Mashhur.uz

Switch to desktop Register Login

“QAHQAHA”NING QOLDIRILGAN KONSERTI RAYHONNING KONSERTI O`RNINI EGALLADI. 11-12 FEVRAL ENDI BOLTA-TESHA HANGOMALARI BILAN!

Hayron bo`lmang. Rayhonning bu yil konsert bermasligi ayrim manbaalar orqali sizga ma`lum bol`di. Biz ham sal keyinroq bunga to`xtalishga harakat qilamiz. Hozir esa 11-12 fevral kunlari “Qahqaha” guruhining sog`intirilgan konserti haqidagi ma`lumotlarni sizga havola etmoqchimiz. Aslida bu dastur o`tgan yilning noyabr oyiga reja qilingandi. Ammo tashkilotchilar va homiylar masalasida biroz muammo bo`lganligi sabab qoldirilgandi. Nihoyat shu konsertning kunlari aniq bo`ldi. Fevral konsertlari orasida siz endi maza qilib kulishingiz ham mumkin bo`ladi. Axir roppa-rosa uch yillik tanaffusda bu teatr jamoasi ichak uzar hangomayu qiziqarli chiqishlar tayyorlaganiga shubha yo`q! Yaqin soatlarda sizga guruh a`zolari bilan eksklyuziv suhbat hamda konsert haqidagi batafsil ma`lumotlarni taqdim etamiz. O`tkazib yubormang!

Обновлено 14.02.2012 06:30

Просмотров: 110

Oshkora suhbat. Mirzabek Xolmedov: “U BUYUKLIKNI EMAS, MASHHURLIKNI TANLADI”, DEYISHGANDI. MEN ESA USTOZIMNI UYALTIRIB QO’YISHDAN QO’RQDIM!”

“Mirza” teatrining to’rt kunlik konsertlari boshlandi. Aiziqchilik olimpida yetakchiga aylanib qolgan bu ijodkor va uning jamoasi tinimsiz ishlayotganiga guvoh bo’ldik. Sababi, aprel oyida Valijon Shamshiyev o’zining konsertlarini taqdim etgan bo’lsa, endi teatr navbatdagi dasturi bilan tomoshabinga peshvoz chiqyapti. Shu bois O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist Mirzabek Xolmedov bilan suhbat qurishga qaror qildik. Zero, bu ijodkor bilan qilingan har bir suhbat ochiqchasiga va maroqli bo’lgan... 

Qiziqchilik haqida...

— Bundan keyingi chiqib keladigan qiziqchilarning etaloni siz bo’lasiz. Buning mas’uliyati og’ir emasmi?

— Mas’uliyati og’ir. Yonimga har kuni qancha-qancha yosh, qiziqchilik san’atiga qiziqadigan yigitlar kelishadi. Buning orasida astoydil san’atkor bo’laman deydiganlari yoki cho’chib turadiganlari, yo o’zini aqlli ko’rsatib aytganimizga amal qilmaydiganlari ham topiladi. Ayrimlari faqat meni taqlid qilishdan bo’shamaydi. O’shalarga aytaman, bu bilan qiziqchilik bo’lmaydi. Rostmana qiziqchi bo’lish uchun bir narsani yodlash emas, topilgan kichkina hazilomuz voqeachani boyitib, yanada kulgiliroq shaklga solish kerak bo’ladi. Keyin uni maromiga yetkazib ijro qilib berish ham katta san’at talab qiladi. Shuning uchun nima topsanglar, maslahatlashinglar, qo’limdan kelgancha yordam beraman, deb shogirdlarga ko’p gapiraman. Buning uchun ostonamga qo’y yetaklab, qo’lidagi bitta tugunga bodom, mag’iz qilib kelish shartmas. Qiziqchilikka mehr qo’yib, shu sohaning vakili bo’laman, og’ir-yengiliga chidayman, deb kelishning o’zi kifoya. Ba’zida hech narsaga umid qilib bo’lmaydiganlariyam kep qoladi. Qiziqchi bo’lmoqchiydim, deb...

