Категория: Konsertlar Автор: Baxtiyor Rasulov

Xabaringiz bor O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist Sardor Raximxon 12-13 May kunlari Qashqadaryo viloyatida 3 yillik sog’inilgan konserti bilan mehmonda bo`ldi. 12 May G’uzor tumani markaziy stadioni hamda 13 May Qarshi shahri stadionlarida bo’lib o’tgan konsert aytish joizki kutilgandanda ziyoda o’tdi. Liq to’la stadionlar, muxlislarning birgalikda qo’shiq kuylashlari, xaqiqiy bayramona kayfiyat, o’yin kulgi xamda Sardor Raximxonning eng sara qo’shiqlari bu ikki kunni unutilmas o’tishini ta’minladi. Konsertda taniqli so’z ustasi Shukurullo Isroilov xamda Sardor Raximxonning shogirdlaridan Mustafo hamda Ja’far ishtirok etishdi. Konsertda sog’inilgan xit qo’shiqlar bilan birgalikda bir nechta premera qo’shiqlar ham ijro etildi. 2 soatdan oshiq davom etgan ushbu gastrol safarini haqiqiy ma’noda omadli hamda muvaffaqiyatli kontserlar deya atash mumkin. So’zimiz isboti konsertlardan olingan eksklyuziv fotosuratlarda.




lang= /
lang= /
Обновлено 16.05.2012 21:52
Просмотров: 17
Категория: Konsertlar Автор: Baxtiyor Rasulov

Iyun konsertlarini birinchi bo`lib O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Og`abek Sobirov boshlab beradi. Uning bu galgi dasturi mutlaqo jonli ijroda bo`lib hozirdanoq bu muxlislarni qiziqtirayotgani aniq. Ayni paytda xonanda tayyorgarlik ishlarini boshlab yubordi. Xonandaning o`zi bu yilgi dasturini to`rt kunga mo`ljallagandi, ammo tashkilotchilar tomonidan olti kun qilib belgilanib reklama qilinayotgan dasturning qay darajada o`tishini kuzatamiz.

Tinim bilmay yangi qo’shiqlarini taqdim etayotgan Alijon Isoqov nihoyat yangi konserti haqida xabar berdi. Og`abekdan keyin ikki kun mobaynida siz uning “Istiqlol” san’at saroyida bo’lib o’tadigan “Siz kelmadingiz” nomli konsert dasturiga tashrif buyurishingiz mumkin bo’ladi. Alijon Isoqovning aytishiga qaraganda bu dastur o’tgan yillardagidan mutlaqo farq qiladi. Nimasi bilan ekanligini o’zingiz ko’rasiz. Konsert arafasida esa xonandaning “Nargiza”, “Iltimos” nomli qo’shiqlarini tinglaysiz.

Xonanda Farhod Saidov ham iyun oyida konsert berishini ma`lum qildi. Konsertning jonli ijroda bo`lishi haqida xabarlar yo`qkuya lekin “Sarbon” guruhi har kuni jonli ijro ustida ishlashyapti. Balki bu boshqa yangilik uchundir. Lekin nima bo`lganda ham bu guruhning ilk konserti muxlislarni qiziqtirishi hech gap emas. Shuning uchun ular original jihatlarga katta e`tabor qaratishyapti.

Kutilmaganda yosh xonanda Sardor Mamadaliyev ham iyun oyida konsert belgilagani haqida eshitdik.“Seni hech kim sevolmaydi meningdek” deb nomlangan konsert iyunning qoq o`rtasiga belgilandi. Yana ikki kun. Nima ham derdik, axir u ham samarali ijod qilishga intilyapti. Tez orada esa uning “Oqibatli odamlar” nomli yangi qo’shig’ini tinglaysiz.
