Mashhur.uz

Switch to desktop Register Login

Parda ortidagi suhbat. Xosiyat Husanova: “OTAM MЕNGA RUXSAT BЕRDI, MЕN ESA QIZIMGA YO’Q DЕYMAN...” Mashhur aktrisaning dilidagilari

O’zbek milliy akademik drama teatri aktrisasi Xosiyat Husanova uchun o’tgan yil omadli keldi. Ya’ni u yil so’nggida O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan artist unvoni bilan taqdirlandi. Yilni mana shunday quvonch bilan yakunlagan aktrisamiz ayni paytda teatrda yangi spektakldagi obrazi ustida ham ish boshladi. Tasodifiy uchrashuv orqali qilingan qiziqarli suhbatni sizga taqdim etamiz... 

Blits

— Unvonli bo’lganingizni sizga aytgan BIRINCHI inson?

— Direktorimiz kotibasi Gulnoraxon.

— Bu xushxabarni birinchi bo’lib siz bo’lishgan IKKI inson?..

1.  Onam.

2. Turmush o’rtog’imiz.

— Hamisha sizni teatrda qolishga undaydigan UCHTA sabab?..

  1. 1.     Kasbimni sevganim.

2. Aktirsa sahnaga chiqmasam kasal bo’lib qolishi.

3. Shu kasbning egasi bo’ldim, endi ortga qaytish yo’q, degan fikrga kelganim.

— Uyingizda hech qachon qo’lingizdan tushmaydigan TO’RTta narsa?

  1. 1.    Telefonim.
  2. 2.    Sumkam.
  3. 3.    Mashinamni kaliti.
  4. 4.    Ssenariy.

— Ko’pchilik bilmaydigan BЕSHTA odatingiz yoki ma’lumot?..

  1. 1.    Sal narsaga yig’lab yuborishim mumkin.
  2. 2.    O’ta kechirimliman.
  3. 3.    Ko’ngilsizliklarni ko’tara olmayman. Bundan qattiq ranjishim mumkin.
  4. 4.    Uyda juda mehnatkashman.

5. Ilojini topsam uyda kartoshka ekib, mol-hol qilardim.

 

Bolalik va sinfdoshlar

— Bolaligingizdagi eng go’zal eslatma...

— Doim xalq laparlarini aytib yurishim va yangi chiqqan xonandalarning qo’shiqlarini bir marotaba eshitgandayoq yodlab olishim. Hozirgacha ularni yodimda saqlab kelaman.

— Sizni Andijonga tortib turuvchi kuch...

— O’sha bolaligimni qidirishim. Uyga borganda sinfdoshlar bilan uchrashaman, o’sha paytdagi joylarni borib ko’raman. Ammo o’zgarishlar katta bo’lgani uchun topolmasdan har doim chiqib o’tiradigan arig’imning bo’yiga kelib uzo-oq xayol suraman.

— Bugun sinfdoshlaringiz...

— Ular men bilan faxrlanishadi. Toshkentga tez-tez kelib turishadi, poytaxtda turadiganlari ham ko’pchilik. Qolaversa, ekranda ko’rindimmi, birdaniga qo’ng’iroq qilishib tabriklay boshlashadi.

 

Kasb tanlash

— Nega xonanda bo’lmagansiz?

— Qaydam. Aktrisalik ustunlik qilgan bo’lsa kerak. Aslida qo’shiqchilikka rosa harakat qilganman. O’qishni tugatganimdan keyin hatto musiqali teatrda ishlay boshladim. Lekin xonandalikni ortidan chopmadim. Otam bilan maslahatlashganimda u kishi “qizim undan ko’ra, aktrisa bo’lsang barcha kasb egalarini ko’rsatish imkoniyatiga ega bo’lasan”, deb maslahat berganlar. Shunday qilib aktrisalik tanlandi.

— Nahotki, otangiz san’atkor bo’lishingizga rozilik bergan? Ko’pchilikda bunaqa bo’lmagan...

— Ha, otam mening san’atkor bo’lishim uchun ruxsat berganlar. Negaki, ularning o’zlari ham san’atga juda shinavanda, baland ovozda ashula aytib yurishga usta insonlar. Balki o’zlarining orzulari amalga oshmagani sabab menga to’sqinlik qilmagandirlar...