— Eng zo’r qiziqchilik chiqishi sizningcha qanday bo’lishi kerak? Odamlar boshidan oxirigacha qiyqirib kulganimi?

— Yo’q. Qiziqchilikning boshida, o’rtasida mayli rosa maza qilib, qiyqirib kulishsin. Oxirida esa qiziqchi yaxshi gaplarni gapirish kerak bo’ladi. Negaki, odamlar shularni tinglab, oldindagi kulganiga rozi bo’lib, chiroyli tilaklar bilan chiqib ketishsin. Bu borada ko’p e’tibor qiladigan jihatimiz mantiq. To’qima narsalarimiz ko’p bo’lgani uchun, shu qilayotgan ishimiz to’g’rimi yo’qmi yaxshilab o’ylaymiz. Shuning uchun hozir shogirdlarni to’plaganda “sen narigi tarafdan chiqasan, sen bu yoqdan chiqasan”, degan buyruqmas, balki shunchaki davra qurib gaplashib o’tirgan paytlarimiz ham ko’p bo’ladi. Nega? Odamlar bilan muomala qilishni o’rganishlari, o’zlarini tutib yurishlari, chiroyli kiyinishlari, e’tiborliroq bo’lishlari uchun. Xalq nazarida yurishning o’zi bo’lmaydi, sizni birov ko’rib ensasini qotirmasin, deyman.

— Ko’p viloyatlarda bo’lyapsiz. Toshkent to’ylarida nega kamnamosiz?

— Toshkentda navbat kutib charchadim. To’ylarga kirib navbat kutib o’tiraman. Hammasi shoshib turibmiz, deydi. Hayron bo’laman, 30 kirgani qayoqqa shoshadi? Men ellikka kirdim, shoshsam yarashadi. Buning yoshi katta, unvoni bor demaydi. Axir O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist ham kichkina unvon emas. Qolaversa, faqat qiziqchilik uchun emas balki, kino, dublyajdagi xizmatlar, o’sha paxta dalalariyu, mirishkorlar huzurlarida bo’lgan kontsertlargacha bo’lgan ishtiroklarimiz, xizmatlarimiz uchun berilgan yuksak unvon bu. Yarim umr sarflandi, shunga ham. Bularni so’ramaydiyam, xayoliga keltirmaydiyam. Shoshib turibman deyavuradi. Bizani olib kelgan san’atkorimiz sizdan oldin tushsin, deyishadi. San’atkor? Aslida u havaskor ham emas-ku.

— Muxlislardan sizga erish tuyuladigan savollar ham bo’lib turadimi?

— Yaqinda bittasi “Mirzabek aka nega oldingidek, qoyillatib tashlamayapsiz”, deydi. Keyin shu gap ta’sir qildimi, bilmadim. Kontsertga chiqqanda, qoyillatib tashladik. Valiyam bor yonimda. Shu qoyillatayotganimiz ko’ryaptimikan, deb u tomonga qarayman, u bo’lsa bir “qoyillatib” qo’ygan bilan gaplashishdan bo’shamaydi. Odamlar qiyqirib yotibdi, u bo’lsa ahamiyat ham bermay o’sha “yuzi yorug’” bilan gaplashib yotibdi-da. Demoqchimanki, yaxshi ishlayotganimizni, qoyil qilayotganimizni muxlislarimizning o’zlari bilishsa bo’lgani. Turli gap-so’zlar bo’laverar ekan.

 — Teatrda yoki kinoda siz o’ynashni xohlagan rol bormi?

