Mashhur.uz

Switch to desktop Register Login

BIR TOLA SOCH. (yangi hikoya)

 

Solih yotoqxonaga kiraverishda devorga osig’liq turgan qora hoshiyali suratni ko’rib, turgan joyida taxta bo’lib qotib qoldi. Yelkasiga osib olgan sumkasi beixtiyor yerga sirg’alib tushdi.

 – Uka, tinchlikmi?

 Eshik og’asining gapini yigit eshitmadi.

 – Hoy, o’g’lim, senga aytyapman?

 Solih suratning tagidagi yozuvlarni o’qiy olmadi. Ko’ziga qalqqan yosh bunga izn bermadi.

 – Nahotki? Nozima... Nozi...

 Yigit ming bir azob bilan kiraverishdagi o’rindiqqa kelib o’tirdi, ammo ko’zini devordagi suratdan uzolmasdi. Suratdan Nozima unga kulib qarab turardi. Bu Nozima, ha, ha, bu xuddi uning o’zginasi! Yigitning oyoqlaridan mador keta boshladi.

 – Nega? Nega, qachon, yo’q, bunday bo’lishi mumkin emas! Men undan kechirim so’rashga ulgurmadim, axir...

 Solih boshini changallagancha o’tirib qoldi. Endi eshik oldida turgan chol bir suratga, bir yigitga qarab bir nimalarni tushungandek bo’ldi va unga yaqinlashdi:

 – O’g’lim, hoy, o’g’lim, nima-a, qiz sho’rlikni tanirmiding, a?

 Solih cholga tikilib qoldi.

 – Ha, ota... Uni tanirdim...

 – Ko’rmaysanmi, bizga o’xshagan qariyalar qolib, yoshlar juvonmarg bo’lib ketyapti. Kecha qo’shnimning yigirmagayam kirmagan o’g’li avariya bo’lib o’ldi. Ota-onasining yolg’iz o’g’li-ya! Onasining ohlaridan yeru ko’k titradi, bolam. Xudoning irodasi-da, tan bermay ilojimiz yo’q. Aytgancha, bu qiz nechchiga kirgan edi?

 – O’n sakkizga...

 – Voh, bechoragina-ya, dunyoga kelib nima ko’ribdiki, gul umri zavol topsa?.. Qizni “qand kasaliga mubtalo bo’lgan”, deyishdi. Tavba, yoshlardayam turli kasalliklar chiqyapti-da... Odatda keksalarda uchrardi bu dard, nimayam deysan, qismatiga shu yozilgan ekan-da...

 Chol nimalarnidir g’udranib nari ketdi. Solih shu o’tirgancha yarim soatdan ziyod vaqt o’tkazdi. Yotoqxonaga kirib-chiqayotganlarning sanog’i yo’q, lekin u hech kimga e’tibor bermas, ko’z oldi qorong’ilashib, turishga holi qolmagandi. Nozimaning qand kasaliga chalinganidan xabari bor edi, ammo bu dard tuzalmas ekanligi yetti uxlab, tushiga kirmabdi. Nahotki, shunchalar go’l va gumroh bo’lsa?! Axir, ko’z oldida so’lib borayotgan qizni ko’ra bila turib, uni xafa qilib o’tiribdi-ya! Hammasiga o’sha yaramas Bahriddin sababchi, agar u Nozima haqida bo’hton gap tarqatmaganida, Solih jahlini jilovlagan bo’lardi. Yo’q, hammasiga o’zi aybdor. Negayam Bahriddin bedavoning gapiga kirdi? Nega?! Nozimani jonidan ortiq yaxshi ko’rardi-ku! Uni nima jin urdi o’zi?!

 – E-e, og’ayni, sen Nozimaning ketidan chopib yuribsan-u, u bo’lsa paxtaga borganimizda, yuqori kursdagi Nurilloning ketidan qolmadi.

 – Nurillo uning qarindoshi bo’ladi, e’tiboring uchun!

 – Be, men o’ylagandan ko’ra anqovroq ekansan, Solih! Ularni egatning ichida o’pishganlarini o’z ko’zi bilan ko’rganlar bor, ishonmasang, guvohlar bilan uchrashtiraman!

 Solih Bahriddinni ko’ksidan itarib yubordi. Bir kami Nozimani taftish qilishi qoluvdi… Lekin nega Nozima Nurillo bilan...