Tadbirkor bo’lgan bo’larmidingiz?

— Albatta, agar o’shanda shu yo’lni tanlasam, bugun yaxshi tadbirkorlar ro’yxatida bo’lishimga yuz foiz ishonaman. Lekin qiziqishlarimdan kelib chiqadigan bo’lsak, maktabda sportga juda qiziqqanman. Velosiped va mototsikl haydashmi, suvda suzish yoki stol tennisimi qoldirmasdan ishtirok etardim. Hattoki, shu sport turlari bo’yicha musobaqalarda ham qatnashib chempion bo’lganman (kuladi).  

 

Teatr va orzular

— Teatrda sizni birinchi qo’llab-quvvatlagan inson?

— O’zbekiston xalq artisti Yodgor Sa’diev. Ishga kirishimga ham shu inson sababchi bo’lganlar.

— Uch kun ichida sahnaga chiqib ketgan ekansiz-a?

— Ha, o’shanda “Afandining besh xotini” spektakli sahnalashtirilgan bo’lib, mashhur aktrisamiz Sayyora Yunusova tug’uruq ta’tiliga chiqishlari kerak bo’lgan. Shu kishini o’rnilariga tezda meni tanlashgan va butun boshli jamoadoshlarim uch kuni meni sahnaga tayyorlashgan. Dovdirab qolaverganim sabab O’zbekiston xalq artisti Gulchehra Jamilova qo’limdan mahkam ushlab, sahnadagi harakatlanadigan joylarimgacha olib borib, tayyorlaganlar. Bu holat men uchun katta dars bo’lgandi.

— Qaysi obrazlarni ijro etishni xohlagansiz?

— Ilgari Nurxon va “Boy ila xizmatchi”dagi Jamilani o’ynashni orzu qilardim. Endi esa Obid Yunusovning O’tkuriyi, Gulchehra Jamilovaning Kumushi, Abdurayim Abduvahobovning Shum bolasiga o’xshagan faqat meniki bo’lib qoladigan rolni orzu qilyapman.

— Shaxsan siz atab asarlar yozilmayaptimi?

— Asar yozilmadiyu, ammo obrazlar yozilgan. Masalan, dramaturg Erkin Xushvaqtov “Andishali kelinchak”dagi To’ychinisa va “Mehmonjonlardan aylanay” asaridagi kelin obrazini menga atab yozgan. Lekin har ikkalasida ham ayrim sabablarga ko’ra o’ynay olmadim.

Farzandlari haqida

— Yuqorida uyda doim qo’lingizdan tushmaydigan narsalar, deganda nega supurgi, kapgir degan vositalarni aytmadingiz?

— Chunki qizim 14 yoshga kirib uydagi barcha ishlarni o’z zimmasiga olgan. To’g’ri ba’zida unga yordam berishimni hisobga olmaganda, bunaqa ishlarni qilmayman hisob.

— Demak, qizingizning aktrisa bo’lishiga qarshiligingiz yo’q...

— Qarshiligim bor.

— E nega? Axir ota-onangiz sizga qarshilik qilishmagan bo’lsa...

— Negaki, men bu kasbning naqadar og’irligini bildim. Farzandimning qiynalishini istamayman. Odamlar sizga maza-da, har kuni xush-xandon yurasizlar, deyishadi, lekin aslida naqadar mashaqqatli kasb tanlaganimizni faqatgina shu sohaning ichidagilar bilishadi.

— Sohangizning mashaqqatini sanab beringchi, unda?

— Birinchidan san’atkor oilasiga kam vaqt ajratadi. Ikkinchidan umri xalq xizmatida. Uchinchidan doim mish-mishlar tuzog’ida, to’rtinchidan kasal bo’lsa ham sahnaga chiqishga majbur.

 

Oila va hayot

— Oilangizdagilardan haligacha nima uchun tanbeh eshitasiz?

— Avtofalokatga uchraganimdan keyin sal asabiyroq bo’lib qoldim. Jahlim tez chiqqani sabab tez-tez tanbeh eshitib turaman.

