Mashhur.uz

Switch to desktop Register Login

ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR (1483-1530)

Zahiriddin Muhamad Bobur Farg`ona viloyati poytaxti Andijon shahrida ushbu viloyat hokimi Umarshayx Mirzo xonadonida dunyoga keldi. Umarshayx Amir Temurga evara - to`rtinchi (Abusaid Mirzo-Sulton Muhammad Mirzo-Mironshoh-Amir Temur) avlod edi. Onasi Qutlug`nigorxonimning otasi Toshkent hokimi Yunusxon esa o`zbeklashgan mo`g`ul urug`idan bo`lib, 12 avlod bilan Chingizxonga tutashgandir.
Otasining bevaqt vafotidan so`ng Bobur 12 yoshida taxtga chiqadi. 1497-yilda Bobur Samarqandni egallaydi. Biroq, Bobur o`z yaqinlarining xiyonati tufayli Samarqandni yuz kun deganda tashlab chiqib ketadi. U Andijonga qaytadi. Biroq u Xo`jandga yetganda shahar xiyonatchilar qo`liga o`tib ketganligi ma`lum bo`ladi. Shaharni qayta olish maqsadida qilingan xatti-harakatlar, Toshkentdagi tog`asidan yordam kutishlar samarasini bermadi. Oilalari Andijonda bo`lgan yigitlar Boburdan ajrala boshlaydi. Shu tariqa ming kishilik qo`shindan ikki yuzdan ortiq kishi qoladi. U qishni Samarqand yaqinidagi qishloqlardan birida o`tkazadi va ko`klam kelishi bilan qilingan harakatlari ham besamar ketadi.
Shunday kunlarning birida unga bir paytlar xiyonat qilgan Ali Do`st Tag`oyining navkari kelib, unga Tag`oyining tazarrusini yetkazadi. Tag`oyi agar Bobur uning gunohidan o`tsa, o`zi egallab turgan Marg`ilonni topshirishini ma`lum qiladi. Shu tariqa ikki yil davom etgan sargardonlikdan so`ng, Bobur yana o`z ota shahriga qaytadi.
1500-yilda Oysha Sultonbegim Xo`jandga keladi. Bobur uni o`z nikohiga oladi. Aynan shu davrlardan boshlab u she`rlar mashq qila boshlaydi. Uning ilk she`rlari forsiyda yozilgan edi.
Bobur yana hokimiyat uchun kurashlarga sho`ng`ib ketadi. Samarqandni egallaydi. Shayboniyxon yurishidan xabar topgan Bobur kuch to`plash uchun Shahrisabzga ketadi. Bu orada Shayboniyxon Samarqandni egallaydi.
Samarqand qo`ldan ketgach Bobur 240 nafar yigiti bilan Kesh-Hisor oralig`ida sarson bo`lib yuradi. Kech kuz kunlarida Bobur yana Samarqandga kirishga harakat qiladi. U 70-80 nafar yigiti bilan tunda «Feruza» darvozasini ishg`ol qiladi. Tongda esa ikki da`vogar «Ohanin» darvozasi yonida to`qnashadi. Vaziyat Bobur foydasiga hal bo`layotganini ko`rgan Shayboniyxon Samarqandni tashlab chiqib ketadi.
Ko`p o`tmay Shayboniyxon bilan yana to`qnashuv bo`lib o`tadi. Bu safar Bobur yengiladi va Samarqand qamal ichida qoladi. Shayboniyxon Boburga sulh taklif qiladi. U bunga rozilik beradi va shu kuni tunda shaharni tark etadi. Biroq opasi Xonzodabegim shahar darvozasidan chiqqan joyda Shayboniy qo`liga tushadi. Shayboniyxon unga uylanadi va undan Xurrambek ismli farzand ko`radi.
1503-yilning sentabr oyida Bobur Qobul va G`znani jangsiz oladi. Qobuldagi dastlabki yillar og`ir kechadi. 1505-yilda onasi Qutlug`nigorxonim vafot etadi. U kishi Bog`i Navro`ziyga dafn etilgandir.
