam bunisiga dosh berishi o'ta dushvor edi. 1999 yili Germaniyada buyuk musavvir Georgiy Brim vafot etdi. Dunyoyi dunda 65 yil yashab, xastalik nimaligini bilmagan, hamisha yigitlardek chapdast, g'ayratli, mehnatkash-zahmatkash Brim yurt judoligini ko'tara olmadi. Turkmanistonda tug'ilib o'sib, Toshkentda ildiz otgan nemis farzandi qariyb 40 yil o'zbek milliy teatri uchun o'ta halol va xolis xizmat qildi. Toshxo'ja Xo'jaev, Aleksandr Ginzburg va asosan Bahodir Yo'ldoshevning deyarli barcha spektakllarida sahna bezaklarini yaratdi. Bahodir Yo'ldoshev rejissyorlik fenomenining yuzaga kelishida kashshoflik va kamarbastalik qildi. U milliy xususiyatlarimizni idrok etish va rangu shakllarda ifodalashda shunchalar kamol kasb etgan ediki, hamma uni o'zbeklarning o'zbegi deb atar edi.
90-yillar adog'ida Brim nuroniy onasi va jondan aziz nabirasining o'z tarixiy vataniga ko'chib ketishlariga monelik qila olmay, ularning ortidan borishga majbur bo'ldi. Chunki uning o'ziga ham keksalik rutubati soya tashlayotgan, umr xazonini yolg'izlikda o'tkazish azobidan xavotirga tushayotgan edi. Qanchalar og'ir bo'lmasin - ketdi. Ketdi-yu oradan ko'p fursat o'tmay ildizidan ajralgan chinor misoli quladi. Uni sog'inch, qadrdon yurt sog'inchi, do'st sog'inchi qulatdi. Jismonan baquvvat, bo'z yigitdek g'ayratli insonning nogoh o'limi sabablarini faqat shunday izohlash mumkin!..
Shum xabar yetgan kunlar ko'pchilik uchun qayg'uli bo'ldi, uni bilgan va suygan, hurmatlagan ko'pchilik uchun... Ammo Bahodir Yo'ldoshev uchun bu mash'um xabar haqiqiy motam bo'ldi. Allaqachonlar dunyoga faylasufona ko'z bilan qarashga odatlangan san'atkor uchun bu so'ngsiz armon bo'ldi. Shu kunlari uni ko'rgan yaqinlari, ta'ziya izhor qilib kelgan do'st-yorlari insonning soqol-mo'yi ko'zyoshlaridan shunchalar nam tortishi mumkinligiga shohid bo'ldi... U barcha imkoniyatini ishga solib, olis Germaniyaga otlandi. Yurtdan bir kaft tuproq olib, o'sha mamlakatning qandaydir bayrami tufayli ko'milishga ruxsat bo'lmay, muzxonada muzlatib qo'yilgan qadrdonining jasadini yerga topshirib keldi. Keldi-yu, qaytib biror jiddiyroq ijodiy ish bilan shug'ullanishga kuch-quvvat topmadi. Oradan bir-ikki sana o'tib onasini ham tuproqqa berdi... Bularni yurak ko'tara olmadi. Xastalikka yo'likdi. San'atkor yuragichalik yaralanguvchi yurak yo'q!.. Inson ruhiyatining, kuch-quvvatining so'nishi uchun bundanda ortiqroq dard bo'lmas!..
Georgiy Brim Bahodir bilan " Yosh gvardiya" teatriga o'tgach, " Hamlet" spektakli uchun dekoratsiya ishlay boshlagan edi. Nazarimda, bir vaqtlar Hamza teatriga bosh rejissyor etib tayinlanganidan keyin Bahodir Yo'ldoshev Shekspirning " Qaroqchilar" tragediyasini qo'yib, go'yoki o'z tengdoshlari, o'z avlodning hayotiy dasturini e'lon qilganidek, yoshlar teatrining ham dasturiy spektakli bo'lishi kerak degan mulohazadan kelib chiqqan bo'lsa, ajab emas. Hamletning " Meni yong'oq ichiga solib qo'yib " Sen ozodsan!" desangiz, men o'zimni butun dunyoning xoqoni deb sezaman" yoki " davr izdan chikdi, uni iziga solmoq mening zimmamga tushdi" degan so'zlarini Bahodir aka bot-bot eslab turishi ham shundan dalolat... Dekoratsiya tayyor bo'ldi, Brimning umumbashariy miqyoslardan turib chizgan suratlari aqllarni lol etdi. Endi unga mos spektakl yaratish lozim edi. Taassufki, bu spektakl yaratilmadi. Hanuz yaratilmayapti... Kim bilsin, millat timsoli bo'la oladigan aktyor tug'ilmayaptimi yoxud yana bir boshqa bahonai sabab...
Bahodir Yo'ldoshev o'spirinligidayoq Hamlet bilan " do'st" tutinib, keyinroq bu do'stlik armonga aylangani, armon esa taskin istashi, taskin esa " aqlli bahonalar" dan tug'ilishini aytib o'tgan edik. Haqrost, shunday! Bahodir akaning teatrdan tashqaridagi hayoti, faoliyati har qancha zarur, zo'r va sharafli bo'lmasin, katta-katta anjuman va tadbirlardagi badiiy tomoshalar - maydon tomoshalari qanchalar kuch-g'ayrat, topqirlik, yurak qo'ri talab etmasin va ular uncha-muncha teatr spektakllaridan muhimroq va murakkabroq bo'lmasin, baribir ular Bahodir Yo'ldoshevning taskinlari, " aqlli bahonalar" i. U " teatr har xil bo'lishi kerak - maydon, kamer teatri va asosiysi, xalq uchun doim zarur teatr bo'lishi kerak" deya behuda umr o'tkazmayotganini ta'kidlasa-da, baribir hayotiy a'moli teatr ekanini bir nafas bo'lsa-da, yodidan chiqarmaydi.
Teatr bilan rishtalar uzilmasin, jarayonning ichida bo'lay deb Madaniyat institutida o'quvchi o'n-o'n besh nafar shogirdga Abror Hidoyatov teatrida nimalarnidir o'rgatmoqchi bo'ladi. Ulardan yo rejissyor, yo aktyor tayyorlayman, degan dastlabki fikridan endilikda voz kechib, ular hech bo'lmasa, yaxshi tomoshabin bo'lib shakllansin, deya umid qiladi. Maydon tomoshasi qo'yishga chog'i keladigan besh-olti rejissyor tarbiyalash kerak deb, turli amaldorga o'z talablarini ma'qullatib, teatr studiyasi, o'quv kurslari kabi ne bir taraddudlar bilan yana qismatdan chalg'ib, aniqrog'i, unga chap bermoqchi bo'ldi. Tasalli - pedagogika bilan " jiddiy" shug'ullanish go'yo. Ammo bir narsa aniq- pedagogika bu hamisha didaktika, pandu o'git. Bahodir Yo'ldoshevning esa fe'l-atvori ham, turish-turmushiyu o'y-kechmishi ham, o'zi yaratgan teatr dunyosi ham pandu o'gitdan yiroq. U hamisha fikrni yondirib, tafakkur yolqinlarini yoqib yashagan. O'y-mushohadadan, badiiyat jozibasidan lazzat olgan va o'zgalarni ham shunga da'vat etgan. Uning spektakllaridan hech bir to-moshabin nasihat eshitib chiqqan emas. To'lib-to'lib yig'lagan, to'yib-to'yib kulgan, iztiroblanib, azoblanib chiqqan va barini fikratiga jo qilib, xayollarida g'alayon, qalbida tug'yon bilan tomosha zalini tark etgan. Alalxusus, bugun butun millat tafakkuri yoniq fikrga, mulohaza-mushohadaga, o'zimizni tanidikmi, haqu nohaq qaerda, to'g'ri ne-yu, egri nima, qaerdamizu qaerga ketyapmiz, iymon-e'tiqodimizga, didu saviyamizga ne bo'ldi, degan og'riq savollarga muhtoj. Bu savollar adabiyot va san'atni azaldan o'ylantirgan. Kishilarni go'zallik, hayrat ila saodatga yo'llagan... Umid ulki, shoyad, Bahodir Yo'ldoshev Yaratganning o'zi bitgan qismatida qoyim bo'lsa! Bir ketganga bir qaytish ham bor, deydilar-ku mashoyixlar...