— Ismingizga xos ravishda ro’y bergan voqealar ham bo’lganmi?

— Albatta, ko’pincha men borgan davralarda ko’tarinki kayfiyat yuzaga keladi. Bayramlar ham fayzli o’tgani uchun bunda Xosiyatxonning hissasi katta, degan gaplarni ko’p eshitganman. Rostdan ham borgan davralarimda jim o’tirolmayman, hali qo’shiq aytib yoki boshqalarni raqsga chorlab kayfiyatni ko’tarishga intilaman.

Shu payt spektakl boshlanishi bongi chalindiyu, suhbatimiz yakunlandi. Sahnaga chiqishga tayyorgarlik ko’rayotgan Xosiyat Husanovaga doimo sahnalardan tushmang, deya tilak bildirdik. Zero, sahna uning hayotiga aylanib ulgurgan...

Baxtiyor RASULOV

Suhbatdan foydalanish huquqi “7x7” gazetasiga berilgan! 

Обновлено 14.02.2012 06:55

Просмотров: 112

“Theatre.UZ/2011” Ikkinchi xalqaro teatr festivali boshlandi!

Kengqamrovli Art Week Style.uz-2011san’at haftaligi doirasida O’zbekiston Yoshlar teatri sahnasida «Theatre.UZ/2011»ikkinchi xalqaro teatr festivali ochildi. Fond Forum, O’zbekiston Yoshlar teatri hamda «O’zbekteatr» ijodiy ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan tashkil etilayotgan mazkur festival Berlin “Rus sahnasi” teatrining yaponiyalik mashhur yozuvchi va dramaturg Yukio Misima asari asosidagi “Niqob izhori” spektakli bilan boshlanadi.

Joriy yilda festival qamrovi sezilarli darajada kengaygan bo’lib, unda mamlakatimiz shahar va viloyatlardagi teatrlardan tashqari Buyuk Britaniya, Germaniya, Isroil, Ukraina, Gruziya, Ozarbayjon, Tojikiston va Moldaviya teatrlari ishtirok etishadi. Shuningdek, xorijiy teatrlar arboblaridan mahorat darslari va ishtirokchilar loyihalari taqdimotini o’z ichiga olgan xalqaro forum o’tkaziladi. Theatre.UZ/2011 festivali yopilishi an’anaga ko’ra, Art Week Style.uz san’at haftaligi doirasida 26 oktyabr kuni soat 18.00 da Milliy san’at markazida bo’lib o’tadi.

Bu yilgi festival dasturi o’tgan yildagiga nisbatan sezilarli darajada kengaygan bo’lib, 10 kun mobaynida O’zbekiston Yoshlar teatri, Akademik rus drama teatri, Toshkent davlat musiqali komediya (Operetta) teatri, Respublika Yosh tomoshabilanlar teatri, O’zbek Milliy akademik drama teatri, «Diydor» teatr-studiyasi hamda «Turkiston» san’at saroyi singari sahnalarda jami 28 ta spektakl namoyish etiladi.

Alisher Navoiy, Uilyam Shekspir, Gans Xristian Andersen, Nikolay Gogol, Aleksandr Ostrovskiy singari jahonga mashhur arboblarning eng sara asarlari postanovkalari teatr dasturidan o’rin olgan. “Layli va Majnun”, “Medeya”, “Balzaminovning uylanishi”, Sulaymon Yudakovning mashhur “Maysaraning ishi” o’zbek komik operasi singari spektakllar san’at ixlosmandlari e’tiboriga havola etiladi. Shuningdek, mahalliy va xorijiy teatrlarning hamkorlikdagi loyihalari ham namoyish etilib, O’zbekiston-Germaniya hamkorligida F. Lyudvigning “Egizaklar” loyihasi, O’zbekiston-Britaniya hamkorligida U. Shekspir va A. Navoiy asarlari asosida ishlangan “Qissa yo’qdir bundan mahzunroq...” postanovkasi hamda Simferopol Qrim-tatar akademik musiqali drama teatri va O’zbekiston Milliy akademik teatrining (Ukraina-O’zbekiston) «Yolg’iz yulduz» spektakli shular jumlasidandir. Mazkur festival repertuari rang-barang bo’lib, uning boqiy mavzularga bag’ishlangan turli janrdagi spektakllari chuqur ma’noli, hatto eng injiq muxlisga ham  ta’sir eta oladi. Bu yil o’zbek, rus, ozarbayjon, ivrit tillaridagi spektakllardan tashqari so’zsiz postanovkalar ham taqdim etiladi.