— Ustozimiz Turg’un Azizov Xlestakovning “Revizor” asarini sahnalashtirayotganlarida revizor obraziga meni chaqirgandilar. Ammo o’sha paytda vaziyat to’g’ri kelmadi, borolmadim. Shunda Turg’un aka ajoyib bir gapni aytganlar: “U buyuklikni emas, mashhurlikni tanladi” deb. Lekin o’sha savolga kamina bunaqa javob bergandim: “Men ustozimni uyaltirib qo’yishdan qo’rqdim!” Sababi o’sha paytda rosa “bozorimiz chaqqon” paytlar edi. Mana endi milliy teatr aktyorlarining ham “bozori chaqqon” bo’p qolgan, to’ylari ko’p, ko’z tegmasin (jilmayadi). Ilgari bizni to’yga borganimiz uchun ishdan haydavorishgan.

— Sizga yoqadigan qiziqchilar kimlar o’zi?

— Menga yoqadigan qiziqchilarmi... (o’ylanib turib) vodiyda Abdulla Akbarov yaxshi, rahmatli Hojiboy Tojiboyevning san’atini hurmat qilardim, Rustam Hamroqulov, Muhiddin Darveshov  kabi bir qancha yaxshi ijodkorlarning ijodlarini haligacha hurmat qilaman. Qolaversa shogirdlarimizdan Valijon Shamshiyev yomon emas. Xalqning orasiga qo’yvorsangiz eplab ketadi. Yana bir narsani ta’kidlab aytishim kerakki, bu yil Valijondan juda xursand bo’ldim. Negaki, xizmatlar bilan viloyatlarga ketganimizda, konsertimizning stsenariysini shakllantirish va tashkiliy ishlarni yo’lga qo’yishda anchagina bosh-qosh bo’ldi. Keyin yaxshi-yaxshi narsalar izlab topyati. Bundan tashqari Avaz Oxun degan shogirdimiz ham yomon emas. Baraka topsin, u ham juda yaxshi intilyapti. 

— Demak, astoydil etagingizga yopishibdi-da...

— Bularku mayli etakka yopishgan, lekin bir-ikkitalari bor yoqamga ham yopishadi (kulgi). O’shalaridan asrasin.

 

Shaxsiyatiga tegishli...

— Ko’pincha erkin kiyimlarda sahnaga chiqasiz?

— Kostyum-shimni bolalar kiyib ketgani uchun borini kiyishga majbur bo’p qolaman-da (kulgi). Ochig’i, qiziqchi galstuk taqsa u jiddiy bo’p qoladi. Qiziqchi odamga sal sho’xchan, erkin liboslar yarashadi.   

— Qiziqchilikdan tashqari qaysi sohada o’zingizni erkinroq his qilasiz?

— Endi falon soha desam noshukrchilik bo’ladi. Negaki, shu sohaning ortidan o’zimizga xos nomga ega bo’ldik, unvonlarga sazovor bo’ldik va hokazo. Bundan keyin ham qiziqchilikning ortidan non topish nasib qilaversin.

— Bugun sizga ko’proq nima yoqmayapti?

— Ichkilik ichib, o’zini bilmay qoladiganlar yoqmayapti. Ayrim davralarda hatto ichvogan erkaklar, oldimga xotinini olib kelib quchoqlattirib qo’yib, rasmga ham olishadi, tavba qildim. “Rosa sizni yaxshi ko’radi-da” deydi yana. Ba’zida erkaklar bilan baravar ichayotgan ayollarga ham ko’zim tushadi... Bunaqa holatlar kimga ham yoqardi, deysiz.

— Bu xonadon yoki Mirzabek Xolmedov juda ko’pchilikning koriga yaradi. Bugun bu xonadonning koriga yaraydiganlar ham ko’pchilikmi?

— Shukrki, yaxshi aka-ukalarim ko’p. Nafaqat Toshkentda, balki viloyatlarda ham ular ko’pchilikni tashkil etadi. Bir joyga borsam, ko’chada qoldim, degan gap yo’q. Sababi ancha yillik qadrdonlarim darhol xabarlashishadi. Garchi men ulardan hamma vaqt xabar ololmasam ham, ular har bir kunimda xabardor bo’lib turishadi. Shunisiga shukr. Faqat xizmatlar, safarlar bilan umr o’tdi. Nolimayman, o’sha xizmatlar orqali biz mehribon insonlarni topdik.