 Solih garangsib qoldi. Nozimadan kechirim so’rashga kechikkanini bilgach, ichidan otilib chiqqan xo’rsiniqni yutgancha ko’chaga otildi. Shu tobda Bahriddin oldida bo’lsa, uni g’ajib tashlashga ham tayyor edi. Agar o’sha gumroh Solihni bo’htonlari bilan chalg’itmaganida, ehtimol, u bunchalik vijdon azobida qovurilmagan, qizni ham azoblamagan bo’larmidi?

 Solih yotoqxona atrofida telbalardek izg’idi. Qorong’i tushgach, ijara uyiga borgisi kelmay, shaharda uzoq tentiradi.

 Nozima bilan birga sayr qilgan istirohat bog’iga bordi. Kechqurun ham odam gavjum bo’ladigan bog’ning ular birga uchmagan birorta arg’imchog’i qolmagan. Mana shu o’rindiqda o’tirganlarida, u Nozimaga mittigina ayiqcha sovg’a qilgandi va Xudo ko’ngliga solganmi, qiz unga:

 – Men ertaga paxtaga ketyapman, sizga meni eslab yurishingiz uchun nima qoldirsam ekan-a? – deya uzun sochlaridan bir tolasini uzib bergandi.

 Solih shosha-pisha sumkasidan yon daftarchasini oldi va uning sahifalarini varaqlab, qiz bergan soch tolasini izlay ketdi. Mana o’sha soch tolalari...

 Ardoqlab daftar qatiga solib qo’ygan soch tolasi oqargandek tuyildi unga. Solih sinchiklab qaradi, irg’ib o’rnidan turib simyog’ochdan tushayotgan yog’duga tutib, sinchkov tikildi. Yo’q, u adashmayapti, o’sha bir tola sochning yarmi oqargan. Yigitning qo’llari titrab ketdi. Oyoqlaridan mador qochdi. Demak, uning bir tola sochida ruhi yashayapti…

 Solih ertasiga stol ustidagi yon daftarchasining bir tola soch bor beti ochilib qolganini ko’rdi. Ikkinchi kuni ham shu ahvol takrorlandi, takrorlanaverdi... Buni kimdir ataylab qilayotgandek tu­yildi unga.

 Bu sirli hodisa takrorlanavergach, yigitning yuragini vahima bosdi. Solih otasidan baholi qudrat o’rgangan kalimalarini ichida qayta-qayta keltirgancha o’rniga cho’zildi. Tushida Nozimani ko’rdi. Qiz gulzor aro kapalak quvib chopib yurganmish. Solih anhorning bu betida turib uni harchand chaqirmasin, qiz eshitmabdi. Keyin… uning uzun qilib taralgan sochlariga tikilibdi. Nozimaning peshanasiga tushib turgan kokillari oqarib ketgan emish.

 Solih Nozimaning yaqin dugonasi Malikani bozorda ko’rgani va undan eshitganlarini esladi:

 – Solih aka, bilasizmi, Nozima hech qachon Nurillo bilan uchrashmagan, bu Bahriddinning nayrangi. O’shanda u dugonamni holi-joniga qo’ymasdi. Sizni yo’lidan olib tashlamoqchi bo’lib, Noziga tuhmat qilgan. Siz bo’lsangiz uning yolg’oniga ishonib, dugonamni qiynab yuribsiz...

 Solih nega o’shandayoq Nozima bilan o’rtasidagi g’ovni olib tashlamadi? Axir, Bahriddinning nomardligini u bilardi-ku?! Bechora qiz kutubxonada u tomonga kelayotganida, teskari o’girilib ketib qolgani-chi?! O’shanda Nozima nima demoqchi bo’lgan ekan? Buni bilish qiyomatga qoldi. Uning so’nggi nafasini olayotganini va sanoqli kunlari qolganini bilganida edi... Eh, g’ofil banda! Endi hammasi kech… Nozimaga achchiq araz qilib, hatto u o’qiyotgan fakulьtetga ham yo’lamay qo’ygani-chi? Uning kasalxonaga tushganini endi eshitib o’tiribdi-ya?! Kollejdayoq bir-birlarini sevib qolishgandi-ku, axir. Bir gal to’qnash kelganlarida, Nozima ko’zida o’kinch bilan uni chaqirgancha qolavergandi. Eh, bunday olifta g’ururdan nega ertaroq voz kechmadi-ya?! O’sha g’alamis Bahriddinni bilmasmidi?!