«Tafakkur» jurnali
Обновлено 20.06.2010 09:45
Просмотров: 965
Категория: San`atkorlar haqida...
Qahqaha darg'asi. Rahim Pirmuhamedovni shunday atashardi. Lekin u chuqur psixologik rollarni o'ynab («Tohir va Zuhra»dagi soqchi, Tohirning fikrdosh do'sti rolini eslang), tomoshabinni chuqur mushohadaga undar ham edi. U ekranda va sahnada o'z qahramonlarining xushfe'lligini, hazil-mutoyibaga o'chligini ko'rsatib, millionlab kishining dilini xushnud etgan edi. Shu bilan birga lirik qahramonining ishq o'tida yonishini («Oddiy voqea» kinonovellasi, oshiq yigit), katta dramatik kuchga ega bo'lgan obrazni namoyon etib («Hamza» filmidagi G'iyosxo'ja roli), tomoshabinni ham, kino ahlini ham lol qoldirganini bilamiz.
Endilikda esa o'nlab badiiy jihatdan bir-biridan qolishmaydigan rollarni o'ynagan aktyorni birgina «Mahallada duv-duv gap» komediyasi orqali taniydigan, biladiganlar ko'pchilikni tashkil etadi. Bu musiqali asardagi «zavxoz» Arslon obrazini yaratgan Rahim akaning mahoratiga yuksak baho bergan holda uning yarim asrdan ortiq davom etgan jo'shqin faoliyati qirralari, tinimsiz izlanishlaridan hayratga tushamiz. Bugun biz aktyorning o'ziga so'z berib, ijod damlari qay tarzda o'tganini tasavvur etamiz. Buning uchun Rahim akaning mehmondo'st xonadonida boshlanib, kinostudiyaning gavjum pavilonlarida, kinochilar uyushmasida hamda turli shahar, viloyatlarda tashkil etilgan ijodiy uchrashuvlardagi suhbatlarini tiklashga urinib ko'ramiz.
Dastlabki uchrashuvda Rahim aka meni biroz uyaltirgan edi. Moskvadan kelgan rejissyor bilan kinochilar uyushmasida suhbat qurib o'tirganimizda choy keltirishdi. Yig'ilganlar orasida eng yoshi men ekanman, shoshib-pishib piyolalarga ko'k choy quya boshladim. Shunda Rahim aka sekin choynakni oldiga tortdi. Choyni uch marta asta qaytardi, har gal izoh berib turdi: " Ana loy bo'ldi, ana moy bo'ldi, nihoyat choy bo'ldi. Endi quying" , deb choynakni menga uzatdi.
O'sha kuni birgina savolimga javob olgandim. «Ko'p rollarni o'ynagansiz, birortasida oldin topilgan ijro texnikasini, xatti-harakatingizni, imo-ishorangizni, xullasi, ijro yo'lingizni qaytarmadingiz. O'zingizni cheklaysizmi, kamera ro'parasidagi harakatingizni nazorat qilib borasizmi?» deb so'ragan edim, aktyor darhol javob berdi:
- Agar men " Rahim aka yana eskicha o'ynapti-da" degan gapni eshitsam, aktyorlikni yig'ishtirib qo'yaman. Bu gap men uchun o'lim deyavering. Qaerda bo'lmay, o'zgalarni - siz aytganday o'zimni emas - kuzatib boraman. Tramvayda, bozorda, mehmondorchilikda birovning soqoli, mo'ylovi qiziq bo'lib ko'rinadi. Uni yodimda saqlab qolaman va zarur bo'lganida grimyordan xuddi shunday mo'ylovni, soqolni menga «o'rnatish»ni talab qilaman. Kimningdir so'zlashish ohangi ma'qul bo'ladi, yana bir kishi gapiga mos keladigan qo'l harakati bilan fikrini tasdiqlamoqchi bo'lishi qiziq ko'rinadi.
Rol ustida ishlash kunlari goh yozuvchi bo'laman, goh rejissyor, gohida esa oddiy aktyor sifatida so'z talaffuzi bilan band bo'laman. Bu eng mas'uliyatli davr. Aktyor stsenariyni, rolini boyitishi kerak! «Ulug'bek yulduzi» filmida mening qahramonim Ulug'bek huzuriga dabdurustdan kirib kelishi talab etilgan edi. Unamadim. Ikki tarixiy shaxs - Ulug'bek va Xoja Ahror suhbatini saroyning oddiy xizmatkori buzishi mantiqan to'g'ri kelmasligini rejissyorga tushuntirmoqchi bo'ldim. Latif Fayziev quloq soldi. Ikki buyuk inson so'zlashayotganida men bostirib kirmaydigan bo'ldim. Musulmonchilikka ham, saroyda qabul qilingan qoidalarga ham xilof harakat qilmaydigan bo'ldik. Quyidagi mizansahnani, mikrokompozitsiyani taklif etdim. Qahramonim oldin kadr ortida bo'lsin, suhbat davom etaversin. Qizg'in o'tayotgan muloqot oxirlab qolganida hashamatli binoning bir chetidagi mening qahramonim favqulodda aksirib yuborsin. Shunda ikki suhbatdosh beixtiyor men tomonga qarashadi, men uzr so'rab ular tomon qadam tashlayman. Taklif qabul qilindi. Epizod shu tarzda suratga olindi, montaj qilindi.
- Bu o'rinda matnga o'zgartirish kiritilmagan. Kadrlar kompozitsiyasi, ovoz tashqaridan - kadr ortidan eshitilishi stsenariydagidek bo'lmagan. Aytadigan so'zingiz, dialogda ishtirok etishingiz jarayoni qanday kechadi? -savol berdim Rahim akaga.
- Bir misol keltiraman. Xulosani o'zingiz chiqarasiz, - deb aktyor qo'liga «Abu Ali ibn Sino» filmidan olingan fotosuratni oldi. - Menga tabib Abulxayr roli topshirilgan edi. U Ibn Sinoga hasad ko'zi bilan qaraydi, mo'may pul yig'ish yo'lidan ham qaytmaydi. Bir epizodda esa uning bemorlarni «davolash» jarayoni ko'rsatilishi kerak edi. Matn va epizodning hajmi menga ma'qul bo'lmadi. Rejissyor Komil Yormatov metrajni ko'paytirishga, men talaffuz etishim kerak bo'lgan so'zlar, iboralarni o'zgartirishga rozi bo'ldi. Ko'p o'yladim: tabobat ilmidan bexabar bo'lgan bu «zo'raki tabib» bemor yonida qanday so'zlarni aytishi mumkin? O'zi ham, boshqalar ham tushunmaydigan, g'ayritabiiy so'zlarni! Ularni qaerdan topaman? Bunday matnni faqat G'afur G'ulom yozishi mumkin, degan xayolga keldimu, Arpapoyadagi shoirimizning uyiga yo'l oldim. Gapimni eshitgan adib miriqib kuldi. Men esa epizodning mohiyatini tushuntirib, unga mos keladigan so'zlar topish kerakligini aytdim.
Shoir qo'liga qalam olib, kula-kula matn to'qishga kirishib ketdi. Bir dam jim qolar, uch-to'rt so'z yozgandan keyin menga o'qib berar, ikkimiz qotib-qotib kulardik. Shu tariqa qahramonimning jarangdor, sirli, ba'zan kulguli, lekin chuqur ma'noga ega bo'lmagan so'zlari yozib bo'lindi. Uni o'zlashtirdim. Yodlashim qiyin bo'lmadi. O'zim ham yozishda ishtirok etganim qo'l keldi. Ertasiga kinostudiya pavilonida menga to'la erkinlik berildiyu, katta epizod birorta dublsiz (ya'ni qayta suratga olinmasdan) suratga olindi. Stsenariydan kichkina epizod katta novellaga aylandi... Hikoyaning davomini eshitmoqchi bo'lsangiz, bir voqeani ham aytib beray. Moskvada filmni rus tiliga dublyaj qilishayotganida biz yozgan, ijro etgan matnni hech kim tushunmay, tarjima qila olmay menga xat yozishdi. Javob yozdim: uni tarjima qilib bo'lmaydi. Bu bir-biriga faqat talaffuz nuqtai nazaridan osongina ulanadigan, lekin hech bir ma'nosi yo'q so'zlarning yig'indisi, deb tushuntirdim. Shu tariqa o'sha matn rus va boshqa tillarga tarjima qilinmadi. Filmning o'zbek tilida ham, boshqa tillarda ham men qanday aytgan bo'lsam, o'sha so'zlash ohangi maromi saqlanib qolindi.
