Категория: Kino olami Автор: Baxtiyor Rasulov

yoxud Alisher Uzoqov va Nigora Ismoilovalarning navbatdagi tandemi
Kinoteatrlarimiz premeralarga boy bo’layotgani sabab biz va’da qilganimizdek birin-ketin ekranlarga chiqayotgan filmlarning tahlilini sizga havola etishga kirishamiz. Demak, ilk e’tiborimiz ayni kunlarda teleekranlar orqali reklama qilinayotgan va kino saroylarida namoyish etilayotgan “Yolg’izginam” filmiga qaratiladi. Ochig’i, bu filmning ilk jalb qiladigan xususiyati Alisher Uzoqovning dramatik obrazda namoyon bo’lganidir. Demak, boshladik...
Yutuq
1. Ochig’i, Otabek Mirzaxolov ssenariysi va rejissyorligida suratga olingan filmning erish tuyuladigan jihatlarsiz suratga olinishini hali kutmagandik. Ammo... Keling, endi barchasini boshidan so’zlab beramiz. Birinchi yutuq bu dunyoda tabaqalar orasida sarson baxtning qayerdan qo’nim topishi. Ya’niki, boy bo’ladimi, kambag’almi, o’rtaxolmi baxt baribir sevgida ekanligi aks etgan. To’g’ri, buni hind filmlari orqali ko’p ko’rganmiz, deyishingiz mumkin. Lekin “Yolg’izginam”dagi talqin boshqacha.
2. Aktyorlar ansambliga keladigan bo’lsak, asosan Alisher Uzoqov, Adiz Rajabov, Nigora Ismoilova, Otabek Musayev, Baxtiyor Karimov, Xosiyat Husanova, Muyassar Berdiqulova kabi mashhurlardan iborat jamoada hamma o’ziga tegishli vazifani mahorat bilan uddalagan. Ayniqsa, Alisher Uzoqov jiddiy qiyofada ham yana bitta “pichoqqa ilinadigan”roq rolni ijro etgani tomoshabinga seziladi.
3. Nigora Ismoilovaga ham jiddiy rolni ishonib topshirishgani kutilmagan yangilik. Negaki, uni bunaqa xarakterli obrazlarda ko’rishning o’zi sal tasavvurga sig’masdi. Lekin maromiga yetkaza olgani bois fikrlarni o’zgartirishda davom etyapti. Eng muhimi bu filmga uning prodyuseri bosh-qosh bo’lgani va bunda Nigoraning ham yaxshigina reklamasi o’ylanganligi sezilmaydi.
4. Adiz Rajabov garchi salbiy obrazlarda chiqmayman, deganiga qaramay, “Yolg’izginam”da yana uni “yomon ko’rib qolishlariga imkoniyat yaratgan”.
5. Filmdagi yana bir e’tiborni jalb etadigan obraz bu Nigoraning qaynotasi. Ikkiyuzlamachi insonning xarakteri va uning voqealar rivojidagi o’rni me’yorida tasvirlangan.
Kamchilik
1. Nigora ijrosidagi kelinning qaynonasini kuzatar chog’idagi etigi “zamok”ini uzib yuborish sahnasi ham ataylab qilinganga o’xshab sezilib qolgan. Negaki, etikni kiydirish paytida qaynonasi unga “ehtiyot bo’ling” deya tanbeh ham berib qo’yadi.
2. Farzandidan ajralgan kelinning tug’uruqxonadan chiqishi va shu yerda birinchi turmushi buzilgan sevgilisi bilan uchrashish sahnasi cho’zilib ketgan. O’sha hind filmlari kabi zinalar va oyoqlar...
3. Adiz Rajabov talqinidagi kuyovning mast holatiga ishonish sal qiyinroq bo’ladi. Uning obrazga kirishgani sezilib qolgan.
4. Nazarimizda, Otabek Musayev endi boshqa ampluadagi obrazlarni ijro etishi kerak. Negaki, so’nggi o’ynagan ota obrazlarida u bir xil qiyofa aks etib qolyapti.
5. Garchi muvaffaqiyatli chiqqan bo’lsa-da, siyqasi chiqqan mavzuga yondoshilganligi kishini biroz zeriktirish mumkin.
Eslatma
Alisher Uzoqov va Nigora Ismoilova bundan oldin “O’xshatmasni uchratmas”, “Oling quda, bering quda” filmlarida juftlik sifatida namoyon bo’lishgan.