 Solih ertasi kuni Malikani yo’qlab bordi.

 – Nozimani kasalxonaga olib ketayotganlarida to komaga tushgunicha, sizning ismingiz tilidan tushmadi. Qaerlarda edingiz? Nozima sizni yaxshi ko’rishini bilmasmidingiz? Bilasizmi nima, onasi aytdiki, bechora dugonamning komaga tushganiga qadar sochlari oqarib ketibdi. Nimadandir qattiq siqilgan bo’lsa kerak…

 Solihni tok urgandek bo’ldi. Demak… Demak, yon daftardagi soch tolasi... Yo’q, yo’q, bu tolani u Nozima dardga chalinmasidan oldin… Kim bilsin, balki qiz o’sha vaqtdayoq qand kasaliga yo’liqqandir... Solih turgan joyida qotib turaverdi. Malika yigitning surat kabi qotib turganiga e’tibor bermadi. Sekin o’rnidan turib ketdi. Nega unda yon daftari kechalari ochilib qoladi? Nega? Bu jumboqni qanday tushunish mumkin, axir.

 Solih ertalab uyg’ongach, darhol yon daftariga qaradi. Daftar joyida turibdi. Kecha kechqurun yon daftarchasidagi soch tolasini olib, qalin jildli kitobning ichiga solib qo’ygandi. U shosha-pisha kitob turgan stolga qaradi-yu, qo’rqib ketdi. Yuragi bezovta ura boshladi: kitobning aynan soch tolasi solingan beti ochiq turardi. Xuddi birov ataylab ochib qo’ygandek...

 * * *

 – O’g’lingiz nimadandir qattiq qo’rqqan ko’rinadi. Hechqisi yo’q, o’tib ketadi. Kasalxona sharoitida kamida bir hafta davolanishi kerak.

 – Do’xtir, qo’rqinchli hech narsa yo’qmi, rostini ayting? Men unga ham ona, ham otaman, axir.

 – Buning barchasi ruhiyatga bog’liq, sabr qiling, opa, hammasi o’tib ketadi.

 Solih onasi bilan shifokorning suhbatini eshitib yotardi. Birdan ko’z oldiga kechasi kimdir ochib ketgan kitob keldi. Kim? Axir, u… Solihning yuragi yanada qattiqroq ura boshladi. Ahvoli og’irlashdi. Do’xtirlar ham shoshib qolishdi. Bemor kelgan kuni durustroq edi, ahvoli o’nglanish o’rniga…

 – Solih...

 Kechalari uni Nozimaning ovozi uyg’otib yuborardi. Ammo buni do’xtirlarga aytib bo’larmidi? Ular Solihni qanday tushunishlari mumkin?

 – Solih...

 Solih aniq ko’rdi. Bu tushimi, o’ngimi, sira eslolmaydi.

 – Solih...

 Palata eshigi oldida oppoq libosda Nozima kulib turardi. Uzun sochlari yoyilgan, peshanasiga tushgan kokillari xuddi bo’yoq surkalgandek oqarib qolgan! Buni Solih aniq ko’rdi. Demak, Malikaning gapi rost chiqdi.

 – Solih! Yur, men bilan ketmaysanmi? Yur, kechikib qolamiz. Yurgin...

 Qiz qo’llarini ochib uni o’zi tomonga chorlardi. Tishlari durdek, kulgichlari ham o’sha-o’sha, faqat ko’zlari boshqacha…

 Solihning gapirishga holi qolmagandi. Nihoyat, tilga kirdi:

 – Nozi, men... Men hozircha sen bilan ketolmayman, ilojim yo’q, oyim, ukalarim... ishlarim ko’p hali...

 – So-o-lihh... – Qiz erkalagannamo chaqirdi uni. – Solih, men boshqa kelmayman... Kelolmayman, tushun, kelolmayman… Senda qolgan esdaligimni o’zimga qaytar, iltimos...

 – Nozima, o’zim borib sendan kechirim so’ramoqchi edim... Meni…

 Solihning gapi og’zida qoldi, lablari quruqshab, tomog’i qaqrab ketdi. Nozima eshiknimi, devorlarning orasiga kiribmi ko’zdan g’oyib bo’ldi... Solih qizni ko’rmoqchi bo’lib, irg’ib o’rnidan turdi, ammo shu zahotiyoq oyog’i tagida qattiq bir jismga qoqilib ketib, munkib yiqildi.

