Mashhur.uz

Switch to desktop Register Login

Tog'ay Murod (Mengnorov)

Tog'ay Murod (Mengnorov) o'zbek milliy adabiyotining noyob vakilidir. U 1948 yili Surxondaryo viloyatining Denov tumani, Xo'jasoat qishlogida tug'ilgan. Shu qishloqdagi 43-o'rta maktabii 1966 yilda tugallab, o'sha yili Toshkent Davlat dorilfupunining jurnalistika fakultetiga o'qishga kirgan. 1972 yilda universitetni muvaffaqiyatli tamomlagach, respublika radiosi «Vatandoshlar» tahririyatida bo'lim muharriri bo'lib, 1970 yilgacha xizmat qilgan.

Tog'ay Murod 1973"1974 yillarda sobiq Sovet Armiyasi saflarida xizmat qilib qaytdi. 1976"1978 yillarda esa «O'zbekiston fizkulturachisi» ro'znomasida tarjimon, 1982" 1984 yidlarda «Fan va turmush» oynomasida bo'lim muharriri bo'lib ishladi. 1985"1987 yillarda Moskvada M. Gorkiy nomidagi Jahon adabiyoti oliygohida tahsil olib qaytdi. Yozuvchi o'z ijodini 1976 yili «Yulduzlar mangu yonadi» qissasi bilan boshladi. Bu qissa o'zbek adabiyotiga tug'ma iste'dod egasi kirib kelayotganidan darak berdi. Qissada Bo'ri polvon, Tilovberdi, Abil polvon obrazlarida o'zbek milliy kurashi badiiy ifodasini topdi. Adibning 1979 yilda bitilgan «Ot kishnagan oqshom» qissasi bu umidni chinakam haqiqat, ishonchga aylantirdi. Asar bosh qahramoni Tarlon ot kitobxon qalbiga qadrdon bir odamday kirib bordi. Asar nohaq tanqidga ham uchradi.
Yozuvchining 1980 yili chop etilgan «Oydinda yurgan odamlar» qissasi adibninggina emas, o'zbek milliy adabiyotining noyob namunasi bo'ldi. Qissa qahramonlari Qoplon va Oymomo farzand orzu-ilinjida kun, oy, yillarni bir-biriga ulab yashashadi. Hali tug'ilmagan bolaning bobosi, momosi bo'lib zurriyotni, bir-birlarini ardoqlashadi. Asar qahramonlari fojeasi umid va yorug'likka to'la mungli, hazin qo'shiq qilib kuylanadi.
Togay Murodning 1985 yili bitilgan «Momo yer qo'shig'i» qissasi o'z g'oyasi, adabiy yo'nalishi bilan o'zga qo'shiq-qissalaridan ajralib turadi. Povestda milliy zamindan oyog'i uzilgan, Vatan tuprog'ida yashab, yuragida yurt tuyg'usi bo'lmagan 80-yillar mafkura qurbonlari «qahramonlari» obrazlari G'arb adabiyoti sig'indi bandasi bo'lib qolgan ijodkor misolida o'zbekona kinoya bilan tasvir etiladi.
Ijodkor iste'dodli tarjimon hamdir. U 1974-1975 yillarda J.Londonning «Boyning qizi» dramasi va ko'pgina hikoyalarini o'zbek tiliga ag'darib nashr ettirdi. 1989 yili E.Seton-Tompsonning hayvonlar haqidagi mashhur «Yovvoyi yo'rg'a» kitobini mahorat bilan tarjima qildi.
Togay Murod 1986"1992 yillar davomida o'zining ilk romani «Otamdan qolgaya dalalar» asarini bitdi. «Otamdan qolgan dalalar»" ramziy roman. Unda butun umr ketmon chopib, mustamlaka yurtda kosasi oqarmay kelgan o'zbek xalqi siymosi Dehqonqul obrazi timsolida tasvir etiladi.
Yozuvchi ayni kamolot yoshida dunyoni tark etgani hanuz-hanuzgacha kitobxonlar yuragini titratadi. Tog'ay Murod (Mengnorov) o'zbek milliy adabiyotining noyob vakilidir.
Tog'ay Murod " Tog'aymurod Mengnorovning taxallusi.

