Категория: Bu qiziq Дата публикации Просмотров: 152

Sahifamizda Yangi yilning navbatdagi loyihasini taqdim etamiz. “SHOU-RAUND” deb nomlangan ushbu loyihada shou-biznesdagi o’zgarishlar, tark etishlar, bahslar, tanqidlar berib boriladi. Birinchi e’tiborimiz esa qo’shiq aytgan bastakorlar va qo’shiqchilikdan bastakorlikka o’tib ketgan xonandalar haqida bo’ladi. Qiziq, ularni bunday yo’l tutishga nima majbur qildi? Buni savollar orqali aniqlab olamiz...
1. Nega qo’shiqchilikdan voz kechdingiz?
2. Nega qo’shiq aytgansiz? Mashhur bo’lish yoki moddiyligi sizni qiziqtirgan. Yoki shusiz hayot yo’q!
3. Bastakorlik ham o’zini oqlamay boshlasa...
4. Shou-biznesda sizga nima yoqmayapti?
Iqbol Muhammad
Qisqa ma’lumot:
1973 yilda Qo’qon shahrida tug’ilgan.
Avvaliga musiqa maktabida skpirka bo’yicha, keyin Farg’ona musiqa kollejida 4 yil yana skripka bo’yicha tahsil olgan.
1998 yilda Qo’qon pedagogika institutini g’ijjak sozi mutaxassisligi bo’yicha tamomlagan.
Ilk bastalagan qo’shig’i: “Ishonamasman” (Sardor Rahimxon).
Mashhur hamkorlari: “Yuragimey” (Ozodbek Nazarbekov), “Xush keldingiz” (Gulsanam Mamazoitova), “Qizg’onaman” (Yodgor Mirzajonov) va boshqalar.
1. — Ancha yillar oldin qo’shiq aytib yurardim, keyin orada bastakorlik ishi bilan bo’lib, xonandalikda tanaffus qilindi. O’tgan yillarda o’sha bizni qo’shiq aytganimizdan biladigan insonlarning takliflariga binoan yana shu faoliyatni davom ettirmoqchi bo’lgandim. Kirishib ketolmadim, shekilli, boshqa zo’r berib uni davom ettirishni istamadim. Endi aytsam ham o’zim uchun aytaman.
2. — Ochig’i, xonandalikdan qo’shimcha daromad bo’lar, degan fikrim ham bo’lgan. Buni faqat o’zim emas, menga xayrixoh bo’lgan insonlar ham taklif qilishgan. Lekin xonandalikka aytarli muhabbat qo’ya olmadim. Agarda natija yaxshi bo’lganida balki, davom ettirgan bo’larmidim. Keyin bastakor sifatida bir chiroyli qo’shiq yozsam, uni o’zim aytish o’rniga boshqaga berib yuboraveradigan odatim borligi uchunmi, xullas, xonandalikdan bastakorlikni afzal ko’rdim.
3. — Bastakorlik o’zini oqlamasa ham uni davom ettiraman. Shu sohaga muhabbatim kuchli. Lazzatlanib ishlayman. Shuning uchun undan kechish yo’q.
4. — Eng yoqmayotgani o’zgalarning qo’shig’iga so’z qo’yib aytilayotgani va mumtoz qo’shiqlarimizning “gibridlashtirib” aytilayotgani. Uni bunga, buni unga aralashtirib, yangicha yo’l qilyapmiz, deb qorishma hosil qilib kuylashayotgani yoqmayapti. Balki bunga o’zimiz ham sabab bo’layotgandirmiz. Lekin tayyoriga o’rganib qolmaslik, uchun qat’iyroq turishimiz kerak.
Dilmurod Matkarimov
Qisqa ma’lumot:
1978 yilda Namangan shahrida tug’ilgan.
1993 yilda Namangan musiqa kollejini tamomlagan.
Ilk bastalagan qo’shig’i: “Hozircha men bo’ydoq bolaman”
Mashhur hamkorlari: “Qulog’i chandiq qiz”, “Sen gulsan”, “Zuhro yulduz”, “Bolam dema Vatanim mani” (Ozodbek Nazarbekov), Gulsanam Mamazoitova, Guli Asalxo’jaeva, Hilola Hamidova, Abdulla Ubaydullaev va bir qator san’atkorlar.
1. — O’smirlik paytlarimizdan qo’shiqchilikka qiziqishim kuchli bo’lgan. Keyinchalik uning o’rnini texnik musiqa asboblariga bo’lgan qiziqish egalladi. Bora-bora bu bastakorlik bilan uyg’unlashib, ovoz operatorligi yo’nalishiga tutashib ketdi. Keyin esa yana qo’shiq ayta boshladim, bilmadim, oradagi tanaffuslarmi yoki boshqa bir sabablar bilan qo’shiqchilikni yana yig’ishtirib, bastakorlikka qaytdim.
2. — Qo’shiq aytishdan asosiy maqsadim bir narsani isbot qilgim kelgan. Ko’pchilik xonandalarda ashulaga mehr yo’qligi, yurakdan kuylamasligi, kuylaganda ham so’zlarda xato qilib, bo’g’inlarni noto’g’ri aytishgani, nutq buzilishi holatlarini kuzataverganim uchun o’zim kuylashga ahd qilganman.