 Ertalabki ukolni qilish uchun palataga kirgan hamshira polda yiqilib yotgan bemorni ko’rib, shoshib qoldi. Solih jonlantirish bo’limida o’ziga keldi.

 – O’g’lim, qo’rqitib yubording-ku, bolaginam.

 Onasining dildirab yig’lashi Solihning ko’nglini bo’shatib yubordi.

 – Oyi, qo’rqmang, men endi o’lmayman... Nozima meni qidirib kelmasligini aytdi.

 Ona o’g’lini alahsirayapti, deb o’yladi. Uning gapiga tushunmadi.

 – Solih, boshqa narsalarni o’ylama, bolam. Seni yo’qotsam, bu dunyoda yasholmayman, axir, shuni o’yla, bolajonim, meni, ukalaringni o’yla, xo’p?

 Solih onaizorining ko’ziga qalqqan yoshlarni bemajol artarkan, kasalxonadan chiqishi bilan uyidagi bir tola sochni qabristonga ko’mib kelishni diliga tugib qo’ydi...

manba: “7x7” gazetasi

Обновлено 03.11.2011 19:44

Просмотров: 95

LATIFA-2. UNDAN HAM YANGISIDAN BOR… KULISHDA DAVOM ETAMIZ. SIZDA BO`LSA BIZGA JO`NATING…

Mallasoch:
- Doktor, menga tilingizni chiqaring, degandingiz. Yarim soatdirki tilimni chiqarib o’tiribman, siz esa qarab ham qo’ymadingiz.

- Kasallik tarixini to’ldirishim uchun menga tinchlik kerak edi..

- Go’zal ayolning injiqliklaridan ham dahshatliroq narsa bormi?

- Bor. Xunuk ayolning injiqliklari!

- Tovug’ing chekadimi?

- Yo’q.

- Demak tovuqxonang yonyapti.

Haydovchilarga eslatma:

Mashinangiz derazasini sindirishgani uchun signalizatsiya chalib ketmaydi, aksincha, signalizatsiyangiz tinimsiz chalavergani uchun mashinangiz oynasini sindirishadi.

Bola onasining yoniga yugurib kirdi:

- Aya, aya! Dadam mashina g’ildiraklari ostida qolib ketdi!

- Voy tavba, qaerda, qanaqa mashina?!!

- Uch g’ildirakli boru, sekin yuradi.

- Haziling qursin, yuragimni yording, uch g’ildirakli o’yinchoqqa shuncha vahima qilding-a.

- O’yinchoq bo’lsayam asfalt tekislaydiku.

Обновлено 20.10.2011 12:25

Просмотров: 139

“KUYOVLAR KUNDALIGIDAN”. YANGICHA “MODA”. “Ammangizga o’xshatdim-mish, bir joyga borishim kerakmish… O’l, ahmoq, hech bo’lmasa, taksiga o’tqazib yubormaysanmi!?”

 

Birinchi marta uchrashuvga chiqishim edi. Shunda ham uydagilarning qistovi, “Agar shu safar ham “quyon chizib” qolmoqchi bo’lsang, uchrashuvga chiqib o’tirmay qo’yaqol, ko’rmasang ham bo’laveradi, shart uylantirib qo’yamiz!” degan gaplaridan so’ng rozi bo’lgandim. O’zi qizlar bilan hech gapim kelishmasdi, oddiygina narsani so’rash uchun ham qip-qizarib ketaverganimdan do’stlarim mazax ilishgani qilishgan edi. Kelin bo’lmishni umuman tanimayman, onamning aytishlaricha, ammamning qizining sinfdoshi ekan. Shu yaqin o’rtadagi xiyobonda uchrashadigan bo’ldik. Qo’lda gul, yurakda ming hayajon bilan uchrashuvga yo’l oldim. Yo’l-yo’lakay gapirishim kerak bo’lgan gaplarni ichimda qaytarib ketaman: “Salom, yaxshimisiz? Uydagilar yaxshimi? O’qiysizmi, ishlaysizmi? Ota-onalarimiz ikkimizni teng ko’rishibdi, siz bunga nima deysiz?” Shunga o’xshash do’stlarim tomonidan o’rgatilgan “kerakli gaplar” ro’yxatini adashtirib yubormaslik uchun ovoz chiqarib takrorlay-takrorlay qanday yetib borganimni ham bilmay qolibman.