Bu dunyoda o'lib bo'lmaydi (roman)

Er-xotin (hikoya). Tog'ay Murod
Ku-ku-ku... (hikoya). Tog'ay Murod
Kuzning bir kunida (hikoya). Tog'ay Murod
Bobosi bilan nevarasi (hikoya). Tog'ay Murod

"Bu dunyoda o'lib bo'lmaydi!" (ta'sirli iqtiboslar)

Обновлено 19.01.2010 07:59

Просмотров: 1015

ABDULLA QAHHOR (1907-1968)

Iste`dodli o`zbek yozuvchisi. 1907-yil 17-sentabrda Qo`qonda tug`ildi. Oldin eski maktabda, "Istiqbol" maktab-internatida, so`ngra Qo`qon pedtexnikumida o`qidi. 1925-yilda Toshkentga kelib, turli tahririyatlarda mehnat qildi. 1926-1930-yillarda O`rta Osiyo davlat universitetining pedagogika fakultetida tahsil oldi. Umri mobaynida turli ijodiy muassasalarda ishladi.

A.Qahhor o`rinli so`z qo`llash mahoratini puxta egallagan adibdir. Ijodida voqelikni realistik talqin etish ustuvorlik qiladi. Adib serqirra ijodkor sifatida adabiyotning deyarli barcha tur va janrlarida qalam tebratgan. "Olam yasharadi" nomli birinchi hikoyalar to`plami 1932-yilda bosilgan.

"Sarob" (1934), "Qo`shchinor chiroqlari" (1951) nomli romanlari, "Sinchalak" (1958), "O`tmishdan ertaklar" (1965) kabi qissalari, "Boshsiz odam", "Anor", "Bemor", "O`g`ri", "Dahshat", "Millatchilar", "San`atkor", "Adabiyot muallimi", "O`jar", "Asror bobo" kabi o`nlab hikoyalar yozgan.

"Shohi so`zana" (1949), "Og`riq tishlar" (1954), "Tobutdan tovush" (1962), "Ayajonlarim" (1966) nomli komediyalar muallifi. Felyetonlar, adabiy-tanqidiy maqolalar ham yozgan.

Adib asarlarida ruhiy-psixologik tasvir, realistik talqin hamda hajviy yo`nalish ustivorlik qiladi.

Pushkin, Gogol, L.N.Tolstoy, A.P.Chexov asarlarini o`zbek tiliga tarjima qilgan. 1968-yilning 25-mayida vafot etgan.

Nashr etilgan asarlar:
Abdulla Qahhor. Asarlar (5 tomlik). "T. : G`.G`ulom nomidagi nashriyot, 1987-1989.

Обновлено 11.03.2009 02:39

Просмотров: 2403

MUSO TOSHMUHAMMAD O`G`LI OYBEK (1905-1968)

Oybek " 1905-yilda 10-yanvarda Toshkentning Govkush mahallasida tug`ilgan Muso Toshmuhammadning adabiy taxallusi. "Bolalik xotiralarim" (1963) asarida bolaligini: ota-onasi, qarindoshlari, 20-asr boshidagi Toshkent va uning atrofidagi qishloq, kentlarni, ilk sabog`i, saboqdoshlarini tasvirlaydi.

1922-yildan unrining oxirigacha Oybek she`r, dostonlar yozdi. "Onamning mozorida" (1924), "Ovchiga" (1924), "Yoshlik xotiralaridan" (1925), "Gunafsha" (1927) singari she`rlarida yosh shoir ruhiyatining holatlari tasvirlanadi. "Fanga yurish" (1930), "Fikr" (1931), "Tansiq" (1935), "Dala yo`lida" (1935), "Qishloq qizi student" (1933), "Brigadir ayol" (1935) singari she`rlarida ijtimoiy hayot aks ettiriladi. Shoir "Dilbar " davr qizi" (1932), "O`ch" (1932), "Navoiy" (1947), "Qizlar" (1947), "Davrim jarohati" (1965) singari poemalar yozgan.

Oybek poemalarining qahramonlari "Qutlug` qon" (1940), "Navoiy" (1944), "Oltin vodiydan shabadalar" (1949) singari romanlariga ham o`tgan. "Quyosh qoraymas" (1954), "Ulug` yo`l" (1963), "Nur qidirib" (1955), "Bola Alisher" (1967) " Oybekning muhim asarlaridan. U nosir sifatida xalqning boy, murakkab tarixini aks ettirdi.
Oybek 1943-yilda O`zbekiston Fanlar Akademiyasiga haqiqiy a`zo bo`ldi. Olim "Adabiyot qoidalari haqida" (1926), "Abdulla Qodiriyning ijodiy yo`li" (1936), "Tanqidchilikda savodsizlik va ur-yiqitchilikka qarshi o`t ochaylik" (1939), "Muqimiy asarlarida sotsial tiplar" (1939) singari tadqiqotlarni, Navoiy haqidagi maqolalarni yozdi.

