Mashhur.uz

Switch to desktop Register Login

ZOKIRJON XOLMUHAMMAD O`G`LI FURQAT(1859 - 1909)

Zokirjon Xolmuhammad o`g`li Furqat - milliy uyg`onish davri o`zbek adabiyotining zabardast vakillaridan biri. U shoir va adib, adabiyotshunos va muarrix, elshunos va mutarjim sifatida o`zidan boy ma`naviy meros qoldirdi. Shuningdek, Furqat zamonasining mashhur xattotlaridan edi.

Furqat 1859-yili Qo`qon shahrida tug`ildi. Yoshligidanoq Muqimiy, Muhyi, Zavqiy, Nisbat, Muhayyir kabi shoirlar muhitida qizg`in ijodiy faoliyat bilan mashg`ul bo`ldi. Furqatning shoir sifatidagi kamoloti ayni shu davrda boshlangan.

Toshkentda ikki yilga yaqin istiqomat qilgan shoir hali aniqlanmagan sabablarga ko`ra 1891-yili chet elga chiqib ketishga majbur bo`ladi. Turkiya, Yunoniston, Bolgariya, Arab mamlakatlari va Hindistonda bo`lib, Xitoyning Shinjong viloyatiga qarashli Yorkent shahrida turg`un bo`lib qoladi. U 1909-yili 50 yoshida vafot etdi.

Shoir lirikasining mavzular olami juda rang-barang. Dunyoviy muhabbat, ijtimoiy-falsafiy o`ylar aks etgan, inson erki va g`urbat ohanglari ifodalangan, diniy ma`rifatparvarlikka alohida e`tibor qaratilgan asarlari bunga yorqin dalil.

Uning o`z boshidan kechirganlari haqidagi "Ahvolot" (ba`zi tadqiqotlarda "Sarguzashtnoma", "Furqatnoma"), xitoy tilidagi manbalar asosida yozilgan "Qavoidi Chin va umuroti siyosiy" kabi nasriy asarlari ham bor.

Manbalar:
Furqat. Tanlangan asarlar. Toshkent, 1959.
Furqat. Tanlangan asarlar. Toshkent, 1980.
Furqat. Asarlar majmuasi. Ikki jildlik (arab imlosida). Toshkent, 1990.
Sayohati Furqat. O`zbekiston adabiyoti va san`ati, 1990-yil 14-dekabr.
Furqat. Qavoidi Chin va umuroti siyosiy. Sharq yulduzi, 2001, Ikkinchi fasl.

Обновлено 11.03.2009 02:06

Просмотров: 2598

AMIRIY (1787-1822)

Amiriyning asl ismi Umarxon bo`lib, u 1787-yilda Qo`qonda, Norbo`ta oilasida dunyoga kelgan. U yoshligidanoq yaxshi ta`lim-tarbiya ko`rdi. Xon Andijon hokimi Rahmonqulibiyni Umarxonga otabek qilib tayinlaydi. Marg`ilon hokimi Olimxon otasi vafotidan so`ng Qo`qonga ko`chgach, Marg`ilon Umarxonga topshiriladi. U 1807-1809-yillar davomida Marg`ilonga hokimlik qiladi. U hokimlik chog`larida Rahmonqulibiyning qizi Mohlaroyimga uylandi.
1809-yilda akasi Olimxon fitna qurboni bo`lgach, uning o`rniga Umarxon taxtga o`tirdi.
U saltanat va dinni mustahkamlash yo`lida qilgan ishlari uchun musulmon olami ulamolari tomonidan yuqori baholanib, unga «Amirul muslimin» unvoni berildi.
Amiriy o`zbek va tojik tillarida qalam tebratgan iste`dodli shoir bo`lgan. U devon tuzgan bo`lib, inqilobgacha Istambul va Toshkentda nashr etilgan edi. Shoirning g`azallari ravon, o`ynoqi bo`lib, mavzulari oshiqona va diniydir.

Qoshingga tekkuzmagil qalamni,
Bir harf ila buzmagil raqamni.
Butxonalar ichra hech tarso
Bir ko`rmadi sen kabi sanamni...

Umarxon Husayn Boyqaroga havas qilib, Qo`qonda xuddi Hirotdagidek adabiy muhit yaratishga urindi.
Gulxaniyning «Zarbulmasal» asari ham aynan Umarxonning taklifi bilan dunyoga kelgan.
Umarxon 1822-yilda vafot etgan.

Nashr qilingan asarlari:
Amiriy. Devon. (Nashrga tayyorlovchi M.Qodirova). T.: Fan, 1972.

Обновлено 11.03.2009 02:06

Просмотров: 2209

SO`FI OLLOYOR (1644-1721)

Yirik o`zbek adibi, tasavvuf adabiyotining yirik namoyandasi. Samarqandning Minglar qishlog`ida (1644) tug`ilgan. O`n yoshlarida Buxoroga o`qishga boradi, 25 yoshida Buxoro bojxonasida bojgir bo`lib ish boshlaydi. Keyinroq Shayx Navro`z qo`lida 12 yil tahsil oladi. 1721-yilda Surxondaryodagi Vaxshivor degan joyda vafot etadi. Qabri o`sha yerda.

So`fi Ollohyorning "Maslaku-l-muttaqiyn" ("Taqvodorlar maslagi"), "Sabotu-l-ojizin", "Maxzanu-l-mute`in" ("Mute`lar xazinasi"), "Murodu-l-orifin" asarlari mavjud. "Bayozi qalamkash"da 73 she`ri bor.

