Категория: Ijodkor Автор: Baxtiyor Rasulov

YODIMGA TUSHSA
Yayrayman, yodimga tushsa ariqlar,
Qanoti hilpirab suzgan baliqlar.
Men bilan cho’milib o’sgan baliqlar,
Ko’zlari chashmalar yodimga tushsa.
Hayot erkalatgan tannozu tantiq,
Lablari shirinu so’zlari achchiq.
Bugun jigarimda turadi sanchiq
Ul bigiz poshnalar yodimga tushsa.
Kimga gulgun sharob tuyular qonim,
Qachon hovuchiga quyular qonim.
Eng totli ne’matga aylanar jonim,
Qonimga tashnalar yodimga tushsa.
Biri eski o’g’ri, biri yangi boy,
Ko’zini yog’ bosgan, labi-lunji moy.
Dili bilan tili kelar poyma-poy,
Og’ayni-oshnalar yodimga tushsa.
Bir qo’lida tasbeh o’girgan otam,
Oftobshuvoqlarda o’tirgan otam.
Ongu shuurimda abadiy motam,
Ko’zlarim yoshlanar yodimga tushsa.
Janob bolakaylar, muhtaram zotlar,
Inson degan unvonlarga nomzodlar.
Shular bor, yuragim yozar qanotlar,
Bahorlar boshlanar yodimga tushsa.
Xotira – umrga kushanda deyman,
Xayolim zanjiru kishanda deyman.
Nega musht otmadim o’shanda deyman,
Yuragim g’ashlanar yodimga tushsa.
YOMONLAMA
Ja yaxshisan o’zing ham,
Yomonni yomonlama.
Menga qara ey odam,
Zamonni yomonlama.
Porlab turar ilmi g’ayb,
Chorlab turar ilmi g’ayb,
Ucholmasang kimda ayb?
Osmonni yomonlama.
Muzdirsan yo cho’g’dirsan,
Balki bilgan yo’qdirsan.
Otang otgan o’qdirsan,
Kamonni yomonlama.
O’z-o’zingdan bitdingmi,
Birdan ko’kka yetdingmi,
Boshoq bo’lib ketdingmi?
Somonni yomonlama.
Ilik qoqib yeb bugun
Iligim to’q deb bugun,
Cho’ntagi yo’q deb bugun
Choponni yomonlama.
Ey odamzod zuryodi,
Tasodifning bunyodi.
Zamon – xudoning oti,
Zamonni yomonlama!
ODAMLAR
Ichida it xurgan odamlar,
Aybim izlab yurgan odamlar.
Sizga yordam bergim keladi,
Meni yomon ko’rgan odamlar.
Kimga nomu nishonim yoqmas,
Yo Bag’dodim, Qo’qonim yoqmas,
Erta olgan unvonim yoqmas,
Meni yomon ko’rgan odamlar.
Davrangizga kira olmayman,
Kirsam ko’nglim yora olmayman.
Sizga talant bera olmayman,
Meni yomon ko’rgan odamlar.
Osay deysiz, sirtmog’ingiz yo’q,
Uray deysiz, to’qmog’ingiz yo’q,
O’ladigan ahmog’ingiz yo’q,
Meni yomon ko’rgan odamlar.
Sizga uka, aka, jo’raman,
Duoingiz qilib yuraman.
Men sizlarni yaxshi ko’raman...
Meni yomon ko’rgan odamlar.
Mushuk yotar – sher xayolida,
Kiyik tutib yer xayolida.
Men yurovdim she’r xayolida
Meni yomon ko’rgan odamlar.
Bolangiz yurt uchun yashasin,
Dushmanga ham jonin to’shasin,
Farzandingiz menga o’xshasin,
Meni yomon ko’rgan odamlar.
KECHAGINA
Kechagina g’o’r shoir edim,
G’o’r edim-u, zo’r shoir edim.
She’r to’qirdim dangal, qo’rqmasdan
Va o’qirdim har gal qo’rqmasdan.
Bugun esa o’ylab yozaman,
Bitta she’rni oylab yozaman.
G’azal bitsam, biror jononga
Tegmasmikan quda tomonga?
Atrofimda qiz ko’p, ayol ko’p,
Javob beray desam savol ko’p.
Na ko’nglimni to’ka olaman,
Na o’g’limni so’ka olaman.
Shabbodalar so’z bo’lib oqar,
Yulduzlar ham ko’z bo’lib boqar.
Unvoni bor katta shoirman,
Lek o’lguday latta shoirman.
Kechagina g’o’r shoir edim,
G’o’r edim-u, zo’r shoir edim...
KO`KLAMOYIM
Ko’klamoyim sep yoydi,
Tabiatga zeb yoydi.
O’ynab-kuling, deb yoydi
Baxmal dasturxon bugun.
Yaxshilar mehmon bugun.
Qiqir-qiqir jilg’alar,
Qir-adirdan sirg’alar,
Hulvo taqib sirg’alar,
Bulbul g’azalxon bugun.
Ko’ngil farovon bugun.
Bir ajoyib quvonch bu,
Bir g’aroyib ishonch bu,
Yaratish zavqi ezgu
Hammamiz dehqon bugun,
Barchamiz bog’bon bugun.
Kecha kunduz teng bo’ldi,
Olam bag’ri keng bo’ldi.
Bir yoqayu yeng bo’ldi
Do’stu qadrdon bugun,
O’ynang bearmon bugun.
Qaldirg’ochim, xush ko’rdik,
Sog’inganda tush ko’rdik.
Samoda baxtqush ko’rdik,
Turnalar karvon bugun,
Quyoshjon sarbon bugun.
Ko’klamoyim, bo’yingdan,
Aylanoyin to’yingdan,
Oq gul sochib qo’yningdan,
Olam guliston bugun,
Olam guliston bugun!
OQQAN DARYO
(Muhabbat ayaga)
Oqqan daryo oqar, quyosh to’xtamas,
G’ubor bog’lamagay meros zakovat.
Bir daryo ko’nglimdek to’lg’in shu nafas,
Daryoki, limmo-lim mehru muhabbat.
Ne-ne zamonlarga guvoh ko’hna Shosh
Ko’rgan zeru zabar savdolarni ham:
Shabnam bu – tunda oy to’kkan achchiq yosh,
Hovur bu – quyoshning ko’ksida alam.
Ochlik, qahatchilik, xo’rlik, qatag’on
Xalq boshiga toshdek tushganda takror
Yuragida umid, qalbida iymon,
Shu yurtda hayotni asraganlar bor!
Goh dushman hasadi eshik timdalar,
Goh muhtojsan do’sting daldalariga.
Nima qilolardi kuygan bandalar
Xudoyimning suygan bandalariga!
Bir zamon tuyalar cho’kkan manzilda
Orzumand fotiha tortib turibmiz.
Karvon bo’lib umr atalgan yo’lda
Ezgulik yukini ortib turibmiz.
Meva chamasida daraxt bahosi,
Ko’ngil bog’ingizni gulga o’raymiz.
Yaratgan xirojga har neni olsin,
Evaziga uzoq umr so’raymiz.