U "Evgeniy Onegin", "Sosunlik Dovud" kabi asarlarni o`zbek tiliga tarjima qildi.

Oybek 1968-yilning 1-iyulida vafot etgan, Chig`atoy qabristoniga dafn etilgan.

Asarlari:
Mukammal asarlar to`plami. 20 jildlik. Toshkent, "Fan", 1990-1995.

Обновлено 11.03.2009 02:48

Просмотров: 2845

HAMID OLIMJON (1909-1944)

Iste`dodli shoir. Lirik she`rlari bilan 20-asr o`zbek adabiyotiga munosib hissa qo`shgan. 1909-yilning 12-dekabrida Jizzaxda tug`ilgan. Boshlang`ich ta`limdan so`ng 20-yillarning oxirida tahsilni Samarqanddagi pedakademiyada davom ettirgan. "Ko`klam" nomli birinchi she`riy to`plami 1928-yilda bosilib chiqqan. She`rlarida lirik pafos yetakchilik qiladi. 30-yillarda shodlik va baxt kuychisi sifatida tanildi.

"Holbuki, tun", "Ofeliyaning o`limi", "Qamal qilingan shahar tepasidagi oy", "Ishim bordir o`shal ohuda" singari go`zal she`rlari mashhur. "Oygul bilan Baxtiyor" (1937), "Semurg`" (1939), "Zaynab va Omon" (1938) kabi dostonlar va "Muqanna" (1942), "Jinoyat" (1944) singari dramalar yozgan. Rus shoir va yozuvchilarining ayrim asarlarini o`zbek tiliga tarjima qilgan.

Nashr etilgan asarlari:
Mukammal asarlar to`plami (5 jildlik). Toshkent, "Fan", 1975-1984.

Обновлено 11.03.2009 02:46

Просмотров: 2810

G`AFUR G`ULOM (1903-1966)

1903-yilning 10-mayida Toshkent shahrida tug`ilgan. "Shum bola" (1936) avtobiografik qissasida ijodkorning bolaligi, asr boshidagi Toshkent hayoti tiniq tasvirlangan.

"Dinamo" (1931), "Tirik qo`shiqlar" (1932) to`plamlarida shoir ruhidagi betakrorlik, milliy o`ziga xoslik aks etdi. Insonga xos mangu tuyg`ular "Qish va shoirlar" (1929), "Non" (1931), "Toshkent" (1933), "Qutbda saylov" (1937), "Men yahudiy" (1941), "Qish" (1941), "Xotin" (1942), "Afsuski, afsusni qo`shib ko`mmadi" (1945) singari she`rlarda aks etdi.

"Bog`" (1934), "Sog`inish" (1942), "Kuz keldi" (1945), "Kuzgi ko`chatlar" (1948) singari she`rlarida obod bog`, saxiy bog`bon, umiddagi kelajak gavdalanadi. G`afur G`ulomda yurt, xalq, kelajak oldidagi mas`ullik Ota timsolida aks etgan "Sen yetim emassan" (1942), "Sog`inish" (1942), "Biri biriga shogird, biri biriga ustod" (1950), "Sizga" (1947), "Bahor taronalari" (1948) singari she`rlarida yurt, xalq, kelajak mas`uliyati tasvirlanadi.

"Netay" (1930), "Yodgor" (1936), "Shum bola" (1936-1962) qissalari, "Hiylai shar`iy" (1930), "Mening o`g`rigina bolam" (1965) singari hikoyalarida qahramon xarakterining milliy betakrorligini aks ettirgan.

1943-yilda O`zbekiston Fanlar Akademiyasiga haqiqiy a`zo bo`ldi. Akademik sifatida u adabiyot tarixini, yozuvchilar ijodini ("Navoiy va zamonamiz" (1948), "Folklordan o`rganaylik" (1939), "Jaloliddin" dramasi haqida" (1945), "Muqimiy" (1941) kabi maqolalari bilan yoritib berdi.

G`afur G`ulom ijodi O`zbekiston yurtining betakror qiyofasini, o`zbek xalqining o`ta tabiiy xarakterini yuksak badiiylik bilan yoritadi.

Shoir G`afur G`ulom 1966-yilning 10-iyunida vafot etdi, Chig`atoy qabristoniga dafn etildi.

Asarlari:
G`afur G`ulom. Asarlar. O`n tomlik. T.: Adabiyot va san`at nashriyoti, 1970-1978.

Обновлено 11.03.2009 02:49

Просмотров: 2382

2006-2012 Mashhur.Uz

Top Desktop version