Yakuniy fikr
Xulosa sifatida shuni aytish kerakki, Otabek Mirzaxolovning bu navbatdagi ishi tahsinlarga sazovor. Axir “Quvnoqlar va zukkolar” jamoasidan kino olamiga kirib kelib, komediyasifatu ammo erish tuyuladigan obrazlar bilan biroz tanilib keyin rejissuraga qo’l urishining o’zi katta gap bo’lgan bo’lsa, endilikda uning maqsadi jiddiy filmlar suratga olish ekanligi ham maqtovga sazovor. Filmga keladigan bo’lsak, tomosha qiladigan kartina sifatida uni qarshilashimiz mumkin. Eng muhimi, bachkana jihatlardan xoli. Shu tomonidan so’nggi paytlarda kinoda hatto yoshlarning ham “kassa”ni o’ylamasdan KINO qilishga urinishayotganini e’tirof etish kerak. Har xolda yo tanqidlar ta’sir qilyapti yoki yuragida kinoga nisbatan kuchli ishtiyoqi borlar kameralar qarshisiga kelishyapti. Nima bo’lganda ham “Yolg’izginam” ijodiy jamoasini tabriklab qolamiz.
Baxtiyor Rasulov
Обновлено 03.05.2012 15:15
Просмотров: 161
Категория: Kino olami Автор: Baxtiyor Rasulov

Shu kunlarda poytaxtning bir nechta kinoteatrlarida rejissyor Sanjar Matkarimovning “Hay-hay qizaloq” qizaloq nomli yangi filmi namoyish qilinyapti. Afishalarida Asal Shodiyevaning mutlaqo zamonaviy qiz obrazidagi suratlarini ko’rgan borki, qiziqsinib qrayotgani rost. balki shu tufaylidir yoki avval va’da qilib qo’yganimiz uchunmi “Kinoreyd”imizning nigohi bu gal aynan shu filmga qaratiladi. Demak, tahlillarimizni boshladik...
Yutuq
· Birinchi navbatda bu kartina yoshlarimizni ommaviy madaniyat ta’siridan qutilishlari yo’lida suratga olinganligi seziladi. O’z yurting, o’z urf-odatlaring har qanday ta’sirdan ustunroq turishi va shu mentalitet asosida yashash kerakligini his ettiradi. Tarbiyaviy ahamiyatga ega ekanligi uchun stsenariy muallifiga tashakkur aytish kerak.
· Kartinaning umumiy sifati va montaj ishlari talabga javob beradigan darajada ekanligi, ayniqsa montajga film ruhiyatidan kelib chiqib yondashilganligi ham tahsinga sazovor. Bo’lmasa ko’pchilik shuni ham eplay olmayapti.
· Aktyorlar masalasiga kelsak, Asal Shodiyevani birinchi navbatda tilga olish kerak. Rejissyor aynan shu obrazga aynan asal mos kelishini avvaldan ko’rgani ma’lum. Negaki, xorij musiqasi va hayoti ta’siriga berilgan qiz obrazini u qoyillatib o’ynagan. To’g’ri, ayrim jihatlarida sal-pal kamchiliklar sezilishi mumkin. Bu Asalning tabiatiga va shu paytgacha ijro etgan rollariga butunlay teskari bo’lgan obrazni o’ynaganligi uchun yuzaga kelganligini inobatga olamiz.
· Shahzoda Muhammedova masalasiga kelsak, shu qizdan ham kelajakda yaxshi aktrisa yetishib chiqishiga endi shubha qilmasa ham bo’ladi. Negaki, “Tundan tonggacha” filmidagi ijrosi bir tomon bo’lgan bo’lsa, “Hay-hay qizaloq”dagi ijrosi bir tomon bo’lgan. Eng asosiysi u so’nggi paytlarda kinoda urfga aylangan bir-ikki kartinada ko’rinib keyin yo’q bo’lib ketadigan chehralardan emasligini isbotlay olyapti. To’g’ri, bu avvalo rejissyor talabi asosida yuzaga keladiyu ammo Shahzoda qaysi filmda suratga tushmasin unda o’z dastxatini qoldirishga erishyapti. Bu harakatchanligi bilan uni tabriklaymiz.
· Film ommaviy madaniyat ta’sirida qolgan yigitning opasidan maslahat so’rashi va opasining unga aytib bergan hikoyasi asosida tuzilganligi va kartina so’nggida o’sha yigitning ham o’zgarishga qaror qilishi “Hay-hay qizaloq”ning yutuqlaridan biri sifatida e’tirof etiladi.