- Shunday epizodlarni tomoshabin qabul qilishi yoki ularga befarq qarashi haqida o'ylaysizmi? Umuman, kinoteatrga borib o'zingiz ishtirok etgan filmni ko'p qatori ko'rasizmi? -anchadan beri o'ylab yurgan savolimni aktyorga berdim.
- Tomoshabinlarning ekrandagi voqealarga, film qahramonlariga bo'lgan munosabatini kuzatib borish juda zavqli, - javob berdi artist. - Bir necha yil bo'ldi, rafiqam bilan «Sen yetim emassan» filmini ko'rish uchun shahar markazidagi kinoteatrga bordim. Esingizda bo'lsa, bu asarda men kontrolyor rolini o'ynayman. Qahramonim bir kichik qizchaning kinoteatrga bir zum kirib chiqishi uchun pora talab qiladi. U qizchaning so'nggi chaqasigacha yulib oladi. Ana shu daqiqada pattachi - kontrolyor yosh boladan pora olish uchun qo'l cho'zayotganida - men bilan bir qatorda o'tirgan tomoshabin «Berahm poraxo'r, oxiri oldi-ya...», deb koyib ketdi. Bu so'zlarni eshitgan rafiqam menga so'roq nazari bilan boqib: «Mashaqqat bilan qilingan mehnatingiz oqibati shumi endi?» deb qoldi. Men esa «tomoshabinning ana shu so'zlari katta mukofot, mening poraxo'r kontrolyorim tomoshabin nafratiga sazovor bo'ldimi, demak, yana bir kishi, o'nlab, yuzlab sofdil kishilar poraxo'rlarga qarshi kurashadilar», deb javob berdim.
Aktyor umrining ko'p qismi hali o'ynalmagan rollar orzusi bilan o'tishiga R.Pirmuhamedov bilan bo'lgan suhbatlarda yana bir bor ishongan edim. Betob Rahim akani yo'qlab uyiga borganimda ham shu haqda o'ylab qoldim. Juda-juda achindim: ozib, rangi ketib qolgan, yoqimli tabassum o'rnini horg'inlik egallab, hamisha kulib turadigan chehrasiga dard ko'lanka tashlagan edi. Salom-alikdan so'ng daf'atan buzilib ketgan kayfiyatimni, achinish his-tuyg'ularimni yashira olmadim shekilli, Rahim aka menga dalda bermoqchi bo'ldi: «Rol o'ynash istagim qanchalik kuchli ekanini bilsangiz edi», deb xo'rsindi. Men zo'r-bazo'r «Hali ko'p rollar o'ynaysiz. Birga ishlaymiz», deb javob bergandek bo'ldimu, o'zimga hozirgina aytgan so'zlarim jonsiz, hech kimni ishontirmaydigan bo'lib eshitildi. Hayajonimni berkitish niyatida bo'lsa kerak, olib kelgan risolamni varaqlagandek bo'ldim. So'ngra: «Rahim aka, sizga va'da qilgan kitobni olib keldim. Qarang, rangli muqovasidagi fotosuratingiz qanchalik ko'rkam, yoqimli, xush kayfiyat uyg'otadi» - deb risolani ko'z-ko'z qilibman. Yoshlik-da, dardli tanaga bunday gaplar kor qilmasligi xayolimga kelmabdi. Rahim Pirmuhammedovga bag'ishlangan asarni Moskvada bosilganidan hursand bo'lib (balki maqtanib ham) kasalga chalingan kishini ovutmoqchi bo'libman.
Rahim aka yotgan joyida risolani qo'liga olib, uni varaqlagan, rasmlarini ko'zdan kechirgan bo'ldi. «Rahmat, o'g'lim... shunday kitoblar sal oldinroq chiqsa bo'lmasmidi?» - deb chuqur nafas oldi. Kitob qo'lidan tushib ketayozdi. Shiftga qarab yotar, qurib qolgan lablarini yalab tamshangandek bo'lardi. Shunda bir gap aytdiki, undan risola, o'tmish haqida emas, kelajak haqida o'ylayotganini sezish mumkin edi. «Yotgan joyimda qanchadan-qancha rollarni tayyorlab qo'ydim. Har bir harakatni, so'zlash, imo-ishorani o'ylab, ulardan qaerda va qanday foydalanishni bamisoli chizib, aniq belgilab qo'ydim...» deb gap boshlaganida bu inson hayotni, ijodni qanchalik sevishini, shu bois, ham quvnoq, hajviy rollarni o'ynab, yurtga tanilgani bejiz emasligiga ishondim.
Biz ham hikoyamiz mushtariyda ma'yus kayfiyat uyg'otishini istamas edik. Shu bois, Rahim aka Pirmuhamedov bilan bo'lgan suhbatlarni tiklab, tez orada siz mushtariyga yetkazishda aktyorning yoshligini, jo'shqin hayotini ta'riflash yo'lidan boramiz. Bu gal ham so'zni qahqaha darg'asi sifatida tanilgan ulkan san'atkorga beramiz.
Xalq artisti Rahim Pirmuhamedovning yuzidagi kulgichi o'ziga juda yarashgan edi. Uni Shayxontohurdagi kino shirkatidan chiqayotganida, umuman, ko'cha-ko'yda yurganida yo'lovchilar tanib qolib, tabassum bilan «Qarang, artist! Zo'r artist! «Xo'ja Nasriddin»da, «Mahallada duv-duv gap»da bizni rosa kuldirgan artist!» deb hang-mang bo'lib qolishardi. Ko'pincha uni ekranda yaratgan qahramonlariga o'xshatishar, mechkay zavxoz Arslonga («Mahallada duv-duv gap») yoki «Noz-ne'matlar shoiri» - pazanda Abulmalikka («Alisher Navoiy» filmi) qanday munosabatda bo'lsalar, Rahim akaga ham shu tarzda murojaat etardilar. Bir viloyatdagi ijodiy uchrashuvda aktyor bu haqda biroz taajjublanib so'zlagani esimda:
- Munaqqidsiz, ko'rsatuv olib borasiz, ahamiyat bering: meni ekrandan tomosha zaliga tushib kelgan personaj sifatida qabul qilishadi. Aktyor turli rollarni o'ynaydi-ku! Barcha qahramonlariga o'xshayversa o'zidan nima qoladi!? Bugun Gamletga o'xshasa, ertaga mirishkor paxtakorga...
Ijodiy uchrashuvdan keyin katta hovuz atrofidagi baland supalarga atlas ko'rpachalar tashlanib, lo'la bolishlar keltirildi, oppoq dasturxonlar yozildi. Atrofga qalin suv sepildi. U yerga mehmonlar - kino ahli taklif etildi. Fotihadan so'ng choy, suyuq ovqat, devziradan tayyorlangan osh tortildi. Kulimsirab o'tirgan Rahim aka meni asta turtib taajjubini bildirdi.
- Qarang, sizning oldingizda bir choynak choy, bir kosa osh. Mening yonimga uch choynak choy, to'rt kosa osh, o'nta kabob, besh-olti kulcha qo'yib ketishdi. «Mahallada duv-duv gap»dagi Arslonga o'xshatishadi meni, - deb hazil qilmoqchi bo'ldilaru tomoshabinlar orasida tarqalgan «mish-mish»lardan andak bezor bo'lganliklari sezilib qoldi.
- Mechkayga o'xshaymanmi? Ko'rib turibsiz, uydan olib kelgan buterbrod menga yetarli, - deb ginaxonlik qilganday bo'ldi.
«Mahallada duv-duv gap» komediyasida R.Pirmuhamedovning yakka o'zi ishtirok etgan epizodni suratga olish jarayoni tafsilotlarini bilmoqchi bo'lib, savol berdim:
- O'sha filmda osh, kabob, novvot choyni biryo'la iste'mol qilish oson bo'lmagandir?!
