Mashhur.uz

Switch to desktop Register Login

“1000 TA NIKOH VA 1000 TA SUNNAT TO’Y” XAYRIYA AKSIYASI. Respublika bo`ylab kam ta`minlangan oilalar uchun unutilmas quvonch ulashiladi!

Fond Forum, “Ayollar kengashi” RJB, “Mehr nuri” jamoat jamg’armasi, Ijtimoiy tashabbuslarni qo’llab-quvvatlash fondi 2012  yilning  mart oyidan  sentyabr oyiga qadaryurtimiz bo’ylab kengqamrovli xayriya aksiyasini amalga oshiradi. Yil davomida loyiha doirasida ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalar farzandlariga 1000 ta sunnat va 1000 ta  nikoh to’ylari o’tkaziladi.

 

Ushbu aksiya to’y o’tkazishga moddiy jihatdan qiynalgan oilalar hayotida unutilmas hodisalardan biriga aylanishi shubhasiz. Xayriya aksiyasi doirasida yosh juftlar uchun 1000 ta nikoh to’y va 10 yoshgacha 1000 nafar bola uchun sunnat to’ylar o’tkazib beriladi. Loyiha ishtirokchilarini tashkilotchilarning maxsus sovg’alari kutmoqda. Barcha kelinlar Guli brendi tomonidan mazkur aksiya uchun yaratilgan maxsus ko’ylaklarni kiyishadi. Ushbu loyiha “Mustahkam oila yili”da minglab juftlarga mustaqil oilaviy hayotga qadam qo’yish, uni yorqin va qiziqarli tadbir bilan boshlash imkonini beradi.

Ilk nikoh va sunnat to’ylari 25-26 mart kunlari Navoiy viloyatida, 27-28 mart kunlari Qashqadaryo viloyatida o’tkaziladi.

4 mart kuni poytaxtimizdagi “Interkontinental” mehmonxonasida o’tkazilgan “To’y mavsumi-2012” ko’rgazmasi doirasida ushbu xayriya loyihasining taqdimoti bo’lib o’tdi. Ko’rgazmada bu yili respublikamizning barcha hududlarida o’tkaziladigan kengqamrovli aksiya haqida batafsil axborot beruvchi stend taqdim etildi. 

Ilk bor ushbu loyiha 2005 yili “Ayollar kengashi” RJB hamda “Mehr nuri” jamg’amasi  tomonidan amalga oshirilgan bo’lib, Samarqand, Namangan, Quvasoy, Marg’ilon va Buxoro viloyatlarida o’tkazilgan edi. Guliston shahrida bolalar uyi tarbiyalanuvchilari  va ko’p bolali oilalarning 7 nafar farzandiga sunnat to’y hamda Faridun va Malika Sultonovalarga nikoh to’ylari o’tkazilib, kelin uchun nikoh ko’ylagi sovg’a qilingan. 2011 yil yakuniga ko’ra, bolalar va yoshlar uchun ham bir qator xayriya loyihalari amalga oshirildi. Andijon viloyatidagi Mehribonlik uyining 5 nafar tarbiyalanuvchisi, Jizzax viloyatida 5 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari uchun sunnat to’y marosimi, shuningdek, Abdumannon va Dilbar Usmonovalarning nikoh to’ylari o’tkazildi. 500 dan ortiq mehmonlarga homiy tashkilotlar tomonidan bayram dasturxoni yozilib, estrada xonandalari Oybek va Nigora tomonidan dilrabo kuy qo’shiqlar ijro etildi. To’ylari o’tkazilayotgan 5 nafar bola va bir juft kelin-kuyovga ushbu xayriya tadbirining tashabbuskori Gulnora Karimovaning tabriknomasi va esdalik sovg’alari topshirildi.

Ushbu loyiha “Mustahkam oila yili”da minglab juftlarga mustaqil oilaviy hayotga qadam qo’yish, uni yorqin va qiziqarli tadbir bilan boshlash imkonini beradi.

Обновлено 27.03.2012 10:29

Просмотров: 44

“BIZ BIR JAMOA, BIZ BIR OILA” AKSIYASIGA START BERILDI. 26 MARTDAN 24 APRELGACHA RESPUBLIKA BO`YLAB YOSHLAR TANLOVLARI DAVOM ETADI!

Fond Forum hamda «Kelajak ovozi» Yoshlar tashabbuslari markazining eng yirik loyihalaridan biri “Biz bir jamoa, biz bir oila” aksiyasi viloyat hokimliklari, Ijtimoiy tashabbuslarni qo’llab-quvvatlash fondi, “Ayollar kengashi” Respublika jamoat birlashmasi, BMTning aholishunoslik bo’yicha jamg’armasi (UNFPA), K.Adenauer fondi bilan hamkorlikda shu yilning 26 martidan 24 apreliga qadar Respublikamizning barcha viloyatlarida o’tkaziladi. Aksiya doirasida turli yo’nalishlarda navbatdagi tadbirlar: Yoshlar tashabbuslari forumi, «Ta’lim va karyera» ko’rgazmasi, “Hayot uchun” hayriya oilaviy forum-marafoni,  «Kelajak ovozi - 2012» Respublika yoshlar tanlovning targ’ibot aksiyasi, «Dilemma» hududiy diskussion turniri finali, «Yoshlar jurnalistikasi taraqqiyoti» mavzuida trening, «Yosh veb-dasturchilar maktabi» targ’iboti va dastlabki saralash bosqichi, «Sog’lom yoshlar» aksiyasi, xorijiy tillar  va ijtimoiy faollik mavzularida treninglar hamda tadbirning yorqin yakuni tariqasida estrada yulduzlari ishtirokidagi gala konsert o’tkaziladi.