Ona sayyorada ona tabiat,
Ona xalqim uchun sochsa durdona,
Siz bizga berdingiz cheksiz muhabbat,
Siz munis murabbiy, onajon, ona...
Quyoshdan nur olgan oy-yulduz kabi,
Qavmu qarindoshlar yuzida ziyo.
Xudo bir, bittadir tilak – matlabi:
Mudom oqib tursin bu ulug’ daryo!
ONAM
Oy kabi qoshimda parvonam – onam,
Oftobdek mehrda yagonam – onam.
Boshimga tilla toj, ko’nglimga taskin,
Tunu kun tilimda shukronam – onam.
Oltin-kumush asli – tosh bo’lar ekan.
Onasizning ko’zi yosh bo’lar ekan.
Onasi bor – doim yosh bo’lar ekan,
Mehr ummonida durdonam – onam,
Qayga borsam yo’ldosh, hamroh taftingiz,
Sizdan baxt topdim, siz nima topdingiz?
Mudom manglayimda iliq kaftingiz,
Tole’imdan yorug’ peshonam, onam.
Yonimda o’g’lim deb tursangiz, ona,
Yashayman g’amlardan g’olib, mardona.
Kelsangiz yuksalar g’arib ostona,
Ketsangiz mung’ayar koshonam, onam
Ko’rdim dunyo yetti mo’’jizasini,
Topmadim qalampirmunchoq isini.
Ko’zlarimga suray bosgan izini,
Jannat bog’laridan nishonam, onam!
TINCHLIK
Baxtga loyiq har odam
Baxti kulsin dunyoda.
Ko’ngilni ezmasin g’am,
Tinchlik bo’lsin dunyoda!
Eldosh, qardosh, dunyodosh,
Iymoning bo’lsin yo’ldosh.
Mangu porlasin quyosh.
Tinchlik bo’lsin dunyoda!
Tilla topildiq – bolam,
Jonim qoqindiq, bolam.
Xudoga yetsin nolam:
Tinchlik bo’lsin dunyoda!
Odam kabi basting bor,
Ikki oyoq-dasting bor.
Aytgil, nima qasding bor?
Tinchlik bo’lsin dunyoda!
Kulsak, birga xandonmiz,
So’lsak, birga xazonmiz,
Hammamiz bir insonmiz,
Tinchlik bo’lsin dunyoda!
Senga bog’liq erta kun,
Ko’rsat matonat kuchin.
Sen kurash tinchlik uchun,
Tinchlik bo’lsin dunyoda!
Hayotimiz asosi,
Elu yurt muddaosi,
Bu o’zbekning duosi:
Tinchlik bo’lsin dunyoda!
KICHKINA ODAM
Xo’rdani ko’tarib, burdani urar,
Shimirib yutadi, o’pirib yeydi.
Tirikni tunaydi, murdani urar,
Qarasang, “biz kichik odammiz”, deydi.
Katta sandig’ida katta sarmoya,
Nafsi o’ta sog’lom, iymoni mayib.
Gar savolga tutsang, “uzr, hamsoya,
Biz – kichikina odam”, deydi jilmayib.
O’z ko’mochi bo’lsa, tortib qolar kul,
Durbinda ham faqat o’zini ko’rar.
“Bizlar faqir kishi”, takrorlar nuqul,
“Kichik odammiz” deb panaga urar.
Yuzingni teskari qilsin, iloyim,
Odam bo’ldingmi sen? Qayda odamsan?!
Qo’shqo’llab uribdi seni xudoyim,
Sen kichkina emas,
mayda odamsan!
YAXSHI
Yaxshi! Juda yaxshi! Judayam yaxshi!
Mayli, omon bo’ling! Baxtiyor bo’ling!
Omadingiz bersin – emasman qarshi,
Baxtli beka bo’ling, baxtli yor bo’ling.
Odamzot qo’lida shodlik va qayg’u,
Goho oqibatni o’ylaging kelmas.
Do’zaxni tanlamoq ixtiyoriy-ku,
Jannatga kirmoqlik majburiy emas.
Xayr, meni o’ylab qayg’urmang aslo,
Ne bo’pti ko’ngilda gul kulmaganda.
Meni eslaguvchi topilgay, illo,
Azroil yo’qlaydi hech bo’lmaganda.
ILLAT TEKKAN
Illat tekkan olma – kurrai zamin,
Ichidan zil ketgan, dardi ichida.
Bir epkin o’chirar tiriklik shamin,
Hayot titrab turar shamning uchida.
Buzilgandir olam muvozanati,
Qaqragan dengiz va ko’ngil to’lmaydi.
Oxir g’olib keldi iblis la’nati,
Bu olam hech qachon odam bo’lmaydi.
Yangi shakldagi bedavo dardlar,
Fitna va xiyonat, yolg’on va riyo.
Nafsiga hirs qo’ygan vallamat mardlar,
Zulmatni simirib semirgan ziyo.
Boshidan tojini yechyapti quyosh,
Tiriklar tirilmas, o’lik o’lmaydi.
Kimdir tepamizda to’kyapti ko’zyosh,
Endi bu odamzod odam bo’lmaydi!
HAYOT DAVOM ETADI
Qor-qirov qo’shinlari
peshlaganda nayzalar
Ildiziga chekinib
jon saqlaydi maysalar.
Yashin urgan daraxtlar
necha yonib-kuysalar
Qayta kurtaklar otib,
yana sochalar bayot,
Hayot davom etadi,
davom etadi hayot.
Bori hikmat tuproqda –
qat-qat kimyo yashirin,
Ona yer o’zagida
qaynoq ziyo yashirin.
Tovoning tagida ham
yuz ming dunyo yashirin
Ro’yobini topolmay
pinhon chekadi faryod,
Hayot davom etadi,
davom etadi hayot.
Bu hayot ummonida
harakatsiz cho’kkaysan,
Bor baraka qilmasang,
barakatsiz cho’kkaysan.
Gizli to’qnashuvlarda
halokatsiz cho’kkaysan,
Allalab ham erkalab
tortib borar girdibod,
Hayot davom etadi,
davom etadi hayot.
Ko’knori xayollarda
nahs bosgan davron o’tdi,
Qo’ng’irog’iga latta
tiqilgan karvon o’tdi,
Qilichda quralaylar
so’yilgan zamon o’tdi,
Mohlaroyim surmasi
tomdiyu toshdi dovot,
Hayot davom etadi,
davom etadi hayot.
Nahotki, yetgan joyim
shumi, dema, birodar,
G’ussaning adog’i yo’q,
sen g’am yema, birodar.
Ixtiyordan naridir
manzil, kema, birodar,
Qani piri murshiding?
Qaysi tarafda najot?
Hayot davom etadi,
davom etadi hayot.
Safsata sotar hayot
iymoni yo’q olimday,
Bo’g’ib-siqib qiynaydi
yarog’i yo’q zolimday.
Jon va ong og’rig’idan
hol bormikan holimday,
Joning ozod bo’lsa-da,
ruhing bo’lmagay ozod,
Hayot davom etadi,
davom etadi hayot.