 

— Shu paytgacha kimni yoki nimani yo’qotganingizga achinasiz?

— Menda armon yo’q. Yo’qotdikmi, topdikmi, hammasiga shukr. Ayrimlar savol beradi, “hayotga yana qayta kelganingizda...” deyishadi. Yo’q, qayta kelib yana shuncha yashashni ayting... O’tganini yashashning o’zi bo’ldimi? Bunday o’ylab qarasam, yo’qotganimdan topganlarim ko’p ekan. Bir joyda duogo’yim yo’q, devorgan ekanman, keyin rosa afsuslandim. Sababi bir yomon kasal bo’lib yotib qolganimda tuzalishimni so’rab g’oyibona duo qilayotgan insonlar bo’lganligini aytishdi. Ko’zimga yosh keldi. Shukrki, ular behisob ekan. O’shalarning hisobiga yana hayotga qaytdim. Bilasizmi, hozir yaqinlarimning qadriga ko’proq yetadigan bo’lib qolganman. Sababi onamizdan yana ikki qadrdonimdan ajralib qoldim. Shu tufayli iloji boricha, yaqinlarimdan xol-ahvol so’rab turishni kanda qilmayapman.

— Samimiy suhbat uchun sizga tashakkur. Har doim muxlislar baxtiga sog’ va omon bo’lavering!

Baxtiyor Rasulov  

Обновлено 10.01.2012 12:50

Просмотров: 156

Hafta tayyorgarligi. KULGU USTASI 50 YOSHDA. YUBILEY “ISTIQLOL”DA!

O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan Mirzabek Xolmedov dekabr oyida o’zining 50 yoshini qarshi oladi. Deyarli 30 yildan buyon o’zbek kulgu san’atiga munosib hissa qo’shib, xalq xizmatlaridan bo’shamagan ijodkorimizning muxlislari bu qutlug’ sanani “Istiqlol” san’at saroyida katta konsert sifatida nishonlashni talab qilishdi. Haqiqatdan ham bugungi kunning kulgu darg’asiga aylanib qolgan ijodkorimizning yubiley dasturi muhtasham saroyda nishonlanmasa bo’lmaydi. Qolaversa, u tashkil etgan teatr jamoasi ham ayni kunlarda bu tadbirga zimdan tayyorgarlikni boshlab yuborishgan. Valijon va Shukurullo ustozlariga qanday sovg’a tayyorlayotganini bilmadigu ammo dasturda 14-15 yil davomida bu teatrda ishtirok etgan barcha aktyorlar va qiziqchilarning jamlanishi kutilyapti. Hali bu haqida batafsil ma’lumotlar oldinda.

Обновлено 03.11.2011 21:06

Просмотров: 395

MIRZABEK XOLMEDOV “MAS`ULIYATI CHEKLANMAGAN JAMIYAT” OCHDI! U JIYANINI NEGA JAZOLADI? SENSATSIYA!

O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Mirzabek Xolmedov to`ylarni o`tkazadigan mas`uliyati cheklanmagan jamiyat ochdi. Endi unga ko`ra behisob to`ylarni o`tkazishi mumkin. 

“HAYF SALOM” nima degani?

DUNYOGA QAYTA KELSAM... YO`G`E-E, YANA SHU-UNCHA YASHASHNI AYTING!

ELLIKKA KIRIB MEN SHOSHIB TURIBMAN, DESAM YARASHADI. O`TTIZGA KIRGANI QAYOQQA SHOSHADI?

“U BUYUKLIKNI EMAS, MASHHURLIKNI TANLADI”, DEYISHGANDI... U PAYTLAR “BOZORIMIZ CHAQQON” EDI...

ILGARIGIDEK “YORIB” TASHAMAYSIZMI, DEYDI. “YORIB” TASHLADIM, AMMO U...

Eksklyuziv va sensatsion suhbat. Yaqin soatlarda...