Shayboniyxon 10 oy davomida Xorazmni qamal qilib, egallagach, yo`lni Xuroson tarafga burdi. Husayn Boyqaro esa barcha Temuriy beklarni to`plab, Shayboniyga qarshi jang qilishga chog`landi. Bu haqda Bobur shunday yozadi: «... Sulton Husayn Mirzodek Temurbek o`rniga o`turg`on ulug` podshoh yig`noq qilib, atfov va javonibdin o`g`lonlarini va beklarini tilatib, Shayboniyxondek g`animning ustiga ozim bo`lg`onda, el oyoq bila borg`onda, biz bosh bila borg`aymiz, el tayoq bila borg`onda - biz tosh bila borg`aymiz...» Biroz bu ish amalga oshmay qoladi. Sababi Husayn Boyqaro yo`lga otlanganda vafot etadi.
1503-1504-yillarda Afg`onistonni egalladi.
Bobur Qobulni olgach bobolari rusumlarini o`zgartiradi. U o`zini xon emash, shoh deb ataydi. U Hindistonni egallash rejasini tuza boshlaydi. Bu maqsadda qilgan ilk harakatlati 1507-yilning yanvar oylariga to`g`ri keladi. Bobur Hindistonni 1526-yildagina olishga muvaffaq bo`ladi. U o`zining 12 ming kishilik qo`shini bilan Ibrohim Lodining 100 ming kishilik qo`shinini yengib chiqadi va XIX asrning ikkinchi yarmiga qadar hukmronlik qilgan Boburiylar imperiyasiga asos soldi. Yevropada u «Buyuk mo`g`ul imperiyasi» nomi bilan shuhrat qozongandir.
Bobur 1530-yilning 26-dekabrida Agrada vafot etadi. Keyinchalik uning hoki o`z vasiyatiga ko`ra Qobulga ko`chirilgan.
Adabiy merosi
Bobur yigirma yoshligi chog`ida yangi yozuv - «Xatti Boburiy»ni kashf qilgan.
U ajoyib she`rlar yozgan, musiqa bilan shug`ullangan. «Boburnoma»day ulkan tarixiy-badiiy asarni yaratdi. 1521-yilda soliqlarni tartibga soluvchi she`riy janrdagi «Mubayyina-l-zakot» (Zakot bayoni) asarini yozdi. 1523-1525-yillarda aruz vazni haqida risola tuzdi. Bu risolasi «Muxtasar» nomi bilan shuhrat qozongan bo`lib, Alisher Navoiyning «Mezonu-l-avzon»dan keyingi aruzga bag`ishlangan ikkinchi kitob bo`lib hisoblanadi. Boburning «Harb ishi», «Musiqa ilmi» nomli asarlari hozirgacha topilgan emas.
U tarjima sohasida ham faoliyat yuritgan. Bobur Xo`ja Ahrorning «Volidiya» asarini o`zbek tiliga tarjima qilgan.
Bobur o`zbek va tojik tilida ijod qilgan. U o`zbekcha she`rlarini to`plab 1519-yilda Qobulda, 1528-1529-yilda Hindistonda devonlar tuzdi. Bu ikki devon o`sha joy nomlari bilan «Qobul devoni» va «Hind devoni» deb nomlanadi. «Qobul devoni» hozirgacha topilgan emas.
Bizgacha yetib kelgan she`rlarning umumiy soni 400 tani tashkil etadi. Shulardan 119 tash g`azal, 231 tasi ruboiydir.
She`rlarini mavzu jihatidan oshiqona, ta`limiy, tasavvufiy, hasbi hol kabi turlarga ajratish mumkin. Bobur she`riyati intellektual qalb izhori sifatida arqoqlidir. Uning asarlari samimiy, ravon, usluban tugal va mukammaldir. Bobur ruboiy janrini turk adabiyotida dunyoga olib chiqqan shoirdir.
Boburning ulug` asari "Boburnoma" bo`lib, uni "Vaqoye" deb ham nomlaydilar. Buyuk memorial asarda 1494-1529-yillari Markaziy va Kichik Osiyoda, Yaqin va O`rta Sharq mamlakatlarida kechgan voqealar bayon etilgan. "Boburnoma"ning o`ndan ortiq qo`lyozma nusxalari bor.
Nashr qilingan asarlari:
Bobur. Tanlangan asarlar. "T.: 1958;
Bobur. Asarlar. Uch jildlik.-T.: Fan, 1965-66;
Bobur. Boburnoma. -T.: 1960, 1989;
Bobur. Muxtasar. Toshkent, 1971;
Babur. Traktat ob aruze (rodg. I.Steblevoy). " M.:1972;
Bobur. Devon. "T.: Fan. 1994; 6. Bobur. Mubayyin. " T.: 2001.