Boshqalarni qo`yingu ammo O`lmas Olloberganovning konserti xabari ko`pchilikni xursand qilishi tabiiy. Negaki, 5 yildan buyon “Istiqlol”da konsert berishini e`lon qilayotgan xonanda nihoyat shu yilning iyun oyi yakunida o`z jonli dasturini muxlislariga havola etadi. Ana endi maydondagi mard qo`shiqchilarga baho berish fursati yetdi. Jonli ijrodagi xonandalardan kimlarniki zo`r bo`lganligini baholash ancha qiziq bo`lsa kerak. Har holda asl san`atga ishqibozlik boshqacha bo`ladi-da!
Albatta bu konsertlar safiga hali yana kimlarningdir konserti qo`shilishi mumkin. Bu haqida albatta xabar berib boraveramiz. E`lon qilingan konsertlardan kimniki qiziqarli va yaxshiroq bo`lganligini ham sizga yetkazishga harakat qilamiz. Zero, shunga qarab san`at olamida kim qanaqa harakat qilayotganini baholash mumkin bo`ladi. Ungacha kuzatishda davom etamiz.
Обновлено 30.04.2012 19:43
Просмотров: 112
Категория: Konsertlar Автор: Baxtiyor Rasulov

29-30 mart kunlari Xorazmning iste’dodli yosh xonandalaridan biri Bunyodbek Saidov o’zining navbatdagi ikki kunlik konserti bilan muxlislarini xursand qildi. Navro’zbek Sobirovga nisbatan anchagina yuqori pog’onaga chiqib olgan yosh xonanda har yili konsert beradiganlar safiga qo’shilib olganining o’zi katta baxt. Jur’at bilan shu ishni qoyillatayotgan ekan, unga tasanno aytish kerak. Axir uning yoshida balki undan katta yoshli xonandalarning ham kamdan kami bu ketma-ketlikni ushlab qola olyapti. Ochig’i, Bunyodbekning bu yilgi dasturiga yaxshi tayyorgarlik ko’rilganini sezish qiyin emas. Negaki, bu yil uning san`at olamiga qadam qo`yganiga o`n yil to`libdi. Uning sahnadagi erkin harakatlari, odob qoidalaridan chetga chiqmagani va liboslar masalasida ham did bilan ishlaganligi san’at olamida uzoqni ko’zlaganidan darak beradi. Xonanda to’rt xil libos bilan muxlislariga ko’rinish berdi.Konsert dasturida 24 ta qo’shiq ijro etildi.
Konsertning eng kulminatsion nuqtalari:
29 mart kun konsertda bir muxlis Bunyodbekning qo’liga bir she’r tutqazib shu she’rni qo’shiq qilishini so’raydi. 30 mart kuni konsertda shu she’r qo’shiq qilib jonli tarzda kuylandi. “Lo’ppi-lo’ppi” deb nomlangan ushbu qo’shiqni keyinchalik studiyada yozib albomida muxlislariga taqdim etishini xonanda sahnada va’da qildi.
Uchinchi bo’lim boshlanishidan oldin Zokir Ochildiyev yana navbatni Bunyodbek Saidovga beramiz, deya e’lon qildi. Sahnada esa hech kim yo’q edi. Ulgurolmapti, sal cho’zib turishi kerak edi, degan gap-so’zlar boshlanishi bilan zalning muxlislar kiradigan eshik tomonidan tor va doira ovozlari yangradi. Yosh xonanda tor, doira, raqqosa qiz, surnay jo’rligida zalni aylanib hech qanday mikrafonsiz va ovoz kuchaytirgich moslamalarsiz qo’shiq kuylab chiqa boshladi. Bu odat ilgari ustoz san’atkorlar davrida bo’lganligini barcha e’tirof etdi. Olqishlar va e’tiroflar. Yosh xonandaning shunchalik jur’ati ko’pchilikda yaxshi taassurot qoldirdi.
Keling, endi shu xonandani sizga yaxshilab tanishtirib o’tamiz.