- To'g'ri, bu epizod tomoshabinda kulgi uyg'otadi, lekin uni suratga olish oson bo'lmadi. Kabobni endi og'zimga olishim bilan «stop» buyrug'i eshitiladi. Nur manbalari qayta o'rnatilib, kamera yangi planga qo'yiladi, oldimdagi osh va kaboblar ham yangilanadi. Bu jarayon uch-to'rt marta qaytarilganidan so'ng ishtahang ham bo'g'iladi. Elektr yog'dulari ro'parasida o'tirishning o'zi bo'lmaydi...
Bu hikoyani choyxonaga yig'ilganlar bilan birga tingladik. Kulgi ham bo'ldi, qarsaklar ham. Fursat o'tmay aktyorni tomosha zaliga taklif etishdi. «Mahallada duv-duv gap» tasmasining ko'rigi daragini eshitganlar sevimli qahramonlari bilan yana bir bor uchrashish niyatida madaniyat saroyiga shoshildilar.
Jimirlab turgan tiniq hovuz yonida Rahim aka bilan yakka qoldik. Choyxonachi choyni yangilab, ikkimizga qo'lbola yelpig'ich olib keldi. Vaqt namozshomga yaqinlashgach, yengil shabada esib, hovuz bo'yiga egilgan sadarayhon xushbo'y hidini atrofga taratganda, gullarga burkangan bu choyxo'rlar makoni muattar tus oldi. Lirik kayfiyatdagi suhbatdoshimning tomoshabinga bo'lgan munosabatini bilmoqchi bo'ldim. Rahim aka ko'k choyni ho'plab, salmoqlanib mulohaza qildi:
- Bir notiqning ma'ruzasi tinglovchini soatlab ushlab turishi mumkin. Boshqasiniki bir necha daqiqadan keyin zeriktirib qo'yadi. Kimdir esnaydi, kimdir uxlab qoladi. Voizlikni aktyorlar san'atiga o'xshataman. Aktyor sahnada, ekranda, efirda tomoshabinni, tinglovchini mahkam ushlab turishi kerak. Shu bois tomosha zalining filmga, qahramonimga bo'lgan munosabati meni hamisha qiziqtirib keladi.
Bir voqeani aytib beray, 1924 yilning qishi edi. Toshkentda hajv ustalarining ijodiy kechasini - «Kuldiruvchilar musobaqasi»ni uyushtirmoqchi bo'ldilar. Bu ko'rikning shartlari quyidagilardan iborat edi: har bir kuldiruvchi ular uchta edi - Ziyo Said, Karim Yoqubov va men - o'zi birorta hajviy pesa topishi, aktyorlarni tanlashi va rejissyor sifatida ana shu asarni sahnaga qo'yishi lozim edi. Men Abdurahmon Ismoilzodaning «Hojiboboning dardi» komediyasini tanladim.
Nihoyat, 1925 yilning 2 yanvar kuni musobaqa boshlandi. Har birimiz o'z spektaklimizni ko'rsatdik. Bosh rollarni o'zimiz ijro etdik. Musobaqaning so'nggi shartini ham bajardik: uchta hajvchi bir bo'lib, «Bo'yoqchi xonim» pesasida ham o'ynadik. «Kollizey» tomosha zali (hozir u yerda birja markazi binosi qad ko'targan - H.A.) liq to'lgan. Ikki mingga yaqin tomoshabin bor edi. Gulduros qarsaklar, qahqahayu kulgi teatrning devorlarini titratgandek tuyulardi. O'zimiz ham o'ynab bo'lganimizdan keyin parda orqasida turib «raqibimiz»ning o'yinini zavqlanib kuzatardik. Nihoyat, parda so'nggi marta yoyildi. Qirq sakkiz kishidan iborat hakamlar hay'ati bir xonaga kirib, uzoq bahslashishdi. Chamasi ikki soat vaqt o'tganidan so'ng musobaqa natijalari e'lon qilindi. Tanqidchilar nima sababdan bunchalik uzoq majlis qilganlarining sababini o'shanda tushundim: ular qaysi aktyor tomoshabinni necha marta kuldirganini sanab o'tirishgan ekan. Xullas, hakamlar hisobicha, Ziyo Said tomoshabinni 33 marta, Karim Yoqubov 32 marta kuldiribdi. Mening qahramonim esa zaldagi san'at shinavandalarini 52 marta kuldiribdi. Tomosha ko'rinishlarini o'zgartirib, yangilab turish haqida, shuningdek, «aktyor va tomoshabin» masalasida mulohaza qilganimda hamisha o'sha qiziqarli voqeani eslayman.
- Rahim aka, tomoshalar, ijro yillar o'tib eskirib qolmaydimi? Ba'zi pesa va spektakllar, stsenariy hamda filmlarning umri uzoq bo'ladi. Ayrimlari qadr-qimmatini yo'qotib qo'yadi. Charli Chaplin «Kichkina odam»ning dramasini ko'rsata bilgani uchun filmlari haligacha qiziqish uyg'otadi. O'sha davrning ko'pgina ovozsiz, oq-qora filmlari, avvalo, estetik jihatdan bizni qoniqtirmaydi. Bu haqda o'ylaganmisiz?
- Gap xarakter yaratishda. Kinoda g'alati xarakterlarni, oldi-qochdi, g'ayritabiiy holatlardan tashkil topgan epizodlarni ekstsentrika deyishadi. Ular bir avlodni kuldiradi. Keyingi avlodga «botmay» qoladi. Hajviy rollarni o'ynagan daniyalik Pat va Patashon o'z davrida mashhur bo'lganlar. Yaqinda kinoteatrga borib, ularning rollarini yana bir bor ko'rdim. Ajabo, kulmadim, qiziqmadim ham. Atrofimdagilar ham ekranga befarq qarab o'tirganlarini ko'rdim. Pat va Patashonning hiyla-nayrangi, ular qo'llagan tryuk zerikarli bo'lib ko'rindi. Shunda o'ylab qoldim, 20-yillar tomoshabini bilan hozirgi tomoshabin o'rtasida farq katta ekan. (Suhbat 1969 yili bo'lgan edi - H.A.) Aktyorning zimmasiga yuklanadigan mas'uliyat ortaverar ekan. O'zimning kinoga, ijroga bo'lgan munosabatim o'zgarib borayotganini sezib turibman. Kinoni 1913 yili Eski shaharda birinchi bor ko'rib, hayron qolganman. Otamga ergashib borgan edim. Filmning nomi esimda qolmagan. Lekin bir epizodning har bir kadrini hozir ham ko'rib turgandekman: katta ko'l ustiga qurilgan uzundan-uzun ko'prikda tezlik bilan kelayotgan poezd ko'rsatiladi. To'satdan ko'lning narigi betidan unga qarshi yana bir paravoz kela boshladi. Ko'prikning o'rtasiga kelganida ikki poezd shunaqangi kuch bilan to'qnashdiki, o'rnimdan turib ketdim. Go'yoki qulayotgan vagonlar mening ustimga tushyapti... Endi meni kinoning texnikasi emas, uning badiiy imkoniyatlari qiziqtiradi.
- Ijro texnikasi-chi? U mukammallashdimi yoki sahna san'ati, xalq teatrining tajribasi tufayli shakllanib, qiyomiga yetib bo'lganmi? Sizni men teatrdan kelgan kinoaktyor, deb bilaman. Sahnadagi rollari bilan shuhrat qozongan barcha aktyorlarning kinodagi umri, baxtga qarshi, uzoq bo'lmadi. Siz milliy kinematografiyamizning ilk asarlari yaratilishidayoq ishtirok etdingiz-da ijodingizni tamomila ekran san'ati bilan bog'ladingiz. Shunda sizga sahna estetikasi, ijro texnikasi qo'l keldimi yoki cheklab qo'ydimi?