So`fi Ollohyorning mashhur asari "Sabotu-l-ojizin" bo`lib, Saudiya Arabistoni, Pokiston, Turkiya kabi mamlakatlarda chop etilgan. Bir necha marta sharhlar yozilgan. Asar dastlab fors-tojik tilida yozilgan. Keyinchalik So`fi Ollohyorning o`zi uni o`zbek tiliga she`riy usulda tarjima qilgan. Hajmi 12.000 baytdan ortiq "Sabotu-l-ojizin" asarining tuzilishi ham o`ziga xos.

"Maslaku-l-muttaqiyn" asari naqshbandiya tariqati mujadiddiya qo`li (tarmog`i)ning nazariy manbasi hisoblanadi. Unda suluk odobi, murid va murshid munosabatlari yangicha talqinda bayon qilingan.

Nashr qilingan asarlari:
So`fi Ollohyor. Sabotu-l-ojizin. "T.: 1991;
So`fi Ollohyor. Lutf aylab...(lirika) "Samarqand: 2000;
Risolai aziza ("Sabotu-l-ojizin sharhi"). " T.: 2000.

Обновлено 11.03.2009 02:08

Просмотров: 2333

ABULG`OZI BAHODIRXON (1603-1664)

Mashhur adib, tarixchi olim va davlat arbobi, turkiy xalqlar shajarasining yaratuvchilaridan. Abulg`ozi Bahodirxon Xiva xoni Arabmuhammad oilasida (1603) tug`ildi. O`n uch yoshligidan (1616) boshlab, toj-taxt uchun kurashlarda ishtirok etgan. Abulg`ozi 1644-yilda Xorazm taxtini egallaydi, 20 yil hukmronlik qiladi, 1644-yilning aprelida vafot etadi.

Abulg`ozining "Shajarayi tarokima" va "Shajarayi turk" nomli tarixiy asarlari hamda "Manofe`u-l-inson" nomli tibbiyotga oid risolasi yetib kelgan. "Manofe`u-l-inson"da 120 dan ortiq xastalik, uni davolash haqida ma`lumot berilgan.

"Shajarayi tarokima" (1661) turkman xalqi ajdodlari, "Shajarayi turk" (1663-64) o`zbek urug`lari haqida. "Shajarayi turk" to`qqiz bobdan iborat. Tarixiy voqealar badiiy bo`yoqlar, hayotiy lavhalar orqali tasvirlangan.

Asar Sharq, rus va G`arb olimlarining ham e`tiborini tortgan. Qozonda bir necha marta nashr etilgan (Rumyantsev nashri, 1825; Sablukov nashri, 1854.; Demezon nashri, 1871) T.N.Demezon asarni fransuz tiliga tarjima (1871) qilgan. Asar fransuz, ingliz xalqlari orasida keng tarqalgan.

Abulg`ozi Bahodirxon asarlarining O`zbekiston FA Sharqshunoslik instituti fondida bir qancha qo`lyozma nusxalari mavjud (inv. № 7668, 1223, 4017).

Nashr qilingan asarlari:
Abulg`ozi. Shajarayi turk. -T.: 1992;
Ablug`ozi Bahodurxon. Shajarayi tarokima. "T.: 1995

Обновлено 11.03.2009 02:07

Просмотров: 1918

MUHAMMADSHARIF GULXANIY

Muhammadsharif Gulxaniy XVIII asr oxiri-XIX asrning boshlarida yashab, ijod etgan o`zbek mumtoz shoir va yozuvchisidir. Taniqli o`zbek adibi, o`zbek adabiyotida satirik maktab yaratuvchilaridan biri. O`ratepada (ayrim manbalarda Namangan viloyatida) tug`ilgan, hayot yillari noma`lum. Turk va fors tillarida asarlar bitgan. "Zarbulmasal" asari Umarxonning torshirig`i bilan yozilgan. U haqda Fazliyning "Majmuai shoiron", Vozehning "Tuhfatu-l-ahbob", Avazmuhammad Attorning "Tarixi jahonnoma" asarlarida ma`lumot bor.

"Zarbulmasal"da "Kalila va Dimna" hamda Sharq mumtoz nasri an`analari davom ettirilgan. Hajviy qissa janrida yaratilgan bu asarda ramziy-majoziy timsollar vositasi bilan zamonasining nosozliklari fosh etilgan. "Zarulmasal" bir necha qo`lyozma va bosma nusxalari mavjud, ular O`R FA ShI da saqlanadi. Ayrim manbalarda devon tartib bergani aytilsa-da, biroq u topilmagan. Ayrim she`rlari fors tilidagi bayozlarda ham uchraydi.

Gulxaniy ijodi o`zbek olimlari A.Qayumov, R.Muqimov, F.Ishoqov, M.Qo`shjonov, M.Qo`shmoqov, A.Asrorov v.b. olimlar tomonidan o`rganilgan.

Nashr qilingan asarlari:
Gulxaniy. Zarbulmasal (nashrga tayyorl. F.Ishoqov). -T: 1958;
O`zbek adabiyoti. 4 jildlik 3-jild. -T: 1959.

Обновлено 11.03.2009 02:09

Просмотров: 2565

2006-2012 Mashhur.Uz

Top Desktop version