“Biz bir jamoa, biz bir oila” aksiyasining bosh maqsadi yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning tashabbuslarini har tomonlama qo’llab-quvvatlash, Fond Forumning yoshlarga qaratilgan loyihalari haqida yanada ko’proq ma’lumot olish, hududiy tashkilot va muassasalar bilan yaqindan hamkorlik o’rnatishdir.Mazkur aksiyaning o’ziga xos jihati loyiha yoshlarning o’zlari tomonidan  tashkil etilib, ular bir necha hafta davomida mamlakatimizning barcha hududlariga tashrif buyuradilar va o’z tengdoshlari, yoshlar safini kengaytirish hamda birlashtirishga qaratilgan qator tadbirlarni amalga oshiradilar. An’anaviy tarzda olti yildan buyon loyiha doirasida tashkil etilayotgan turli mavzulardagi seminar-trening, davra-suhbatlari va ko’plab ijtimoiy tadbirlarda ishtirok etish ishtiyoqidagi yoshlarning soni yildan-yilga ortmoqda. Xususan, o’tgan yilda ularning soni 200 000 nafardan ziyodni tashkil etdi.

Aksiyaning kunlik ish dasturi matbuot anjumanidan boshlanib, uning doirasida hududiy OAV vakillari tadbir yuzasidan o’zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishlari hamda aksiyaning kun tartibi, tadbirlari va rejalari bilan tanishishlari mumkin.  

Yoshlar tashabbuslari forumining ishtirokchilari iqtidorli yoshlar, talabalar, faollar va YOTMning turli loyihalari qatnashchilari, mahalliy hokimliklar vakillari, oliy va o’rta maxsus ta’lim muassasalari, yoshlarning mehnat va ijtimoiy himoyasi boshqarmasi, savdo-sanoat palatasi, ommaviy axborot vositalari vakillaridan iborat bo’ladi. Forum doirasida ta’lim va yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, yoshlarning kichik biznesdagi roli va o’rni, istiqbolli innovatsion, ratsionalizatorlik va texnik loyihalar, yoshlarni ish bilan ta’minlash faoliyati, OAV sohasida modernizatsiya jarayoni va ustuvor vazifalar mavzularida yoshlar tomonidan taqdim etilgan turli loyihalarning qizg’in muhokamasi hamda ularni hayotga tatbiq etish bo’yicha fikr almashinuvlar bo’lib o’tadi. Ushbu baxs-munozaraning har bir viloyatdagi ishtirokchilari soni 200 nafardan ziyodroq bo’lishi ko’zda tutilgan.

Bundan tashqari har bir viloyatda “Respublika yoshlarni ish bilan ta’minlashga ko’maklashuvchi markaz” va qator muassasalar bilan hamkorlikda «Ta’lim va karyera» ko’rgazmasi bo’lib o’tadi. Unda hududiy OTM va kolllej, litseylarning bitiruvchi yoshlari ishtirok etadilar.Ularga o’qish yoki ish faoliyatlarini davom ettirish uchun  zaruriy ko’rsatma hamda yo’nalishlar beriladi. Shuningdek, yirik tashkilotlar tomonidan bo’sh ish o’rinlari ham taqdim etiladi. Malakali mutaxassislar kollej, akademik litsey va maktablarning bitiruvchilariga o’qishlarini davom ettirishlari mumkin bo’lgan Respublikamizdagi oliy o’quv yurtlari haqida ma’lumotlar, OTM yoshlariga kasb tanlash, ishga joylashish hamda muvaffaqiyatli faoliyat yuritish xususida ahamiyatli maslahatlar beradilar.

Yoshlarga dasturlash, veb-dizayn va 3D texnologiyalari asoslari yuzasidan ko’nikma berishni maqsad qilgan “Yosh veb-dasturchilar maktabi” “Kelajak ovozi” YOTMning mashhur va samarali loyihalaridan biriga aylangan. Taqdimot davomida viloyatlardagi  veb-dasturlash faoliyatini boshlayotgan yoshlar kelgusi maktab haqida batafsil ma’lumot olishlari hamda ishtirok uchun saralash bosqichidan  o’tishlari mumkin.

“Biz bir jamoa, biz bir oila” aksiyasi o’z kun tartibida  so’z ustalari uchun ham “Yoshlar jurnalistikasi taraqqiyoti” mavzusida trening o’tkazadi. Treningda jurnalistikaga qiziquvchi yigit-qizlar hamda hududiy “Kelajak press” matbuot markazlarida faoliyat yuritadigan yosh jurnalistlar ishtirok etadilar.

“Dilemma” munozaralar klubi o’yini hududiy  bosqichida bahs va munozaraga ixlsmand yoshlar ishtirok etadi. Tadbir ishtirokchilari rus va o’zbek tillaridagi qizg’in muhokamalarning guvohiga aylanadilar. Hududiy bosqich g’oliblari Respublika miqyosidagi o’yinlarga yo’llanma oladilar.