Bunyodbek Saidov
1986 yil 30 iyun kuni Xorazm viloyati, Urganch shahrida tug’ilgan. Urganch shahridagi 16-sonli o’rta maktabni tamomlagan.
2002 yilda “Navro’z keldi elimizga” qo’shig’i bilan ijodiy faoliyatini boshlagan. Shu yildan boshlab viloyatda o’tkazilib kelinayotgan ko’plab tadbirlarning faol ishtirokchisi.
2006 yilda ilk konsertini Urganch shahrida, Ogahiy nomidagi musiqali teatr binosida namoyish etgan.
2008 yilda “Nihol” davlat mukofoti sovrindori.
Oilada yagona farzand. Uylangan, nikoh marosimi 2011 yil 16 may kuni bo’lib o’tgan.
Bugungi kunda Urganch davlat Universiteti “Iqtisodiyot” fakultetining 3-bosqich talabasi.
Poytaxtdagi ilk konserti 2010 yil “Turkiston” saroyida bo’lib o’tgan. 2011 yilda esa “Istiqlol” san’at saroyida navbatdagi konsertini taqdim etgan.
Baxtiyor Rasulov
Обновлено 31.03.2012 10:08
Просмотров: 66
Категория: Konsertlar Автор: Baxtiyor Rasulov

Bu yilgi konsert dasturi Nazarbekovning deyarli barcha konsertlaridan yaxshi bo’ldi. Endi-endi Ozodbekka yarashadigan konsert formasi topildi, desak umuman yanglishmagan bo’lamiz. Hazillar, so’zlarning adashmasdan aytilishi, ssenariyning odamlarga xush keladigan tarzda bajarilishi, sahnaning sahnadagilarga mos ravishda qurilishi, monitorlardan oqilona foydalanish, suratga olish ishlari va ularning monitorlar bilan bog’liqligi, qo’shiqlarda yuzaga kelgan o’zgarishlar, Nazarbekovning o’zini erkin tutishi, muxlislarning olqishlari... barcha barchasi ha bu san’atimizning birinchi raqamli xonandasiga xos voqelik deb xulosa chiqarishga yetarli bo’ldi. Ochiq aytish kerak, ilgari yuzaga kelgan kamchiliklar borasida bir necha marotabalab fikrlar bildirilganiga qaramay o’zgarishlar juda kam bo’lardi. Ammo bu gal hammasi boshqacha... Zalga kirishingiz bilan shu ruhiyat seziladi. Keling, cho’zilib o’tirmaymizda, barchasini boshidan boshlaymiz...
Sahna
Belgilangan vaqtda konsert boshlandi. Pardalar ochilishi bilan nigohimiz sahnaning aynan shu konsert uchun mutlaqo o’zgartirilganligiga guvoh bo’ldi. Ya’ni sahna oldi ochilib, pastki tomonlaru, sahna ustigacha barchasi ulkan monitorlardan tashkil etilgan dekoratsiya bilan bezatilganligini ko’rasiz. Albatta, xorijda ham asosan monitorlar orqali konsertlar ko’ngildagidek o’tayotgan bir mahalda bizda ham Nazarbekov konserti tashkilotchilari shu narsani yo’lga qo’yish kerakligini his qilishgani quvonarli. Keyin “ming yillik” “Istiqlol” san’at saroyi sahna tepasiga ramziy ma’noda ulkan “lyustra” o’rnatilganligi ham tahsinga sazovor. Axir bu suratga olish chog’ida, turli effektlar bilan Ozodbekning konsertini juda boy tarzda suratga olinayotganligini bildirib turdi.
Liboslar
Xonanda bu gal uch xil libosda namoyon bo’ldi. Birinchisi to’q qizil vilvit matodan tikilgan kostyum va qora shimda, ikkinchisi milliy do’ppi naqshli yopinchiq ichida xuddi shunday rang va naqshli nimcha, uchinchisi qora kostyum shim va yaltiroq nimcha. Ular orasidan ikkinchisi och jigarrang libosning tikilish usuli xonandaga biroz yarashmaganligini aytmasa boshqalariga gap yo’q. Yana bir tomondan Nazarbekov bu liboslarning har biridan oqilona foydalana oldi.