- Kinoda yirik plan, montaj, kameraning sezgir ob'ektivi bor. Teatrning esa o'z fazilatlari bo'lsa ham, bu imkoniyatlar yo'q. Masalan, aktyor keng sahnada bemalol harakat qilishi mumkin. Pavilonda, suratga olish maydonchasida aktyorning yurish-turishi nur manbalari, kameraning harakati yoki bir joyda muqim turishi bilan bog'liq. Buning ustiga biz - kinoaktyorlar tomoshabin uchun o'ynaymiz-ku, tomoshabinning o'zi ijod damlarida bo'lmaydi. Bizni faqat kamera kuzatib boradi. Sahnadagi aktyor esa zalda o'tirgan tomoshabinlar bilan bevosita muloqot o'rnata oladi. Sezgir kino tasmasiga aktyorning har bir vaziyatdagi ichki holatining ijrosini muhrlab qo'yishga qodir mikrofon esa aktyor talaffuz etgan har bir so'zni, hatto nafasning sharpasini ham tomoshabinga yetkazadi. Shuning uchun pavilondagi ijod juda murakkab deymiz-u, aktyor kinoga kelishdan oldin teatr sahnasida rollar o'ynashi zarurligini yoddan chiqaramiz. Artistning kinoda va teatrdagi ijodi o'rtasida ayrim tafovutlar bo'lishiga qaramay, sahnada va pavilonda orttirilgan tajriba bir-birini to'ldiradi. Bu tafovut, asosan, siz tilga olgan ijro texnikasiga taalluqli. Aktyorning rol va o'z ustida ishlash jarayoni esa teatrda ham, kinoda ham bir xil.
O'sha kuni Rahim aka rol, ijro, kino va teatr munosabatlari, rejissyorning aktyor bilan ishlay bilish qobiliyati haqida hayajon bilan so'zladi. Suhbatimiz so'ngida esa:
- Nazariyaga berilib ketdik, chog'i, zeriktirib qo'ygandirman. Ikki voqeani aytib beraman, rosa kulasiz. Itdan nihoyatda qo'rqaman. «Sevadimi-yo'qmi?» deb atalgan tojik filmida esa mening qahramonimni bir gala it quvlashi ko'zda tutilgan ekan. Bir mahal pirillab kelayotgan bahaybat itlarni ko'rib shunaqangi qochibmanki, kattagina ariqdan sakrab rekord qo'yibman, keyin baland tomga chiqib qolibman. Hozirgacha aqlim bovar qilmaydi: qanday qilib bir zumda tirmashib, tomga chiqib qolganman. Sekin pastga tushib, kamera yoniga borib «Suratga oldingmi?» deb so'ramoqchi bo'lsam, rejissyor, operator, ularning yordamchilari mendan oldin qochib ketgan ekanlar. Kamera ham ko'zlariga ko'rinmabdi... Nasriddin haqida film olayotganimizda personajlardan biri - eshak bizni xunob qilgan edi. Ctsenariy bo'yicha hangrashi talab etilgan epizodda qaysar eshak dumini likillatib turaverdi. Uni kaltaklab ham ko'rdilar, yaxshi gapirib ham. Hech bo'lmadi. Shunda bir mo'ysafid yonimizga kelib: «Nega jonivorni qiynayapsiz?» deb so'rab qoldi. Javob berdik: «Xunobimizni chiqardi bu eshak. Hangrarmikin, deb yalinib ham ko'rdik, savaladik ham. Bo'lmayapti». Haligi kishi eshakning «lab»larini ko'tarib bahaybat tishlarini ko'rdi, dumiga yopishgan tikanaklarni asta terib oldi-da, «Ko'rmayapsizlarmi, axir bu oshiq eshak-ku?» deb g'oyib bo'ldi. Yonginamizdagi xonadondan bir eshakni yuganidan ushlab boshlab keldi. Shunda suratga tushayotgan eshak ovozi boricha hangrab yuborsa bo'ladimi? Biz hammamiz hayron bo'lib, «Ota, oshiq eshakning «sevgilisi» shu ekanligini qaerdan bildingiz?», - deb so'ragan edik, mo'ysafid: «Shuni ham bilmaysizlarmi? Eshakning odamdan farqi ham shuki, u ko'cha-ko'yda uchraydigan har bir eshakka «sevgisini» izhor qilaveradi», - deb javob berdi.
Jiddiy masala bilan boshlangan suhbat yana kulgi bilan tamom bo'ldi.
"Ma'rifat" gazetasidan olindi
Обновлено 20.06.2010 09:38
Просмотров: 704
Категория: San`atkorlar haqida...
Shukur Burhonovning Qorabayiridan («Tohir va Zuhra» filmi), G'ofiriyu («Boy ila xizmatchi» spektakli) Yo'lchisidan («Qutlug' qon») hayratga kelib, u kishi bilan tanishish, suhbat qurish orzusida yurardik. Moskvada aspiranturada o'qib yurgan kezlarim u bir qo'ng'iroq bilan menga yordam bergandek bo'ldi.
Moskvaga, kinochilar anjumaniga tashrif buyurgan, sobiq ittifoqda shuhrat qozongan bu san'atkor ilmiy rahbarim, professor S.Ginzburgga mehmonxonadan telefon qilibdi:
- Hamidulla Akbarov degan aspirantning domlasi bo'lasizmi?
- Ha, shunday.
- Qarasangiz bo'lmaydimi, o'ylaganini yozaveradimi?! Meni rosa do'pposlabdi-ku «Iskusstvo kino» jurnalida. Yurtimizda meni tanimaydigan kishi yo'q. Meni «Ulug'begim»dan qanday nuqson topdiykin shogirdingiz?! - deya kuyunib so'zlabdi Shukur aka.
- Xabarim yo'q bu maqoladan. Yozganlarini oldimga ko'tarib kelavermaydi. Boshqalar qatori matbuotda o'qib qolaman, - deb javob bergan Semyon Sergeevich o'sha jurnalni topib, «Poiski, naxodki, poteri» sarlavhali maqolamni o'qigach, keyinroq menga xabar qildi. Arbatdagi uyiga taklif etdi va eshikdan kirishim bilan «xo-xo»lab kulib, quchoqlab tabrikladi, ham taajjubini bildirdi:
- Zo'r maqola yozibsanu aytmaysan ham! Zo'rlikka zo'ru ammo ba'zilar ranjiganga ham o'xshaydi. Sababini bilmayman. Sen Shukur Burhonovni maqtagansanu negadir u menga qo'ng'iroq qilib, xunobi chiqib, seni tartibga chaqirib qo'yishimni talab etdi.
O'sha kuni (bu yosh aspirant uchun katta voqea!) bir yosh kinoshunosning ilmiy rahbarini aniqlagan, uning uy telefonini topib, «Moskva» mehmonxonasidan qo'ng'iroq qilgan, o'sha munaqqidga nisbatan «chora ko'rish»ni taklif etgan. Tinib-tinchimaydigan Shukur akaga mehrim ortdi. Ajablanmang: bunday xatti-harakatda sodda bolalar kabi barchaning so'ziga ishonaveradigan, arazlab yuradigan, lekin alamini bir maqtov so'z, yupatish bilan unutadigan Shukur Burhonovning xarakteri namoyon bo'lgandi. Uning dovrug'i olamga taralganida ham, quvonganida, tashvishida, kundalik hayotida samimiy bolakay kabi edi.
U kishi bilan keyinchalik ko'p muloqotda bo'ldim. Lekin dastlabki uchrashuvda Shukur aka eski ginalarini eslamasmikinlar, koyimasmikinlar, suhbatlashishni istarmikinlar, degan mulohazalar, gumonlar ham yo'q emasdi.
1971 yilning 12 yanvarida «Bahor» kontsert zalida dramaturgiya bo'yicha yig'ilish bo'ldiyu, o'sha yerda - bufet yoniga qo'yilgan o'rindiqlardan birida atrofga nazar tashlab o'tirgan Shukur akani ko'rib qoldik. Yonimda hamrohlarim - yosh teatrshunos Toir Islomov va kinoshunos Boriy Hasanov bo'lgani sababli mashhur artistga yuzlanishga, salom-alikdan keyin suhbatlaridan bahramand bo'lishga jur'at etdik. Shunda Shukur aka ochiq chehra bilan bir savol berdiki, haligi gumonlardan asar ham qolmadi.
- Siz ayting-chi, Said Ahmad o'zining «Ufq» romaniga Shuhrat Abbosov bilan hamkorlikda yozgan stsenariyni o'qidingizmi? - deb so'rab qoldi Shukur aka menga qarab.