Aksiyaning yana bir eng qiziq tadbiri, uch yildirki yoshlarning keng qamrovli qiziqishlariga sabab bo’layotgan xorijiy tillar bo’yicha treningdir. Yetakchi trener-mutaxassislar noan’anaviy yo’sindgi qiziqarli mashg’ulotlarni ingliz, fransuz va nemis tillarida olib boradilar.  

Yoshlar o’rtasida sog’lom turmush tarzini targ’ib etish maqsadida “Biz bir jamoa, biz  bir oila” aksiyasi doirasida birinchi marta «Sog’lom yoshlar» aksiyasi o’tkazilmoqda. Ushbu aksiyaning maqsadi yoshlarning sog’lom turmush tarzini olib borish va reproduktiv salomatlik bo’yicha bilimlarini interfaol o’yinlar yordamida oshirish hisoblanadi. Aksiyaning bosh tashkilotchilari Ijtimoiy tashabbuslarni qo’llab quvvatlash fondi va BMTning aholishunoslik bo’yicha jamg’armasidir.

  Ikki yildan buyon sog’lom turmush tarzi mavzusini davom ettirgan holda “Hayot uchun” xayriya forum marafoni tashkil etilmoqda. Marafon ishtirokchilari nafaqat o’z g’ayratlarini hayriya yo’lida safarbar etadilar balki, tashkilotchilarning qimmatbaho, esdalik sovg’alari bilan mukofotlanadilar ham. Marafon doirasida ramziy futbolka va boshqa suvenirlarning savdosidan olingan barcha mablag’ ko’krak bezi saratoni bilan kasallangan ayollarga safarbar etiladi. Yakuniy «Uzbekistan Race for Cure» hayriya forum marafoni esa 1 may kuni Toshkent shahrida Susan G. Komen jamg’armasi bilan hamkorlikda o’tkaziladi. 

“Kelajak ovozi” tanlovi axborot aksiyasi  ishtirokchilariga Fond Forum va “Kelajak ovozi” YOTMning yoshlarga qaratilgan barcha yirik loyihalari haqida batafsil ma’lumot beriladi. Tadbir interfaol o’yinlar, qiziqarli taqdimotlar shaklida o’tkaziladi. Shuni ta’kidlash joizki, ayni damda “Kelajak ovozi -2012” Respublika yoshlar tanloviga hujjatlar qabul qilinmoqda. 

Va albatta, kun davomida bo’lib o’tgan “Biz bir jamoa, biz bir oila” aksiyasining yorqin va yuqori kayfiyatdagi yakuni tariqasida estradamizning mashhur yulduzlari Ulug’bek Raxmatullayev, Ziyoda, Ruxshona, Shoxruhxon, Baxtiyor Raxmonov, Dilso’z, Munisa Rizayeva, Oybek va Nigora, “Zarba” va “Saxro” guruhlari, yosh umidli xonandalar, “Nihol” mukofoti sovrindorlari, “Kelajak ovozi” tanlovi g’oliblari, “Yangi avlod” bolalar ijodiyoti festivali laureatlari ishtirokidagi gala konsert bo’lib o’tadi. Kun davomida bo’lib o’tgan tadbirlarda faol ishtirok etgan yigit-qizlar, tashkillashtirilgan tanlovlarda g’olib bo’lgan yoshlar tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg’alari bilan taqdirlanadi.

Ma’lumot o’rnida aytish joizki, Fond Forum vasiylik kengashi raisi Gulnora Karimova tashabbusi bilan tashkil etilgan «Kelajak ovozi» yoshlar tashabbuslari markazi jamg’armaning yoshlarga qaratilgan ko’plab loyiha g’oliblari va faol yoshlarni turli yo’nalishlar bo’yicha birlashtiradi. Xususan, “Ta’lim grantlari” dasturi, “Iqtidorli talabalar uchun stipendiyalar” dasturi, “Kelajak ovozi” iqtidorli yoshlar tanlovi g’oliblarining loyiha va takliflarini hayotga tadbiq etish, ijodiy tashabbus va g’oyalarini qo’llab-quvvatlashda yaqindan ko’maklashib kelmoqda. Bugungi kunda YOTM mamlakatimizning barcha viloyatlarida o’z bo’limlariga ega.

 

Aksiyaning o’ztkazilish muddatlari:  

·         Sirdaryo  viloyati– 26 mart

·         Jizzax viloyati – 27 mart

·         Navoiy viloyati  – 29mart

·         Xorazm viloyati  – 31 mart

·         Qoraqalpog’iston Respublikasi  – 2 aprel

·         Buxoro viloyati  – 4 aprel

·         Surxondaryo viloyati – 6 aprel

·         Qashqadaryo viloyati  – 9 aprel

·         Samarqandviloyati  – 11 aprel

·         Namangan viloyati – 16 aprel

·         Andijon viloyati – 17 aprel

·         Farg’ona viloyati – 18 aprel

·         Toshkent viloyati – 24aprel

Обновлено 27.03.2012 05:20

Просмотров: 84

2011 YIL. MADANIYAT, SAN`AT va SHOU-BIZNЕS SARHISOBI: SHOV-SHUVLAR... TANQIDLAR va G’OLIBLAR! Barchasini birma-bir eslaymiz...

