Mashhur.uz

Switch to desktop Register Login

Ошибка
  • JUser: :_load: Не удалось загрузить пользователя с ID: 43

Parda ortidagi suhbat. Xosiyat Husanova: “OTAM MЕNGA RUXSAT BЕRDI, MЕN ESA QIZIMGA YO’Q DЕYMAN...” Mashhur aktrisaning dilidagilari

O’zbek milliy akademik drama teatri aktrisasi Xosiyat Husanova uchun o’tgan yil omadli keldi. Ya’ni u yil so’nggida O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan artist unvoni bilan taqdirlandi. Yilni mana shunday quvonch bilan yakunlagan aktrisamiz ayni paytda teatrda yangi spektakldagi obrazi ustida ham ish boshladi. Tasodifiy uchrashuv orqali qilingan qiziqarli suhbatni sizga taqdim etamiz... 

Blits

— Unvonli bo’lganingizni sizga aytgan BIRINCHI inson?

— Direktorimiz kotibasi Gulnoraxon.

— Bu xushxabarni birinchi bo’lib siz bo’lishgan IKKI inson?..

1.  Onam.

2. Turmush o’rtog’imiz.

— Hamisha sizni teatrda qolishga undaydigan UCHTA sabab?..

  1. 1.     Kasbimni sevganim.

2. Aktirsa sahnaga chiqmasam kasal bo’lib qolishi.

3. Shu kasbning egasi bo’ldim, endi ortga qaytish yo’q, degan fikrga kelganim.

— Uyingizda hech qachon qo’lingizdan tushmaydigan TO’RTta narsa?

  1. 1.    Telefonim.
  2. 2.    Sumkam.
  3. 3.    Mashinamni kaliti.
  4. 4.    Ssenariy.

— Ko’pchilik bilmaydigan BЕSHTA odatingiz yoki ma’lumot?..

  1. 1.    Sal narsaga yig’lab yuborishim mumkin.
  2. 2.    O’ta kechirimliman.
  3. 3.    Ko’ngilsizliklarni ko’tara olmayman. Bundan qattiq ranjishim mumkin.
  4. 4.    Uyda juda mehnatkashman.

5. Ilojini topsam uyda kartoshka ekib, mol-hol qilardim.

 

Bolalik va sinfdoshlar

— Bolaligingizdagi eng go’zal eslatma...

— Doim xalq laparlarini aytib yurishim va yangi chiqqan xonandalarning qo’shiqlarini bir marotaba eshitgandayoq yodlab olishim. Hozirgacha ularni yodimda saqlab kelaman.

— Sizni Andijonga tortib turuvchi kuch...

— O’sha bolaligimni qidirishim. Uyga borganda sinfdoshlar bilan uchrashaman, o’sha paytdagi joylarni borib ko’raman. Ammo o’zgarishlar katta bo’lgani uchun topolmasdan har doim chiqib o’tiradigan arig’imning bo’yiga kelib uzo-oq xayol suraman.

— Bugun sinfdoshlaringiz...

— Ular men bilan faxrlanishadi. Toshkentga tez-tez kelib turishadi, poytaxtda turadiganlari ham ko’pchilik. Qolaversa, ekranda ko’rindimmi, birdaniga qo’ng’iroq qilishib tabriklay boshlashadi.

 

Kasb tanlash

— Nega xonanda bo’lmagansiz?

— Qaydam. Aktrisalik ustunlik qilgan bo’lsa kerak. Aslida qo’shiqchilikka rosa harakat qilganman. O’qishni tugatganimdan keyin hatto musiqali teatrda ishlay boshladim. Lekin xonandalikni ortidan chopmadim. Otam bilan maslahatlashganimda u kishi “qizim undan ko’ra, aktrisa bo’lsang barcha kasb egalarini ko’rsatish imkoniyatiga ega bo’lasan”, deb maslahat berganlar. Shunday qilib aktrisalik tanlandi.

— Nahotki, otangiz san’atkor bo’lishingizga rozilik bergan? Ko’pchilikda bunaqa bo’lmagan...

— Ha, otam mening san’atkor bo’lishim uchun ruxsat berganlar. Negaki, ularning o’zlari ham san’atga juda shinavanda, baland ovozda ashula aytib yurishga usta insonlar. Balki o’zlarining orzulari amalga oshmagani sabab menga to’sqinlik qilmagandirlar...

Tadbirkor bo’lgan bo’larmidingiz?

— Albatta, agar o’shanda shu yo’lni tanlasam, bugun yaxshi tadbirkorlar ro’yxatida bo’lishimga yuz foiz ishonaman. Lekin qiziqishlarimdan kelib chiqadigan bo’lsak, maktabda sportga juda qiziqqanman. Velosiped va mototsikl haydashmi, suvda suzish yoki stol tennisimi qoldirmasdan ishtirok etardim. Hattoki, shu sport turlari bo’yicha musobaqalarda ham qatnashib chempion bo’lganman (kuladi).  