Gap «Muhabbat mojarosi» nomi bilan keyinchalik ekranlarda ko'rsatilgan badiiy filmning adabiy asosi haqida ketayotgan edi.
- Yo'q. Menga stsenariyni berishmadi. Men Shuhrat akaning sharqshunos olim P.Bulgakov bilan bitgan «Abu Rayhon Beruniy» stsenariysini o'qidim. Ba'zi qusurlari borligidan qat'i nazar durust yozilgan.
- Yaxshini yaxshi, yomonni yomon deyish kerak-da, - deya gapini davom ettirdi Shukur aka. - Said Ahmadning «Ufq» romanini kinoga moslamoqchi bo'lib shunchalik o'zgartirib yuborish kerakmidi?! Uning o'zi tayyor film-ku! Stsenariyda bachkana epizodlar bor. Ba'zilarini qabul qila olmadim. Bosh qahramon Mahkamning otasi rolini menga atashgan ekan. Eson uyimizga kelib, «Shu rolni o'ynaysan, senga kinosinov ham kerak emas!» deb stsenariyni tashlab ketdi. O'qisam, romandan asar ham qolmabdi. Ko'nmadim.
Shu payt Saodat Qobulova ashulasini xirgoyi qilib Shukur akaga yuzlandi, uni nimalar bilandir tabrikladi. Fursat o'tmay Sur'at Po'latov quloch yozib keldi... Aktyor bizga qarab fikrini davom ettirdi:
- Bilasizmi, sizga bir sirni ochay: menga rol berishganida pesa yoki stsenariyni sizga o'xshagan ikki-uch kishiga o'qitib olaman. So'ngra rolni olamanmi-yo'qmi, hal etaman.
Shukur akaning bu gapini eshitib, mening maqolamni ham «Kimgadir o'qitib olgan bo'lsalar keragu» uning ruhidan, kinostsenariysidan emas, «kimningdir» sharhidan kelib chiqib xafa bo'lganmikanlar, deb o'ylab qoldim. Bu haqda emas, suhbatdoshim tanlagan mavzuga aloqador savol bermoqchi bo'ldim:
- Shukur aka, rol puxta yozilmasa, uni sahnada, ekranda jonlantirib bo'lmaydi-ku? Nega shunday hollarda rozilik bildirasiz? Kinodagi keyingi rollaringiz ayrim o'rinlarda talab darajasida emasmikin? - deya arazchi Shukur Burhonovning izzat-nafsiga tegmaslik uchun ehtiyotlik bilan so'radim.
- Siz meni yuzxotir qilayapsiz, o'sha filmlardagi rollarim uchun koyimayapsiz, - dedi Shukur aka suhbatga jiddiy tus berib. - Aslida Aznavur polvon ham, filmdagi boshqa personajlar ham juda-juda bo'sh. To'g'risini aytavering!
- Xo'sh, bilgan ekansiz, shunday rollarni o'ynashga nega rozi bo'ldingiz?
- Komil aka (K.Yormatov) qo'ymadi. Hadeb uyimizga kelib, «Shukur, bez tebya ya film snimat ne budu», deb turib oldi. Bir gal hatto sherik muallif Mixail Melkumovni boshlab keldi. Shunda men o'sha «dyadya Misha»ga murojaat etib, «Mana bunday qilsa bo'lmasmikin?!» deb stsenariyning bir epizodiga ishora qilganimni bilaman. Shunda Melkumov, «Tы chto, toje stal pisatelem?!» deb kesatib, «xo-xo»lab kulib, masxara qilgandek bo'ldi. Keyin ularning ishiga - stsenariy yozilishiga mutlaqo aralashmay qo'ydim. Komil Yormatov esa, «Hech qachon men stsenariyni aynan ekranga ko'chirmaganman. Suratga olish maydonchasida, montajda, ovoz yozishda u o'zgaraveradi. Zo'r bo'ladi pirovardida» deb meni qistayverdi. Har gal suratga olish joyiga zo'rma-zo'raki borardim.
Bu suhbatdan keyin biroz fursat o'tdi. Shukur akani yana ko'rgim, kuyunib aytadigan hikoyalarini eshitgim keldi. O'ylab qo'ygan savollarim yo'q ediyu, Shukur aka bilan bog'liq voqealarni tushunib yetishni istardim. Chunonchi, nega Qorabotirni o'ynashni istamagan? Aktyorning ekrandagi eng zo'r roli bo'lgan-ku! Nega Otelloni o'ynamagan! Pesani qo'yishga qodir bo'lgan Mannon Uyg'ur, Yetim Bobojonov kabi yuksak madaniyatli rejissyorlar bo'lgan-ku! Ikkinchi darajali rollarni o'ynashga qodir bo'lgan, bu borada bir-biridan o'tadigan aktyorlar ham bo'lgan-ku!.. O'sha damda sahnaga kirib kelgan yoshlar Shukur akaga ma'qulmikin? Bu haqda tajribali aktyorning o'zi mening qistovimsiz mulohaza qilishini xohlar edim.
Bir gal xonadoniga namozshomdan keyin boribman. Eshikni uzoq taqillatdim. Bir-ikki daqiqa o'tgach, eshik yonidagi uyning derazasida shu'la paydo bo'ldi. Ovoz eshitildi:
- Hamidullamisiz?.. Mana kalit, ko'cha eshikni ochib kiravering!- dedi Shukur akaning umr yo'ldoshi Shakar opa bir shoda kalitni uzatib.
Qorong'ida eshikni arang ochib, hovliga kirsam, men yo'qlab kelgan odam ayvonda o'tiribdi, xijolat bo'ldim. Bevaqt kelibman. Yotgan odam kiyimini omonatgina kiyib, meni kutib o'tirsa, mehmonni haydayolmay suhbatda ishtirok etishga majbur bo'lsa... Shukur aka buni sezdi, chamasi, samimiyat bilan so'zlay ketdi:
- Otelloni o'ynagin, Shukur, deb qo'yishmayapti. Abror Hidoyatovdek aktyor o'ynagan-a! Qiyib qo'ygan rolni. Dramaturgiya ham bir edi, unga loyiq rejissura ham. Og'a (M.Uyg'ur) matn ustida qattiq ishlardi. Aktyorlarni ham shunga o'rgatardi. Uch yarim oy davomida «Gamlet»ni Mannon Uyg'ur bilan birga o'qiganmiz. Stol atrofida aktyorlar o'tirar, asar o'qilar, har bir jumlaning mag'zi chaqilardi. Bunday olib qaraganda, - deydi Shukur aka dasturxondan non ushog'ini terib olib, og'ziga solarkan, - yutib yuborganmiz pesani. Gamletni Abror Hidoyatov ham o'ynadi. Men ham kuchimni sinab ko'rdim. O'zimcha idrok etdim. Lekin ikkimiz ham Gamletning tentak, telba bir shaxs sifatida ko'rsatilishiga qarshi edik.
- Shukur aka, siz bir vaqtlar o'ynagan rollarni endilikda yoshlar o'ynamoqda. Ularni ko'rib, ko'nglingiz to'ladimi?
- Iste'dodli yoshlarni ko'rib, quvonaman. Biri Narimon Latipov! U mening «nonimni yarimta» qilishi mumkin edi. Hamisha men bilan yurardi. Afsus, yosh ketdi. Turg'un Xonto'raevning izlanishlarini kuzatib boraman. «Shoh Edip»dan unga rol berish taklifini kiritdim. O'ynayapti. Xuddi shu rolni Sa'dixon Tabibullaevga bermoqchi bo'lganimizda, u hatto matn bilan tanishmay turib, «Yo'q, bo'lmaydi, menga to'g'ri kelmaydi» deb, rozi bo'lmagan edi. Endi sahnada T.Xonto'raev ijrosini ko'rib, afsuslanib yuribdi. «O'ynasam bo'larkan, yaxshi rol ekan», deb qayta-qayta aytdi. Lekin xunob bo'ladigan vaqtlarim ham bo'ladi. Bir aktyor bir kunda o'n soat uxlar ekan. Ajabo, u qachon o'ylaydi, matn ustida ishlaydi, mizansahna haqida bosh qotiradi, qachon sherik personajlar bilan aloqa o'rnatadi?! O'n soat uxlaydigan kishi hech qachon aktyor bo'la olmaydi. Yoki shunday aktyorlar bor, o'zbek tilini bilmaydi. Teatrimizda ham shundaylar yo'q emas. Bu qanday gap?! Aktyor hamma narsaga o'zini uraverishi kerak emas. Sahna, mashq, jismoniy harakat bilan shug'ullanish, o'zini rolga tayyorlash aktyorning birinchi galdagi vazifasi, deb bilaman. Ba'zi aktyorlarga ichki intizom zarur. Ortiqcha yema, ortiqcha uxlama, vaqtni bekorga ketkazma, deging keladi. Bundaylar bilan birga spektaklda qatnashmayman. Men siz bilan o'ynay olmayman, falonchi o'ynay qolsin, deb o'ziga aytaman.