Обновлено 07.12.2011 09:55

Просмотров: 342

Oshkora suhbat. “QAH-QAHA” GURUHI KONSERT BOSHLADI! ULARNING KO`RINMAY QOLGANI, TELEVIDENIYESIZ QIYIN EKANLIGI va BOSHQA HAQIQATLARNI OSHKOR ETAMIZ!

“Yaxshi ijodkorni muxlisni o’zi qidirib topadi”, degan gap bugungi kunga qay darajada to’g’ri keladi yoki yo’q, buni bilmadigu, ammo “Qah-qaha” misolida bunga o’zimiz amin bo’ldik. Suhbatdoshlarimiz bilan suhbat joyini belgilab, toki yetib borgunimizgacha yo’l-yo’lakay duch kelgan borki, “kamnamosizlar, konsert bo’ladimi bu yil?” kabi o’nlab savollarni eshitib, muxlislar ularni qanchalik sog’inganligini payqadik. Shu boisdan ham noyabrning so’nggi kunlari ya’ni 29-30 noyabrda ikki kunlik konsert dasturini berishga shaylangan teatr a’zolari bilan bugun oshkora suhbat qurishga intilamiz. Zero, ularga beriladigan oshkora savollar juda ko’p. Javob oshkora bo’ladimi yoki yo’q, buni o’zingiz mutolaa paytida baholab borasiz. Demak, boshladik...

Mashhurlik va passivlashish haqida...

— “Qah-qaha” mashhurlashish va passivlashish orasidagi vaqtni o’tadi. Bir qaraganda odamlar sizlarni “ko’tarib yuribdi”, bir qaraganda sizlar odamlarni “ko’tarib yuribsizlar”?

Soxib Hasanov (Bolta):— Hozir ham o’zingiz ko’rganingizdek, munosabatlar va e’tibor joyida. Ammo Tvda ko’rinmaganligimiz uchun sizda passivlik degan fikr paydo bo’lgandir.

— Shu jarayonni qanday izohlaysiz. Aynan Tv bilan bog’liq holatlarni?

S. H:— Birinchi sababi 2008 yilda avtofalokatga uchrab ikki marotaba operatsiya bo’lganligim va roppa-rosa ikki yil Tv tugul boshqa xizmatlarga ham bora olmay qolganligim bo’lgan bo’lsa, ikkinchi sababi o’sha orada Tvda o’zgarishlar yuzaga kelib, ko’rsatuvlar tartibiga ham boshqacha yondashilganligi sabab bo’ldi.

— “Handalak”, “Qah-qaha” va boshqa teatr guruhlari ham asosan televideniye kashf etgan guruhlar hisoblanadi. Televidiniyesiz ishlash qiyin kechdimi? Faqat rosti...

S.H: — 1992 yilda o’qishni tugatgan bo’lsak, 1995 yilda shu teatrni tashkil etganmiz. 1999 yilda esa qiziqchilar o’rtasidagi tanlovga borib, birinchi o’rinni qo’lga kiritganimizdan so’ng marhum ustozimiz Ergash aka Karimov bizlarni “Televizion minniatyuralar teatri”ga taklif qilgandilar. Shundan so’ng Tohir akaning kursdoshi bo’lganligi uchun Shuhrat Qayumov o’z konsert dasturiga taklif etdi va shu konsertda chiqish qildik. Ana o’sha konsertda Jahongir aka Qosimov bizlarni ko’rib, rejissyorimiz Alisher Abzalovga bizlarni Tvga taklif qilsa, yaxshi dastur tayyorlash mumkinligini aytgan ekan. Shundan keyin ko’rsatuv boshlanib ketdi. Olti yilda qilgan ijodimizni olti oyda ketma-ket suratga olib tomoshabinlarga uzatganimizdan so’ng “Qah-qaha” shu darajada bo’ldiki, o’zimiz ham shoshib qoldik.Shuning uchun ochiqchasiga ayta olamanki, bugungi kunda va hamma zamonda ham televideniye har bir ijodkor uchun eng kerakli vosita.  