Bosh og’rig’i koinot
buhronidanginamas,
Suyakka zax urgani
zindonidanginamas,
Ozor-uqub zanjiri
zamonidanginamas,
Odam Ato qo’llarin
yoydi – bitmadi qanot –
Hayot davom etadi,
davom etadi hayot.
Men, deya mushtlayverib
ko’ksingni yaro qilding,
Adovat izlayverib
o’zingni ado qilding,
Burg’ular chalinganda
na sas, na sado qilding,
O’ziga tuzoq qo’yib,
o’zin poylagan sayyod,
Hayot davom etadi,
davom etadi hayot.
Erta bahor chog’ida
gulimni yerga ko’mdim,
O’ksinmasin deb yolg’iz
dilimni birga ko’mdim.
Bedil bo’lib tizginsiz
tilimni she’rga ko’mdim,
Bir bayti yig’i bo’ldi,
bir bayti bo’ldi sabot,
Hayot davom etadi,
davom etadi hayot.
Bir yurakning ustiga
yuragim qo’ysa edim,
Kaftimda qo’shmag’izday
erkalab suysa edim,
O’paman deb engashib
sut hidin tuysa edim,
Shivirlasa edim men:
Mana shu adabiyot...
Hayot davom etadi,
davom etadi hayot.
Umr deganlari ham
ko’pga kelgan to’y, do’stim,
Yaxshi gaplardan gapir,
mening ko’nglim qo’y, do’stim.
Umar Xayyomdan qolgan
kosalarga quy, do’stim,
Qalblarga qon yugursin,
yuraklar bo’lsin obod,
Hayot davom etadi,
davom etadi hayot!
manba: e-adabiyot.uz
Обновлено 31.03.2012 14:14
Просмотров: 140
Категория: Ijodkor Автор: Baxtiyor Rasulov

Odil YoQUBOV: — Men Qozog’istonning Chimkent viloyati, Turkiston tumanidagi Qarnoq qishlog’ida aslida 1927 yilda tug’ilganman. Shu qadar ahmoq yigit bo’lganmanki, tug’ilgan yilimni 1926, ya’ni bir yosh katta qilib, onamni zor qaqshatib harbiy xizmatga — urushga ketganman.
Xizmatga borgandan so’ng 7-8 oy o’tib urush tugadi. So’ng bizni Rossiya tomondan Uzoq Sharqqa jo’natishdi. U yerdan poroxodlarga o’tqazib, Rossiyaning Kvontun orolidagi Port-Artur shahriga olib ketishdi. Olti oy dengizda suzib manzilga yetib bordik. Xudoham yoshingni katta qilib xizmatga shoshding, mana senga dedimi, olti yil xizmatqildim! Savodim borligi uchun xizmatda uncha qiynalmaganman. Otam rahmatli to qamalib ketgunicha bizni rus maktabida o’qitgandi, shu asqotdi. Urush yillari armiyadagi ofitserlar savodsiz edi, shuning uchun men shtabda xizmat qila boshladim. Bu yerda yozishga imkon bor edi. Bo’sh qoldim deguncha harbiy qismning kutubxonasidan kitob olib o’qirdim. Xullas, olti yildan so’ng yaxshi xizmat qilgan, itoatkor askar, deb, “otpusk”berishdi. O’shanda uyga borganimda bu kishi (rafiqasi Maryam Yoqubovaga ishora qilib) 16 yashar qiz yugurib meni izlab kelgan, qarasam, mendan chiroyli emas (kuladi).
Maryam YOQUBOVA: — Armiyadan “otpuska”ga bir oy yo’l yurib uyga yetib kelgan ekan-da, uyda bor-yo’g’i bir hafta bo’lgan.
«DO’KONCHI SIFATIDAN SЕVGANMAN»
M.Yo: — Biz ham asli turkistonlikmiz, lekin Toshkentda yashardik. Men ta’tilda bir-ikki oyga qarindoshlarimiznikiga, Turkistonga borardim. Bu kishining do’koni bor edi. Opam charchamasin, deb gohida o’zi savdo qilardi. O’shanda yozuvchi sifatida emas, sotuvchi sifatida yaxshi ko’rib qolganman (ikkalasi baravar kulib yubordi).
O.Yo: — Yozuvchini bir tiyinga olmagan-da!
M.Yo: — Toza, topilmas mollar bu kishining magazinida bo’lardi-da! Shaharda yo’q narsalarni shu do’kondan topardik. Ipak matolar pilla boqqanlarga berilardi, ammo mana shu qishloq do’konidau ham bor edi. Bu kishidan hatto palьto sotib olganman. Keyinchalik yozuvchi sifatida tanilgach, yozganlarimni olib bordim. «O’qing, ko’p o’qishingiz kerak», deb qaytarib yubordi.
O.Yo: — Maryamxon dadasining gapiga kirmay, men bilan qochib ketgan. Dadasi katta bir boyning o’g’liga bermoqchi bo’lib yurgan ekan. Dadasiga «Men uning kelajagini ko’rib turibman, boy deganingiz uzoqqa bormaydi, ammo bu kishiga pul hali qoplab keladi» deya, men bilan qochib ketgan. Shartta bitta mashinani olib, bir do’stim bilan Turkistonga borganmiz. O’sha yoqda to’y qildik.
M.Yo: — «Osiy banda»ga shularni ko’shmadingiz-da!
O.Yo: — «Osiy banda» — so’nggi asarim. Unga hayotimizning uchdan biri kirgan. «Sharq yulduzi» jurnaliga bergandim. Yaqinda chop etishni rejalashtirishgan.
O.Yo: — ToshDUning filologiya fakultetida o’qirdim. Butun fakultet qizlari menga oshiq edi. Ortimdan yurgan qizlar bu kishidan yuz chandon chiroyli edi (kulib Maryam opa bilan hazillasha ketdi).
M.Yo: — U chiroylilarni boqolmasdingiz.
O.Yo: — Ular meni boqardi jon-jon deb (miriqib kulishdik.) Xullas, o’sha o’qib yurgan paytlarimda hikoyalarim ketma-ket chop etildi. Ularga Abdulla Qahhorning nigohi tushgan ekan, meni chaqirtirdi. «Nima qilasiz o’qib? Keling, biz bilan ishlang», dedi. «Diplom nima bo’ladi?» dedim men ham soddalik qilib. «Diplom sizni yozuvchi qilarmidi yo hikoya yozib berarmidi?» dedio’shanda. Shunday qilib Yozuvchilar uyushmasiga yarim “stavka”ishga kirdim. U yerda ishlab yurganimda bir necha kitoblarim chiqdi. Uyushma tomonidan uy ham berishdi. Hamza teatrida ketma-ket pyesalarim qo’yildi. Cho’ntak puldan qappaydi. Shuning uchun Maryamxonga rahmim kelib, hovli sotib oldim. Chunki bu uyda Maryam uxlolmasdi. Men mazza qilib uxlardim. Bu kishi kechasi bilan… kanamidi? (Maryam Yoqubovga qarab kuldi).