Dastur
Rejissyor Sa’dulla Abdullayevning bu gal haqiqatan katta tayyorgarlik qilgani seziladi. U “Ozod-shou”da qilgan o’zgarishlarini “Istiqlol”da yanada yuqori ko’rsatkichga olib chiqa oldi. Ya’niki, uzilishlar yo’q, boshlovchilar va teatrlashtirilgan sahnalarning ham joy joyida ekanligi va ekranda namoyish etilayotgan har bir tasvirlarning alohida mazmunga ega ekanligi, qumda chizilgan suratlaru, sahnaga olib chiqilgan rekvizitlargacha barchasi tomoshabinning yuragidan joy oldi.
Ayniqsa, Ozodbek Nazarbekovning 2050 yildagi qarilik ko’rinishi, Erkin Komilov, G’iyos Boytoyev, Mirzabek Xolmedovlarning keksayib qolganidagi aksi va Rayhonning 2050 yildagi holati zaldagilarni kulgudan to’xtatib qola olmadi. O’sha yilda go’yo Nazarbekov bir yillab konsert beradigan darajada tasvirlanadi va Rayhon undan bir kungina bo’sh kun qolsa ham o’z konsertlarini berib olishini iltimos qiladi. Yosh iste’dodlar orqali parodiya qilingan san’atkorlarning ovozlari aniq o’xshagan. Harakatlar va ko’rinishlar ham.
Ozodbek Nazarbekov
Mutlaqo boshqa xonanda sahnaga chiqib olgan desak ham ishonavering yoki rostmana Ozodbek. Hayotda uni yaqindan bilganlar jiddiyligi va quvnoqligini bir xilda ushlay oladigan inson deya ta’rif berishganidek, sahnada u bu gal xuddi shunday namoyon bo’ldi. Erkin harakatlar, zavqqa to’lib kuylash va so’zlarning muxlislarga yetib boradigan tarzda ifodalash... Demak, ishonish mumkinki, keyingi yillarda yanada boshqacha bo’ladi.
Qo’shiqlar dasturi
20dan ortiq turli yo’nalishdagi qo’shiqlar ichidan faqat bitta eski qo’shiq ijro etilib, u ham yangi musiqiy sayqaldaligi bilan tinglovchilarni o’ziga tortdi. Esda qolgan qo’shiqlar sifatida “1,2,3”, “Onamning xotirjamligi”, “Vatanning musaffo osmoni”, “Dadajon” va yana ko’p ijrolarni aytish mumkin. Eng muhimi qo’shiqlarning ko’pi sho’x bo’lib, raqsbopligi bilan zaldagilarni o’ynashga majbur qildi. Kontsert dasturi “Yoronlare” qo’shig’i bilan yakunlanadi.
Dasturda Nazarbekov shogirdi Alisher Fayzdan olgan maslahatini tomoshabinlarga aytib berdi va sababini aytganidan so’ng, barcha raqsga tushib ketdi. Bu esa xonandaning bu yilgi dasturi yil konsertiga da’vo qilishi haqidagi fikrlarni ilgari surib o’tdi. Shunday bo’ladimi, yo’qmi bunisi endi kuzatuvlarimiz hal etadi.
Baxtiyor Rasulov
p class=
Обновлено 28.04.2012 13:58
Просмотров: 263
Категория: Konsertlar

Navbatdagi hisobotimiz bu yilgi konsertlariga qaratiladi. Xo’sh, bu yil kimlar konsert berdiyu, ularning e’tirof etilarli jihatlari qanaqa bo’ldi. Demak, shular haqida...