«Theatre.UZ/2011» ikkinchi xalqaro teatr festivali doirasida teatr postanovkalaridan tashqari O’zbekiston Yoshlar teatri va Davlat san’at institutida Buyuk Britaniya, Germaniya hamda Isroil teatrlaridan mahorat darslari o’tkaziladi. O’zbekiston Milliy matbuot markazida esa «Jahon teatr jarayonida Markaziy Osiyo teatrlari roli va o’rni. Yigirma yillik erkin teatr rivojlanishi natijalari» mavzusida xalqaro forum  o’tkazilib, uning doirasida mahaliy va xorijiy vakillar loyihalari taqdimotlari bo’lib o’tadi.

Eslatib o’tamiz, Fond Forum asos solingan vaqtdan boshlab teatr san’atini rivojlantirish, o’zbekistonlik san’at arboblarining xorijiy hamkasblari bilan madaniy munosabatlarini yanada yaxshilashga qaratilgan qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Jumladan, jamg’arma bir necha bor mahalliy teatr jamoalarining xalqaro festival va tanlovlarda ishtirokini ta’minlashga hissa qo’shgan, xorijga gostrol safarlari uyushtirgan hamda poytaxtimizda xalqaro teatr loyihalarini o’tkazishga bosh-qosh bo’lgan.

Обновлено 18.10.2011 21:11

Просмотров: 116

“QUMDA SЕVGI JILOLARI”. O’ZBЕK MILLIY AKADЕMIK DRAMA TЕATRIDA SHOV-SHUVLI SAHNA ASARI NAMOYISHI! O’ZBЕK TЕATRI SAHNASIDA HALI BUNAQASI BO’LGAN EMAS!

Kuni kecha milliy akademik drama teatrida Abdulaziz Rahmatovning “Qumda sevgi jilolari“ nomli asari tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi. Jamoatchilik ko’rigiga taqdim etilgan asar endi, katta sahnada o’z tomoshabinlarini ham xushnud qilishga kirishdi. “Qumda sevgi jilolari” bir pardali yetti ko’rinishli so’zsiz sahna asari bo’lib, turli tilda so’zlashuvchi barcha millat vakillari uchun mo’ljallangan. O’zbek Milliy Akademik drama teatri tarixida ilk bora tasvir imkoniyatlaridan bu qadar keng ya’ni butun sahna davomida to’liq foydalanilmoqda. Ulkan monitorda musiqa ritmiga mos ravishda Rassom qumda o’ziga xos muhabbat dostonini ifoda etadi.

 

Spektakl davomida tasvir sahnadagi harakatga bog’lanib ketadi, qahramonlar ichki dunyosini ochib berish uchun ular ruhidagi holat tasvirga ko’chadi.

 

Ijodkorlar spektakl g’oyasini turli ramzlar va shartlilik asosida ochib berishga harakat qiladi va bu orqali tomoshabinni beixtiyor o’ylashga majbur etadi. Alloh — eng buyuk yaratuvchi va u inson zuvalasini tuproqdan shakllantirgan. Shu bois Yaratgan ham qalbi sevgi-muhabbatga limmo-lim va yaratish kuyida yashayotgan bandalarini sevadi.

 

 

Ishq-muhabbat yo’li oson yo’l emas. Sevgi aslida oddiy bir o’yin bo’lmay, mardlarning shavkati-shoni va fidoiyligidir. Pьesada nafosat va go’zallik, jasorat va kurashuvchanlik, ifoda va sabr kabi oliyjanob insoniy sifatlar ulug’lanadi, hasad, adolatsizlik va zulm qoralanadi. Yovuzlik hamisha ezgulik va muhabbat yo’liga g’ov bo’lib kelgani ko’rsatiladi. Turfa qiyofalarga kirib oladigan Shaytonning turli nayranglariga munosib chap bergan Yigit oxir-oqibat o’z sevgilisi vasliga yetishadi. Biroq, alohida insonlar timsolida yaxshilik va yomonlik o’rtasidagi kurash abadiy davom etadi. Aslida mana shu kurashning o’zi chinakam hayot ekani ochib beriladi.