M.Yo: — Sizlar bilmassizlar, o’sha uyimizda qandala bor edi. Bitga o’xshab ketadigan, ammo undan kattaroq hasharot. Kattaligi qandoq desam…
O.Yo: — Mana shu olmadekmi? Balki choynakdekdir?
M.Yo: — Gapga usta bo’lib ketibsizmi? Oddiy qora pashshadan sal kichikroq edi. Rosa chaqardi. Uch bolamni talab, chaqib tashlardi. Ularning yig’lagani…
O.Yo: — Shuning uchun bu kishiga rahmim kelib hovli sotib oldim. Bu hovliga kelgach oson bo’lmadi. To’rt devorni qaqqaytirib ko’tarib qo’ygan ekan. Poydevorining ko’cha tomoni pishiq g’isht, qolgan tomonining ikki xil: ichki qatori xom, tashqi qatoriga pishiq g’isht terilganekan. Yosh bo’lganmiz, bilmaganmiz. Tekshirmasdan olaverganmiz. Keyin uy holiga keltirgunimizcha uch-to’rt yil o’tib ketdi.
Adib jurnalist Nargiza Usanboyeva bilan suhbat jarayonida
M.Yo: — Ijarada turganingizni gapirmaysiz-a? Qiyinchiliklarni ham ayting-da! Uylangan yillari ijarada turganmiz. O’shanda yarim “stavka” ishlab, yana o’qirdi. Stipendiya va yarim “stavka”ning maoshini olardi. Ham ijara puli to’laydi, ham ijara egasini boqadi, kelib-ketuvchi mehmonlar, yana o’qishga kelganlarni ham olib kelib mehmon qilardi.
O.Yo: — Odamlar urushdan chiqqan, nonga zor davr edi-da!
M.Yo: — Yo’q, unchalikmasdi.
O.Yo: — Bu kishi palov damlashdan, chuchvara tugishdan bezor bo’lib ketgandi. Shuning uchun aytayapti (kuladi).
Yozuvchilar uyushmasidan keyin ruschani yaxshi bilganim uchun «Literaturnaya gazeta»ga muxbir qilib tayinlashdi. U paytlar bu gazetaning adadi — 1.500.000, Moskvadagi eng obro’li gazeta edi. Ko’proq Qahhorning asarlarini yuborardim. Bu kattalarga yoqmasdi. Yana Qahhor bilan SH.Rashidovning munosabati uncha yaxshimasdi. Shunday bo’lsa-da, u kishi bir og’iz «Nega faqat A.Qahhorni berasan, boshqa yozuvchilar ham bor-ku», demagan. Undan keyin «O’zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida besh yil bosh muharrir bo’ldim. Hech kim o’qimaydigan gazetaning adadi o’sha yillar 800.000 ga chiqdi. Rosa jon kuydirib ishlagandim. Ishlagan joylarimni aytsam sahifangizga sig’may qoladi. Deputat ham bo’ldim, 75 yoshimgacha ishladim.
USTOZNING HISSASI KATTA
O.Yo: — Ustoz — nisbiy tushuncha. Chunki ustoz deganingiz sizga asar yozib bermaydi, yozishni o’rgatmaydi. Faqat uning asarlarini o’qib ilhomlanasiz, yo’l-yo’riq olasiz. Shu ma’noda Abdulla Qodiriyning «O’tgan kunlar»i, «Mehrobdan chayon»i, Cho’lponning «Kecha va kunduz»i… Cho’lpon… U ulkan yozuvchi bo’lish bilan birga buyuk shoir ham. Cho’lponning oqlanishida, dunyo yuzini ko’rishida, yorug’likka chiqishida adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinovning hissasi katta bo’lgan.
O.Yo: — Hayot bir tekis emas. Og’ir kunlarim ham bo’lgan. Chunki adabiyotda tarafkashliklar ham bo’ladi. Bu faqat mening boshimdan o’tmagan. Yozuvchi bo’lish oson emas, buning o’zi bo’lmaydi, kurashlarda chiniqib, pishib, kurashib yozuvchi bo’lasiz. O’shandayam iste’dodingizga tan berishsagina tarixda qolasiz. Shuning uchun oldindan bashorat qilib mening hamma asarlarim sevib o’qiladi, hamma davrda mashhur bo’ladi, deb hech kim aytolmaydi.
O.Yo: — Ellik yildan oshdi turmush qurganimizga. Qo’sha qarimoq faqat mening qo’limda emas. Allohning inoyati. Maryamxon yaxshi ayol. Faqat jurnalistika fakultetiga kirib oxirgi kurslarini o’qiy olmadi. Farzandlarimiz ko’payib, o’qishning imkoni bo’lmadi. Bolalar tarbiyasi, ro’zg’or… o’zi bo’lmaydi-ku! Endi Maryamxon gapirsin. Lekin tanqid qiladi-da. Mayli, qancha tanqid qilsangiz qilavering. Tanqiddan qo’rqmayman. Nohaq tuhmat yomon.
M.Yo: — Ba’zilar o’zi tengilar, ba’zilar o’zidan bir-ikki yosh katta bilan turmush qurib o’rtoqdek, do’stdek yashaydi. Bizning oramizdao’n bir yosh farq bor. Shuning uchunmi men bu kishiga shu darajada ishonganmanki…
Maryam opaning biroz tin olganidan yozuvchi yana foydalandi:
— Bo’ldimi, shu bilan gapingiz tugadimi? Qarsaklar… (yana kulgu).
M.Yo: — (Zo’rg’a kulgidan to’xtab). Gapirishga qo’ymayapsiz-ku! Bu kishiga ishonganman, suyanganman. Qo’llab-quvvatlaganman ham. Hayotimdan minnatdorman. To’rtta o’g’limiz bor. Qizimiz bo’lmasa-da, kelinlarimiz qizimizdek. Katta o’g’lim Murod — texnika fanlari doktori, ikkinchi o’g’lim Rustam — transport injeneri, keyingisi Iskandar — iqtisod fanlari nomzodi, kenjamiz Malik — texnika fanlari nomzodi. Shularning kelajagi uchun kuyunardik. Xudoga shukur, yomon bo’lmadi. Faqat ular bozor qilishni bilishmaydi-da! Oldidan chiqqan birinchi narsani harid qilaveradi. Otasiga tortgan-da! Bu kishi qaysi bozor qayerdaligini bilmaydi. Ustarasigacha o’zim olib kelaman.
O.Yo: — Boshlandi tanqid. Bir ikki-marta o’lasi qilib urganimni ham ayting! Bir safar shunday uribmanki, bir oy shifoxonada davolanib chiqdi. So’ng endi bormayman u uyga deb turib oldi. Men oyog’iga yiqilib siz farishtasiz, yagonasiz, sizday suluv ayol butun insoniyatda bo’lmagan, deb olib kelganman.
M.Yo: — Nima qilasiz, shunaqa yolg’onlarni to’qib-a?
O.Yo: — Erkaklarga ibrat bo’ladigan oliy fazilatim — xotinni uradigan odatim yo’qligini aytmadingiz-da! Yarim asrdan ko’proq birga yashabmizki, chertmabman-a!