Naq o’n besh daqiqa kuttirgach, bo’lg’usi kelinbola yangalari yetovida keldilar. Yanga sal narida qolgach, qiz men tomonga asta kela boshladi. Uyalibgina berilgan salomga uyalibgina alik oldim-u, qizning ismini yaxshiroq so’rab olmaganim esimga tushib, xijolatdan isitmam chiqib ketdi. Aniq esimda edi, boshi “Dil” bilan boshlanardi. Dilnozamidi? Dildoramidi? Dilafro’zmidi? Tavakkal dedimu taxmin qilib so’rasha ketdim:

− Yaxshimisiz Dilnozaxon?

− Dilnoza? – qizning ko’zlari dum-dumaloq bo’lib ketdi. − Men Dilshodaman…

Ha-ya, uzr… hayajonlanganimdan boya ming tirishib yodlagan savollarim ham esimdan chiqib ketdi. − Bu kishi ammangizmilar?

− Yo’q, kelinoyim, nima edi? − qiz qo’qqisdan berilgan savolimdan hayron bo’ldi.

− Ha yo’q, ammangizga o’xshatib yubordim-da, − endi buyog’iga qovun ketma-ket tusha boshladi.

− Ammamni taniysizmi?

Qayoqdan taniyman? O’zi qizni umuman tanimayman-ku… “Muzqaymoq yeysizmi?” degan antiqa taklifim ham rad etildi. Qiz meni g’alatiroq deb o’yladimi, negadir chetga qarab kulib qo’yar edi. Yana bir oz gap topolmay turib, so’ng: “Haligi, men bir joyga borishim kerak edi, ming bor uzr”, dedimu juftakni rostlab qoldim. Yo’lda ketyapmanu o’zimni o’zim mushtlab urgim keladi: “Ammangizga o’xshatdimmish, bir joyga borishim kerakmish… O’l, ahmoq, hech bo’lmasa, taksiga o’tqazib yubormaysanmi!?”

Qizning nima sababdan kulgani, uyga kelib ko’zguda o’zimga qaragach ayon bo’ldi: ko’ylakni teskarisini kiyib ketgan ekanman! “Nega yaxshiroq qaramadingiz, nega aytmadingiz?” degan zardalarimga onam: “Men qaydan bilay, shahardan olgan yangi “moda” kiyiming bo’lsa kerak, deb o’ylabman”, deya javob berdilar.

Qiz aniq meni yoqtirmagan deb o’ylagandim, qayda? “Soddagina ekan, qizlar bilan gaplashmasligi shundoq bilinib turibdi”, deb rozi bo’libdi! Bir oy o’tib to’yimiz bo’lib o’tdi, birinchi uchrashuvdagi dovdiraganlarimni esa ikki bolamning onasi bilan tez-tez eslashib, kulishib turamiz.

N. Soibnazarov, Qashqadaryo viloyati

Обновлено 06.10.2011 20:32

Просмотров: 162

ENG “QAYNOQ” LATIFALAR. MAZA QILIB KULISHGA FURSAT TOPSANGIZ BO`LDI! BOSHLADIK, UNDA…

Imtihon paytida:

− Ko’zimga issiq ko’rinyapsiz, siz bilan avval ko’rishganmizmi?

− Domla, o’tgan yili ham imtihon topshirganman sizga, yiqilgandim.

−Qaytib kelibsiz-da, irodangizga balli. Xo’-o’sh, o’tgan yili sizga bergan birinchi savolimni eslaysizmi?

− Albatta, eslayman. “Ko’zimga issiq ko’rinyapsiz, siz bilan avval ko’rishmaganmizmi?” deb so’ragandingiz.

* * *

− Qadim-qadim zamonda, baland tog’lar orasida bir cho’pon qo’y boqarkan. Bir kuni tog’ cho’qqisidagi mag’rur burgut pastga sho’ng’ibdi va bir qo’yni changallab yuqoriga uchibdi. Cho’pon sarosimaga tushmabdi va miltiq bilan burgutni otibdi. Burgut o’q yeb pastga qulabdi, qo’y esa uchib ketaveribdi.

Shu qadahni burgutlar qulamasligi va qo’ylar uchmasligi uchun olsak!