 

Ma’lumot

Ssenariy muallifi — Abdulaziz Rahmatov

Sahnalashtiruvchi rejissyor va rassom, O’zbekiston Respublikasi san’at arbobi — Baxtiyor To’rayev

Bastakor, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi — Sultonali Rahmatov

Baletmeystr, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist — Ammina Babadjanova

Liboslar bo’yicha rassom — Lobar Mamatqulova

Rejissyor yordamchilari — Avaz Qodirov, Furqat G’ofurov.

Rol ijro etuvchilar:

Rassom — Rovshan Nurmuhammedov

Yigit — Ixtiyor Atajanov, Navro’z Jumaev

Qiz — Dinara Mustaxishova, Shahlo Temirova, Nigina Anarbaeva

Shaytonlar — Iskandar Elmurodov, Sherzod Abduvaliev, Zarif Hasanov

Parilar — Zilola Gulyamova, Dinara Tashmatova, Gulnora Jumanazarova, Muhabbat Ergasheva.

Spektakl namoyishi otaxon teatrimizda davom etmoqda. Yaqin kunlarda biz bu asar ijodkorlari bilan ajoyib suhbatni sizga havola etamiz!

Munisxon ZIYOXONOVA tayyorladi.

Обновлено 11.07.2011 19:19

Просмотров: 424

MASHHURLAR TABRIGI. O`zbekistonda xizmat korsatgan artistlar UCHQUN TILLAYEV va MUQADDAS HOLIQOVA ENG ULUG` va ENG AZIZ BAYRAMIMIZ BILAN YURAK SO`ZLARINI IZHOR ETISHADI! Original tabriklarga ko`z yugurtiring...

Muqaddas Xoliqova, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist: — Mustaqillik bu — oliy ne’mat ekanligini bolakaylarning ko’zlaridagi xursandchilikdan ham bilib olsa bo’ladi. Ko’zlarida tashvishuv, xavotir bo’lmagan bolakay ertaga o’ziga ishongan, yetuk inson bo’lib yetishadi. Bugun 1-sentyabr. Xalqimiz o’zining ko’p yillik orzusiga erishgan kunning yigirmanchi yili. Atrofimizdagi shodiyonalar bizning ham yuragimizda ichki tug’yonlarni junbushga keltiradi. Birgina teatrimiz misolida aytadigan bo’lsam, yaqindagina Prezidentimizning g’amxo’rliklari tufayli taqdirlangan hamkasblarimizning quvonchini ko’rib, shu farovon zaminda yashayotganimiz uchun shukronalar aytdik. Ko’chaga chiqsak ham, uyga kirsak ham hamma bir-biriga mamnun boqadi. Bu eng yuksak baxt, yuksak qadr beglisi. Ilohim, mana shunday kunlardan ayirmasin! Istiqlolimizning faraxbaxsh kunlari bilan barcha-barchani chin qalbimdan tabriklayman!

***

Uchqun Tillayev, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist: — Men ham aktyor, ham bir o’zbek farzandi sifatida bugungi bayram bilan barcha yurtdoshlarimizni yaqinlarim va hamkasblarim va o’zim nomimdan samimiy tabriklayman. Bugun yurtimizning qaysi hududiga qarmang, ulkan o’zgarishlar, yuksalishlarga ko’zingiz tushadi. Yurtimiz shaharlarining kundan kunga chiroy ochib, zamonaviylikka cho’lg’anib borayotgani kishiga quvonch bag’ishlaydi. Bugun dunyoga o’z salohiyati bilan o’qishga borayotgan har bir yosh ko’ksida g’urur bilan “men buyuk O’zbekistondanman” deya baralla ayta oladi. Sababki, ajdodlarimizning meroslari tiklanib, dunyoga yuz ochdi, dunyo ilm-fani bugun o’zbek zaminida ham rivojlangan davlatlardagi kabi sayqal topyapti. Bunday misollarni qanchalab keltirish mumkin. Shuning uchun men hozir ichimdagi xursandchilikni barcha bilan o’rtoqlashaman va bayramingiz muborak bo’lsin, aziz Vatandoshlarim, deb qolaman!