Yanvar
21-25 yanvar kunlari Gulsanam Mamazoitovaning "Oshiqlar” nomli konserti muxlislarga havola etildi. An’anaviy konsert. Konsertning eng esda qolgan jihati Gulsanamning balkondagi muxlislari oldiga chiqib borgani va ular oldida ham qo’shiq kuylagani bo’lgandi. Hatto u o’sha yerda turib sahnadagi Mirzabek Xolmedov bilan duet ham kuyladi. Qolaversa, balkondagi muxlisasiga “Gulsanam2011”deb yozilgan oltin to’g’nog’ich ham sovg’a qildi. 5 kun konsert davomida 5 ta muxlisga ana shunday oltin to’g’nog’ichlar sovg’a qilingan. Shu konsertida Gulsanam keksa kirakash haydovchi Anvar otaga gul taqdim qildi.
Shu oy konsertlari safida endigina tanilayotgan Farhod Fayzning yakkaxon konsertini kuzatishga muvaffaq bo’lindi.
Fevral
11-14 fevral odatga ko’ra Rayhonning konsertlari bilan o’tkazildi. “Sevaveraman” konsert dasturidagi eng esda qolarli jihat esa Rayhonning hech qanday yordamchilarsiz akrabatika usulida yuqoriga ko’tarilgani ya’ni “uchgan”i bo’ldi. Albatta, ilk konsertidan buyon u shunaqa usullarni o’ylab topib, ularni yana o’zi amalga oshrishiga qoyil qolmay bo’lmaydi. Qolaversa, Rayhon har yilgi konsertida ko’z boylog’ichlar usulidan ham unumli foydalanadi. Bu yilgisida ham u sahnadan yo’q bo’lib qolish holatlari bilan ko’pchilikni qiziqtirdi. Sahnada mashinani yasalgani, qo’g’irchoq holatidagi ko’rinishlar ham ko’pchilikni qiziqtirgani aniq.
Fevral konsertlari ro’yxatida “Bolalar” guruhi sardori Tohir Sodiqovning ham yangi dasturi e’tiborga olindi. Ikki yil oldin Yura Shatunov bilan 80-yillar xitlari turkumidan konsert bergan xonanda bu gal o’z muxlislarini ko’pgina yangi qo’shiqlari bilan quvontirdi. Konsert kayfiyatiga sabab bo’lgani esa “Kel, yashaylik biz birga” nomli qo’shiq bo’ldi.
Mart
Ayollar bayrami arafasida taqdim etilgan an’anaviy “Sen aziz va muqaddassan ayol” konsert dasturi mart oyining eng esda qolarli kontserti bo’lganini alohida ta’kidlash kerak. Negaki, barcha kompozitsion chiqishlarning umumlashgan holatda, ortiqcha dahmazalarsiz va bachkanaliklarsiz o’tgani har yili uni yaxshi konsertlar safidan tushirmaydi.
Aprel
Valijon Shamshiyevning ikki kunlik “Kulganda go’zal” dasturi qiziqchilar orasida uning reytingini anchagina mustahkamlab qo’ydi. Negaki, bu yilda yakkaxon konsert bergan qiziqchilardan faqatgina Valijon Shamshiyev bo’ldi. Shunday qilib 2-3 aprelni ijodkorimiz foydasiga yozib qo’yamiz.
Ozodbek Nazarbekov bu yil 30 ga yaqin konsert taqdim etib absolyut rekord o’rnatib qo’ydi. 7 apreldan boshlangan «Kundan kun yaxshi» nomli konsert dasturining eng e’tiborli jihati sifatida Nazarbekovning “Yolg’izlik yaxshimi aziz ayollar” va imkoniyati cheklangan bolalarga atalgan “Maningdek bir bora sevilmaganlar” qo’shiqlari va ularga tayyorlangan sahna ko’rinishlarini e’tirof etish mumkin. Qolaversa, konsert so’nggida Ozodbek, Ziyoda, operachi yigit, Zoya Soy, Farrux, Jahongir Poziljonov birga kuylagan duet ham ushbu konsertning yangiligi bo’ldi.