* * *

Mukammal oilada xotin pul qayoqdan topilayotganini, er pul qayoqqa sarflanayotganini bilmaydi.

* * *

Buvi nabirasiga dedi:

− Aksirayotganingda og’zingni kafting bilan yopib turgin.

− Qo’rqmang, buvijon, mening tishlarim uchib ketmaydi.

* * *

Statistika ma’lumotlariga ko’ra, 99 foiz erkaklar oyoqlari ostiga dumalab kelgan to’pni tepib yuboradilar. Lekin, afsuski, terma jamoa qolgan 1 foiz odamlardan tuzilgan.

* * *

Keksa kishi o’lim to’shagida shivirladi:

− Farzandlarim, shu yerdamisizlar?

− Ha, hammamiz shu yerdamiz.

− Nabiralarim, sizlar-chi?

− Hammamiz yoningizdamiz, bobojon.

− Ahmoqlar, nega hamma mening yonimda bo’lsa, oshxonadagi chiroq behuda yonib turibdi?!

* * *

Yigit qizni yupatmoqda:

− Bo’ldi, yig’lama, o’zingni bos. Nima gapligini tushuntir menga.

− Ota-onam turmush qurshimizga norozi bo’lishyapti.

− Shunga shuncha vahimami? Yig’lama, men o’zimga boshqa qalliq topaman.

* * *

−Nega Boltaboy amakining boshiga g’isht bilan urding?!

− Boshqa urmayman.

− Boshqa urishingga hojat yo’q endi.

* * *

Bankka xomush kayfiyatdagi bir kishi kirdi:

−Men ozgina pul olmoqchi edim.

− Marhamat, hisob raqamingizni aytsangiz.

− Hisob raqamim bo’lganda to’pponcha ko’tarib yurarmidim?!

Обновлено 20.10.2011 12:00

Просмотров: 147

HAYOT. Salgina avval biyron so’zlayotgan lablar go’yoki tosh osilgandek, bazo’r shivirladi: “Nega to’xtatdim…”

 

Ko’zga yosh to’lsayu, to’lmasa yurak,
O’ngim but bo’lsayu, so’lim bitmasa.
Qo’l yetmas manzillar menga na kerak-
 Sizning qo’lingizga qo’lim yetmasa…

Mashina signaliyu, g’ildiraklarning ayanchli, vahimali chiyillashi torgina ko’chani boshiga ko’tarib yubordi. Yigitning butun vujudi bir lahzada muzlab qolgandek tuyuldi, qo’llari rulga yopishib qoldi…

“Ey Xudo ishqilib…” chirt yumilgan ko’zlarini bazo’r ochdi-yu, mashina qarshisida qo’llarini yuziga bosgancha dir-dir titrab turgan qizni ko’rib, yelkasidan tog’ ag’darilgandek bo’ldi. “O’zingga shukr! Urib yubormabman…”

Shosha-pisha mashinadan tushdi-yu, hamon o’sha holatda turgan qizni tirsagidan tortib chetga oldi.

-   Hech nima qilmadimi? Axir uyoq-buyoqqa qarab o’tsangiz bo’lmaydimi?!

-   Nega to’xtatib qoldingiz…- qiz qo’llarini yuzidan olmagan ko’yi ingradi.

-   Nima?!

-   Nega to’xtatib qoldingiz? Axir hammasi tugashi mumkin edi-ku. Nega to’xtatdingiz?..

Yigit sog’ qolganiga shukr qilishni o’rniga ta’na qilayotgan qizga bir zum hayron tikilib qoldi-yu, mashinaga ishora qildi.

-   Qani o’tiring!

-   …

-   O’tiring dedim!

Qiz shundagina qo’llarini tushirdi.

Nigohlar… Yosh to’la nigohlar shu qadar g’amgin ediki… Kipriklarda ilinib, nelarnidir shivirlayotgan cheksiz mung yigitning ko’ngliga ko’chib o’tgandek bo’ldi. Qiz itoatkorona, yigit ochib turgan mashina eshigidan ichkariga singib ketdi.

“Sevgani bilan urishib qolgan bo’lsa kerak…” Yigit yuqoridagi ko’zgu orqali orqa o’rindiqqa boshini tashlagancha, ochiq oynadan kirayotgan shabadada sochlari to’zg’ib… qandaydir go’zallik, malohat, nafosat va mung ichra ketayotgan qizga ko’z tashladi. Negadir… Bu taxminidan qizg’ondi uni. “Onasi bilan aytishib qolib, uydan chiqib ketgandir ehtimol” Bu fikr o’ziga yoqdi. Nigohlar qaysarlik qildi, yana ko’zguga qadaldi. Ko’zlar ham shu qadar qora bo’ladimi a?