Bu yil san’at va shou-biznes olamida o’rtacha yil bo’ldi. Jo’shqinligi jihatidan shunaqa ta’rif bersak, xato qilmagan bo’lamiz. Keling, cho’zib o’tirmaymizu birato’la sarhisobimizni boshlaymiz. Axir kino olamidan farqli o’laroq shou-biznes va madaniyat olamidagi sarhisob ko’pchilikka qiziq bo’lsa kerak-a?..

YIL JUDOLIKLARI

  • 2 yanvar kuni O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist Rashid Holiqovning otasi hayotdan ko’z yumdi.
  • 5-may kuni O’lmas Olloberganov padari buzrukvoridan ajraldi...
  • O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist Shuhrat Qayumovning onasi vafot etdi.

YILNING NOXUSH HOLATLARI

  • Iyul oyida Hosila Rahimova va bir to’ydagi voqea telefonlarda tarqalib ketdi
  • Ulug’bek Rahmatullayev avtofalokatga uchradi. 

YIL SHODIYONALARI

  • 19 fevral kuni Nilufar Usmonova ikkinchi o’g’li Ibrohimni dunyoga keltirdi.
  • 20 avgust kuni Jahongir Poziljonov o’g’il farzandlik bo’ldi. Ismini esa Mo’min deb qo’ydi.
  • 22 avgust kuni Sardor Rahimxon qizlik bo’ldi.
  • 24 sentyabr Sharof Muqimov va Sevinch Mo’minovalar oilasida qizaloq dunyoga keldi. Unga yaxshi niyatlar bilan Leyla deb ism qo’yishdi.   
  • 24 oktyabr kuni Otajonovlar sulolasining kenja vakili Ali Otajonov o’z sevgani Sevaraxon bilan turmush qurishdi. “O’zbekiston” mehmonxonasi restoranida bo’lib o’tgan to’y o’zgacha edi.  
  • 28 noyabr kuni xonanda Mirjamolning ham baxt va nikoh marosimi nishonlandi. Baxti kulgan qizning ismi Madinabonu.
  • 15 dekabr aktyor Alisher Uzoqov bo’ydoqlik bilan xayrlashib, o’z nikoh marosimini nishonladi. Mohinurxon bilan qurilgan oilaning baxt oqshomi “Oqshom” restoranida bo’lib o’tdi.

YIL TAQDIRLANGANLARI

  • Kinooperator Najmiddin G’ulomov “O’zbekiston Respublikasi san’at arbobi” unvoni bilan,
  • O’zbek milliy akademik drama teatri aktrisasi Malika Ibrohimova va “O’zbekiston” ashula va raqs ansambli raqqosasi Saida Mansurxo’jaevalar “O’zbekiston Respublikasi xalq artisti” unvoni bilan
  • Muqimiy nomidagi o’zbek davlat musiqiy teatri aktrisasi Gulchehra Nosirova, O’zbek milliy akademik drama teatri aktrisasi Xosiyatxon Husanova hamda “O’zbeknavo” estrada birlashmasi xonandasi Oybek Hamroqulovlar “O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan artist” unvoni bilan,
  • Bastakor Musoxon Nurmatov, suhandon Dildora Rustamova, dramaturg Erkin Xushvaqtov “O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi” unvoni bilan,
  • san’atimiz yetakchilari Yayra Abdullayeva, Rixsixonim Ibrohimova, xonanda Zulayho Boyxonovalar “El-yurt hurmati” ordeni bilan,
  • O’zbekiston xalq artistlari Munojat Yo’lchiyeva va Muyassar Razzoqovalar “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan,
  • sevimli aktyorimiz Po’lat Saidqosimov, sevimli shoirimiz Anvar Obidjon “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan,
  • O’zbekiston xalq artistlari Kommuna Ismoilova, Erkin Komilovlar “Mehnat shuhrati” ordeni bilan,
  • aktrisa Klara Jalilova, aktyor Matyoqub Matchonov, xonanda Abdulla Shomag’rupov “Do’stlik” ordeni bilan,
  • kinooperator Abduvohid G’aniev “Shuhrat” medali bilan taqdirlanishdi.
  • Aktyorlar Adiz Rajabov, Shodiya To’xtayeva, xonandalar Sherbek Shodiyev, Otabek Mutalxo’jayev va Qilichbek Madaliyevlar “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan "O’zbekiston belgisi" ko’krak nishoni bilan taqdirlandilar.

YIL TANQIDLARI

  • Ko’pchilik jurnalistlar va teletomoshabinlar faqat va faqat Kanizani tanqid qilishdan bo’shashmadi. Uning haddan tashqari kliplari bunga sabab bo’ldi. Hattoki xalq artisti Nasiba Abdullayeva ham u bilan duet kuylagani xato bo’lganini matbuotda tan oldi. 
  • Jahongir Poziljonov tanqidlar borasida ikkinchi o’ringa tushib qolgan bo’lsa-da, uning “Surxon qiz” va “Klyosh” qo’shiqlari ham qattiq e’tirozlarga sabab bo’ldi.
  • Mavluda Asalxo’jayevaning ham yangi qo’shig’i va uning klipi rosmanasiga tanqid qilindi. 
  • Ahad Qayumning “o’lim  voqeasi” ham ko’pchilik tomonidan yaxshi qarshilanmadi.  