T.R: — Yana bir tomoni Tvdagi ko’rsatuvlarimiz bizni tez-tez ijod qilishga va muxlislarni talabiga har doim javob berishga tayyorlab turar edi. Televideniyesiz qiyin bo’lganini shu tomonlama bilsa ham bo’ladi. 

— Xo’p, demak, Tvda ko’rinmay qolishingizning sababi aniq bo’ldi. Endi mashhurlik haqidagi savolga qaytsak...  Mashhurlikka o’rganib qolish og’ir ekanmi?

S.H:— Ha. Negaki, biz har oyda yangi ko’rsatuv va yangi latifalar bilan chiqish qilib tomoshabinlarni o’rgatib qo’ydik va bu holat birdaniga to’xtab qolganidan keyin yuqorida siz duch kelganga o’xshagan savollar ko’payib ketganidan sezildi. “Sizlarni yaxshi ko’rardik, nega ko’rinmay ketdinglar” va hokazo. “Oilaviy o’tirib tomosha qiladigan yaxshi ko’rsatuv qilardinglar, yana bo’ladimi yo’qmi”, deb so’rayverishgandan keyin mashhurlikka o’rganib qolishning naqadar og’ir ekanligi ma’lum bo’ldi. Ya’ni mashhurlikning yukini ko’tarib yurish kerak bo’lar ekan. Nazarga, e’tiborga tushganingizdan keyin muxlisning o’zi sizni tinch qo’ymasligi kunday ravshan bo’ldi.

— “Mashhurlik paytida ular “yulduzlik kasali”ga chalinib ketuvdi”, degan gaplarga nima deysiz?

Tohir Rahimov (Tesha): — Agar bunga ochiq fikr bildirish kerak bo’lsa, mashhurlikni cho’qqisiga chiqilgan paytda hamma joydan ko’ng’iroqlar ostida qolasiz, ko’plab e’tibor, takliflar va hokazo. Tabiiyki, bir insonning imkoniyati yetmaydigan darajada yugur-yugurlar boshlanar ekan. Shu sabab hammaga javob berish qiyin bo’lib qoladi, hamma joyga bora olmay qolasiz va hokazo. Ana keyin shunaqa “kasallik” bilan bog’lashlar boshlanadi. Lekin aslini olganda Soxibda ham menda ham hozirgacha bunaqangi illat kuzatilgani yo’q. Hozirgacha, hammaga qo’limiz ko’ksimizda, o’sha-o’shamiz. Faqat o’sha vaqt masalasida tushunmovchiliklar yuzaga kelgan bo’lishi mumkin.

Teatr haqida

— “Qah-qaha” bir paytlar 6-8 kishilik katta jamoaga ham aylanib ketgandi. Jamoa a’zolarining qolganlari guruhni tark etishdimi yoki “do’ppi tor kelgani uchun” shunday qisqarish bo’ldimi?

S.H: — Yo’q, bunaqa bo’lgani yo’q. U do’stlarimiz bilan Navoiyda birga ijod qilgan bo’lsak, Toshkentga kelganimizdan so’ng asosan kontsertlarda va suratga olish kunining ma’lum vaqtlarida ularni chaqirib olib ijod qilishga majbur bo’lib qoldik. Negaki, ular Navoiyda qolishgandi.

T.R: —  Aslida bizning teatr voqealari Bolta, Tesha, Mo’min bilan Qilich o’rtasidagi hangomalar asosiga qurilardi. Keyinchalik voqealar rivojlangani sari “Qah-qaha” seriali yuzaga keldi va unda o’z-o’zidan Teshani xotini Nayzangul, Mo’minni farzandi, Qilichni xotini, Boltani yaxshi ko’rgan qizi Zulfizar, Nayzangulning otasi O’roq bobo, Qilichni qaynonasi kabi obrazlar paydo bo’la boshladi. Ko’rsatuvimiz efirda yo’qligi sabab ular ham o’z ishlari bilan mashg’ul bo’lishdi. Nasib etsa, ko’rsatuvimiz yana efir yuzini ko’radigan bo’lsa, bevosita yana ularga murojaat qilinadi va ijodiy jarayon davom ettiriladi.