May
Dilshod Rahmonov nihoyat o’z konsertlarini “Turkiston” saroyidan “Istiqlol” san’at saroyiga ko’chirganligini e’lon qilib oy boshida ikki kunlik dasturini namoyish etdi. Lekin konsert har yilgi Rahmonov konsertlaridan farq qilmadi.
Undan so’ng esa “Davr” guruhi o’zining ilk yakkaxon konsert dasturini namoyish etdi. Bir kunda ikki mahal bo’lib o’tgan ushbu dastur bu guruhning qanchalik muxlis yiqqan yoki yig’a olmaganini belgilab berdi. “Keragimsan” deya nomlangan dasturning eng qiziqarli jihati sahna ko’rinishlarida guruh vakillarining o’zlari ishtirok etishgani bo’ldi.
“Davr”chilar bayroqni jonli ijro ishqibozlari uchun ajoyib dastur taqdim etishni reja qilgan xonandaga topshirishdi. Ya’niki, ulardan keyin yaxshi xonanda sifatida san’at olamida tan olingan Jahongir Otajonov o’zining “Sog’indim” deya nomlangan mutlaqo jonli ijrodagi konsertini taqdim etdi. 16-17 may 2011 yilning eng fayzli va zavqli konsertini ko’rish imkoniyatini taqdim etdi. Garchi konsertda ajabtovur dekoratsiyalar, kishini hayratga soladigan sahna ko’rinishlari va duetlar kuzatilmagan bo’lsa-da, muxlislar jonli ijroning o’zidan zavqlanishdi. Jahongir dasturda uch-to’rt liboslardan ham foydalanmadi, faqatgina bitta kora kostyum-shim va original konsert.
Oradan bir kun o’tib Alisher Fayz janoblari ustozning etagidan mahkam ushlagan holda o’z muxlislarini yana “Istiqlol” san’at saroyiga chorlaydi. U ham har yili konsert berish bu reytingni bir maromda ushlash qoidasiga amal qilayotganini ko’rsatib qo’yyapti. Konsert “Yaxshiyam siz bor” deya nomlangandi. Dasturda bugun eslaydiganlarimiz “Hayot” qo’shig’ining kompozitsiyasi. “Sog’liq bo’lsa, qotgan non ham eng shirin ovqat bo’lar, belimizda belbog’ bor, yig’lasak uyat bo’lar...” Alisher barcha qo’shiqlarida shunaqa xalqona so’zlardan foydalanayotganligi bilan e’tiborda.
San’at olamida bir necha yillik tanaffuslardan so’ng ustoz san’atkor Abdulhay Karimovning ijodiy sarhisobi sifatida Alisher Fayzdan keyingi kunlarni qabul qildi. “Biz dunyoga endi keldik” deya nomlangan va oilaviy o’tkazilgan konsertda san’atkorimizning rafiqasi Marhabo Karimova va o’g’li Abdunozim ham ishtirok etishdi.
Maktab bitiruvchilari kuni o’zi uchun eng qulay kun ekanligini sezgan Jahongir Poziljonov konserti kunlari sifatida 25-29 may kunlari tanladi. “Surxon qiz” deb nomlangan dastur “Bojalar”ga xos tarzda o’tdi desak, yanglishmaymiz. Negaki, unda 10 ga yaqin yangi qo’shiq, Jahongirning 4 xil libosda ko’rinishi, Rayhon, Nigora, Ruxshona, Doston Ubaydullayev va Sirojiddinlar bilan kuylangan duetlar, Mo’min Oripov xotirasiga bag’ishlangan “Do’stim” kabi qo’shiqlari bu konsertning xotirada qolgan vositalari bo’ldi.