 

Teatr va orzular

— Teatrda sizni birinchi qo’llab-quvvatlagan inson?

— O’zbekiston xalq artisti Yodgor Sa’diev. Ishga kirishimga ham shu inson sababchi bo’lganlar.

— Uch kun ichida sahnaga chiqib ketgan ekansiz-a?

— Ha, o’shanda “Afandining besh xotini” spektakli sahnalashtirilgan bo’lib, mashhur aktrisamiz Sayyora Yunusova tug’uruq ta’tiliga chiqishlari kerak bo’lgan. Shu kishini o’rnilariga tezda meni tanlashgan va butun boshli jamoadoshlarim uch kuni meni sahnaga tayyorlashgan. Dovdirab qolaverganim sabab O’zbekiston xalq artisti Gulchehra Jamilova qo’limdan mahkam ushlab, sahnadagi harakatlanadigan joylarimgacha olib borib, tayyorlaganlar. Bu holat men uchun katta dars bo’lgandi.

— Qaysi obrazlarni ijro etishni xohlagansiz?

— Ilgari Nurxon va “Boy ila xizmatchi”dagi Jamilani o’ynashni orzu qilardim. Endi esa Obid Yunusovning O’tkuriyi, Gulchehra Jamilovaning Kumushi, Abdurayim Abduvahobovning Shum bolasiga o’xshagan faqat meniki bo’lib qoladigan rolni orzu qilyapman.

— Shaxsan siz atab asarlar yozilmayaptimi?

— Asar yozilmadiyu, ammo obrazlar yozilgan. Masalan, dramaturg Erkin Xushvaqtov “Andishali kelinchak”dagi To’ychinisa va “Mehmonjonlardan aylanay” asaridagi kelin obrazini menga atab yozgan. Lekin har ikkalasida ham ayrim sabablarga ko’ra o’ynay olmadim.

Farzandlari haqida

— Yuqorida uyda doim qo’lingizdan tushmaydigan narsalar, deganda nega supurgi, kapgir degan vositalarni aytmadingiz?

— Chunki qizim 14 yoshga kirib uydagi barcha ishlarni o’z zimmasiga olgan. To’g’ri ba’zida unga yordam berishimni hisobga olmaganda, bunaqa ishlarni qilmayman hisob.

— Demak, qizingizning aktrisa bo’lishiga qarshiligingiz yo’q...

— Qarshiligim bor.

— E nega? Axir ota-onangiz sizga qarshilik qilishmagan bo’lsa...

— Negaki, men bu kasbning naqadar og’irligini bildim. Farzandimning qiynalishini istamayman. Odamlar sizga maza-da, har kuni xush-xandon yurasizlar, deyishadi, lekin aslida naqadar mashaqqatli kasb tanlaganimizni faqatgina shu sohaning ichidagilar bilishadi.

— Sohangizning mashaqqatini sanab beringchi, unda?

— Birinchidan san’atkor oilasiga kam vaqt ajratadi. Ikkinchidan umri xalq xizmatida. Uchinchidan doim mish-mishlar tuzog’ida, to’rtinchidan kasal bo’lsa ham sahnaga chiqishga majbur.

 

Oila va hayot

— Oilangizdagilardan haligacha nima uchun tanbeh eshitasiz?

— Avtofalokatga uchraganimdan keyin sal asabiyroq bo’lib qoldim. Jahlim tez chiqqani sabab tez-tez tanbeh eshitib turaman.

— Ismingizga xos ravishda ro’y bergan voqealar ham bo’lganmi?

— Albatta, ko’pincha men borgan davralarda ko’tarinki kayfiyat yuzaga keladi. Bayramlar ham fayzli o’tgani uchun bunda Xosiyatxonning hissasi katta, degan gaplarni ko’p eshitganman. Rostdan ham borgan davralarimda jim o’tirolmayman, hali qo’shiq aytib yoki boshqalarni raqsga chorlab kayfiyatni ko’tarishga intilaman.

Shu payt spektakl boshlanishi bongi chalindiyu, suhbatimiz yakunlandi. Sahnaga chiqishga tayyorgarlik ko’rayotgan Xosiyat Husanovaga doimo sahnalardan tushmang, deya tilak bildirdik. Zero, sahna uning hayotiga aylanib ulgurgan...

Baxtiyor RASULOV

Suhbatdan foydalanish huquqi “7x7” gazetasiga berilgan! 

2006-2012 Mashhur.Uz

Top Desktop version