Обновлено 11.03.2009 01:54

Просмотров: 4075

GADOIY

O`zbek mumtoz she`riyatining taniqli namoyandasi, 1403-1404-yillarda tug`ilganligi taxmin qilinadi. Temuriylar xonadonining vakillaridan biri.

Shoir merosidan birgina devon saqlangan bo`lib, umumiy hajmi 2974 misradir. Qo`lyozma Parij Milliy kutubxonasi (inv.981)da saqlanadi. Devon taxminan 15-asrning oxiri " 16-asrning boshlarida ko`chirilgan (Lutfiy devoni bilan bir muqovada), uning tarkibida 230 g`azal, bir tugallanmagan qasida, mustahzod va 5 qit`a bor.

Nashr qilingan asarlari:
Gadoiy. She`rlar (nashrga tayyorl. S.G`aniyeva). " T.: 1965;
Gadoiy. Devon (nashrga tayyorl. E.Ahmadxo`jayev). " T.: 1973;

Обновлено 11.03.2009 01:55

Просмотров: 2304

MUHAMMAD SOLIH (1455-1534)

Muhammad Solih 1455-yilda Xorazmda dunyoga keldi. Uning otasi Nur Saidbek Abusaid Mirzo davrida Xorazm hokimi bo`lgan. Xuroson taxtiga Husayn Boyqaro o`tirgach, uning otasi qatl etiladi. Bunday qismat uchun Muhammad Solih Temuriylardan ranjib yurdi va umrining oxirigacha ularga qayishmadi. U bu sulolaning tanazzuliga ko`z tutdi va albatta, o`ziga hayrixoh hukmdor davlat tepasiga kelishiga ishondi. U 1499-yilda temuriylar saroyidan ketdi va Shayboniy tarafiga o`tdi. Shayboniy uni yaxshi kutib oldi va unga «amiru-l-umaro», "maliku-sh-shuaro" unvonlarini berdi.
U davlat ishlarida va harbiy safarlarda Shayboniyxonga hamrohlik qilar edi. Shayboniyxon Buxoroni zabt etib, Samarqand safariga otlanganda vaqtincha uning vasifasini Muhammad Solih bajarib turgan. Shayboniylar davlatiga o`z ixtiyori bilan qo`shilgan Chorjo`yga Muhammad Solih hokim etib tayinlanadi.
Muhammad Solih 1505-1506-yillarda Niso shahri hokimligiga tayinlanadi. 1510-1511-yillargacha shu shaharda yashadi. Muhammad Solih Shayboniyxon vafotidan keyin Buxoroga qaytadi va umrining oxirigacha shu yerda yashab qoladi.
Muhammad Solihning 76 bob, 8902 misradan tashkil topgan «Shayboniynoma» - epik asari bizgacha yetib kelgan. Bundan tashqari, shoirning turkiy va forsiyda bitilgan she`rlaridan bir qancha namunalar saqlanib qolgan.
«Sayboniynoma» asarining asl nusxasi Vena shahrida saqlanmoqda.

Nashr qilingan asarlari:
Muhammad Solih. Shayboniynoma. " T.: 1961.
Muhammad Solih. Shayboniynoma (nashrga tayyorl. E. Shodiyev). "T.: 1989.

Обновлено 11.03.2009 01:57

Просмотров: 2354

SAKKOKIY

15-asr she`riyatining iste`dodli vakillaridan biri. Mumtoz adabiyot taraqqiyotida g`azalgo`y va qasidanavis shoir sifatida mashhur. Movaraunnahrda tug`ilgan, hayotining asosiy qismini Samarqandda - Shohruh Mirzo va Ulug`bek saroyida o`tkazgan.

Sakkokiyning g`azal va qasidalardan iborat devoni yetib kelgan. Adabiyot tarixida qasida janrining asoschilaridan biri sifatida iz qoldirgan. Sakkokiy 11 qasida (5 tasi Ulug`bekka, Xalil Sulton, Xoja Muhammad Porso, Arslon Xoja Tarxonlar v.b.) yozgan va zamonasining ulug` shaxslarini madh etgan.

Sakkokiy g`azallarining o`ziga xosligi samimiy va ohangdorligida. Shoir g`azallarining asosiy qahramoni oshiq, ma`shuqa va raqib timsollari.

Nashr qilingan asarlari:
Sakkokiy. G`azallar. " T.: 1966;
Sakkokiy. G`azallar, qasida. Kitobda: Hayot vasfi. - T.: 1988

Обновлено 11.03.2009 01:56

Просмотров: 2116

UBAYDIY (1487-1540)

Taniqli shoir, davlat arbobi, tasavvuf adabiyotining namoyandasi. Buxoroda tug`ilgan, Shayboniyxonning jiyani. Buxoro xoni sifatida (1533-1539) mamlakatda obodonchilik va madaniy-ma`rifiy ishlarni yuksaltirgan.

Mashhur Mirarab madrasasi uning davrida qurilgan. Tasavvufda yassaviya-jahriya tariqatiga kirgan. Yassaviyga ergashib, hikmatlar; Navoiyga ergashib g`azallar yozgan. Shoirning kulliyoti O`R FA ShIda 8931 raqami ostida saqlanadi. Kulliyotga "Devon" va "G`ayratnoma", "Shavqnoma", "Kitobu-s-salot" ("Namoz kitobi") asarlari ham kirgan.

Ubaydiyning "Devon"idagi turkiy g`azallar "Vafo qilsang" nomi bilan e`lon qilingan (nashrga tayyorlovchi A.Hayitmetov), shoir ijodi yuzasidan M.Abdullayev nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan.

Nashr qilingan asari:
Qul Ubaydiy. Vafo qilsang... -T.: 1994 (nashrga tayyorl. A.Hayitmetov).

Обновлено 11.03.2009 01:58

Просмотров: 1654

2006-2012 Mashhur.Uz

Top Desktop version