Poytaxt ko’chalarida to’satdan Shuhrat Dadajonovning ikki kunlik konsert taqdim etishi haqidagi afishalar paydo bo’lgani barchaga qiziq bo’ldi. Negaki, bir necha yildan buyon asta-sekinlik bilan ko’rinish berib kelgan xonandaning “Istiqlol”da konsert berishi uning endi katta ijodiy jarayonga qo’shilishni xohlayotganligini bildirardi. Dastur “Asal oyi” qo’shig’idagi kompozitsiyasi bilan muxlislar xotirasiga muhrlandi.

Iyun
“Ummon” guruhi bu yil juda katta ijodiy bosqichga ko’tarilishdi. Ularning “Istiqlol”da konsert berayotganini eshitganlar avvaliga hayron bo’lishdi, konsertdan so’ng esa hech kim hech narsa deya olmadi. Negaki, maktab yoshidagi auditoriyani “Ummon” juda yaxshi qamrab olgan ekan. Shuning sababli ham ular konsert berish uchun o’zlariga aynan 1 iyun kunini tanlashibdi. Bir kunda ikki mahal bo’lib o’tgan konsert yilning eng yoshlarbop konserti sifatida e’tirof etildi.
Oradagi tanaffuslarini o’rnini to’ldirish maqsadida Anvar Sobirov ham katta jur’at bilan ishga kirishib, shu oyda 5 kunlik konsert dasturini taqdim etdi. “Ko’zimga to’tiyo Vatan tuprog’i” deya nomlangan konsert kulminatsiyasi “Jiyda guli” seriali voqealariga asoslangan blok bo’ldi. Ayniqsa, Nargiza Abdullayeva bilan kuylangan “Nahot taqdir bizni yana uchrashtirdi” dueti muxlislar olqishiga sazovor bo’ldi.
Avgust
Bu oy nufuzli dasturlar bilan band bo’ldi. Ya’niki 20 avgust kuni “Nihol” mukofotini tantanali topshirish marosimi o’tkazildi. 28 avgust kuni Samarqandda an’anaviy “Sharq taronalari” festivali bo’lib o’tdi. Oy yakunida esa mustaqilligimizning 20 yilligi keng nishonlandi.
Sentyabr
3 sentabr kuni “O’zbegim taronasi” radiosining 10 yilligi bilan kuzgi konsertlar mavsumi boshlandi. Bu dastur oldingi “Tarona” taqdirlash marosimi kabi o’tkazilganligi bilan ahamiyatga ega bo’ldi. Ya’niki, konsertda 10 yil davomida xonandalar tomonidan kuylangan eng yaxshi qo’shiqlarga “Oltin disk” sovrini topshirildi.
Oktabr
21 oktabr kuni “Shod” guruhi ham o’zining 11 yillik yubileyini ilk yakkaxon konsert sifatida “Istiqlol” san’at saroyida nishonladi. “Sog’indim dildan” nomli dastur ham bir kunda ikki mahal o’tkazilgani bilan yodimizda qoldi. Sahna ko’rinishlaridagi voqealardan esa guruh yigitlarining milliy qo’shiqlarni jonli ravishda popuri qilib kuylashgani va shu qo’shiqlardagi zavqli raqslarni e’tirof etishimiz kerak.
Noyabr
11-12 noyabr kunlari Shuhrat Qayumov ham konsertlardagi tanaffuslariga chek qo’ydi. Konsert muxlislar talabiga binoan kuylangan qo’shiqlar bilan fayzli o’tdi. Shu sababdan ham bu dastur eng tomoshabinbop konsert ta’rifiga sazovor bo’ldi.
19-20-21 noyabrda barchani “Istiqlol”ga Lola chorladi. “Senga” konserti Lolaning bu yildan unumliroq foydalanib qolishga intilganini isbotladi. E’tiborli jihat sifatida Lolani sahnada eng uzun yubka hosil qilganini, Shoxruhxon va Sardor Rahimxon bilan kuylangan duetlarini aytish mumkin. Ayniqsa, Shoxruhxon bilan kuylangan duetda hamma joy qip-qizil gullarga to’lgani va ikki duetdoshning ham qizil kiyinib olgani tomoshabinga zavq ulashdi.