— Xonandalar mashhurlashgani sari qo’shimcha daromad qilishga tutinadi va “Bir kunimizga yarar” deyishadi. Haqiqatdan ham bugun mashhurlikdan tushganlarning ko’pchiligi o’sha daromad manbaalariga suyanishyapti. Sizlarda qanday?      

T.R: — Sohibda bor-yo’g’i to’rtta “Zapravka” bor, menda ikkitagina “Gepermarket”. Shu bilan amallab turibmiz (kulgu ko’tariladi).Albatta bu hazil. Qiziqchiligimizdan boshqa hech vaqomiz yo’q.

S.H: — O’sha paytlarda bir akamiz “kelinglar sizlarga biroz yer beray, dehqonchilik qilib qo’yinglar, deganda ham bizga bu nima kerak?” deb unamagan edik. Bugun shunday kun keldiki, agarki, qo’shimcha biznesing bo’lsa, ijodingga katta yordami tegishi ma’lum bo’ldi. Shunda konsert uchun homiy qidirib yurmaysan va hokazo. Kimki, shuni oldindan harakatini qilgan bo’lsa, omadini bersin.Biz ham bundan keyin biror bir tadbirkorlikni yo’lga qo’yish haqida o’ylab turibmiz.

— Deyarli bir necha yillik ijod tufayli nimaga erishdik, deb o’ylaysiz?

S.H: — O’tgan yillar mobaynida biz tanildik va xalqimizning ko’nglini ola oldik. Shu tufayli qayerga borsak, xuddi o’zini aka-ukasidek quchoq ochib kutib oladigan bo’ldi. Bundan tashqari oilaviy ishlar tufayli biror joyga bosh suqadigan bo’lsak, imkoniyatlari darajasida yordam beradigan bo’lishdi. Bu katta baxt-ku.

— Mashhur bo’lganingdan keyin qarindosh-urug’larning ham to’yiga bora olmaslik holatlari bo’ladi...

(Tohir aka “bu bizbop savol ekan”, deya diktofonni o’zi tomonga tortadi.)

T.R: — Haqiqatdan ham. Biz elning odamimiz. Muxlislar uch oylab oldin o’z to’ylariga niyat qilib, vaqtimizni band qilib qo’yishadi. Qarindosh-urug’larimizning eng katta xatosi esa biz bilan maslahatlashmasdan to’y kunlarini belgilab qo’yishganida bo’ladi. Birovga va’da berib qo’yganingizdan keyin qanday qilib uning to’yiga bormaslik mumkin? Yana bir yomon jihati, qarindoshlar bular o’zimizning odamlar deb, to’ylariga uch kun qolganda ham to’yga aytaverishadi Qanday qilib borasiz. Bu borada juda ko’plab tushunmovchiliklar bo’lganidan keyin aytdikki, “avval biz bilan maslahatlashib to’y kunini belgilanglar, agar shunday bo’lmasa xafa bo’lib ham o’tirmanglar”, deb.

Qiziqchilik haqida...

— Bugun QIZIQCHILIK passivlashib qoldimi yoki QIZIQCHILAR passivlashdimi?

S.H: — Ellikka ellik. Bizning eng og’riqli nuqtamiz, material yo’qligida. 

— Qiziqchilarni kuzatadigan bo’lsak, faqatgina Mirzabek Xolmedovning farzandi ota kasbni tanladi. Sizlar ham ruxsat bermaysizlarmi?

S.H: —  Sahnada, to’yda qiziqchilik qilganimizdan so’ng turli muammolarga duch kelishimiz mumkin, kimdir mast odam ta’bingizni xira qilishi mumkin, kimdir chuv tushirib ketishi mumkin va hokazo. Uyga kelgandan keyin jahlimiz chiqib farzandlarimga “qo’y, qiziqchi bo’lma. Undan ko’ra shifokor, o’qituvchi bo’lgin”, degim keladi. Biroq o’g’limga qattiq talab qo’yganim yo’q. Agar o’zida bo’lsa, marhamat bo’laversin. Faqat shu yaxshi deb, majburdan qiziqchi bo’lishiga yo’l qo’ymayman.