Shukur aka bilan so'nggi marta uchrashganimizda ham ayvonda xuftongacha suhbatlashib o'tirdik. Ketgim kelmas edi. Mezbonni charchatib qo'yishni ham istamasdim. Fotihadan keyin meni kuzatayotgan Shukur aka:
- Yoshing ulg'ayib, borgan sari kinoga ko'proq tushging kelar ekan: tasmada qolasan-da! Yana uch-to'rt yil o'ynasam o'ynarman-da. Kecha Moskvaning bir gazetasini olib kelib berishdi. Unda meni juda katta rus aktyorlari bilan bir qatorda maqtashibdi-da, bunday iste'dodlar uchun ataylab stsenariylar yozilishi kerak, deb yakun yasashibdi. Balki to'g'ridir? Yozish kerakdir?
Bunday stsenariy yozilmadi. Afsus...
"Ma'rifat" gazetasidan olindi.
Обновлено 20.06.2010 09:41
Просмотров: 669
Категория: San`atkorlar haqida...
Necha avlodning bolaligi Saodat Qobulovaning «Alla»sini eshitish bilan o'tgan. Xonanda ijro etgan «Dugoh», «Ko'ngil», «Qalamlar» esa hanuz muhabbat ahlining yurak so'zlari bo'lib yangrab kelmoqda. Saodatxon qo'llariga likopcha olib ochiq chehra bilan «Dugonalar»ni ayta boshlaganlarida esa xonadonlari, dala shiyponi, mehmonlarga yozilgan dasturxon atrofi bir-biridan go'zal, bir-biridan sho'x raqqosalar, xonandalar va san'at shaydolari - mehr-oqibatli dugonalar bilan jamuljam bo'lgan.
Men ham o'sha voqealarning ko'p guvohi bo'lganman. Qo'shig'i, ijro texnikasi bilan barchani o'ziga maftun etgan bu san'atkor o'z uyida mehmondo'st mezbon, shirin so'zli pazanda sifatida ham kim kelsa oldiga to'kin dasturxon yozar, unutilmas daqiqalarni tilga olib, lazzatli taomi bilan mehmon qilardi. Osh damlab dasturxonni bezaganlari, shogirdlariga «menga qaramang, ritmga, nafas olishingizga ahamiyat bering», deb kuyunib mashq qilishlari, so'lim soy bo'yida aytgan kuylarini xirgoyi qilib yurishlarini ko'rganmiz. Xonandaning noyob ovozi, mukammal ijro texnikasi va artistlik mahoratiga maftun edik. Uning yana bir fazilati bor edi: u o'ta talabchan bo'lib, estetik didi nozik edi. Shu bois repertuari rang-barang, qo'shiqlari bir-biridan go'zal, ta'sirchan bo'lgan. Bu haqda Saodat opaning o'ziga aytganimda, «Mening emas, bastakorning, musiqaviy she'rlarni yozganlarning badiiy didiga qoyil qolish kerak», deb javob berardilar va so'zlarini qo'shiq qilib aytib, zarur deb bilgan so'zlariga urg'u berib, so'ngra ularni izohlardilar ham. Bir gal suhbatda: - Eshitib ko'ring, men hozir chizadigan manzarani tasavvur etib ko'ring. Soddagina misralarning o'zida ohang bordek. Ularda chuqur ma'no yashirin. O'tmishda sevikli yori visoliga yetisha olmagan oshiqning dardi bir-biriga mos kelgan kuy va so'zda ifodasini topgan, dedilar-da, qo'llaridagi kitobni chertib kuylay boshladilar:
O'choq boshida qumg'on,
Atrofi baland qo'rg'on,
Ko'ngil bergan yorimni
Ko'rolmasdan bag'rim qon.
Xalq ijodi mahsuli bu. Bastakorlar ilhom parisi bilan uchrashgan damlarda paydo bo'lgan lirik taronalar, katta dramatik kuchga ega bo'lgan sadolar, keyinchalik, qo'shiqqa aylangan hollar, ular sahna yoki ekran asariga singib ketgan vaqtlar kuy bo'lgan, - hikoyalarini davom ettirdilar Saodat opa. - Katta zalda majlis ketayotgan damda yonimga To'xtasin aka (T.Jalilov) keldilar-da, qulog'imga shivirladilar: «Saodatxon, mana bu kuyni eslab qoling. Mening yodimda qolmaydi. Keyin notaga yozarmiz», - deb xirgoyi qildilar. Ertasiga o'sha kuyni notaga muhrladik. «Ey, fig'on» deb atalgan musiqa shu tarzda paydo bo'lgan va «Nurxon» musiqali dramasida necha o'n yillar davomida yangragan. Men ham uni bajonidil aytib yuraman.
Ustozlarim talabchan bo'lgan. Xalq hofizi Jo'raxon Sultonov «Iste'dod kunda uchrayvermaydi. U yetishib chiqishi uchun yillar, o'n yillar kerak. Shunda uni sezmay, ko'rmay, qadrlamay qolmanglar», derdilar. Shunday shaxslar orasida bo'lganman. Ularning biri hofiz, ikkinchisi sozanda, uchinchisi musiqa, vokal san'ati professori edi. Ulardan talabchanlikni, mezonni yuqori ushlashni o'rganganman.
- Siz tilga olgan san'atkorlarning ko'pchiligi ashula aytmagan. Ba'zilari ashula aytishni umuman bilmagan. Lekin ularni xonandalar ham, raqqosalar ham, sozandalar ham «ustoz» deb tilga olishadi. Masalan, xalq artisti Usta Olim Komilov doirani zo'r chertganini bilamiz. Lekin u baletmeyster sifatida mashhur raqslarni sahnalashtirgan. O'zi yangi raqslarni yaratgan va bu san'ati bilan Londonda bo'lib o'tgan raqs festivalida sovrin olgan. Uning doirasi zarblarini so'z bilan ta'riflab bera olasizmi? - deb no'noq savol berdimu, ammo ritmni, pauzani, cholg'uning nolasini, shiddatli tovushini aytiladigan iborada, jumlalarda ifoda etish mushkul-ku, deb o'ylab qoldim.
- Ustoz Usta Olimning qo'lida doira bamisoli sayrab ketar edi. Hatto poezdning yurishini ham doirani chertib bizga eshittirar, ko'rsatar edilar. Inson xarakteriga mos keladigan doira zarblari qanday balandlikda, qanday maromda yangrashi kerakligini bilardilar. Usta doiradan nafis ovozlarni bamisoli tortib olardilar-da, ularga mos keladigan harakatni raqqosa bilan birga topardilar. Hayratga tushardim: bir chekkada o'tirib yoki tikka turib sehrli doiralarini goh ko'ksilariga bosib, goh baland ko'tarib, goh o'ng, goh chap tomoniga olib, maza qilib chalar edilar. Bir-ikki mashqdan so'ng raqqosaning harakati ham, raqsning umumiy kompozitsiyasi ham ko'zga tashlanardi-qo'yardi. Men ustadan, Abduqodir naychidan, Orifxon Hotamovdan ritmni, musiqaning yangrash maromini his etishni o'rganganman.
Moskvaga o'qishga borganimda ham musiqashunos olimlar bizga har bir cholg'uning imkoniyatlari haqida hikoya qilar edilar. Gaboy nima? Fleyta nimalarga qodir? Klarnet-chi? ... Bu cholg'u asboblarini sayratadiganlarning o'zi ma'ruza qilishi bizda qiziqish uyg'otar edi, - deb xotiraga berilgan xonandani gaboyning tovushi o'sha suhbat damlariga qaytardi.