YIL SHOV-SHUVLARI

  • Yil boshida “Ummon” guruhi xonandasi Zohidni “o’ldi”ga chiqarishdi. Keyinchalik esa bu mish-mish ekanligi “Ummon”ning tinimsiz berilgan kontsertlarida ma’lum bo’ldi.
  • 13 aprel kuni Inreki Igleseas Rossiyaga tashrif buyurdi va eng shov-shuvli voqea sifatida uning o’zbek muxlisi bilan kuylagan dueti bo’ldi. Bu muxlisning ismi Ulug’bek Ismoilov edi.
  • May oyida aktrisa Zuhra Solieva milliy akademik drama teatridan haydalibdi, degan gaplar tarqaldi. Ma’lum bo’lishicha aktrisa haydalmagan, shunchaki ishdan bo’shagan ekan.
  • Avgust oyida Ziyoda Al Bano bilan “Felichita”ni duet kuylashga muvaffaq bo’ldi. Undan oldinroq esa ya’ni aprel oyida Ziyodaning “Akfa-media”dan haydalgani haqida mish-mishlar tarqalgandi. Bu gap-so’zlarga Ziyoda faqatgina boshqa joydan ofis qilgani bilan nuqta qo’ydi.
  • Sardor Rahimxon prodyuserligida tashkil etilgan “Bayon” guruhini bir yigit tark etdi. Hozirda guruh yakka ijrochi orqali o’z faoliyatini davom ettiryapti.
  • “Jonim” guruhini bir a’zosi tark etdi. Bu Mira. Uning o’rniga Madina ismli qiz qabul qilindi. Ayni paytda ikki Madinadan ham yangilik yo’q.
  • 3 sentyabr kuni Shahzoda bir necha yillik tanaffusdan so’ng “O’zbegim taronasi” radiosining yubiley kontsertida katta sahnaga chiqdi. Keyin esa davlat kanallari orqali ko’rinish berdi.

YIL YANGILIGI

  • O’zbekiston xalq artisti Zamira Suyunovaning qizi Zilola ham avvaliga Valijon Shamshievning “O’g’lon” nomli filьmida namoyon bo’lib, keyin xonanda sifatida tomoshabinlarga ko’rinish berdi. Uning “Ikki yurak” nomli qo’shig’i biroz telekanallarda “aylandi” ham.
  • O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist Avazbek Olimovning o’g’li Javlonbek Olimov ham xususiy telekanallarda uzra o’z qo’shiqlarini havola eta boshladi.
  • Shou-biznesda “Mango” nomli guruh paydo bo’ldi.
  • Lola, Shahzoda, Sardor Rahimxon va Rayhon Birlashgan millatlar tashkiloti tomonidan o’tkazilgan “Tabiatni asrash” loyihasida ishtirok etdilar. Unda mashhurlar turli hayvonlar qiyofasida suratga tushishga rozilik bildirdilar.   

MADANIYAT OLAMI VOQЕALARI

  • 25 aprel kuni 2011 yil voqeasiga aylangan loyiha yuzaga keldi. Ya’ni “O’zbeknavo” estrada birlashmasi tashabbusi bilan “Terra group” MCHJ va O’zbekiston davlat konservatoriyasi hamkorligida “Mardi maydon” jonli ijrodagi qo’shiqlar festivaliga “start” berildi. Ushbu festivalning yakuniy final bosqichi 25 dekabr kuni “Turkiston” saroyida bo’lib o’tdi.
  • 26 iyun kuni “O’zbeknavo” estrada birlashmasi 10 yoshga to’ldi.
  • 26 avgust kuni Vatanimiz mustaqilligining 20 yilligiga bag’ishlab tashkil etilgan “Yagonasan, muqaddas Vatan!” respublika ko’rik-tanlovining g’oliblari aniqlandi. Unga ko’ra birinchi “Nihol” mukofoti sovrindori Yulduz Turdiyeva hamda xonanda Dilmurod Musayev ijrosida aytilgan “Baxtlar beshigi” qo’shig’i uchun berildi. Ikkinchi o’rin xonandalar Elmurod Ahmedov va Furqat Ashuraliyev ijrosidagi “O’zbekistonim” qo’shig’i, “Nihol” mukofoti sovrindori Sarvinoz Annaqulova va xonandalar Baxtiyor Esemuratov, Edilboy Akimov, Ajiniyoz Paxratdinov ijrosida aytiladigan “Xalqim” qo’shig’i uchun berildi. Uchinchi o’ringa “Nihol” mukofoti sovrindori Barno Ismatullayeva ijrosida aytiladigan “Ey, go’zal bo’ston!” qo’shig’i loyiq topildi.
  • 31 avgust kuni Samarqand shahrida “Sharq taronalari” sakkizinchi xalqaro musiqa festivali yakunlandi. Unga ko’ra oliy mukofot – Gran-pri Janubiy Koreyaning “Sodo-sodo” guruhi san’atkorlari, birinchi o’rin Xitoy Xalq Respublikasi va Litva vakillariga, ikkinchi o’rin O’zbekiston, Rossiya va Eron san’at ustalariga, uchinchi shrin esa Turkmaniston, Gruziya va madagaskarliklarga nasib etdi.
  • 19-25 oktyabr kunlari dunyo nigohi yana Toshkentga qadaldi. Negaki, aynan shu sanalarda “Oltin gepard” birinchi xalqaro kinoforumi bo’lib o’tdi. Undagi sovrinli haykalchalar  