Обновлено 01.09.2011 12:16

Просмотров: 481

“QUMDA SЕVGI JILOLARI” yoxud MILLIY AKADEMIK DRAMA TEATRIDA YANA BIR KATTA YANGILIKKA QO’L URILDI. ENDI BAXTIYOR TO`RAYEV BARCHANI HAYRATGA SOLADI!

Respublikamizning otaxon teatri barcha teatrlardan oldinroq yurishi kerakligi qanchalik ahamiyat kasb etishini teatr jamoasi bu gal yana bir bor isbotladi. Negaki, shu kunlarda tomoshabin e’tiboriga havola etilgan sahna asari haqiqatdan san’atning nozik shaydolari uchun quvonchli voqea bo’lsa ajab emas. Eng qizig’i, bu spektaklda hech qaysi taniqli yoki mashhur aktyorni ko’rmaysiz. Unda faqatgina yosh ijodkorlar ishtirok etishgan. Hayron bo’lmang, sahna asariga ham o’yinqaroq yoki kel, shu bir teatrga tushib kelaylik, degan tomoshabin tushunmaydi. “Qumda sevgi jilolari” spektakli faqatgina tuyg’ularni imo-ishoralar, harakatlar orqali ifodalaydi. Undan ham aniqrog’i sahnada ilk bora monitor orqali katta san’at asari rassomchilikning qumdagi ifodasi orqali tomoshabinga asar mohiyati tushuntiriladi. Bu rejissyor Baxtiyor To’rayev hamda stsenariy muallifi Abdulaziz Rahmatovning o’zbek teatri sahnasidagi ilk katta yangiligi. Aslida bu juftlik ilgari ham bir asarni tomoshabinga havola etgandi. Yodingizda bo’lsa, “Chegara ostidagi uy” nomli spektakl ijodkorlari ham shu ikki hamkor bo’lishgan. Xullas kuni kecha O’zbek milliy akademik drama teatrida muhabbat tuyg’usining naqadar qudratli kuchga ega ekanligini ifodalovchi yangi asar namoyish etildi. Spektakl bir rassom yigitning cho’ldan qum olib kelishi va uni panoda turli grafikalar yaratishi bilan boshlanadi. Dunyoning yaratilishidan boshlangan bu ijodiy ishlar mehr-muhabbat, aldov, yovuzlik, ishonch, qahramonlik, vafodorlik kabi qonimizda jo’sh o’rayotgan bir qator tuyg’ularning o’zaro kuch sinashishi orqali rivojlanib boradi. Yakunda esa yovuzlik ustidan qozonilgan g’alaba sifatida dunyoni muhabbat qutqaradi. Balki bu asar bir ko’rganda kishiga tushunarli bo’lmas, ammo keyinchalik uning qanday maqsadni ko’zlaganiga yana bir bora amin bo’lasiz. O’zbek sahnasidagi ilk ekspriment asar yurtimizga tashrif buyuradigan sayyohlar uchun mo’ljallanganligi bois unda so’zlar imo-ishoralar orqali ifoda etiladi. Qum orqali aks ettirilgan suratlar uchun rassom Baxtiyor To’rayevga alohida tashakkurlar aytish kerak. Negaki, san’atning kuchi mana shu o’chib, paydo bo’layotgan suratlar orqali yaqqol namoyon bo’lgan.

 

Ssenariy muallifi: Abdulaziz Rahmatov.
Sahnalashtiruvchi rejissyor: Baxtiyor To’rayev.
Musiqalar muallifi: Sulton Ali

Spektaklning tomoshabinlar uchun mo`ljallangan premerasi yaqin kunlarda bo`lib o`tadi!

Обновлено 17.06.2011 18:42

Просмотров: 344

2006-2012 Mashhur.Uz

Top Desktop version