Bu xonadonga ozgina qo’rquv va hayajon bilan kirib kelgandim. Sevimli adibimizning oilasi ham asarlari kabi diltortar, ibrat olgulik va havas qilgulik. Ular o’rtasidagi mehr, samimiylik va baxtdan beixtiyor ruhlanasiz.
FAOLIYATI VA MUKOFOTLARI
· 1963-67-yillarda «O’zbekfilm» kinostudiyasi va O’zbekiston davlat kinematografiya qo’mitasi bosh muharriri bo’lgan.
· 1970-82-yillarda G’afur G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida bosh muharrir o’rinbosari.
· «O’zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasiga 1982-87-yillarda bosh muharriri bo’lgan.
· 1987-91-yillarda O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvining birinchi kotibi.
· O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamashunoslik qo’mitasi raisi (1991yildan) va Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati Assambleyasining birinchi vitse-prezidenti (1995 yildan).
Nargiza USANBOYЕVA suhbatlashdi
Обновлено 29.02.2012 07:23
Просмотров: 188
Категория: Ijodkor


Nazira tez-tez soatiga qarab qo’yar, yuragi xovliqardi. Kichkintoylar esa bog’cha opasining yuz-ko’zlaridagi shoshqinlikni tushunmas, maza qilib o’ynashar edi. Ota-onalar ham bolalarining ko’ngliga qarab:
– Bo’ldi, endi charchadilaring, bayram tugadi, uyga keta qolaylik, – demasdi.
Bog’cha hovlisida sharlar uchadi, musiqa jaranglaydi, bolakaylar qiyqirishadi…
“Hozir diplom yoqlab chiqsa… hamma dugonalarining ota-onalari guldastalar ko’tarib kutib turishgan bo’lsa… Madinam o’ksib qolarmikan? Axir, avvallari oddiy imtihonlarda ham gul ko’tarib borardim… “Turmushga berdi-yu, onam shunday shodiyona kunim – diplom yoqlaganimda ham kelmadi”, deb ko’ngli qabaradi-da endi”…
Bu xayol Naziraga tinchlik bermayotgan bo’lsa-da, ishini tashlab keta olmasdi. Ertalab eri:
– Madinaga bora olarmikansan? – deb so’raganida:
– Albatta, bolalar bilan birpas darang-durung qilsak bas-da, keyin bo’shman, – degandi.
Bu gapidan so’ng eri ham bir dunyo ishni rejalashtirgandir.
…Xullas, bolalarni tarqatguncha Naziraning bir xayoli qizida bo’ldi. Ishini yakunlagach, ming istihola bilan qiziga qo’ng’iroq qildi. Nazarida, Madina universitet xiyobonining bir burchagida yig’lab o’tirgandek edi.
– Qizim…
– Opajon… – Madinaning ovozidagi jarang Naziraning gursillab urayotgan yuragiga sal taskin berdi. – Meni tabriklang, diplomimni “a’lo”ga himoya qildim. Ustozimiz:
– Ota-onangga rahmat, qizim, – dedi. Adajonimga yetkazib qo’ying.
– Hozir qaerdasan? Bormoqchi edim..
– Yo’q, yo’q, ovora bo’lmang, opajon. Oyijonim, dadajonim, kuyovingiz hammasi shu yerda… Siz charchagansiz… O’zingizga qarang.
– Ha, shunaqami? Qudalarimga salom de! Rahmat ayt ularga… Nazira telefon tugmasini bosdi. “Ular borishibdi…”, deya shivirladi, lekin ko’ziga “duv-duv” yosh keldi.
Ishdan qaytar ekan, ichidagi hissiyotlarni o’zi tushunmasdi. “Xursand bo’lishim kerak, yolg’iz qolmabdi. To’ydan atigi bir oy o’tdi. Bir oyda qadr topibdi”, derdi-yu, ichida bir o’ksinish kezinar, aziz bir narsasidan ayrilgandek bo’shashib, darmonsizlanar edi. Uyiga kelib, Madinaning xonasiga kirdi. Divaniga o’tirib, suyanchiqlarini siladi. Yaqindagina qizini ertalab uyg’otgani kirardi:
– Tur, qizim, o’qishga kech qolasan, – derdi. Madina yuziga kitobni yopib, sochlari to’zg’ib uxlab yotardi.
– Yana… besh daqiqa, oyi, atigi besh daqiqa, – deb ko’zini ocholmasdi.
– E, xudoyim, erta-indin birovning eshigiga borasan. Sahar turib, hovli supurishning, nonushta tayorlashing kerak. Bu yotishing bo’lsa, ikki haftada olib kelib tashlashadi, – deya jig’ibiyron bo’lar, Madina:
– Hozir uxlab olaveray-chi, o’shanda bir gap bo’lar, – deya erkalanardi. Endi shu erkatoy qizi.. begonalarga qiz bo’ldimi?
– Ha, opa, buncha bo’shashib o’tiribsiz?
Qancha yig’ladi, ovundi, o’g’li Umidjon o’qishdan qaytgach, uning ovozidan xayol to’rlari uzildi.
– Opang…
– Ha, “a’lo”ga yoqlabdi, tabrikladim.
– Birrov borib kelsakmikin, har holda, hayotida katta voqea ro’y berdi. Ataganimiz bor edi, – dedi Nazira.
– E, nima qilasiz, o’z holiga qo’ying! Yaqinda pochchamning tug’ilgan kuni ekan, borarmiz, – dedi Umidjon.
“Yo’q, Madina kutadi. Shunday kunida onasini kutmasligi mumkinmi?” Nazira o’g’lining “hay-hay”lashiga qaramay, oshxonaga kirib pishir-kuydirni boshlab yubordi. Hafsala bilan qilinayotgan tayyorgarlik nihoyasiga yetgach:
– Umidjon, meni taksiga kuzatib qo’y! – dedi.
– Opa, avval qo’ng’iroq qiling!
– Nima, o’z qizimni yo’qlashga ham ruxsat so’raymanmi? Sen bola rosa dangasa bo’libsan, o’zim ketaveraman bo’lmasa!
Nazira shunday dedi-yu, yana… qo’ng’iroq qildi. Musiqa, shovqin…
– Madina, uydamisizlar?
– Yo’q, opa, kuyovingiz bilan himoyamni yuvyapmiz. Oyijon, dadajonlarim “Rosa charchadingiz, bolam, avval to’y, so’ng imtihonlar, himoya, bir yayrab o’tiringlar”, deyishdi… Madina baqirib gapirar edi.
– Mayli, bolam… yaxshi o’tiringlar!
Naziraning tomog’iga nimadir tiqilgandek bo’ldi. Oshxonaning issig’ini endi sezgandek edi. Derazalarni ochib tashladi.
– Ha, opa, yuring, kiyinib chiqdim, – dedi Umidjon.