“Eng yaxshi qisqa metrajli film” — eronlik rejissyor Shahram Mokrining “Xom, pishirilgan, yondirilgan” filmi uchun;

“Eng yaxshi animatsion film” — germaniyalik rejissyor Verena Felsning “Mobil” multfilmi uchun;

“Eng yaxshi rejissura” — Xitoy Taypeyi rejissyori Chang So-Chi yaratgan “Muhabbat kelgan damda” filmi uchun;

 “Eng yaxshi ayol roli” — Rossiyalik aktrisa Polina Kutepovaning rejissyor Vyacheslav Zlotopolskiy suratga olgan “Shamollar uyi” filmidagi roli uchun;

“Eng yaxshi erkak roli” — Nozim To’laxo’jayevning rejissyor Yolqin To’ychiev suratga olgan “Ilova” filmidagi roli uchun;

“Eng yaxshi to’liq metrajli film” — Taniqli rejissyor Zulfiqor Musoqovning “Qo’rg’oshin” badiiy filmi uchun topshirildi.

  • 17-26 oktyabr kunlari esa O’zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, “O’zbekteatr” ijodiy ishlab chiqarish birlashmasi, “O’zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg’armasi va O’zbekiston yoshlar teatri hamkorligida tashkil etilgan an’anaviy “Teatr.uz” festivali o’tkazildi. “Art Week Style.uz –2011”san’at haftaligi doirasida o’tkazilgan mazkur teatr bayrami bu gal ham yosh iste’dodlarni kashf etdi.  
  • 20 noyabrda “O’zbekiston” xalqaro Anjumanlar saroyida ilk bora O’zbekiston xalq artisti Munojot Yo’lchiyevaning konsert dasturi bo’lib o’tdi.
  • 23-28 oktyabr VI Toshkent Xalqaro zamonaviy san’at biennalesi o’tkazildi.

YIL MЕHMONLARI

  • Avvaliga Maksim o’zining konsert dasturi bilan tashrif buyurgan bo’lsa, “Terra” radiosining tug’ilgan kuni munosabati bilan Dan Balan janoblari o’zbek muxlislarini xursand qildi. “Gradusi” guruhi ham qaysidir munosabat bilan taklif etilgan. Shu orada Vera Brejnova, Grigoriy Leps, “Serebro”, Banderros, Tom Boksyor, Timati, keyinchalik Nyusha, poytaxtga kelganligi haqida eshitdik. 
  • 27 avgust esa Al Bano Karrezi “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivaliga tashrif buyurdi va yakkaxon konsertini ham taqdim etdi. 
  • Xonandalar qatorida ikki mashhur bastakorning ham tashrifi omma e’tiboridan chetda qolmadi. Ulardan biri Vladimir Spivakov 5 oktyabr kuni o’z kontsertini namoyish etgan bo’lsa, ikkinchisi Ennio Morekonening dasturi bo’ldi.
  • Eros Romazottining ham konsert dasturi ko’pchilik uchun qiziqarli bo’ldi. 
  • Xalqaro kinoforumga taklif etilganlardan kimdir bilib, kimdir bilmay qolgani esa mashhur hind aktrisasi Dimpl Kapadiya xonim bo’ldi.
  • “Style.uz-2011” tadbirlarida esa muxlislar Igor Krutoy va Xvarasovkiyni ko’rishga muvaffaq bo’lishdi. Mixail Galustyanning ham kelib ketgani haqida ma’lumotlar bor.
  • Dekabr oyining boshida esa Larisa Dolina o’z konserti bilan muxlislarini xushnud etdi.
  • Nihoyat, 22 dekabr kuni bo’lib o’tgan M&TV Awards taqdirlash marosimi mehmoni Filip Kirkorov bo’ldi.  

M&TVA -2011da YIL G’OLIBLARI

Bu yilgi taqdirlash marosimida quyidagilar g’oliblikni qo’lga kiritishdi. Hech qanday tahlilsiz havola etamiz, o’zingiz xulosa qiling.

Yilning eng yaxshi radioboshlovchisi — Akmal Mirzo (“Oriat Dono” radiosi)

Yilning eng yaxshi teleboshlovchisi — Rixsitilla Abdullayev

Yilning eng yaxshi teledizayni — Forum TV (“Foto nigoh” ko’rsatuvi uchun)

Yilning eng yaxshi teleloyihasi — “25-kadr” (NTT)

Yilning eng yaxshi klipi — “Nima uchun?” Sardor Rahimxon, rejissyor Narimon Sultonxo’jayev.

Yilning eng yaxshi aktyori — Muhammadiso Abdulxairov.

Yilning eng yaxshi aktrisasi — Rayhon Ulasenova.

Yilning eng yaxshi rejissyori — Jahongir Ahmedov. 

Yilning eng yaxshi filmi — “Andijonlik mehmon”.

Yilning eng yaxshi saundtreki — “Visol” filmiga, Dineyra ijrosida. Bastakor Jasur Badalboyev

Yilning eng yaxshi ayol xonandasi — Lola

Yilning eng yaxshi erkak xonandasi — Shoxruhxon.