· Rus tili darsi va o’qituvchi bilan dialog yosh tomoshabinga eng tushunarli voqea bo’lgan desak, yanglishmaymiz. Har kimga o’z tilida gapir usuli bunda juda o’z o’rnida va ta’sirli.

Kamchilik
· Albatta, bu kartinada ham yutuqlar bilan birga bir qator kamchiliklar kuzatiladi. Masalan, Asal Shodiyevaning bobosi bilan birga qishloqqa ketish sahnasida biroz ishonarsiz jihatlar mavjud. Ya’niki kelini “Lasetti”da, o’g’li esa yana bir xorij avtomashinasida yuradigan otaning avtobusda qishloqqa ketishi erish tuyuladi. Ming vaqti yo’q bo’lsa ham o’ziga to’q odamlar bunday vaziyatlar bu vazifani qaysidir mashinasi bor odamga yuklashi yoki taksi yollashi kundek ravshan. Qolaversa, ularning har ikkisi ham ota-onaga mehribon insonlar sifatida gavdalantirilgan.
· Asal Shodiyevaning ilk darsga kirgan sahnasida telefon orqali shahardagi bola bilan gaplashish jarayonida telefonining quvvati tugab o’chib qoladi, tanaffusga chiqishganida esa u bemalol telefoni bilan gaplashaveradi. Shu vaqt oralig’ida u qayerdan quvvatlantiruvchi moslama topdiyu, telefon qancha quvvat oldi?
· Avvaliga qishloqning mard yigiti sifatida gavdalantirilgan o’qituvchining ham film yakunida nomardga chiqaril qo’yilishi g’alati tuyuladi. Axir muhabbatni qadrlagan yigit qanday qilib uchta qizning taqdirida o’zgarish yasashi mumkin. Axir film ijodkorlari qizni o’zga ta’sirlardan qutilib kelishi uchun milliy tarbiya maskani bo’lgan qishloqqa jo’natishgandi. Bu yerda ham u vijdonsizlikka uchradi. Shundan so’ng aldangan qiz qanday qilib muhabbatga ishonishi mumkin? Axir u shu muhabbat uchun o’zgardiku. Tushunarsiz yakun!
Xulosa qiladigan bo’lsak, film yoshlar tarbiyasidagi yuzaga kelayotgan ayrim kamchiliklardan ota-onalarni yoxud yoshlarning o’zini ogohlantiradi. Shunisi bilan u juda katta ahamiyat kasb etadi.
Baxtiyor Rasulov
Обновлено 28.04.2012 14:33
Просмотров: 175
Категория: Kino olami Автор: Baxtiyor Rasulov

Rejissyor Akbar Bekturdiyev yaqindagina “Baxt uyi” nomli yangi filmini taqdim etgandi. Endi esa navbat yana bir yangi kartinaga. “Salom sevgi, xayr sevgi”! Ha, bu haqida o’tgan yili xabar berganmiz. Ana shu filmning nihoyat tomoshabinlarga havola etiladi. Adiz Rajabov, Zarina Nizomiddinova, Asal Shodiyeva va bir qancha mashhur aktyorlar suratga tushgan ushbu kartinaning e’tirofli jihatlari ko’p ekan. Faqat buni premeradan so’ng, obdon tahlili bilan yetkazamiz.
BOSH ROLDA ERKIN KOMILOV
Ajablanmang, aynan O’zbekiston xalq artisti Erkin Komilovga atab yozilgan ssenariy asosida yangi film suratga olishni rejalashtirayotgan rejissyor Ibrohim Rasulov shu kunlarda suratga olish ishlarini boshlaydi. Unda deyarli barcha professional kino darg’alarini ko’rishingiz mumkin bo’ladi. Aktyorlar ro’yxatiga ko’z yugurtirar ekanmiz ajablandik. Negaki, unda roppa rosa 120 ta aktyor ishtirok etishi rejalashtirilgan. Katta masshtabli yangi filmning shov-shuvi hozirdanoq boshlangan. Axir o’zingiz o’ylang, bugun filmlarda nari borsa uchta mashhur va beshta epizodik qahramonlar suratga olinayotgan bir paytda, 120 kishilik mashhurlar! Demak, katta ijodiy ish boshlanyapti.