– Bormas ekanmiz… – Zo’rg’a o’zini bosib gapirdi Nazira. – Kafeda ekan pochchang bilan…
– Aytdim-ku sizga… Yoshlarga shon-sharaflar… Iya, opa, sizga nima bo’ldi? Yig’layapsizmi? Arazladingizmi? Yuring, o’zim aylantirib kelaman…
Nazira o’g’liga suyanib baralla yig’lab yubordi.
– Ana xolos, o’zingiz “Tezroq shu qizimni egasiga topshirib, tinsam edi”, derdingiz-ku. Endi egasida tinsa… qizg’anyapsizmi?
Nazira nima deyishini bilmasdi. O’qitdi, shu qiz uchun yelib-yugurdi, o’zini unutdi, endi shu ekan-da…
– Yo’q, borgan joyida tinsin, o’shalarga yulduzini issiq ko’rsatsin Xudoyim… Men… shunchaki…
Nazira “hiq-hiq”lab zo’rg’a gapirdi.
– Bu – boshqa gap, opa! Keling, ikkovimiz maza qilib ovqatlanamiz. “Birovning nasibasini birov yeya olmaydi”, degan mashoyixlar. Pishirganingiz – o’zimizning nasiba ekan!
Umidjonning ovozi uyni to’ldirdi. Nazira ko’zida yosh bilan jilmaydi.
Qutlibeka RAHIMBOYЕVA
Обновлено 03.11.2011 20:35
Просмотров: 170
Категория: Ijodkor Автор: Baxtiyor Rasulov

— Bolaligingiz haqida…
— Bolaligim yengil o’tgan deb bo’lmaydi. Ortga qarasam, yuragim uvushadigan o’rinlari bor. Bolaligim, nazarimda, hayotimdagi eng g’amgin davr. Ammo u menga ko’p narsa berdi. Ko’nglimni to’ldirdi. Kitob bilan oshno tutdi. Ertaklar, dostonlar, afsonalar orasida o’sdim. Haqiqiy hasrat nima ekanligini tushundim. Halollik, mardlik shu davrda jonu tanimga singdi. Hamisha «oqni oq, qorani qora», deyish lozimligini angladim. Sho’rolar va kuni kecha bo’lib o’tgan urush tinkasini quritgan odamlarning hayoti — doimo halollikka intilib yashashlari, bechoralik ichidagi bag’ri kengliklari, beshavqat va bahaybat qismatga qarshi nochor urinishlari, qorin to’ydirish g’ussasi… menga maktab bo’ldi. To’g’ri kelgan qog’ozni mukka tushib o’qiydigan bola edim va o’sha paytdagi gazetalarda yoziladigan hayot bilan atrofimdagi turmushning dahshatli farqi men ko’p o’ylantirgan… Ha, aytganday, tabiatni bir qadar anglashim ham bolaligimdan qolgan yodgorlik. Boysunda tug’ilib o’sgan odamni-ku, tabiatga yaqin bo’lmasdan iloji yo’q. Lekin uni dard darajasida qabul etishim o’sha bolaligimdagi hasratning xizmatidir.
Bolalik — o’zini anglash davri ekanligini hozir tasavvur etaman. Eslang, bir yumush bajarsang yoqmaydi, bir ish buyurishsa ma’qul kelmaydi, yana bir ishni og’irinib bajarasan, yana birini esa ma’suliyatni his qilganing tufayligina o’rinlatasan… Bu holni ko’pincha erinchoqlik va dangasalik bilan izohlashadi. Aslida, bu juda ulug’ jarayon. Alloh bu paytda bolaga o’zining iste’dodini, falakdan berilgan vazifasi nima ekanligini anglash imkoniyatini berayotgan bo’ladi. Bola shu jarayon tufayli bir kun bu dunyoda qanday kasb-kor bilan shug’ullansa ko’ngli ham, umri ham to’lishini fahmlaydi. Bu kasbga duch kelganida o’zini baxtiyor his qiladi. Bilib-bilmay unga o’zini baxsh etadi. Orzu paydo bo’ladi… Men ham bolaligimda shu tarzda aylanib, yurib adabiyotga duch kelganman…
— Ilk ijod…
— Yozishga intilish esimni taniganimdan buyon bo’lgan. Ikkinchi sinfda bo’lsa kerak, nimadir yozib, kattalarga o’qib berganim esimda. O’quvchilik davrimda tuman, viloyat gazetalarida ilk mashqlarim bosilgan. Tesha Saydaliyev, Ochil Pardayev, Bolta Yoriyev, Hurram Maqsadqulov kabi ijodkorlar yo’l-yo’riq ko’rsatishgan. Talabalik yillarim esa chinakam o’qish-o’rganish — haqiqiy adabiyotni anglash davri bo’ldi. Tahririyatma-tahririyat yurganim yo’q. Avvalo o’zimning talabimga javob beradigan narsalar yozishga harakat qilganman. Shu sababdanmi, maktabda va talabalikda yozgan narsalarimdan hech narsani chop ettirmadim. Aslida ham shu — yozuvchining havaskorlik davri odamlar nazariga tushmasligi lozim. Respublika matbuotida bosilgan birinchi she’rim yigirma uch yoshimda bosilgan. Ilk dramatik dostonim «Oq sharpa» 24 yoshimda yozildi, keyinchalik Asqad Muxtor muharrirlik qiladigan mashhur jurnalda bosilib chiqdi. Umuman, men va tengdoshlarimning ijodiy shakllanishida bu jurnalning xizmati benihoya bo’lgan.
— Nasriy va dramatik asarlar yozishingizga nima turtki bo’lgan?
— Kim bilsin… Ko’ngil ravishi turtki bergan bo’lsa kerak-da. Men qirq yoshlarga to’lganimda, endi faqat nasr bilan shug’ullanaman, degan bir qarorga ham kelgan edim. Boshida bir ikki narsa yozdim. Ammo o’sha kunlar hayotimga jiddiy o’zgarishlar kirdi. Vaqt tanqisligi paydo bo’ldi. Buning ustiga she’r ham oqib kelaveradi. Nasrda boshlaganim ba’zi narsalar oxiriga bormay chala qoldi. O’zimcha nasrda yozishim lozim deb o’ylaganlarim hozir allaqanday g’ussaga aylangan. O’tirib yozsa, bo’ladi. Dramatik asarlar esa teatrni yaxshi ko’rganimdan dunyoga kelgan bo’lsa kerak… Mening ko’pchilik dostonlarim ham (o’zimcha teatrga mo’ljallanmagan deb o’ylayman) drama uslubida yozilgan.
— Nazm, nasr, dramatik asarlar… Hammasida yuqori cho’qqiga erishgansiz. Sizni hayiqtiradigan janr?
— Men hayiqadigan janr? Erinchoqligimni aytmasam, hech narsadan hayiqmayman. Faqat o’tirib yozish kerak, xolos. Katta narsalarni yozishga esa, shoirligim xalaqit bersa kerak. Stolga o’tirdimmi, she’r keladi…
— She’rlaringizni o’qigan kishining yuragini jo’shqinlik, hayrat va sog’inch qamraydi.