Yilning eng yaxshi bastakori — Sarvar Rahmatxo’jayev

Yilning eng yaxshi guruhi — “Zarba”

Yilning eng yaxshi qo’shig’i — “Quyosh porlamoq uchun” Baxtiyor Rahmonov.

Yil yangiligi — “Sahro” guruhi

Madaniyat va san’at sohasi rivojiga qo’shgan hissasi uchun faxriy mukofoti — Po’lat Saidqosimov.

YIL XITLARI

1. “Kimlar” — Ozodbek Nazarbekov.

2. “Xayolimning o’g’risi” — Nilufar Usmonova.

3. “Jiyda guli” — Anvar Sobirov.

4. “Nega-nega” — Ziyoda.

5. “Meningdek” — Sardor Mamadaliyev.

6. “Yurak uradi” — Rayhon.

7. “Bemor” — Ulug’bek Rahmatullayev.

8. “Qizg’onaman” — Manzura.

9. “Chorla” — Shoxruhxon.

10. “Arazladi” — Alisher Fayz.

11. “Aylanaqolsin xolasi” — Munisa Rizayeva.

Xulosa sifatida shuni aytish kerakki, bir yillik tahlilni butun boshli portalimiz sahifalariga ham sig’dira olmasligimiz mumkin. Shuning uchun o’qilganda, bosh silkitib tasdiqlanadigan voqealarni eslashga harakat qildik. Barchangizga yangi yil muborak bo`lsin!

Baxtiyor RASULOV

Maqoladan foydalanish huquqi faqatgina “7x7” gazetasiga berilgan. Boshqa OAVlari uchun taqiqlanadi!  

Обновлено 05.01.2012 06:11

Просмотров: 227

IJODIY UCHLIK DAVR TALABI. 22 FEVRAL “O`ZBEKNAVO”ning YANA BIR TASHABBUSINI QARSHI OLAMIZ! Bu gal shoir, bastakor va xonanda hamkorligi asosiy mavzu...

Ma’lumki, o’tgan yilning 17 noyabr kuni muhtaram Prezidentimiz I.Karimovning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida belgilab berilgan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida “O`zbeknavo” estrada birlashmasi O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi bilan hamkorlikda bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri bo’lgan san’atkor odobi va madaniyati mavzuiga bag’ishlangan “Yuksak ma’naviyat – san’atkor odobining mezoni” deb nomlangan davra suhbatini o`tkazgan edi. Yig’ilish keng jamoatchilik, soha mutaxassislari va san’atkorlarning e’tirofiga sazovor bo’lib, bugunga qadar bir qator ijobiy natijalarni yuzaga keltirdi. Shu munosabat bilan, 2012 yilning 22 fevral kuni soat 15-00da “O`zbeknavo” estrada birlashmasi O’zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda mazkur tadbirning uzviy davomi sifatida “Milliy estrada san’ati: shoir, bastakor va xonanda hamkorligi davr talabi” mavzuidagi navbatdagi davra suhbatini o’tkazishni rejalashtirilgan. Ushbu tadbir Yozuvchilar uyushmasining majlislar zalida o’tkaziladi.  Yig’ilishga estrada xonandalari, shoirlar, bastakorlar, musiqa sayqalchilari, klipmeykerlar hamda OAV vakillari taklif etiladi.

Обновлено 23.02.2012 06:03

Просмотров: 52

MADANIYAT OLAMIDA “2011 YIL VOQEASI”GA AYLANGAN “MARDI MAYDON” JONLI IJRODAGI QO`SHIQLAR FESTIVALI YAKUNLANDI. (umumiy hisobot)

25 dekabr kuni “Turkiston” saroyida “Mardi maydon” jonli ijro festivalining yakuniy final bosqichi bo’lib o’tdi. Bu festivalni madaniyat olamida “Yil voqeasi” bo’ldi, deganimizga hayron bo’lmang. Haqiqatdan ham yana jonli ijroni ortga qaytarish, san’at yo’liga qadam qo’yayotgan yosh iste’dod egalarini haqiqiy san’atkor bo’lib shakllanishlariga hissa qo’shish uchun bu festival ayni muddao bo’lgani hech kimga sir emas. Bu borada “O’zbeknavo”ni tashabbuskorligi bilan tabriklash ham foydadan xoli emas. Axir “O’zbeknavo” bugun ayrim san’atkorlar tili bilan aytganda “faqatgina litsenziya berib, litsenziyani bekor qiladigan tashkilot” emas, balki u san’atkorlarni jipslashib ijod qilishlariga, san’at yo’lida ijobiy tashabbuslarni yuzaga keltirishlariga turtki bo’layotgan birlashma sifatida e’tirof etilyapti. Shunday ekan, uning maqsadini to’g’ri tushunib “Mardi maydon” festivalida qo’llab-quvvatlagan san’atkorlarga ham tashakkurlarni izhor etish lozim. Zero, kuch birlikda! Festivalning final bosqichida o’tgan galgi ishtirokchilar ham taklif etilgan bo’lib, dastur yakunida ulardan uch nafari tanlovning umumiy g’olibi sifatida e’tirof etilib, ularga “Mardi maydon”ning sovrinlari va diplomlari taqdim etildi. Ushbu uchlik Umida Xo’jayeva, Sherzodbek Ortiqov hamda E’tibor Otajonova edi. Keling, endi festivalni umumiy sarhisob qilamiz...