Kiprik degani ham shunchalar uzun bo’ladimi?

Lab degani ham…Qizmi o’zi bu, yo osmondan tushgan farishta?

Yigit allaqayoqlarga tortqilab ketayotgan xayollari tizginini ushlolmay qoldi.

- Ko’zingizga qarang, hozir yana bir baloni boshlaysiz!- qiz bu so’zlarni zarda bilan emas, allaqanday sokin ohangda aytdi.

“Sezibdi” yigit darhol hushini yig’di, bor diqqatini yo’lga qaratdi. “Lekin… Chindan ham, bu qadar benuqson go’zallikni avval ko’rmagandim… Agar hozir uni manziliga eltib indamay ketaversam, bir umrga yo’qotishim mumkin. Keyin… Yo’q, hech bo’lmasa uni qiynayotgan dardni bilishim kerak. Baki yordamim tegar? Yordamim tegsa u meni… Nimalarni o’ylayapman-a”

-   Bir narsa so’rasam maylimi?

Mungli nigohlar ko’zguga qadaldi. Bazo’r jur’at topgan til yana tutildi. “Nimani so’rayman?”

-   Haligi… Nega buncha xafasiz? Kimdir xafa qildimi?

-   …

-   “Ahmoqman. Kimdir xafa qildimi emish! “Senga nima” demaydimi…” Yigit javobsiz qolgan savolidan xijolat bo’ldi. Ko’zgudan ko’zlarini olib qochdi.

-   Hayot. Hayot deganlari insonni goh dard, goh baxt bilan siylar ekan-da… - qiz ma’yus jilmaydi. Yigit nigohlariga qayta jur’at indi, lablariga g’oyibdan kuch yog’ilib keldi.

-   Oyning yorug’ o’n besh kuni ham bor yaxshi qiz! Sizga aytsam, arzimagan narsadan siqilib yuraversangiz o’zingizni o’zingiz yeb qo’yasiz. Hayotga kulib qarang! Shundagina u sizni yig’latishga jur’at etolmaydi. Siz g’amlardan kuchli bo’ling, shundagina u sizdan ustun kelolmaydi. Mana bugun, siz oilangizdagilar bilan aytishib qolgan bo’lsangiz kerag-a? Lekin bu…

-   Shu yerda to’xtating!

Yigitning tiliga allaqayoqdan kelayotgan pala-partish taskin-tasallilarni qizning bexos jarang sochgan tovushi bo’lib yubordi. Mashina to’xtashi hamon qiz shoshilib pastga tushdi. Yo’l chetida turgan qandaydir yigit bilan nimalarnidir kuyinib, goh xo’rsinib, goh jilmayib gaplasha boshladi. Yigit mashinani yurg’azib ketishini ham qolib qizni kutib turishini ham bilolmasdi. “Kim bo’ldi u? Akasimi? Ketaversammikan? Yo’q, axir hatto uning ismi, telefon raqamini ham…”

 Mashina eshigi ochildi-yu, yo’l chetidagi yigit xushhol bosh suqdi:

-   Rahmat aka, ertalab uydan arazlab chiqib ketgandi! A endi bilasiz-u, er-xotinning urishi… Mana buni olib qo’yasiz!

Yigit old o’rindiqqa bir nechta beli bukik pul tashladi-yu, eshikni yopib sal narida kutib turgan “qiz”ning tirsagidan tutdi. Hozirgina taqdir tasodifi hadya etgan baxtdek tuyulgan “qiz” “begona”ning qo’llaridan tutib, mashinadan uzoqlashib borgani sayin yigitning kaftlari rulga yopishib qolgandek – ko’tara olmas, ustidan bir chelak muzdek suv quyib yuborilgandek – barmoqlarining uchigacha muzlab borardi. Salgina avval biyron so’zlayotgan lablar go’yoki tosh osilgandek, bazo’r shivirladi:

“Nega to’xtatdim…”

Lobar Azizxo’jayeva.

Обновлено 06.10.2011 20:12

Просмотров: 124

2006-2012 Mashhur.Uz

Top Desktop version