— Menga bu gapni ko’p aytishadi. Kim bilsin. She’rni jo’shib, hayratlanib, sog’inib yozsam kerak-da… Bo’lmasa, she’rning kimga keragi bor. Ehtimol, o’sha Alloh menga bolalikdan bergan kasbu sadoqatim — haqiqatga rost tuyg’ularga, so’zga bo’lgan mehrim tufayli bu hol ro’y berar. Men agar ichimdagini bu tarzda qog’ozga tushirolmaganimda allaqachon o’lib ketgan bo’lar edim, deb o’ylayman. Adabiyot og’ir ish. Ba’zan yozayotganingda chidash mumkin bo’lmay qoladi.
— Yutganingiz va yutqazganingiz…
— Men bu hayotda o’zimni yutdim. Maydalanib ketmadim. Garchi bu yolg’onchi dunyo ko’p narsalar va’da qilib, imlab turganda ham, shaxsni xor qiladigan yo’llarga kirmadim. Adabiyotni muqaddas bildim. Alloh teranlikni va yuksaklikni ko’rsin, deb bandalariga in’om qilgan bu mo’’jizaga sidqidildan xizmat qildim. Adabiy yaltoqlikdan jirkandim. Shoir degan nom, Xudoga shukr, mendan hazar qilmadi… Shu sababdan o’zimni hech narsa yutqazmagan odam deb bilaman.
— Siz uchun dard nima?
— Bu dunyoning o’zi bir dard. Ko’rib turganing olam, turmush tashvishida ivirsinib yurgan odamlar, dunyoning yaxshi-yomonlik aro tovlanishlari, yurganingga allaqaydan uchib tushayotgan ismsiz haqiqat, o’tayotgan har bir oning, nomukammalligingni har lahzada his qilib turishing, ko’nglingning tubida mudom zimillab turadigan sog’inch… Nazarimda, har bir odamga dardni Parvardigor bersa kerak deb o’ylayman. Uning bir uchi borib, Egamning o’ziga taqaladiganday… (Men «Dard»ni ba’zan «Sog’inch» ham deb atayman). Ha, yana bir gap: dard — faqat o’zi uchun kuyish emas…
— Hayotingizdagi og’ir damlar…
— Bu savolga javob berish uchun, alohida suhbat qilish kerak bo’ladi. Ammo bir gapni aytib qo’yay: og’ir damlar — inson uchun bir sinovdir. Har qanday yo’lsizlik tubida botin bir yo’l borkim, zukko inson buni anglab yetadi. Faqat mehnat (ijod) va SABR lozim. Inson ezgu yo’lidan qolmasa, o’ziga xiyonat qilmasa, har qanday qorong’u damlar oqibat yorug’likka aylanadi.
— Hayotdan olgan eng katta sabog’ingiz?
— O’zingga xiyonat qilmay ham yashash mumkin… Bizning sharoitda bu muhim saboq.

Shoir rafiqasi va jurnalist Nargiza Usanboyeva bilan
— Oilangiz va farzandlaringiz haqida...
— Ra’noxon bilan bir fakultetda o’qiganmiz. Negadir u kishini ikkinchi kursda o’qiyotganda — paxta terimga chiqqanimizda ko’rganman. To’yimiz men o’qishni bitirgan yili bo’lib o’tgan. Ra’noxon tarjimonlik bilan shug’ullandi. Ko’plab yozuvchilarimizning asarlarini o’rischaga ag’darardi. Ko’p yillardan buyon Yozuvchilar uyushmasining a’zosi. Uchta farzandimiz bor. Ular boshqa kasbdagi odamlar bo’lsa ham, oxir-oqibat aylanib, ijodga yaqin kelishdi. O’g’lim Ulug’bek hozir kitob savdosi sohasida. Yozish-chizish qo’lidan keladi. Nazokat ham yozishga qo’l urdi. Kenjamiz Shodiya esa magistr bo’lgach, kichkinalarini katta qilay deb, tanaffus olib turibdi. Nevaralarim: Shohruh, Temurmalik, Ismoilbek, Muhammadbobir, Sarvar. Ba’zilari maktabga borgan bo’lsa, ba’zilari bog’chada…
— Farzandlaringizning ijodkor bo’lishiga qarshilik qilgansiz deb eshitganmiz. Qizingiz Nazokat Azim esa bitta asari bilan o’z muxlislarini topdi.
— Adabiyot ishi mashaqqatli. Menimcha, dunyodagi eng og’ir kasb. Yurakning beto’xtov hasratga to’lib turishiga hamma ham chiday olmaydi. Chunki haqiqiy adib uchun dunyo o’zgaradi. Voqelikka baho berish mezonlari voqelikning haqiqiy basharasini ochib tashlash darajasiga yetadi. Tuyg’ularni voqealarni qog’ozga tushirish jarayoni yuksak bir to’lg’onish (energetika) ichida kechadikim, bu holga yetib bormoq mashaqqatining o’zi bir azob bo’lsa, bu to’lg’onishda yillab, o’n yillab — butun umr yashash o’zga bir azobdir. Va natijada, haqiqiy adibning qismati ochiq va botin fojealar qurshovida o’tadi. Parvardigor «ol, qulim» demagan kasga esa shoiru yozuvchilik do’zaxdir. Ehtimol, uning o’zi anglamas, ammo bekorga sovrulib ketayotgan umri achinish tuyg’usini uyg’otadi, xolos. Adabiyot — beshafqat. Unda iste’dod ham, iste’dodsizlik ham yaqqol ko’rinadi. Shu sabab bolalarimni ayagan bo’lsam kerak. Buning ustiga, biror-bir nomi chiqqan yozuvchining farzandi adabiyotda durustroq bir ish qilganini ko’rganim yo’q… Nazokat esa meni fakt oldiga qo’ydi. Yozganlarini ancha payt o’qimay yurdim. Keyin qo’rqa-pisa ko’z yugurtirdim va… quvondim! Nazokat yozishni biladi. Qattiqqo’l Erkin A’zam uning hikoyasini va qissasini o’qib ko’rib: «Shu qizing — yozuvchi!» deganda ko’nglim tamom tinchidi. Hozir Nazokatdan ozmi-ko’pmi faxrlanaman. Ammo uning qiladigan ishi ko’p ekanligini ham bilaman. Nazarimda, uning o’zi ham buni anglaydi…
— Bugungi nashriyotlarga, chiqarayotgan kitoblariga fikringiz? Sizdan «bizga asar yozib bering», deb so’rashganmi?
— Hozir nashriyotlar bozor iqtisodi taqozosi bilan o’zining kunini o’zi ko’rayotgan idoralarga aylandi. Ularga foyda birinchi o’rinda. Menga «asar yozib bering», deb aytish uchun esa, millat uchun adabiyotning nimaligini bir qadar anglash lozim bo’ladi. Nashriyotlar esa fikrlashdan yiroq; allaqanday mashinalar boshqaradigan zavodlarga o’xshab ketayapti.