T.R: — Uchta qiz va bir o’g’lim bor. U hali yosh bo’lganligi sabab qiziqchi bo’lishmas, xonanda bo’lishni xohlab qoldi. “Tomosha” guruhiga qatnashaman, deydi. Ertaga agarki, haqiqatdan Sohib aytgandek, o’zida bo’lib, qiziqchi bo’lishga intilsa, qarshiligim yo’q. Eplolmasa, boshqa sohani yo’lini tutadi-da.

— “Handalak” guruhi a’zolari alohida, alohida ham xizmatlarga chiqishyapti. Sizlarda ham shundaymi?

S.H: — Ko’pchilik bo’lib ijod qilolmayotibmiz, alohida qanday ijod qilamiz (kulgu).

T.R: — Alohida ishlash hali xayolimizga kelgani yo’q. Nega desangiz, to’yga yoki biror tadbirga ham ota-bola ijrosidagi obrazlarimiz uchun chaqirishadi. Shu muxlislarga qiziqroq bo’lganligi uchun. Bo’lmasa har ikkalamiz ham alohida ijod qilishga qurbimiz yetadi. Hattoki, 5-10 daqiqalik alohida chiqishlarimiz ham bor. Ammo alohida chiqsak, xalq bizni qanchalik qabul qiladi, gap shunda!

— Demak, yangi ko’rsatuvlar ham “Qah-qaha” bo’lib chiqaveradi...

S.H:— Boshqacha ko’rsatuvlarni suratga olib ham ko’rdik, lekin bildikki, biz muxlislar nazarida “Qah-qaha” bo’lib qolgan ekanmiz. 

T.R:— Bir tomondan hali bu serialning davomida ko’plab voqealar o’rin olgan. Boltaning uylanishi, farzandli bo’lishi, qaynona kelin munosabatlari va hokazo. Juda qiziqarli dasturlar tayyorlanyapti. Bu haqida ko’rsatuvimiz efirga ketishi bilan muxlislarning o’zlari bilib olishadi.

Yakkaxonlar haqida...

— Sohib Hasanovning noodatiy odati...

T.R:— Sohibning insonni “turtkilab” turish odati yaxshi. Unday qilaylik, bunday qilaylik, deb insonni ijodga undab turadi. Ishlarni tezlashtirib bajarishga harakat qiladi.

— Tohir Rahimovning noodatiy odati...

S.H:— Toxir akaning o’ziga xos tomoni men arzonroq olmoqchi bo’lib turgan to’yni, bu kishi qimmatroqqa ham ola oladi (kulgu).

— Yangi konsertni reytingni o’ylab, narxlar ko’tarilishi uchun qo’yyapsizlarmi?

S.H:— Yo’q, bu holatni qo’shiqchilar shunday talqin qiladi. Biz esa yil ikki yillik ijod namunalarimizni muxlislarga taqdim etmoqchimiz. Maqsadimiz faqat shu. Yana bir gap: konsertimizga tashrif buyurgan muxlislarning faqatgina kulib ketishlariga yuz foizlik kafolat beramiz.

— Ijodiy ishlarga va bo’lib o’tadigan konsertda sizlarga omad hamroh bo’lishini so’rab qolamiz. Darhaqiqat, “Qah-qaha”ni muxlislar sog’ingan va ularning sog’inchiga munosib javob berish sizlarga nasib etsin. Samimiy suhbat uchun tashakkur.

Baxtiyor Rasulov suhbatlashdi.

Suhbatdan foydalanish taqiqlanadi!

Обновлено 25.10.2011 08:34

Просмотров: 236

2006-2012 Mashhur.Uz

Top Desktop version