Festival maqsadi

Festivalni tashkil etishdan asosiy maqsad estrada, an’anaviy ijrochilik va akademik vokal yo’nalishida ijod qilayotgan yosh iste’dodlarni izlab topish, ularni qo’llab-quvvatlash va keng jamoatchilikka tanitish, yosh estrada ijodkorlarini professional malakasini oshirish, katta sahnalarda o’z san’atini namoyish etishga yo’l ochib berish, xalqimizning “Mard maydonda sinaladi” degan hikmatini yoshlar o’rtasida keng targ’ib qilish hamda kelajak avlodga yetkazishdir.

Ishtirokchilar

Festivalda ishtirok etishni istagan 17 yoshdan 30 yoshgacha bo’lgan professional va havaskor san’atkorlar tegishli hujjatlarni “O’zbeknavo” estrada birlashmasiga taqdim etadi. Arizalar o’rganib chiqilib, maxsus tanlovlar asosida saralab olinadi. Qo’shiqlarning yangiligi, originalligi, matnining ta’sirchan va badiiy obrazlarga boyligi, ijodkorning ovozi, sahna harakati, nutq madaniyati va ijro uslubi Festivalda qatnashish huquqini ta’minlashda asosiy mezon hisoblanadi.

Taqdirlash:

“TerraGroup” kompaniyasi Festivalda ijro etilgan eng yaxshi asarlarni tele va radiokanallar orqali muxlislar e’tiboriga havola etadi. "O’zbeknavo" estrada birlashmasi eng yaxshi ijrochilarni “Mustaqillik”, “Navro’z” bayramlari kabi Davlat tadbirlarida hamda mamlakatimiz va xorijda o’tkaziladigan xalqaro tanlovlarda ishtirok etish uchun tavsiya etadi; yosh iste’dodli xonandalarning yangi qo’shiqlari tayyorlanishini moliyalashtiradi; ularga imtiyozli litsenziya beradi; eng yaxshi qo’shiqlar Birlashmaning Fonotekasiga qabul qilinadi.

Vaqti va ishtirokchilar yoshi

Ushbu festival estrada, An’anaviy ijrochilik, Akademik vokal yo’nalishlari bo’yicha har ikki oyda o’tkazib boriladi va unda 17 yoshdan 30 yoshgacha bo’lgan professional hamda havaskor san’atkorlar ishtirok etishlari mumkin.

Endi festivalning uchta bosqichi haqida

Festivalning ilk konserti 25 aprel kuni o’tkazilgan bo’lib unda Sherzod Nabixo’jayev, Komila Umarova, Sherzod Ortiqov, Oyxon Shahobiddinova, E’tibor Otajonova, Shahrizoda Ahrorxo’jayeva, La’liddin Xolmatov va Sayyora Mamatqulova kabi yosh iste’dodlar o’z imkoniyatlarini sinovdan o’tkazib, tomoshabinlarning olqishiga sazovor bo’lishgandi.

25 iyun kuni bo’lib o’tgan ikkinchi festivalda esa Mohichehra Yaxshiboyeva, Yashin Xo’jamov, Shohjahon Jo’rayev, Umida Xo’jayeva, Ziyoda Qobilova va “Shod” guruhi o’z mahoratlarini sinovdan o’tkazishgan bo’lsa, ularni qutlash uchun tashrif buyurgan mehmonlar safida siz O’zbekiston xalq hofizi Orolmirzo Safarov, O’zbekiston xalq artisti G’ulomjon Yoqubov, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist Tohir Sodiqovni ko’rishimiz mumkin bo’ldi.

25 oktabrdagi festivalda “From.uz” guruhi, Mirzufar Sharipov, Ozodbek Nazarbekov,  Hilola Xo’jayeva, “Istiqlol” orkestri xonandalari Dilmurod Daliyev hamda Zilola Usmonova, Gulsanam Mamazoitova, Azamat Bozorov va ustoz san’atkor Yunus To’rayev o’z chiqishlarini namoyon qildi.  

 

Xulosa

Uch bosqichdan iborat mazkur festival doirasida milliy musiqa san’atimizni rivojlantirish borasida erishilgan yutuqlarni targ‘ib etishga qaratilgan ko‘plab ijodiy uchrashuvlar, konsertlar, davra suhbatlari o‘tkazilganligi ham tahsinga loyiq. Bu orqali xonandalar va jurnalistlar ham kelgusida faqat va faqat jonli ijro maktablarini ko’paytirishga o’z hissalarini qo’shsalar ajab emas. Qolaversa, festival boshlanish bosqichidan toki finalgacha ko’pchilik shinavandalarning ham e’tiborini tortib ulgurdi. Demak, uning Yangi yildagi bosqichlari bundanda yuksakroq va ahamiyatliroq tarzda o’tishiga shubha yo’q. Axir “Mardi maydon” o’z ishtirokchilariga keng imkoniyatlar yaratib berayotganiga guvoh bo’ldingiz-ku. Biz esa portalimiz jamoasi nomidan tashabbuskorlarni kerakli loyiha bilan yana bir bor tabriklab qolamiz.

Baxtiyor RASULOV

Обновлено 27.12.2011 20:49

Просмотров: 132

2006-2012 Mashhur.Uz

Top Desktop version