— Siz uchun ustoz…
— Menga hayotda ibrat bo’lgan odamlarning hammasini o’zimga ustoz deb bilaman. Kitoblarini o’qib o’rganganlarim esa o’n chandon ustozdir…
— Bugungi yoshlarga, yosh ijodkorlarga aytmoqchi bo’lganlaringiz…
— Yoshlarni o’zlariga ishonishlarini istardim. Iste’dod, bilim va mehnat bilan mustahkamlangan sobitlik SHAXSning shakllanishida muhim rol o’ynaydi.
Nargiza USANBOYЕVA suhbatlashdi
Обновлено 25.02.2012 07:37
Просмотров: 161
Категория: Ijodkor Автор: Azizbek

– Ilmli va iste’dodli kishilar rahmdil bo’lisharkan, – deydi Suhrob nigohini yerga qadaganicha. – Qaydam, sizga bu voqeani hikoya qilib berishim joizmikan? Nimagadir yuragimdagini to’kkim kelyapti, chunki ko’rganlarimdan hanuz karaxtman.
Men unga, ayting, degandek tikilaman. Qiziq, kechagina ustachilik ishlarini tugatgan xonadon haqida nimalar demoqchi?
– Mashhurlar to’g’risidagi yaxshi gaplar ham, yomon gaplar ham yashindek tez tarqaladi, deyishadi. Men u kishining sha’ni, shuhrati haqida faqat ijobiy fikrlar eshitganman, opa. Lekin el-yurt ulug’lagan, g’ururimiz, deya boshiga ko’targan insonning oiladagi o’rni...
Suhrob yana o’ng’aysizlandi, kimgadir tegishli muhim sirni ochib qo’yayotgandek, o’zini noxush sezardi.
– Nahotki, umr bo’yi misqollab yiqqan obro’ni oilada tiklash mumkin bo’lmasa? Axir, ana shu onaning orqasidan butun oila, qarindosh-urug’ ko’krak kerib yurgan-ku! Endi nafaqaga chiqqanida, kuch-quvvatdan qolganida bir og’iz yaxshi gapga mahtal bo’lib, katalakdek uyda nochor o’tirsa-ya?!
Suhrob hayajonlanganidan ketma-ket sigaret tutatardi. Men u ta’riflagan kishining ismi-sharifini so’ramadim, bunga hojat yo’q edi. Ammo yurakdan his etganim – Suhrob onasiz o’sgan, onaga bo’lgan yomon munosabatni hazm qilolmagan. Uning farzandlari va nabiralariga nafratini yashirolmayapti.
– Kelin dam-badam xorijga qatnaydi, o’g’il tijoratdan bo’shamaydi. Bo’yi yetgan qizi hech kimning nazoratida emas, o’g’il esa giyohvand... Menga ovqatni o’sha... onaxon inqillab-sinqillab tayyorlab beradi. U kishini ortiqcha urintirmaslik maqsadida uyimdan yegulik ko’tarib boraman. O’g’il nevarasi “Neksiya”sini buvisi yashayotgan pastqamgina uyga tiragudek haydab keladi-da, surbetlarcha o’dag’aylaydi:
– Buvi, ovqat bormi? Buvi, choy bormi? Buvi!..
Kampir sho’rlik qoqinib-turtinib hovliga chiqadi. Ko’zi qonga to’lib allaqayoqlarda sandiroqlab kelgan nabirasini tergashga-ku, yo’l bo’lsin! Ishqilib omon-eson yotog’iga kuzatadi-da, inqillab yegulik tashiydi, unga. Qiz nabirasining qorasiyam ko’rinmaydi, ora-sira libosini almashtirishga keladi, xolos. Keyin kunmi-tunmi, qumga singgandek g’oyib bo’ladi. Ota-onasining gapi unga bir pul, buvi-ku, go’yo bu uyda umuman bo’lmagandek. Men uning shu xonadon qizi ekanligini, o’rta yoshlardagi bir ayol ikki bolasini yetaklab kirib kelganida bildim.
– Juvonmarg o’lgur, erimni yo’ldan urib, bolalarimning rizqini qiydi-ya, rizqing qirqilgur! – Ko’z yoshini to’karkan, boyaqish buviga hasrat qildi ayol. – Bir oydirki, erim qorasini ko’rsatmaydi. Surishtirib bilsam, kotibasining dugonasiga, sizning nabirangizga ilakishib qopti. Hech qaerda ishlamasam, bolalarimni qanday boqayin, axir?!
– Bolam, tinchlaning, kiring, bir piyola choy...
– Choy o’tadimi tomog’imdan, hozir qornimni siznikida to’ydiraman. Ammo ko’nglimni-chi, kim to’ldiradi?! Bolalarimni kim boqadi? Topganini o’sha megajinga sarflab, tarallabedod yuraversa!..
Ayol dunyoning jami qarg’ishlarini to’kib soldi. Ona-ya, ona, endi nabirasi uchun yer chizib turibdi. Nogahonda boyagi ayol uni tanib qoldi:
– Voy, o’lmasam, siz anovi mashhur...
Onaxonning nigohi yana yer chizdi.
– Adashgan-da, aylanay, adashgan, xafa bo’lmang, o’zim yaxshilab gaplashib qo’yaman.
Ayol yana talmovsiradi. Shunda g’alati voqea sodir bo’ldi:
– Yo’q, aylanay, men siz aytgan odam emasman, unga o’xshayman, xolos.
Ayolni amallab kuzatgach, hovlidagi karavotga cho’kkalab uzoq o’tirdi. Qarashga botinolmayapman-u, ammo zimdan kuzataman. Mijjalari yoshga to’lgan, qo’llari titrab piyola tutib o’tirardi.
– Hoy, buvi! Zajigalkam qani?! - narigi dang’illama uydan g’o’ddayib chiqib kelgan o’n sakkiz yoshlardagi yigitcha buvisini qo’ymaydi. – Qorin ochdi, buvi! Qorinni to’ydirmaysizmi?!
– Hozir, jon bolam... – kampir nevarasini vaqti-bevaqt g’ujanak bo’lib yotib olishidan cho’chiydi. Kelini Turkiyaga ketganida nevarasi Savlat onasining qimmatbaho taqinchoqlarini pullab, dori olganiyam onaxonning boshiga balo bo’lib yog’ilgan. Kelin yo’qolgan matohlarini musichadek beozor qaynonasidan ko’rgandi. Shundan so’ng onani o’g’li “beozorgina” darvoza biqinidagi hujraga ko’chirib qo’yibdi.
Mana hayot, opa, uning achchiq haqiqatlariyu og’riqlaridan qayoqqayam qochib qutulardik! Martabali onaning qismati shunday yakunlansa-ya?!
O’ylanib qoldim. Suhrob “bugun otamni ko’rib kelaman” deganida, uning bir xonadon taqdiridan xulosa chiqargani ko’z oldimga keldi.
– Hindlarning “Bog’bon” filьmini kecha keliningiz va bolalarimga qo’yib berdim, – dedi mahzun. – Omonat dunyo, barchamiz ham omonatmiz, axir! Ishu tashvishga bog’lanib, tarbiyani unutib qo’ymaylik, deyman. Oqibati yomon bo’larkan...
Nigora JALOLIDDIN qizi
Обновлено 03.08.2011 20:19
Просмотров: 406