ENDI NAVBAT TЕLЕSЕRIALGA
Rejissyor Burhon Sharopov ham yangi ijodiy ishni boshladi. Hozirda teleekranlar uchun mo’ljallangan yangi kartina serial sifatida namoyish etilishi bilan keyin film sifatida katta ekranlarda namoyish etilishi ham ko’zda tutilyapti. Ishchi nomi “Hayot” bo’lgan ushbu serialda insonlarning bir-biriga bo’lgan mehri diqqat markazida turadi. Aktyorlar ansambli hozircha oshkor etilmayapti. Lekin unda xalq artistlaridan tortib, nomdor aktyorlargacha rol o’ynayotgani haqida gap-so’zlar bor. Nazarimizda Burhon Sharopov yangi filmini birato’la shov-shuvli tarzda taqdim etishga harakat qilayotgan ko’rinadi. Nima bo’lganda ham baribir bu ijodiy ish haqida ma’lumot olishga urinamiz.
Kino shingil
“Alisher Navoiy” nomidagi san’at saroyida “Bevalar” nomli yangi film namoyish etilyapti. Unda bosh rollarni Ra’no Yarasheva, Madina Mumtoz, Alisher Uzoqov, Hamid Toshpo’latov va boshqa aktyorlar ijro etishgan.
***
Rejissyor Jahongir Ahmedov “Tundan tonggacha-2” filmini suratga oldi. Birinchi filmda siz Alisher Uzoqov va Shahzoda Muhammedovalarning banan voqeasini ko’rgan bo’lsangiz, bunisida yosh oila hangomalari aks etadi.
***
Yoshlar o’rtasidagi do’stlik, sodiqlik va muhabbatni aks ettirgan yana bir filmning nomi “Dunyo”. Unda bosh qahramon ham do’st, ham dushman, ham bemor, ham gunohkorga aylanib qoladi. Qiziq, u bu vaziyatdan qanday chiqadi?
***
Shu kunlarda yana bir yangi kartina tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi. “Yolg’izginam” deya nomlangan ushbu filmda rollarni Alisher Uzoqov, Adiz Rajabov, Nigora Ismoilova kabi yoshlar bilan bir qatorda mahoratli aktyorlar ham ijro etishgan.
Baxtiyor Rasulov
Обновлено 31.03.2012 10:32
Просмотров: 131
Категория: Kino olami Автор: Baxtiyor Rasulov

Bu yil komediya filmlari yili bo’ladiyov. Negaki, yana bir hajviy yo’nalishdagi kartina tomoshabinga havola etildi. Rejissyor Bahodir Mirmaqsudov o’z filmiga deyarli ko’pchilik professional aktyorlarni jamlashni ahd qildi. Ular safida Murod Rajabov, Ubaydulla Omon, Lola Eltoyeva, Muhammadiso Abdulhairov, Jalol Yusupov, Tamara Hazratqulova, Hadicha Qurbonova, Sherzod Ahmedov va boshqalarni ko’rish mumkin. Guvohi bo’lganingizdek, so’nggi paytlarda hatto epizodlarga ham mashhurlarni taklif qilish yana kuchayyapti. To’g’rida, kichkinagina rolku deb kimni bo’lsa ham olavergandan ko’ra, o’sha epizodni ham esda qolarli tarzda ijro etadigan aktyorni jalb etgan ma’qul nazarimizda. Xullas, sahifamiz orqali sizga bayram oldi premьeralari safidan joy olgan “Dardi bedavo” komediyasi haqidagi fikrlarimizni havola etamiz...
Yutuq...
Kamchilik...
Umuman olganda film o’z tomoshabinlarini topdi. Garchi undagi boy va uning qizi obrazlari ko’pincha hind kinolarini eslatsada qishloqdagi hangomalar yuzingizga tabassum ulasha oladi.
Baxtiyor Rasulov
Обновлено 31.03.2012 14:21
Просмотров: 131
Категория: Kino olami Автор: Baxtiyor Rasulov

Prezidentimiz Islom Karimovning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida yoshlar tarbiyasiga ta’sir ko‘rsatadigan zamonaviy qahramon obrazini kino ekranlarida yaratish uchun milliy kinodramaturg va rejissorlarni tayyorlash, bunda yuksak badiiy mahorat bilan bir qatorda milliy tafakkur salohiyatiga ega iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash zarurligi alohida ta’kidlangan.