Muloqotimiz konservatoriyaning yangi, hashamatli binosida, professor S.Qobulovaning mashqxonasida bo'layotgani sababli goh yosh xonandalarning qo'ng'iroqdek ovozi, goh g'ijjakning nolasi, goh skripkaning mayin tovushi eshitilib qolardi. Bir payt Saodat opa:
- Tinglang, kimdir gaboyni chalyapti. Uning tovushi qanchalik rang-barang! - deb qoldilar. Kuyni biroz tingladik. Kimdir skripkada mashq boshladi. Suhbatdoshimiz unga e'tiborimizni qaratdi.
- Skripkaning torlari juda nozik-da! Kompozitorlar unga atab qanchadan-qancha kuylar, katta-katta musiqa asarlarini yaratganlar! Birgina «Oqqush ko'li» baletida Odetta-Odillyaning iztiroblarini ta'riflashda skripkaga atab yozilgan ta'sirchan musiqaning xizmati qancha?! Xoreografiya imkoniyatlari, balerinaning harakati bir maqsadga - ishq o'tida yongan, bevafoligini ko'rib azob chekkan, pirovardida chin sevgi his-tuyg'ularining tantana qilishiga ishongan «Oqqush ko'li» baleti qahramonining holati, avvalo, librettoda, musiqada o'z ifodasini topgan. Bunday asarlarni ko'rish, tinglashdan maqsad faqat zavq olish emas. Bunday jarayon estetik didni tarbiyalash uchun xizmat qiladi. Go'zallikdan oziq olish, ularning qadriga yetish uchun ham bu kabi mumtoz asarlardan bahramand bo'lish kerak.
- Saodat opa, skripka haqida so'zladingiz. Unda o'zbek kuylari ijro etilishiga qanday qaraysiz? Tabiiyki, men kompozitorlarimiz skripka uchun ataylab bastalagan musiqaning ijrosi haqida emas, xalq kuylarining skripkada ifodasini nazarda tutmoqdaman. Yaqin o'tmishda orkestrdan tanburni olib tashlashga bo'lgan urinishlarni eslaysizmi? Dutorni qayta ishlashni talab etganlar ham bo'lgan. Maqomni «Saroy musiqasi» deb tan olmaslik hollari-chi?
- Xudoga shukr, o'sha qora kunlar asoratidan qutuldik. Mulla To'ychi hofizning jiyani, soz ustasi, ijrochi Abdumutal Abdullaev sevgan cholg'usi - tanburni ko'tarib yurishga imkon ololmas edi. Ijro u yoqda tursin, tanburni cholg'uchilar ansamblidan olib tashlashgan. G'ijjakning o'rnini ham hech bir soz bosa olmaydi. G'ijjakning shakli, kamonchasi, ovozi o'zgacha! Sozanda, bastakor G'anijon Toshmatovning qo'lida g'ijjakning nozik torlari sayrab ketardi. Ota-bobolarimizning dilkash do'sti bo'lgan bu torli cholg'uga bag'ishlangan she'ru dostonlar mavjud.
- Bularni bilish, qadriga yetish uchun tinglovchilarning musiqiy savodini kuchaytirish haqida o'ylash kerakmikin? Jiddiy musiqadan bahramand bo'lmayotganlar oz deysizmi? Konservatoriyaning zallariga tashrif buyurayotganlarning miqdori o'sishi, sifati o'zgarishi uchun o'qib yurganlarida - maktab, litseylardan tashqari oliy o'quv yurtlarining gumanitar fakultetlarida ko'hna va buyuk san'at - musiqa haqida chuqur tushuncha berish, shunday asarlarni tinglashni qabul qilishni va ularni tahlil qilishni o'rgatish kerakdir?!
- Musiqa estetikasi bilan barcha - yoshu qari tanish bo'lishi kerak. Buning uchun o'quv yurtlari bilan birga kompozitorlarning imkoniyatlaridan foydalanish mumkin. Sulaymon Yudakov va Muxtor Ashrafiy o'z asarlarida («Maysaraning ishi» operasi, «Nasriddinning yoshligi» baleti, «Dilorom» operasi) xalq kuylaridan keng foydalanganlar. Ma'lum va mashhur ohanglar operaga, baletga moslab qayta ishlangan. Bundan maqsad tinglovchini, tomoshabinni akademik teatrga taklif etish, tanish musiqa ko'magida bu san'atning sintetik ko'rinishlari bilan tanishtirish bo'lgan. Shu bois mazkur asarlarni badiiy-estetik qiymati bilan birga ma'rifiy ahamiyatini ham tilga olish zarur, deb o'ylayman.
Ustozlarim, tengdosh hamkasblarim asar yaratish, ijrochilik san'ati bilan shug'ullanar, shu bilan birga musiqaning turli janr, ko'rinishlarini tinglovchilar, ayniqsa, yoshlar orasida keng tarqatish yo'llarini izlardilar. Hozir - mustaqillik davrida bunday faoliyat samara berishi uchun qulay sharoit yaratildi. Yaqin o'tmishda esa tanilgan hofiz va bastakorlar, sozanda hamda kompozitorlar xorijga safarga chiqish og'irligini bilib, uy sharoitida bilimlarini oshirish yo'llarini izlardilar. Jo'raxon Sultonov hofiz, dong taratgan tanburchi-sozanda bo'lish bilan birga, arab va fors tilini mukammal bilgan, etnografiya, poeziya, musiqiy merosni tadqiq qila olgan. Xushovoz hofiz Boborahim Mirzaev raqqosa Mukarramaxon Turg'unboeva bilan «Tanovar» ustida maroq bilan ishlaganini ko'rganman. Bu raqsni Mukarramaxon opa umrbod tomoshabinga hadya etib keldilar.
Saodat opaning bu kabi hikoyalariga to'ymaganman. Ularning izidan musiqa qasri - konservatoriyaga, yuksak san'at dargohi - opera va balet teatriga tez-tez borgim kelardi. Bir gal shunday bo'ldi. Kamera bilan qurollanib, xonanda tushgan avtomobil ketidan bordim. Yo'l yurib, ufq tomon cho'zilgan yaylovga yetib keldik. Atrofga ko'm-ko'k gilam to'shalgandek. Sarvqomat teraklarning bargi shamolda tinimsiz titraydi, bir-ikkisi zahri ketmagan ko'klam nafasiga bardosh berolmay nozik novdalarni tark etar, o'ynab-o'ynab zaminga - yer bag'riga tushardi. Qor uyumlari erib bo'lmagan, izg'irin shamolga bir manba bo'lib qolgandek, yaylovning bir chekkasi uncha keng bo'lmagan qishloq yo'liga taqalgan. Xuddi o'sha yerda Saodat opa tushgan yengil avtomobil to'xtadi. Uning eshigi ochilganida «Dugoh»ning ta'sirchan misralari, lirik sadolari yaylov uzra yangray boshladi. Avtomobilning issiq salonidan chiqib shamolga yuzini tutib turgan, ko'm-ko'k yaylovda o'ychan bir holatda yurgan Saodatxon o'zining muborak yoshida qo'shiq shaydosi bo'lgan sho'x qizaloqni eslatardi.
Avtomobilning salonidan atrofga taralayotgan sho'x qo'shiqni xonandaning o'zi ham zavq ila tinglardi. Tabiat og'ushidagi xonanda o'zi ijro etgan qo'shiq «jo'rligida» xotiralarini titkilayaptimikin?! Yaylovni kesib o'tgan anhorning shovqin solib oqayotgan suvlari o'sha jo'shqin damlarni eslatadi. Saodat yalangoyoq chopib yurganida o'zi mehr qo'ygan Norin daryosining sohillarida jajji izlarini qoldirgan edi. Zilol suv Tyan-Shan etaklaridangina emas, Saodatxonning yoshligidan, bolaligidan ham hayqirib oqib kelmoqda edi.
Saodat Qobulovaning ochiq chehrasida ma'yus kayfiyat alomatlari seziladi...
Uchrashuvlarimizning so'nggisi shu bo'lgan ekan. U yoshligi, ona zamin, do'stlari bilan shu tarzda vidolashgan ekan...
"Ma'rifat" gazetasidan olindi
Обновлено 20.06.2010 09:34
Просмотров: 656