23-24 noyabr kunlari navbatni Ziyoda o’ziga so’rab oldi. “Sodda qiz” konsertidagi 9 ta katta monitorlar, Ziyodaning oq royal ichida tepadan tushib kelgani, Umida Mirhamidova bilan dueti, “Koko Jambo”, “Makarena”, “Tambov chiki-chiki”, “Ay layk ze moved-moved” popurisi, yakundagi turli millat raqqoslarining qorishiq raqslari, sirk janglyorlari, olov purkovchilar chiqishlari tomoshabinga ma’qul keldi, deya olamiz.

Noyabr konsertlarini “Surxon” guruhi 26-27 noyabr kunlari bo’lib o’tgan konserti bilan yakunladi. “Surxon va uning do’stlari” dasturida Ortiq Otajonov, Nasiba Abdullayeva, Oypopuk Eshonxonova kabi san’atkorlarning mehmon bo’lishib, qo’shiqlar kuylashgani muxlislarga yoqimli lahzalarni ulashdi.
Dekabr
6-7 dekabr Jasur Umirov “Barchaga barobar yoqishing qiyin” konserti bilan “Istiqlol”ga muxlislarini chorladi. Yil davomida kuylangan qo’shiqlaridan tashqari oldingi qo’shiqlariga ham tinmay raqsga tushilganligini hisobga olsak, dastur ko’zlangan maqsadiga yetdi. Jumladan xonanda ham.
10-11 dekabr falsafiy qo’shiqlar darg’asi Rustam G’oyipovning konsert dasturi bo’lib o’tdi. Xonandaning tengdosh muxlislari ushbu dasturlardan zaq olishgani sir emas. Negaki, konsertdan chiqayotganlar “Davraga tush”ni kuylab chiqayotganlaridan ham buni sezish qiyin emasdi.

22 dekabr M&TVA — 2011 taqdirlash marosimi bo’lib o’tgani va keyingi navbat Mirzabek Xolmedov boshchiligidagi “Mirza” teatriga berilganini inobatga olsak, shu bilan 2011 yil konsertlari va mavsumi yopildi. 23-24-25-26 dekabr kunlari bo’lib o’tgan “Mirza” teatrining navbatdagi konsert dasturi “To’y, to’y, to’y” deya nomlanganini bilasiz. Undagi eng kulminatsion nuqta “Xayf salom” sahnasi bo’ldi. Ajrashganlar uchun antiqa to’ylar tashkillashtiruvchi firma xodimlarining ichak uzar hangomalari yil so’nggidagi konsertlarni yuqori kayfiyatda tugatishga imkon berdi deb o’ylaymiz.
Bundan tashqari bu yil konsert berganlar safida “Handalak” guruhini va boshqalarni ham ko`rish mumkin bo’ldi. Afsuski, bu dasturlarni kuzatish imkonimiz bo’lmaganligi uchun aytarli ma’lumot ham to’play olmadik. Buning uchun albatta, muxlislardan uzr so’raymiz.
Xulosa qiladigan bo’lsak, yil konsertlarida anchagina o’zgarishlar bo’lganligiga guvoh bo’ldingiz. Albatta, bu holat o’zgaraveradi. Lekin o’z dasturlarini an’anaga aylantirib olganlarga rahmat aytish kerak. Negaki, konsert mashaqqatlaridan qochishmayotganining o’zi katta gap. Fursatdan foydalanib, barchangizni kirib kelayotgan Yangi 2012 yil bilan samimiy muborakbod etamiz. Yangi yilda yaxshi maqolalar bilan ko’rishguncha...
Baxtiyor RASULOV
Maqoladan foydalanish huquqi faqatgina “7x7” gazetasiga berilgan. Boshqa OAVlarida kuzatilsa, amaldagi qonunlarga muvofiq chora ko`riladi!
Обновлено 29.12.2011 20:32
Просмотров: 236