Respublika Kinochilar uyida bo‘lib o‘tgan “O‘zbek kinosi: muammo va istiqbollar” mavzuidagi ijodiy konferensiyada ushbu jihatlar haqida batafsil so‘z yuritildi. “O‘zbekkino” milliy agentligi, O‘zbekiston Kinoarboblar birlashmasi tomonidan o‘tkazilgan ushbu anjumanda 2011 yilda yaratilgan filmlar atroflicha muhokama etildi. Unda kinoshunoslar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, dramaturglar, rejissor va prodyusserlar, aktyorlar, san’at yo‘nalishidagi oliy ta’lim dargohlarining professor-o‘qituvchilari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
“O‘zbekkino” Milliy agentligi bosh direktori vazifasini bajaruvchi A.Is’hoqov, kinoshunoslar – san’atshunoslik fanlari nomzodi Oybek Kopadze, filologiya fanlari nomzodi Mahliyo Mirsoatova, san’atshunoslik fanlari nomzodi Feruza Fayziyeva, Shohida Eshonboboyeva Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularni har jihatdan sog‘lom va barkamol insonlar etib voyaga yetkazish, qalbi va ongida ezgu g‘oyalarni mustahkam qaror toptirish masalasi ma’naviy-ma’rifiy jabhalarda olib borilayotgan izchil islohotlarning asosiy mazmun-mohiyatini tashkil etayotganini ta’kidladi. Bu jarayonda milliy kinematografiyani jadal rivojlantirish, uning o‘ziga xos uslub va maktablarini tiklash, xalqimiz, ayniqsa, yosh tomoshabinlarni ezgu va olijanob maqsadlar sari da’vat etishga xizmat qiluvchi ekran asarlarini yaratish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Bu yo‘nalishda zarur moddiy va ma’naviy sharoitlar, keng imkoniyatlar yaratilayotgani samarasida keyingi yillarda yangidan-yangi filmlar suratga olinmoqda. Ularda boy tariximiz, istiqlol yillarida erishilgan yutuqlar, bugungi osoyishta kunlar bilan bog‘liq mavzular keng yoritilmoqda. 2011 yilda kinoijodkorlarimiz tomonidan bir qator badiiy, hujjatli, animatsion filmlar yaratildi. “Qo‘rg‘oshin”, “Afg‘on”, “Baxt uyi”, “Jasur”, “Umid”, “Muqaddas burch” “Haqiqat kuni”, “Eshjon baxshi”, “Qaysar” singari badiiy filmlar shular jumlasidandir. Ayni paytda istiqlolimiz, tinch va osuda kunlarimizga erishish arafasidagi tarixiy voqealar, mustaqillikning bebaho ne’matlarini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashga da’vat etuvchi bir qator hujjatli kartinalar ham keng jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otdi. 2011 yilda animatsion film ijodkorlari tomonidan milliy adabiyotimiz, xalq og‘zaki ijodi, afsona va dostonlar, ertaklar asosida “Shiroq haqida afsona”, “Sohibjamol qo‘g‘irchoq”, “Jo‘raxon”, “Zumrad va Qimmat”, “Aytsam ishonmaysiz” singari multfilmlar ishlandi. Milliy kino sohasidagi yutuqlarni namoyish etishga doir ijodiy loyihalar, festivallar, anjumanlar, ko‘rik-tanlovlar o‘tkazildi.
Konferensiyada kino san’atini rivojlantirish yo‘lidagi barcha qulaylik va sharoitlarga qaramay, dramaturgiya va rejissurada hali yechimini kutayotgan dolzarb masalalar mavjudligiga, kinochilarning ijtimoiy burchi va mas’uliyatini oshirish, nodavlat kinostudiyalarda ishlanayotgan filmlarning sifati va saviyasini yuksaltirish, tarixiy filmlar, bolalar, o‘smirlar, yoshlarga doir ekran asarlarini yaratishga oid ishlarni takomillashtirish muhimligiga alohida e’tibor qaratildi. Zero, bugungi globallashuv jarayonida yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularni noxolis ma’lumotlar oqimi, “ommaviy madaniyat”ning zararli ta’siridan himoyalash, yosh avlod badiiy didi va tafakkurini tarbiyalash barcha ijodkorlar, shu jumladan, kinochilardan ham jiddiy yondashuvni, alohida mas’uliyatni talab etadi.
Konferensiyada bu borada kinoijodkorlar oldida turgan dolzarb vazifalar belgilab olindi.
manba: uza.uz
Muallif: Nazokat Usmonova
Обновлено 05.03.2012 21:22
Просмотров: 141