3. — Shundog’am bastakorlik ikkinchi daraja bo’lib qoldi. Ko’pchilik bu sohani oson deb o’ylab, xayoliga kelgan ishlarni qilyapti. Agarda bu soha o’zini oqlamay boshlasa, bizda ovoz rejissyorligi degan soha bor. Qolaversa, ancha yillar ilgari kompyuterga qiziqishlarim orqali bugunning eng zamonaviy dasturlarini ham o’zlashtirib olganman. Xullas, o’zimga yarasha ishni topa olaman.
4. — O’g’irlikni kamaytirish kerak. Hozir bu juda urf bo’ldi, hatto ko’pchlik bastakorlar ham o’g’irlashyapti, xonandalar ham. Shuni yo’qotib, yangi yo’llarda ishlashni kuchaytirish kerak.
BASTAKORLIKDAN QO’SHIQCHILIKKA QADAM QO’YGANLAR
1. Bastakorlikdan ish yurishmadimi, nega xonandalikni tanladingiz?
2. Agarda voz kechish kerak bo’lsa...
Afzalbek Husanov
Qisqa ma’lumot:
1976 yilda Toshkent viloyatida tug’ilgan.
Avvaliga musiqa maktabida, keyin Madaniyat kollejida doira yo’nalishi bo’yicha o’qigan.
Eng mashhur bo’lgan qo’shig’i: “Tutash taqdirlar”, “Hechqisi yo’q”.
1. — Ochig’ini aytsam mening asosiy tirikchilik manbaim bastakorlikdan. E’tibor bergan bo’lsangiz orada qo’shiq aytishni ham yig’ishtirib qo’yib, faqat bastakorlik faoliyati bilan shug’ullandim. Hattoki, qo’shiqchilikni tashlamoqchi ham bo’ldim. Negaki, shu ishim tufayli xayolimga kelmagan mashhur san’atkorlar murojaat qila boshlashdi. Ular bilan ishlash jarayonida qo’shiq aytishim o’zimga erish tuyula boshladi. Qolaversa, qo’shiqchilikning ildizi bastakorlik ekani, qo’shiqchilik yaproq bo’lsa, bastakorlik daraxt misoli ekanligini anglandim. Ammo keyin fikrimdan qaytdim. Negaki, to’ylarda boshqalardan qolib ketishni istamayman. 2011 yildan ko’proq urg’uni qo’shiqchilikka qaratganimning asosiy sababi mashhur yulduz bo’lish uchun emas, balki xonanda sifatida ham boshqalar bilan teng pog’onada ekanligimni ko’rsatib qo’yish. Axir to’yda o’zim yozgan qo’shiq bilan boshqa san’atkor zo’r olqish olib ketsa, buni hazm qilish qiyinroq bo’ladi.
2. — Yo’q, bastakorlikdan voz kecholmayman. Chunki qo’shiqchilik hozirgacha xobbim. Bundan tashqari hozirgi paytda reklamaga sarflayotgan mablag’imni ham qo’shiqchilikdan emas, bastakorlikdan topyapman. Shuning uchun kechilishi kerak bo’lsa xonandalik tashlanadi.
Ja’far (Jasur Kenjayev)
Qisqacha ma’lumot:
1980 yilda Navoiy shahrida tug’ilgan.
1988 yilda musiqa maktabini tamomlagan.
2001 yilda esa Toshkent davlat Pedagogika universititetini tugatgan.
Mashhur qo’shiqlari: “Xayr sevgim” (duet Nasiba Abdullayeva bilan), “Mazza-mazali”.
1. — Bastakorlikdan ishim haligacha yaxshigina yurishib turibdi. Qo’shiq aytishimning asosiy sababi judayam layoqatsiz xonandalar ko’payib ketgani uchun. O’zimiz hurmat qiladigan ustoz san’atkorlarimiz esa ishlashni o’rniga boshqalarni tahlil qiladigan bo’lib qoldi. Nima qilish kerak? Yaxshi xonandalar ijod qilmasa, yomonlari o’zini tiqishtiraversa... Shu jarayonni biroz o’zgartirish uchun qo’shiq kuylashga qaror qildim. To’g’ri, men zo’r xonanda emasman. Lekin so’zlarni, bo’g’inlarni buzmayman. Musiqani yaxshi tushunaman. San’atning qadriga yetaman. Bir paytlar ustozimiz Rustam Ma’mudovga nega bastakorlikni yig’ishtirib, qo’shiq aytishga o’tdingiz, deganimda, hali bir kun kelib buni o’zing tushunasan, degandi. Haqiqatdan tushundim. “Falsh”larni eshitish jonga tekkani uchun ekan.
2. — Har ikkisidan ham voz kecholmayman. Ochig’i, bastakorlik qon-qonimga singib ketgan bo’lsa, xonanda sifatida ham shu olamga qadam qo’yib bo’ldim. Endi ortga chekinish yo’q. Negaki, har ikkisida ham o’zimga yarasha hamkorlarim, muxlislarim bor. Yana bir tomondan bastakorligim xonandaligimdan ustun.
Xulosa
Guvohi bo’lganingizdek, har ikki raundda ham ishtirokchilarimiz dangal fikrlarni bildirishdi. Qaysidir ma’noda savollarimizga javoblarni ham, kelgusidagi ishlar uchun fikrlarni ham oldik. Buning uchun albatta ishtirokchilarimizga tashakkurlarnimizni bildirib, ularning faoliyatlariga esa muvaffaqiyatlar tilaymiz. Eng xolis, xulosa esa albatta o’zingizdan.
Baxtiyor RASULOV
Maqoladan foydalanish “7x7” gazetasiga berilgan!